Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishga doir namunaviy nizomlarni tasdiqlash toʻgʻrisida
“Ekologik nazorat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi Namunaviy nizom 1-ilovaga muvofiq;
Ekologik nazoratning jamoatchi inspektori toʻgʻrisidagi Namunaviy nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi:
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-martdagi 195-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.03.2019-y., 09/19/195/2712-son)
oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsinlar;
jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda metodik yordam koʻrsatishni va koʻmaklashishni taʼminlasinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 8-oktabr,
287-son
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 8-oktabrdagi 287-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida
Namunaviy nizom
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Namunaviy nizom jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish tartibini hamda jamoatchilik ekologik nazorati subyektlari faoliyatining huquqiy asoslarini belgilaydi.
2. Jamoatchilik ekologik nazorati — atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari talablari buzilishining oldini olish, uni aniqlash va unga chek qoʻyishga, tabiatni muhofaza qilish faoliyati samaradorligini oshirishga doir jamoatchilik chora-tadbirlari tizimidir.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Jamoatchilik ekologik nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va Oʻzbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”, “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”, “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”, “Ekologik nazorat toʻgʻrisida”gi qonunlariga, ushbu Namunaviy nizomga hamda boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-noyabrdagi 937-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2019-y., 09/19/937/4054-son)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Jamoatchilik ekologik nazorati:
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari;
ommaviy axborot vositalari;
nodavlat notijorat tashkilotlar;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari (keyingi oʻrinlarda fuqarolar deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-noyabrdagi 937-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2019-y., 09/19/937/4054-son)
5. Jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishda qonuniylik, xolislik, mustaqillik, oshkoralik, shaxs, jamiyat hamda davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tamoyillari taʼminlanishi kerak.
6. Quyidagilar jamoatchilik ekologik nazoratining asosiy vazifalari hisoblanadi:
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari talablari buzilishining oldini olish, uni aniqlash va unga chek qoʻyish;
atrof muhit holatini kuzatib borish, atrof muhitning ifloslanishiga, tabiiy resurslardan nooqilona foydalanilishiga olib kelishi, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga tahdid solishi mumkin boʻlgan vaziyatlarni aniqlash;
moʻljallanayotgan yoki amalga oshirilayotgan xoʻjalik faoliyati va boshqa faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini aniqlash;
yuridik va jismoniy shaxslarning atrof muhitni muhofaza qilish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini, ular tomonidan majburiyatlar bajarilishini taʼminlash;
atrof muhitdagi oʻzgarishlar, tabiiy resurslardan foydalanilishi va koʻrilayotgan tegishli chora-tadbirlar toʻgʻrisida davlat tashkilotlari va boshqa tashkilotlarni hamda fuqarolarni xabardor qilishda ishtirok etish;
tabiatni muhofaza qilish faoliyatining samaradorligini oshirish hamda davlat ekologik dasturlari va boshqa ekologik dasturlarning amalga oshirilishida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolarning ishtirokini taʼminlash.
7. Quyidagilar jamoatchilik ekologik nazoratining obyektlari hisoblanadi:
yer, yer osti boyliklari, suvlar, oʻsimlik va hayvonot dunyosi, atmosfera havosi;
atrof muhitga taʼsir koʻrsatuvchi tabiiy va texnogen manbalar;
atrof muhitning ifloslanishiga va tabiiy resurslardan nooqilona foydalanilishiga olib kelishi, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga tahdid solishi mumkin boʻlgan faoliyat, harakat yoki harakatsizlik.
8. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish maqsadida ekologik nazoratning jamoatchilik inspektorlari tizimini shakllantirishi va ularning faoliyatini muvofiqlashtirishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Ekologik nazorat sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar bilan jamoatchilik ekologik nazorati masalalari boʻyicha hamkorlik qiladilar va ularning murojaatlari boʻyicha qonunchilikka muvofiq oʻz vaqtida chora koʻradilar.
