Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining
qoʻshma Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoyevning “Demokratik bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish va iqtisodiyotni liberallashtirish borasida hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar dasturi, shuningdek “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturi ijrosining borishi toʻgʻrisida”gi hisoboti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 78-moddasining 15-bandiga muvofiq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Senati Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoyevning “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning 2010-yil noyabr oyida boʻlib oʻtgan parlament palatalari qoʻshma majlisidagi maʼruzasida bayon etilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan demokratik bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish va iqtisodiyotni liberallashtirish borasidagi chora-tadbirlar dasturi haqida”gi hisobotini eshitdi. Shuningdek, “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturi ijrosining borishi ham koʻrib chiqildi. Taʼkidlandiki, Konsepsiya mamlakatni isloh qilish va modernizatsiyalash, davlat hokimiyati va boshqaruvini izchil demokratlashtirish, hokimiyatning tarmoqlarga boʻlinishi konstitutsiyaviy prinsipini amalga oshirish, shuningdek demokratik bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish va iqtisodiyotni liberallashtirishda yangi bosqichni belgilab berdi.
Bosh vazirning hisobotini eshitish Konsepsiyaga muvofiq 2011-yil aprel oyida qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (78, 80, 93, 96 va 98-moddalariga)”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini roʻyobga chiqarishda amaliy qadam boʻldi, shuning oʻziyoq markazda va joylarda ijro etuvchi hokimiyat organlari qonun hujjatlari talablariga soʻzsiz rioya qilishi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim dasturlarini bajarishi borasida ularning faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish boʻyicha qonun chiqaruvchi hokimiyatning rolini, vakolatlarini kuchaytirishning muhim omiliga aylandi.
Maʼruzada qayd etilganidek, hukumat bozor islohotlarining huquqiy bazasini mustahkamlashga katta eʼtibor berdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini demokratik bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish va iqtisodiyotni liberallashtirish sohasida amalga oshirishga doir chora-tadbirlar dasturini bajarish yuzasidan 2011-yilning birinchi yarmida hukumat tomonidan “Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida”gi, “Raqobat toʻgʻrisida”gi, “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsatnomalar berish tartib-qoidalari toʻgʻrisida”gi va boshqa bir qator qonun loyihalari ishlab chiqildi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturiga (bundan buyon matnda Davlat dasturi deb yuritiladi) muvofiq, Vazirlar Mahkamasi tomonidan qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va olib borish tartib-taomillarini soddalashtirishga qaratilgan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi, tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar kompleksi amalga oshirildi. Davlat xaridlari tizimida kichik biznes subyektlarining ishtirok etishini hamda yuqori likvidli mahsulotlar olish imkoniyatini kengaytirish, eksport qiluvchi korxonalarning mahsulotini va olib kiriladigan texnologiya asbob-uskunalarini sertifikatlashtirish tartibini ancha soddalashtirish, tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyatini soliq organlari tomonidan tekshirishlarni tubdan qisqartirish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida joriy yilning birinchi yarmida 22,8 mingdan ortiq kichik biznes korxonasi tashkil etildi, xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan 331,2 mingta ish oʻrni yaratildi. Kichik biznes korxonalarining sanoat mahsuloti ishlab chiqarishi hajmi 20,4 foiz, eksport va oʻz mahsulotini birja savdolari orqali realizatsiya qilish hajmlari 1,5 barobar koʻpaydi.
Shu bilan birga, Oliy Majlis Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining hisobotini eshitib shuni qayd etadiki, bozor iqtisodiy islohotlari va mamlakatni modernizatsiya qilish yoʻlida yanada ilgarilab borish sohasida hukumat tomonidan olib borilayotgan ish hozir ham Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida qoʻyilgan talablarga javob bermaydi, joriy yil uchun tasdiqlangan “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturi esa belgilangan muddatlardan jiddiy ravishda orqada qolib amalga oshirilmoqda.
Bu, eng avvalo, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning maʼruzasida bayon qilingan iqtisodiyotni isloh qilish va birinchi navbatda, iqtisodiyotni boshqarish tizimini yanada chuqurlashtirish, takomillashtirish va liberallashtirish, xususiy mulk huquqini mustahkamlash, xususiy mulkni himoya qilishning ishonchli kafolatlari tizimini yaratish boʻyicha olib borilayotgan barcha ishni yangi darajaga koʻtarishning qatʼiy zarurligi toʻgʻrisidagi talablarga daxldordir.
