Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining
Qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan bajariladigan geodeziya va kartografiya ish turlarining roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2023-yil 31-maydagi 19-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2721-2, 09.05.2023-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.06.2023-y., 10/23/2721-2/0351-son)
Keyingi tahrirga qarang.
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 21-oktabrda 2721-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining “Geodeziya va kartografiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-sentabrdagi PF-6061-son “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-fevraldagi 66-son “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi toʻgʻrisidagi hamda Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi direktorining 2021-yil 27-sentabrdagi 9-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2721-1, 20.10.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.10.2021-y., 10/21/2721-1/0982-son)
Oldingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan bajariladigan geodeziya va kartografiya ish turlarining roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2023-yil 31-maydagi 19-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2721-2, 09.05.2023-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.06.2023-y., 10/23/2721-2/0351-son)
Keyingi tahrirga qarang.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais S. ARABOV
Toshkent sh.,
2015-yil 14-sentabr,
32-son
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining 2015-yil 11-sentabrdagi 32-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan bajariladigan geodeziya va kartografiya ish turlarining
ROʻYXATI
(ilova nomi Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2023-yil 31-maydagi 19-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2721-2, 09.05.2023-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.06.2023-y., 10/23/2721-2/0351-son)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan quyidagi umumdavlat ahamiyatiga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlar bajariladi:
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2023-yil 31-maydagi 19-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2721-2, 09.05.2023-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.06.2023-y., 10/23/2721-2/0351-son)
Keyingi tahrirga qarang.
a) Yer shaklining va tashqi gravitatsiya maydonining parametrlarini aniqlash:
davlat gravimetrik punktlarida ogʻirlik kuchi tezlanishining absolyut (nisbiy) qiymatlarini aniqlash boʻyicha gravimetriya ishlari;
geodeziya punktlarida kenglik, uzunlik va azimutni astronomik aniqlash ishlari;
b) grafik, raqamli, fotosurat shaklidagi va boshqa shakllardagi davlat topografik xaritalari hamda rejalarini yaratish, yangilash va nashr etish:
aerokosmik suratga olish asboblari yordamida uchish apparatlaridan joyning fotosurat tasvirini olish boʻyicha aerosuratga olish ishlari;
1:10 000, 1:25 000 masshtablarda topografik tasvirga olish jarayonlari;
1:10 000, 1:25 000, 1:50 000, 1:100 000, 1:200 000, 1:500 000, 1:1 000 000 masshtablarda davlat topografik xaritalarini qonunchilik hujjatlarida belgilangan davriylik bilan yangilash ishlari;
turli masshtablardagi davlat raqamli topografik xaritalari va rejalarini ishlab chiqish ishlari;
turli masshtablardagi davlat raqamli topografik xaritalari va rejalarini qonunchilik hujjatlarida belgilangan davriylik bilan yangilash ishlari;
turli masshtablardagi davlat topografik xaritalarini kompyuter texnologiyalaridan foydalangan holda nashrga tayyorlash ishlari;
turli masshtablardagi davlat topografik xaritalarining majburiy tirajini poligrafik yoki boshqa koʻpaytirish vositalaridan foydalangan holda nashr etish;
v) Davlat geodeziya, nivelir, gravimetriya tarmoqlarini, geodezik zichlashtirish tarmoqlarini yaratish, rivojlantirish va ishlash holatida saqlab turish:
referens geodeziya punktlaridan, yuqori aniqlikdagi (0-sinf, 1-sinf) geodeziya punktlaridan tashkil topgan davlat yoʻldosh geodeziyasi tarmogʻini tashkil qilish;
davlat rejali geodeziya tarmogʻini 3 va 4-sinflar, 1 va 2-razryadlar yoʻldosh geodeziyasi tarmoqlaridan, 4-sinf, 1 va 2-razryadlar poligonometriya tarmogʻidan tashkil topgan geodeziya zichlash tarmoqlarini tuzish orqali rivojlantirish;
rejali va balandlik davlat geodeziya tarmogʻining va zichlash tarmoqlarining punktlarini tadqiq etish va tiklash;