10. Aholining, aholi yashash punktlarining ekologik xavfsizligini taʼminlash uchun zarur maʼlumotlarga ega boʻlgan ekologik nazorat sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari qonunchilikda belgilangan tartibda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolarga ushbu maʼlumot bilan oʻz vaqtida va toʻliq bepul tanishishini taʼminlashi zarur, qonunchilikda nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
11. Oʻzbekiston ekologik harakati, oʻz ustavidagi vazifalariga muvofiq, nodavlat notijorat tashkilotlarining ekologik nazoratni amalga oshirishdagi ishtirokini yanada kuchaytirishga doir tavsiyalar ham ishlab chiqadi.
II. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish
12. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining jamoatchilik ekologik nazorat sohasidagi faoliyati fuqarolarning tegishli oʻzini oʻzi boshqarish hududida (shaharchalar, qishloqlar, ovullar hamda shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar mahallalarida) amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan mahalliy ahamiyatga molik masalalarni hal etishda “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida hamda ushbu Namunaviy nizomning 5-bandida sanab oʻtilgan tamoyillar bilan bir qatorda demokratizm, ijtimoiy adolat, mustaqillik, jamoatchilik asosidagi oʻzaro yordam, mahalliy urf-odatlar va anʼanalar taʼminlanishi kerak.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-noyabrdagi 937-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2019-y., 09/19/937/4054-son)
Oldingi tahrirga qarang.
14. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining jamoatchilik ekologik nazorat boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tomonidan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmalari, tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari tomonidan amalga oshiriladi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-iyundagi 391-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.06.2020-y., 09/20/391/0777-son)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Jamoatchilik ekologik nazorati boʻyicha faoliyatga umumiy rahbarlik fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) hamda fuqarolar yigʻinining ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish boʻyicha komissiyasi raisi tomonidan amalga oshiriladi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-fevraldagi 134-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2018-y., 09/18/134/0809-son)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
16. Fuqarolar yigʻinining ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish boʻyicha komissiyasining jamoatchilik ekologik nazorati sohasidagi faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 7-oktabrdagi 274-son qarori bilan tasdiqlangan Fuqarolar yigʻinining ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish boʻyicha komissiyasi toʻgʻrisidagi Namunaviy nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
(16-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-fevraldagi 134-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2018-y., 09/18/134/0809-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Jamoatchilik ekologik nazorati boʻyicha faoliyatni amalga oshirish maqsadida Fuqarolar yigʻinining ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish boʻyicha komissiyasi ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish organlari, kommunal xizmatlar, atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat yurituvchi nodavlat notijorat tashkilotlari, ichki ishlar organlari (profilaktika boʻyicha inspektorlar), Yoshlar ittifoqi boʻlinmalari vakillarini, fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) maslahatchilarini va sohalar boʻyicha komissiyalar vakillarini belgilangan tartibda jalb qilish huquqiga ega.
(16-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-noyabrdagi 915-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.11.2017-y., 09/17/915/0259-son)
Keyingi tahrirga qarang.
17. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari:
atrof muhitni muhofaza qilishni taʼminlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalari boʻyicha qarorlar tayyorlashda va qabul qilishda, shuningdek davlat ekologik dasturlari hamda boshqa ekologik dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadilar;
tegishli hududda jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshiradilar;
atrof muhitning holatini va atrof muhitning ifloslanishiga hamda tabiiy resurslardan nooqilona foydalanishga olib kelishi, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga tahdid solishi mumkin boʻlgan vaziyatlarni kuzatib borishni amalga oshiradilar;
ekologik nazorat sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etadilar;
maxsus vakolatli davlat organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, xoʻjalik yurituvchi subyektlarga davlat, idoraviy va ishlab chiqarish ekologik nazoratini amalga oshirishda xabardor boʻlgan oʻzining vakolatli vakilining kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi toʻgʻrisida takliflar kiritadilar;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari buzilishining oʻzlari aniqlagan holati toʻgʻrisida maxsus vakolatli davlat organlarini, mahalliy davlat hokimiyati organlarini, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarini, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni xabardor qiladilar;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlarining talablari buzilganligi aniqlangan holatlar yuzasidan choralar koʻrish toʻgʻrisida tegishli davlat organlariga takliflar kiritadilar;
atrof muhitning holati, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, mazkur sohadagi qonun hujjatlari buzilishi yuzasidan aniqlangan holatni bartaraf etish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida tegishli davlat organlariga murojaat qiladilar va axborot oladilar;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalariga doir jamoatchilik fikrini oʻrganishni, jamoatchilik ekologik ekspertizasini oʻtkazadilar;
atrof muhitni muhofaza qilish, hududning sanitariya holati, uni obodonlashtirish hamda koʻkalamzorlashtirish masalalari yuzasidan oʻz vakolatlari doirasida tegishli hududda joylashgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining hisobotlarini eshitadilar hamda ularning natijalari boʻyicha qarorlar qabul qiladilar;
atrof muhitni muhofaza qilishga koʻmaklashadilar, ekologik nazoratning boshqa subyektlari va ommaviy axborot vositalari bilan jamoatchilik ekologik nazorati masalalari boʻyicha, shu jumladan ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlari tizimini shakllantirishda hamkorlik qiladilar;
Keyingi tahrirga qarang.