Bozor iqtisodiyotining asosi boʻlmish xususiy mulkni rivojlantirish yoʻlidagi barcha gʻovlarni olib tashlash, ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etadigan, iqtisodiyotning ochiqligini taʼminlaydigan, xususiy mulk koʻlamlarini kengaytirishga, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning mamlakat iqtisodiyotidagi roli va ulushi oshishiga koʻmaklashadigan qonun hujjatlari qabul qilinishini taʼminlash muhim.
Iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga xususiy investorlar jalb etilishini ragʻbatlantirish, xususiy mulk real iqtisodiyot sohasida, birinchi navbatda, sanoatda va uning eng muhim tarmoqlarida yetakchi oʻrinni egallashiga erishish oʻz yechimini talab qilayotgan dolzarb masaladir.
Davlat va nazorat organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyatiga noqonuniy aralashish hollariga toqat qilib boʻlmaydi, ular tag-tomiri bilan yoʻq qilib tashlanishi kerak.
Majlisda qayd etilganidek, 2009 — 2012-yillarga moʻljallab qabul qilingan Inqirozga qarshi choralar dasturini roʻyobga chiqarish Oʻzbekiston jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining salbiy oqibatlariga samarali qarshi turishiga, shuningdek iqtisodiy rivojlanishning barqaror yuqori surʼatlarini taʼminlashiga imkon berdi. Shu bilan birga jahon iqtisodiyotidagi ishlarning ahvoli, koʻpgina mamlakatlarda davlat qarzining oʻsishi, budjet taqchilligining ortib borayotganligi, bu esa, oʻz navbatida, davlat xarajatlari jiddiy kamayishiga, jahon moliya bozorini mustahkamlanmagan pul massasi bilan toʻldirishga olib kelayotganligi kabi salbiy holatlarning mavjudligi, bu jarayonlar Oʻzbekiston iqtisodiyotiga ham albatta daxl qilishi nazarda tutiladigan boʻlsa, bizni jiddiy tashvishga solmasligi mumkin emas.
Shu jihatdan olganda, iqtisodiyotdagi, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlar ildam rivojlanishini taʼminlash borasidagi tuzilmaviy oʻzgarishlarning orqada qolayotganligi, innovatsion texnologiyalarni joriy etishning holati tashvishga solmoqda.
Iqtisodiyotni diversifikatsiyalash masalalari juda jiddiy eʼtiborni talab qilmoqda. Investitsiya dasturiga kiritilgan ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilashning eng muhim yoʻnalishlari boʻyicha ajratilgan mablagʻlarning oʻzlashtirilishida va bir qator investitsiya loyihalarining amalga oshirilishida qoloqlikka yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Bu oʻrinda, eng avvalo, Navoiy issiqlik elektr stansiyasida gazni siqib oʻtkazuvchi kompressor stansiyasi, respublika mintaqalarida avtomobillarni gaz yonilgʻisi bilan taʼminlovchi kompressor stansiyalari tarmogʻi qurilishi, “Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi — “Lochin” podstansiyasi” 500 kV yuqori voltli liniyasini rekonstruksiya qilish, shuningdek, “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi korxonalarida uy-roʻzgʻor maishiy texnikasi ishlab chiqarish va boshqa shu kabilar bilan bogʻliq loyihalar nazarda tutilmoqda.
Mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarilayotgan tovarlarning, eng avvalo, isteʼmol tovarlarining sifati, ichki va tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligi jiddiy savollar tugʻdirmoqda. Aholining isteʼmol tovarlariga boʻlgan ehtiyojini oʻrganish borasida olib borilayotgan ishlar mutlaqo yetarli emas. Ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotining qariyb 10 foizi hozirgi kunda korxonalar omborlarida qolib ketmoqda. “Fayz” xolding kompaniyasida ishlab chiqarilayotgan mebel mahsulotlari, ip-gazlamalar, meva-sabzavot konservalari va boshqalar tayyor mahsulot qoldiqlarining eng koʻp miqdorini tashkil etadi.
Mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarilishini taʼminlash mumkin boʻlgan tovarlarning koʻp turlarini, eng avvalo, isteʼmol tovarlarini import qilish davom etmoqda. Konditsionerlar, sovutqichlar, kimyoviy iplar, parfyumeriya-kosmetika va yuvish vositalari, bolalar oʻyinchoqlari, yoritish asbob-uskunalari, margarin, sariyogʻ va boshqalar shular jumlasidandir.