doimiy faoliyat koʻrsatadigan sunʼiy yoʻldosh orqali kuzatish stansiyalari tarmogʻini tashkil qilish, stansiyalarda yoʻldosh signallarini qabul qilish, ularga ishlov berish va mobil stansiyalarining qabul qiluvchi qurilmalariga tarqatish ishlari;
sunʼiy yoʻldosh navigatsiya tizimlarining ishlashini taʼminlash uchun geodeziya va kartografiyaga doir materiallarni (maʼlumotlarni) yaratish;
davlat fundamental gravimetrik tarmogʻidan va 1-sinf davlat gravimetrik tarmogʻidan iborat davlat gravimetrik tarmogʻini yaratish;
gravimetrik zichlashtirish tarmoqlarini qurish yoʻli bilan davlat gravimetrik tarmogʻini rivojlantirish;
davlat gravimetrik tarmogʻi punktlarini tadqiq etish va tiklash;
1 va 2-sinf davlat nivelir tarmogʻi hamda 3 va 4-sinf balandlik zichlashtirish tarmoqlari punktlarining balandliklarini aniqlash boʻyicha nivelirlash ishlari, shu jumladan avval oʻtkazilgan nivelirlash ishlarini tartibga soluvchi hujjatlarda belgilangan davriyliklar bilan 1 va 2-sinf takroriy nivelirlash ishlari;
g) Yerning kartografik monitoringini, uni masofadan turib zondlashni va geodinamika tadqiqotlarini amalga oshirish:
obyektlarning fazoviy maʼlumotlarini yer usti, havo yoki aerokosmik joylashuvdagi suratga olish asboblari yordamida maxsus jihozlangan stansiyalarga qabul qilish, maʼlumotlarni kartografik maqsadlarda ishlash, saqlash va qoʻllash ishlari;
geodinamik va texnogen poligonlar punktlarida yuqori aniqlikdagi (1-sinf) yoʻldosh oʻlchovlarini bajarish, oʻlchovlar natijalari boʻyicha Yer qobigʻining hozirgi gorizontal va vertikal harakatlarini tadqiq etish ishlari;
d) Oʻzbekiston Respublikasining davlat kartografiya-geodeziya fondini shakllantirish va yuritish:
Oʻzbekiston Respublikasining kartografiya-geodeziya fondi tomonidan geodeziya va kartografiya faoliyatini amalga oshirishda olingan geodeziya va kartografiyaga doir materiallarni (maʼlumotlarni) hisobga olish, saqlash hamda foydalanish uchun taqdim etish ishlari;
kartografiya-geodeziya davlat kadastrini yuritish;
e) Milliy geografik axborot tizimini, umumdavlat ahamiyatiga molik boshqa geografik axborot tizimlarini yaratish va yuritish:
Fazoviy maʼlumotlarning milliy infratuzilmasini yaratish, rivojlantirish va uning faoliyat koʻrsatishini taʼminlash;
tarmoqlararo, mintaqaviy geografik axborot tizimlarini tashkil etish va yuritish;
j) umumgeografik, siyosiy-maʼmuriy, ilmiy-maʼlumotga oid va boshqa tematik xaritalar hamda tarmoqlararo ahamiyatga molik atlaslar, kartografik oʻquv qoʻllanmalarini yaratish va nashr etish:
tarmoqlararo ahamiyatga molik turli tematik xaritalar va atlaslarni, oʻquv kartografiya qoʻllanmalarini yaratishda tahrirlash-tayyorlash ishlari;
tarmoqlararo ahamiyatga molik turli tematik va oʻquv xaritalarining asl nusxalarini kompyuter texnologiyalaridan foydalangan holda tuzish va rasmiylashtirish ishlari;
davlat, mintaqaviy va tarmoqlararo ahamiyatga molik turli tematik atlaslarni, oʻquv atlaslarini kompyuter texnologiyalaridan foydalangan holda tuzish va rasmiylashtirish ishlari;
tarmoqlararo ahamiyatga molik turli tematik xaritalar va atlaslarning, oʻquv xaritalarining nashr etilgan asl nusxalarini kompyuter texnologiyalaridan foydalangan holda tayyorlash ishlari;
z) Oʻzbekiston Respublikasining davlat chegarasini (keyingi oʻrinlarda Davlat chegarasi deb yuritiladi) delimitatsiya, demarkatsiya (redemarkatsiya) qilish va uning oʻtish chizigʻini tekshirish boʻyicha ishlarni zarur geodeziya, kartografiya hamda gidrografiyaga doir ishlar, materiallar (maʼlumotlar) bilan taʼminlash:
Davlat chegarasiga tutash mintaqa uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq tuzilgan Hukumat delegatsiyasi tomonidan belgilanadigan masshtablarda delimitatsiya, demarkatsiya (redemarkatsiya) xaritalar yaratish boʻyicha topografiya-geodeziya ishlari;
Davlat chegarasiga tutash mintaqaga topografik xaritalar (fotoplanlar, fotosxemalar) tuzish uchun aerosuratga olish ishlari (Hukumat delegatsiyasining topshirigʻi boʻyicha);
Davlat chegarasi mintaqasida geodeziya tarmoq punktlarini tekshirish, ularning saqlanishini va boʻlgʻusi topografiya-geodeziya ishlarini oʻtkazish uchun ulardan foydalanish imkoniyatini tekshirish ishlari;
daryolarda (koʻllarda, suv omborlarida) ularning Davlat chegarasi chizigʻining oʻtishini belgilovchi oʻrtasini (stvorini) suv sirti boʻylab aniqlash va belgilar bilan mahkamlash boʻyicha gidrografiya ishlari;
Davlatlararo komissiya tomonidan belgilangan konstruksiyadagi chegara belgilarini tayyorlash va chegara belgilari bilan Davlat chegarasi chizigʻini mustahkamlash ishlari;