aholining ekologik madaniyatini oshirish, ekologik taʼlim va tarbiyani rivojlantirishga doir ishlarda koʻmaklashadilar.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
18. Jamoatchilik ekologik nazoratining samaradorligini oshirish uchun Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, ularning hududlarida tashkil etilgan maslahat markazlari negizida ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlariga qisqa muddatli kurslar oʻtkazishda koʻmaklashadilar.
Tegishli hududlarda joylashgan taʼlim muassasalari fuqarolar yigʻinlari murojaatiga binoan aholining ekologik madaniyatini oshirish ishlari doirasida turli tadbirlarni oʻtkazish, ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlari uchun qisqa muddatli kurslar tashkil qilish uchun oʻquv jarayonidan boʻsh boʻlgan oʻquv xonalarini taqdim etishlari mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
19. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari ekologik nazoratni amalga oshirish uchun shartnoma asosida mutaxassis va ekspertlarni qonunchilikka muvofiq jalb qilishi mumkin.
20. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari jamoatchilik ekologik nazorati boʻyicha vakolatlarini amalga oshirish uchun oʻz mablagʻlaridan hamda yuridik va jismoniy shaxslardan xayriya sifatida tushgan, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar mablagʻlaridan foydalanishi mumkin.
III. Nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish
Oldingi tahrirga qarang.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-noyabrdagi 937-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2019-y., 09/19/937/4054-son)
Oldingi tahrirga qarang.
22. Nodavlat notijorat tashkilotlari quyidagi huquqlarga ega:
(22-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-noyabrdagi 937-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2019-y., 09/19/937/4054-son)
atrof muhitni muhofaza qilishni, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni taʼminlash masalalari boʻyicha qarorlar tayyorlashda, shuningdek davlat ekologik dasturlari va boshqa ekologik dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish;
jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish;
atrof muhitning holatini va atrof muhitning ifloslanishiga hamda tabiiy resurslardan nooqilona foydalanishga olib kelishi, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga xavf solishi mumkin boʻlgan vaziyatlarni kuzatib borishda ishtirok etish;
ekologik nazorat sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etish;
maxsus vakolatli davlat organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, xoʻjalik yurituvchi subyektlarga davlat, idoraviy va ishlab chiqarish ekologik nazoratini amalga oshirishda oʻz vakilining kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi toʻgʻrisida takliflar kiritish;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari buzilishining oʻzlari aniqlagan holatlari toʻgʻrisida maxsus vakolatli davlat organlarini, mahalliy davlat hokimiyati organlarini, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarini, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni xabardor qilish;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlarining talablari buzilganligi aniqlangan holatlar yuzasidan choralar koʻrish toʻgʻrisida tegishli davlat organlariga takliflar kiritish;
atrof muhitning holati, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, mazkur sohadagi qonun hujjatlari buzilishi yuzasidan aniqlangan holatni bartaraf etish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida tegishli davlat organlariga murojaat qilish va ulardan axborot olish;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalariga doir jamoatchilik fikrini oʻrganish, jamoatchilik ekologik ekspertizasini oʻtkazish;
tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining atrof muhitni muhofaza qilish, hududning sanitariya holati, obodonlashtirilishi hamda koʻkalamzorlashtirilishi masalalariga doir axboroti hamda hisobotlarini eshitishda ishtirok etish;
ekologik nazoratning maxsus vakolatli davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, fuqarolar va ommaviy axborot vositalari bilan jamoatchilik ekologik nazorati masalalari boʻyicha, shu jumladan ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlari tizimini shakllantirishda hamkorlik qilish;
Keyingi tahrirga qarang.