Bir qator tarmoqlar va korxonalarda debitorlik va kreditorlik qarzlari ortib borayotganligi, olingan kreditlarni oʻz vaqtida qaytarish borasidagi ahvol jiddiy tashvish uygʻotmasligi mumkin emas. Eng koʻp kreditorlik va debitorlik qarzlari “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, “Oʻzbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi, “Oʻzkimyosanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi korxonalarida yuzaga kelgan boʻlib, jami debitorlik qarzlarining 93,1 foizi va kreditorlik qarzlarining 81,8 foizi ana shu korxonalarga toʻgʻri keladi.
Zarar koʻrib ishlayotgan korxonalar umuman kamaygan boʻlsa-da, iqtisodiy jihatdan nochor korxonalarning soni koʻpligicha qolmoqda. Ularning aksariyatini kommunal xizmatlar koʻrsatuvchi korxonalar, “Oʻzavtoyoʻl” davlat aksiyadorlik kompaniyasi, “Oʻzbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi, “Oʻzkimyosanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiruvchi korxonalar tashkil etadi. “V.P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat aksiyadorlik jamiyatida moliyaviy jihatdan ogʻir ahvol saqlanib qolmoqda, ushbu jamiyatda bankrotlik tartib-taomillarini amalga oshirish boshlangan.
Oliy Majlis shuni taʼkidlaydiki, soʻnggi yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, liberallashtirish va modernizatsiya qilishga qaratilgan jami 400 tadan ortiq qonun qabul qilindi. Ayni vaqtda qabul qilingan qonunlarni amalga oshirish boʻyicha yondashuvlar jihatidan ham, ularning ijrosini nazorat qilish jihatidan ham huquqni qoʻllash amaliyotini tubdan oʻzgartirish talab qilinmoqda, bu esa, birinchi navbatda, qabul qilingan qonunlar va normativ-huquqiy hujjatlar amalga oshirilishini nazorat qilish masalalariga yetarli eʼtibor qaratilmayotganligidan, shu jumladan, deputatlar korpusining eʼtibori sustligidan dalolat beradi.
Joriy yilning birinchi yarmida adliya organlari tomonidan oʻtkazilgan tekshiruvlarning yakunlari boʻyicha davlat boshqaruvi organlarining 169 ta noqonuniy qarori bekor qilindi, 742 nafar mansabdor shaxsni intizomiy javobgarlikka tortish choralari koʻrildi, ularning 45 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 100 nafardan ortigʻi esa maʼmuriy javobgarlikka tortildi.
Konsepsiyada, Davlat dasturida mamlakatda bozor islohotlarini chuqurlashtirish, kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish sohasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati qaror qiladilar:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoyevning “Demokratik bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish va iqtisodiyotni liberallashtirish borasida hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar dasturi, shuningdek “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturi ijrosining borishi toʻgʻrisida”gi hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga quyidagilar tavsiya etilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining hisobotini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, Senati tomonidan koʻrib chiqish yakunlarini Vazirlar Mahkamasining 2011-yil birinchi yarmida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlariga bagʻishlangan majlisida muhokama qilish, muhokama jarayonida bildirilgan takliflar va fikr-mulohazalarni, ushbu Qarorning qoidalarini amalga oshirishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar majmuini belgilash;
Konsepsiyaning VI boʻlimida hamda Davlat dasturida belgilangan vazifalarning davlat, xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan bajarilishi muntazam ravishda qatʼiy nazorat qilinishini, vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining ushbu vazifalar soʻzsiz bajarilishi uchun shaxsiy javobgarligi oshirilishini taʼminlash;
iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish sohasidagi qonun hujjatlari talablari mansabdor shaxslar tomonidan buzilganligi uchun tegishli javobgarlik chorarlarini belgilash toʻgʻrisidagi takliflarni belgilangan tartibda ishlab chiqish va Qonunchilik palatasiga kiritish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining huquqni qoʻllash amaliyotida qonuniylikni taʼminlash, ular faoliyatidagi byurokratizm, rasmiyatchilik, korrupsiyaga qarshi kurashish yuzasidan qonunda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishini taʼminlash;
“Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi (yangi tahrirda), “Chet el investitsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihalarini, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksini oʻz vaqtida sifatli ishlab chiqishni tashkil etish va shu yilning III choragida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish;
Konsepsiya qoidalarini amalga oshirish doirasida tayyorlangan va katta ijtimoiy ahamiyatga molik qonun loyihalarini keng muhokama etish hamda jamoatchilik ekspertizasidan oʻtkazishni, shu jumladan, bu ishga tijorat va tadbirkorlik tuzilmalari, jamoat tashkilotlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlarni keng jalb etish yoʻli bilan tashkil qilish;