chegara belgilarining koordinatalarini Hukumat delegatsiyasi tomonidan belgilangan aniqlikda yoʻldoshli oʻlchovlar uslubi bilan belgilash ishlari;
chegara belgilarining koordinatalari katalogini tuzish;
chegara belgilari protokollarini Hukumat delegatsiyasi tomonidan belgilangan namunada tuzish ishlari;
maʼlumotlarni toʻplash va Davlat chegarasi mintaqasida joylashgan geografik obyektlarning nomlari roʻyxatini tuzish;
Davlat chegarasi chizigʻini taʼriflash bayonnomasini tegishli namunadagi hujjatni toʻldirib, Hukumat delegatsiyasi tomonidan belgilanadigan masshtablar topografik xaritalari varaqlarida Davlat chegarasining oʻtish chizigʻini hamda chegara belgilari oʻrnashgan joylarni tasvirlab grafik ilovani yaratgan holda tuzish ishlari;
i) geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni bajarishda oʻlchovlar birligini va metrologiya nazoratini taʼminlash:
geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni bajarishda oʻlchovlar birligi hamda talab qilinadigan aniqlikka erishish maqsadida ilmiy-texnik va tashkiliy asoslarni, texnik vositalarni, qoidalar hamda normalarni belgilash va qoʻllash ishlari;
etalon bazisni — geodeziya va kartografiyaga oid ishlarning bajarilishini metrologik taʼminlash uchun uzunlik etalonini yaratish hamda ish holatida saqlash;
k) geografik obyektlarning nomlarini belgilash, meʼyorlashtirish, davlat roʻyxatidan oʻtkazish, ulardan foydalanish va ularni saqlash, shuningdek Geografik obyektlar nomlarining davlat reyestrini yuritish:
geografik obyekt nomi, shuningdek uni berish yoki qayta nomlash jarayonining hamda ularni qoʻllash darajasining va keyinchalik meʼyorlashtirish zaruriyatining Oʻzbekiston Respublikasining geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiqligini tekshirish ishlari;
geografik obyektlarning nomlarini meʼyorlashtirish ishlari;
geografik obyektlarning nomlarini roʻyxatdan oʻtkazish va hisobga olish shaklini tuzish ishlari;
geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Geografik obyektlar nomlarining davlat reyestri maʼlumotlar bazasiga kiritish ishlari;
geografik obyektlarga nom berish va ularni qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish ishlari;
geografik obyektlarning meʼyorlashtirilgan nomlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish ishlari;
geografik obyektlarning nomlarini hisobga olish ishlari;
Geografik obyektlar nomlarining davlat reyestri maʼlumotlarini qonunchilik hujjatlariga muvofiq foydalanuvchilarga taqdim etish;
l) ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va tajriba-texnologik ishlarni olib borish;
m) geodeziya va kartografiya faoliyatini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni ishlab chiqish.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi direktorining 2021-yil 27-sentabrdagi 9-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2721-1, 20.10.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.10.2021-y., 10/21/2721-1/0982-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan “Geodeziya va kartografiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq maxsus ahamiyatga molik geodeziya va kartografiya ishlari bajarilishi mumkin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2023-yil 31-maydagi 19-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2721-2, 09.05.2023-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.06.2023-y., 10/23/2721-2/0351-son)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Umumdavlat ahamiyatiga molik geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni geodeziya va kartografiya faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir litsenziya yoki xabardor qilish tartibi orqali geodeziya va kartografiya faoliyatini amalga oshirish boʻyicha tasdiqnomaga ega boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan ham bajarilishi mumkin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi direktorining 2021-yil 27-sentabrdagi 9-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2721-1, 20.10.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.10.2021-y., 10/21/2721-1/0982-son)
4. Mazkur Roʻyxat Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan.
Moliya vaziri R. AZIMOV
2015-yil 11-sentabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 42-son, 547-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 20.10.2021-y., 10/21/2721-1/0982-son; 12.06.2023-y., 10/23/2721-2/0351-son; 21.01.2026-y., 10/26/2721-3/0062-son)