Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Kollektiv xavfsizlik toʻgʻrisidagi shartnoma tashkiloti Kollektiv xavfsizlik kengashining 2009-yil 14-iyunda Moskva shahrida boʻlib oʻtgan sessiyasida bayon etilgan Oʻzbekistonning prinsipial pozitsiyasi haqida
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining Kollektiv xavfsizlik toʻgʻrisidagi shartnoma tashkiloti Kollektiv xavfsizlik kengashining 2009-yil 14-iyunda Moskva shahrida boʻlib oʻtgan sessiyasida bayon etilgan Kollektiv operativ harakat kuchlari toʻgʻrisidagi bitim loyihasi boʻyicha Oʻzbekistonning prinsipial pozitsiyasi haqidagi taklif-tashabbusini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimovning Kollektiv xavfsizlik toʻgʻrisidagi shartnoma tashkiloti Kollektiv xavfsizlik kengashining 2009-yil 14-iyunda Moskva shahrida boʻlib oʻtgan sessiyasidagi nutqida Kollektiv xavfsizlik toʻgʻrisidagi shartnoma tashkilotining Kollektiv operativ harakat kuchlari toʻgʻrisidagi bitim loyihasi yuzasidan bayon etgan Oʻzbekistonning prinsipial pozitsiyasi toʻla qoʻllab-quvvatlansin.
2. Taʼkidlansinki:
Kollektiv operativ harakat kuchlari faqatgina aʼzo davlatlar xavfsizligiga tashqaridan boʻladigan tahdidlar va xatarlarni qaytarish uchun moʻljallangan boʻlishi kerak, bunda mazkur kuchlarni qoʻllash toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish mexanizmi konsensus prinsipiga ogʻishmay rioya etilishiga asoslanishi lozim;
Kollektiv kuchlardan MDH hududida va KXShT davlatlarida shu davlatlar oʻrtasida kelib chiqishi mumkin boʻlgan nizolar va qarama-qarshiliklarni hal etish uchun harbiy kuch sifatida foydalanilishi mumkin emas;
kontingentlarni boshqa davlatning hududiga joʻnatish, shuningdek Kollektiv xavfsizlik toʻgʻrisidagi shartnoma tashkilotiga boshqa aʼzo davlatlarning Kollektiv operativ harakat kuchlari tarkibiga ajratilgan harbiy kontingentlarini oʻz hududiga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilish aʼzo davlatlarning milliy qonunchiligiga zid boʻlmagan taqdirdagina amalga oshirilishi kerak;
KOHK toʻgʻrisidagi bitim, xalqaro amaliyotda qabul qilinganidek, bu Bitim QXShT mamlakatlari tomonidan ratifikatsiya qilinganidan keyingina kuchga kirishi kerak. KXShTning Kollektiv kuchlarini Bitim ratifikatsiya qilinguniga qadar vaqtincha qoʻllash KXShTga aʼzo davlatlar parlamentlarining fikrini batamom inkor etadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari tegishliligiga koʻra:
xalqaro tashkilotlar doirasida xalqaro shartnomalarni tuzish chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Mudofaa doktrinasiga va boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga ogʻishmay rioya etilishini taʼminlasin;
Kollektiv xavfsizlik toʻgʻrisidagi shartnoma doirasida Kollektiv operativ harakat kuchlari tuzish masalasi yuzasidan Oʻzbekiston egallagan prinsipial pozitsiyaning mohiyati toʻgʻrisida xalqaro jamoatchilikni xabardor qilish masalalarida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda faol ishtirok etsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga Kollektiv xavfsizlik toʻgʻrisidagi shartnoma tashkiloti Kollektiv xavfsizlik kengashining 2009-yil 14-iyunda Moskva shahrida boʻlib oʻtgan sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimov tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarning mazmun-mohiyati toʻgʻrisida aholi oʻrtasida keng tushuntirish ishlarini tashkil etish tavsiya qilinsin.
5. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOShMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2009-yil 2-iyul,
1034-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-y., 7-son, 241-modda)