eksport salohiyatini yanada mustahkamlash va kengaytirish, mahalliy xom ashyoni chuqur qayta ishlashni va yuqori qoʻshimcha qiymatli raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni taʼminlaydigan, ilmiy yechimlar talab qiladigan, yuqori texnologiyali, eksportga moʻljallangan sanoat ishlab chiqarishlarini jadal rivojlantirish chora-tadbirlarini koʻrish;
2011-yilning II yarmida faoliyatning litsenziyalanadigan turlari roʻyxatini va davlat boshqaruvi organlari tomonidan amalga oshiriladigan ruxsatnoma berish tartib-taomillarini qisqartirish, qabul qilingan qarorlarni amalga oshirishda masʼuliyatsizlikka, tadbirkorlik subyektlarining faoliyati uchun ortiqcha byurokratik toʻsiqlar va gʻovlar yaratilishiga yoʻl qoʻyayotgan mansabdor shaxslarning javobgarligi choralarini kuchaytirish yuzasidan qoʻshimcha takliflar kiritish;
joriy yilda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari oʻzlarining egallagan mutaxassisliklariga muvofiq ishga joylashishini taʼminlash, shu jumladan, ularni kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida qoʻshimcha ish oʻrinlari tashkil etish hisobidan ish bilan taʼminlash, kasb-hunar kollejlari direksiyalari, oʻquvchilar va korxonalar oʻrtasida tuzilgan uch tomonlama shartnomalarning soʻzsiz bajarilishini taʼminlash yuzasidan taʼsirchan choralar koʻrish;
2011-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturini hududlarda bajarish, shuningdek kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish qanday borayotganligi monitoring qilinishi va har oyda tanqidiy koʻrib chiqilishini taʼminlash.
3. Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qoʻshimcha imtiyozlar va afzalliklar berish; tadbirkorlarning soliq va nazorat organlari bilan oʻzaro munosabatlarini soddalashtirish; kichik korxonalar uchun tashqi savdo operatsiyalarini rasmiylashtirishning ortiqcha tartib-taomillarini bartaraf etish chora-tadbirlarini nazarda tutuvchi qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir takliflar kiritishni jadallashtirishlari zarur, deb hisoblansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish, kichik biznes, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishning ustuvor vazifalarini hal etish borasida ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sinchiklab va har tomonlama ekspertiza qilinishini, bu sohada qabul qilinayotgan qonun hujjatlari oʻrtasidagi bir-birini takrorlashlar va qarama-qarshiliklar istisno etilishini taʼminlasin;
Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda davlat boshqaruvi organlarining tadbirkorlik subyektlariga nisbatan noqonuniy harakatlarni qilish hollariga yoʻl qoʻymaslikka, shu jumladan, vazirliklar va idoralarning, viloyatlar hokimlarining amaldagi qonun hujjatlariga zid boʻlgan hamda tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va manfaatlarini cheklaydigan qonunosti hujjatlari, qarorlari belgilangan tartibda bekor qilinishini taʼminlash orqali yoʻl qoʻymaslikka; bu sohada huquqbuzarliklarga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarligi toʻgʻrisida takliflar tayyorlashga qaratilgan ishlarni kuchaytirsin;
davlat boshqaruvi organlari, nazorat va huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar faoliyatida qonunlar ijrosiga rioya etilishi ustidan, qonun hujjatlari normalarining buzilishiga, oʻzboshimchalik bilan, notoʻgʻri talqin qilinishi va qoʻllanilishiga yoʻl qoʻymaslik ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklari bilan birgalikda:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-noyabrda qabul qilingan “2011 — 2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting koʻrsatkichlariga erishishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi PQ-1438-sonli Qaroriga muvofiq, bank tizimining barqarorligini yanada oshirish va uni mustahkamlash, 2011 — 2015-yillarda tijorat banklarining jami kapitalini 2,1 baravar koʻpaytirish;
kichik biznes subyektlarining kredit resurslariga boʻlgan asoslangan ehtiyojlarini, birinchi navbatda, yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish, faoliyat koʻrsatayotgan ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish va texnologik yangilashga boʻlgan ehtiyojlarini toʻliq hajmda taʼminlash;
bank va boshqa moliya xizmatlari bozorida tadbirkorlik subyektlariga xizmat koʻrsatish sifatini yanada oshirish, tadbirkorlik subyektlariga, birinchi navbatda, kichik biznes subyektlariga xizmat koʻrsatishda byurokratizm, sansalorlik holatlariga yoʻl qoʻymaslik;
tijorat banklarining qonun hujjatlariga, mijozlar bilan ishlashda ish va kasb odobiga rioya etish borasidagi faoliyati ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish choralarini koʻrsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga, vazirliklar va idoralarga quyidagilar tavsiya etilsin:
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining, Davlat dasturining iqtisodiyotni yanada liberallashtirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qismida nazarda tutilgan vazifalar oʻz vaqtida va soʻzsiz bajarilishi uchun shaxsiy javobgarligi kuchaytirilishini taʼminlash;
kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyatiga har qanday gʻayriqonuniy aralashuv uchun, bunday holatlarga davlatning iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga doir siyosatiga qarshi turish sifatida qarab, mansabdor shaxslarga nisbatan qatʼiy jazo choralarini koʻrish;
mintaqalarda yangi zamonaviy kichik ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun yer uchastkalarini hamda tayyor muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ega boʻlgan, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini oʻz vaqtida ajratish masalalari hal etilishini alohida nazoratga olish;
mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, bozor islohotlarini chuqurlashtirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, joylarda aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish borasidagi eng muhim masalalarni hal qilishda fuqarolik institutlari, eng avvalo, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar bilan samarali aloqani, ijtimoiy sheriklik munosabatlari izchil chuqurlashib borishini taʼminlash;
tashkil etilgan ish oʻrinlari va aholi bandligi haqidagi hisobot maʼlumotlarining toʻgʻriligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrish.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati qoʻmitalari:
qabul qilinayotgan qonunlar va normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosi ustidan amalga oshirilayotgan nazoratning taʼsirchanligi va samaradorligini taʼminlash chora-tadbirlarini koʻrsin, qoʻmitalar, deputatlar va senatorlar demokratik bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish va iqtisodiyotni liberallashtirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning mohiyati va muhimligini joylarda tushuntirishga doir ishlarda faol ishtirok etishiga erishsin;
kiritilayotgan qonun loyihalari mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy islohotlarning borishi ehtiyojlarini, mamlakatimizda toʻplangan va xalqaro tajribani hisobga olgan holda chuqur tanqidiy tahlil qilinishi hamda ishlanishini taʼminlasin;
nazorat-tahlil tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish vaqtida parlament eshituvlariga kiritilayotgan masalalarni chuqur oʻrganishga, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohasida aniqlangan muammolarni hal etishga qaratilgan aniq va asoslangan takliflarni ishlab chiqishga alohida eʼtiborni qaratsin, bu ishda nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari keng ishtirok etishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati:
Senat qoʻmitalari ushbu qoʻshma qaror bajarilishining borishini, shu jumladan, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish, Iqtisodiyot, Moliya, Adliya vazirliklari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi hamda davlat hokimiyati va boshqaruvining boshqa organlari tomonidan bajarilishini koʻrib chiqishga bagʻishlangan parlament eshituvlarini mintaqalarga borib oʻtkazishini tashkil etsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi raisining hisobotini eshitish chogʻida, ushbu Qarorda iqtisodiyotni yanada demokratlashtirish va liberallashtirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish borasida belgilangan vazifalarning tijorat banklari tomonidan bajarilishiga asosiy eʼtiborni qaratsin.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga quyidagilar tavsiya etilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoyevning “Demokratik bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish va iqtisodiyotni liberallashtirish borasida hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar dasturi, shuningdek “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturi ijrosining borishi toʻgʻrisida”gi hisobotini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan koʻrib chiqish yakunlarini navbatdagi sessiyalarda muhokama qilish;
Konsepsiyaning demokratik bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish va iqtisodiyotni liberallashtirishga qaratilgan qoidalari, shuningdek “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” hududiy dasturlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan amalga oshirilishining borishi ustidan taʼsirchan nazoratni taʼminlash.
10. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOSHMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2011-yil 15-iyul,
333-II-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2011-yil 15-iyul,
196-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2011-y., 7-son, 192-modda)