davlat organlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga aholining ekologik madaniyatini oshirish, ekologik taʼlim va tarbiyani rivojlantirishga doir ishlarida koʻmaklashish;
atrof muhit va aholi salomatligini muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, tabiatni muhofaza qilish davlat dasturlari bajarilishi masalalari boʻyicha ommaviy axborot vositalarida chop etilgan materiallarni toʻplash va tahlil qilish hamda mazkur maʼlumotlar boʻyicha choralar koʻrish yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
jamoatchilik ekologik nazorati masalalari boʻyicha belgilangan tartibda Internet butunjahon axborot tarmogʻida resurslarni tashkil qilish, ommaviy axborot vositalarini taʼsis etish, ommaviy axborot vositalariga hammuassis boʻlish, noshirlik faoliyatini amalga oshirish;
ommaviy axborot vositalarida jamoatchilik ekologik nazorati natijalari yoritilishida ishtirok etish;
jamoatchilik ekologik nazorati maqsadida suratga olishlarni, audio va videotasvirlarni amalga oshirish hamda qonunchilikni buzmagan holda ushbu materiallarni chop etish va efirga uzatish;
tegishli davlat organlariga ekologik nazorat masalalari boʻyicha murojaatlar yuborish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiq yigʻilishlarida belgilangan tartibda ishtirok etish;
atrof muhit va aholi salomatligi muhofazasi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, davlat ekologik dasturi bajarilishi masalalari boʻyicha ishchi guruhlar, komissiyalar va ilmiy-texnikaviy kengashlarni tashkillashtirishda tashabbuskorlik koʻrsatish, ularda mutaxassis va ekspertlarni ishtirok etishga jalb qilish;
jamoatchilik eshituvlarini oʻtkazishda tashabbuskorlik qilish va ularni oʻtkazish.
Nodavlat notijorat tashkilotlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
23. Jamoatchilik ekologik nazorati boʻyicha faoliyatni moddiy va moliyaviy taʼminlash uchun nodavlat notijorat tashkilotlari tashkilot mol-mulkini shakllantirishning quyidagi manbalari mablagʻlaridan foydalanish huquqiga ega:
kirish va aʼzolik badallari, agar ular ustavda nazarda tutilgan boʻlsa;
muassislardan, qatnashchilardan (aʼzolardan) bir marotaba va muntazam ravishda tushadigan tushumlar;
ixtiyoriy mulkiy badallar va ehsonlar;
tadbirkorlik faoliyatidan olingan, faqat ustav maqsadlari uchun ishlatiladigan daromadlar (foyda);
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
Nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek jamoatchilik ekologik nazorati boʻyicha faoliyatini amalga oshirish uchun davlat tomonidan belgilangan tartibda beriladigan subsidiyalar, ijtimoiy buyurtmalar va grantlar shaklida yordam olishi mumkin.
24. Nodavlat notijorat tashkilotlari quyidagilarni bajarishi shart:
ekologik nazorat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etish;
ekologik nazoratni amalga oshirishda ekologik nazoratning boshqa subyektlariga koʻmaklashish;
ekologik nazoratning boshqa subyektlari vazifalarini ularning oʻrniga bajarmaslik.
Nodavlat notijorat tashkilotlarining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
IV. Fuqarolarning jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish boʻyicha huquqlari va majburiyatlari
Oldingi tahrirga qarang.
25. Fuqarolar jamoatchilik ekologik nazoratini respublika hududida ham, oʻzining doimiy yashash joyida ham, vaqtincha turgan joyida ham bevosita amalga oshirish huquqiga ega.
