Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2009-yil birinchi yarim yilligi yakunlari boʻyicha ijrosi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2009-yil birinchi yarim yilligi yakunlari boʻyicha ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2009-yil birinchi yarim yilligi yakunlari boʻyicha ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
Taʼkidlab oʻtilsinki, 2009-yil birinchi yarim yilligi yakunlari boʻyicha Davlat budjeti daromadlari uning xarajatlaridan 55,8 mlrd soʻm miqdorda ortiq boʻldi yoki Davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,3 foiz miqdorda profitsit bilan ijro etildi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi taʼsirini va uning Oʻzbekiston iqtisodiyoti uchun keltirib chiqargan oqibatlarini bartaraf etish, iqtisodiy oʻsish surʼatlari barqarorligini va makroiqtisodiy mutanosiblikni, bozor islohotlari va iqtisodiyotni erkinlashtirish jarayonlari yanada chuqurlashtirilishini, soliq tushumlari mexanizmi takomillashtirilishini, qatʼiy pul-kredit siyosati oʻtkazilishini, shuningdek ish haqi, stipendiyalar, nafaqalar hamda aholiga boshqa ijtimoiy toʻlovlar toʻlash uchun budjet xarajatlari toʻliq va oʻz vaqtida moliyalashtirilishini, “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” Davlat dasturini roʻyobga chiqarish yuzasidan tadbirlar oʻtkazilishini taʼminlash borasidagi ishlarni davom ettirsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining eʼtibori tegishli budjetlarga toʻlovlarning toʻliq tushishi taʼminlanishi zarurligiga, budjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi va budjet intizomiga rioya etilishi ustidan nazorat kuchaytirilishiga, mintaqalarning soliq bazasini va moliyaviy salohiyatini kengaytirish yuzasidan amaliy choralar koʻrilishi hamda shu asosda mahalliy budjetlarning xarajatlari moliyalashtirilishiga qaratilsin.
4. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOShMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2009-yil 24-avgust,
1063-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-y., 8-son, 294-modda)