(25-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)
26. Fuqarolar quyidagi huquqlarga ega:
atrof muhitni muhofaza qilishni, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni taʼminlash masalalari boʻyicha qarorlar tayyorlash va qabul qilishda, shuningdek davlat ekologik dasturlari va boshqa ekologik dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlariga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishini kuzatib borishni amalga oshirish;
ekologik nazorat sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etish;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari buzilishining oʻzlari aniqlagan holati toʻgʻrisida maxsus vakolatli davlat organlarini, mahalliy davlat hokimiyati organlarini, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarini, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini xabardor qilish;
atrof muhitning holati, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, mazkur sohadagi qonun hujjatlari buzilishi yuzasidan aniqlangan holatni bartaraf etish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida tegishli davlat organlariga murojaat qilish va ulardan axborot olish;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalari boʻyicha jamoatchilik fikrini oʻrganishda, jamoatchilik ekologik ekspertizasini oʻtkazishda ishtirok etish;
tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining atrof muhitni muhofaza qilish, hududning sanitariya holati, obodonlashtirilishi hamda koʻkalamzorlashtirilishi masalalariga doir axboroti hamda hisobotlarini eshitishda ishtirok etish.
Fuqarolar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
27. Fuqarolar quyidagilarni bajarishi shart:
ekologik nazorat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etish;
ekologik nazoratni amalga oshirishda ekologik nazoratning boshqa subyektlariga koʻmaklashish.
Fuqarolarning zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
V. Jamoatchilik ekologik nazoratining asosiy shakllari
28. Quyidagilar Jamoatchilik ekologik nazoratining asosiy shakllari hisoblanadi:
atrof muhitning holatini va uning xoʻjalik faoliyati hamda boshqa faoliyat taʼsiridagi oʻzgarishlarini, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari talablariga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishini, davlat ekologik dasturlari va boshqa ekologik dasturlarning amalga oshirilishini kuzatib borish;
davlat, idoraviy va ishlab chiqarish ekologik nazoratini amalga oshirishda kuzatuvchi sifatida ishtirok etish;
tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining atrof muhitni muhofaza qilish, hududning sanitariya holati, obodonlashtirilishi hamda koʻkalamzorlashtirilishi masalalariga doir axboroti hamda hisobotlarini eshitish;
jamoatchilik ekologik ekspertizasini oʻtkazish.
Jamoatchilik ekologik nazorati atrof muhit va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishning holatini tahlil qilish va baholash, shuningdek jamoatchilik fikrini oʻrganish orqali amalga oshirilishi mumkin.
Jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa shakllar va usullardan ham foydalanilishi mumkin.
29. Kuzatib borish quyidagilarni:
atrof tabiiy muhitga taʼsir qiluvchi manbalar holatini;
atrof tabiiy muhitga taʼsir qiluvchi fizikaviy, kimyoviy va biologik jarayonlar, hodisalar va omillarni;
atmosfera havosining, yer usti va yer osti suvlarining, tuproqning, yer usti ekotizimlarining va geologik muhitning ifloslanish darajasi holatini;
oʻsimlik va hayvonot dunyosining holati hamda xoʻjalik va boshqa faoliyat taʼsirida ularning degradatsiya jarayonlarini taʼriflash (aniqlash), baholash, tahlil va prognoz qilish maqsadida amalga oshiriladi.
Kuzatish fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar tomonidan mustaqil ishlab chiqilgan rejalar va dasturlarga muvofiq oʻzlari uchun qulay boʻlgan usul va vositalar bilan amalga oshiriladi.
30. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, shuningdek fuqarolar davlat ekologik nazoratining quyidagi asosiy shakllari amalga oshirilganda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi mumkin:
yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari talablariga amal qilinishini, davlat dasturlari va boshqa ekologik dasturlar amalga oshirilishini tekshirish;
atrof muhit monitoringi;
davlat ekologik ekspertizasi.
31. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan kuzatuvchilar nomzodlarini koʻrsatish ekologiya va tabiatni muhofaza qilish, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish boʻyicha komissiyalar taqdimiga binoan amalga oshiriladi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan kuzatuvchilar nomzodlarini koʻrsatish tashkilotning ijro etuvchi rahbarlik organining taqdimiga binoan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Fuqarolar davlat ekologik nazorati amalga oshirilganda oʻzini oʻzi taklif qilish yoʻli bilan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari (doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyidan) yoki oʻzi aʼzo yoki faoli boʻlgan nodavlat notijorat tashkiloti taqdimiga binoan kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi mumkin.
(31-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)
32. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining hamda fuqarolarning davlat ekologik nazoratida kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi ekologik nazorat sohasida maxsus vakolatli davlat organlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
33. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining hamda fuqarolarning idoraviy va ishlab chiqarish ekologik nazoratida kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi tegishli idora va tashkilot bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining hamda fuqarolarning idoraviy va ishlab chiqarish ekologik nazoratida kuzatuvchi sifatida ishtirok etishiga faqat yuridik shaxsning vakili yoki yakka tartibdagi tadbirkorning vakili ishtirokida yoʻl qoʻyiladi.
Ishlab chiqarish uchastkalarini (sexlarni, boʻlimlarni) tashkilot maʼmuriyatini va hamrohlik qiluvchi shaxsni xabardor qilmasdan aylanib chiqish (koʻzdan kechirish) man etiladi.
34. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari (oʻz vakolatlari doirasida) tegishli hududda joylashgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining atrof muhitni muhofaza qilish, hududning sanitariya holati, obodonlashtirilishi hamda koʻkalamzorlashtirilishi masalalariga doir hisobotlarini eshitadilar.
Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolarning jamoat eshituvlari, konferensiyalar, “davra suhbatlari” va boshqa tadbirlar tashkil qilinganda ekologik nazorat sohasida maxsus vakolatli davlat organlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari masʼul shaxslarining, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining axborot va hisobotlarini eshitishlari mumkin.
35. Jamoatchilik ekologik ekspertizasi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar tashabbusi bilan ekologik asoslanilishida ehtiyoj boʻlgan har qanday faoliyatda amalga oshirilishi mumkin. Jamoatchilik ekologik ekspertizasini amalga oshirishga toʻsqinlik qilish man etiladi.
Jamoatchilik ekologik ekspertizasi, davlat ekologik ekspertizasi oʻtkazilishidan qatʼi nazar, amalga oshirilishi mumkin.
Jamoatchilik ekologik ekspertizasining xulosasi tavsiyaviy xarakterga ega.
VI. Jamoatchilik ekologik nazorati natijalarini rasmiylashtirish va amalga oshirish shakllari
36. Jamoatchilik ekologik nazorati natijalari belgilangan tartibda maʼlumotnoma yoki axborot tuzish orqali, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq boshqa yoʻllar bilan rasmiylashtirilishi mumkin.
Jamoatchilik ekologik nazorati natijalari boʻyicha axborot yoki maʼlumotnoma:
ekologik nazorat fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yoki nodavlat notijorat tashkiloti vakillari tomonidan amalga oshirilganda tegishli fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari raisi yoki nodavlat notijorat tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadi;
ekologik nazorat oʻzini oʻzi taklif etish yoʻli bilan fuqaro tomonidan amalga oshirilganda nazorat natijalari fuqaro tomonidan tasdiqlab beriladi.
Jamoatchilik ekologik nazorati natijalari boʻyicha axborot yoki maʼlumotnoma fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan ekologik nazorat sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlariga, boshqa davlat organlariga, shuningdek tashkilotlar rahbarlariga belgilangan tartibda koʻrib chiqish uchun yuboriladi.
37. Quyidagilar jamoatchilik ekologik nazorati natijalarini amalga oshirish shakllari hisoblanadi:
maxsus vakolatli davlat organlarini, mahalliy davlat hokimiyati organlarini jamoatchilik ekologik nazorati natijalari toʻgʻrisida xabardor qilish;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari talablari buzilishi yuzasidan aniqlangan holatlar boʻyicha tegishli choralar koʻrish uchun davlat organlariga taklif kiritish.
Jamoatchilik ekologik nazorati natijalari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa yoʻllar bilan ham amalga oshirilishi mumkin.
38. Maxsus vakolatli davlat organlarini, mahalliy davlat hokimiyati organlarini jamoatchilik ekologik nazorati natijalari toʻgʻrisida xabardor qilish belgilangan tartibda beriladigan ogʻzaki, yozma va elektron murojaatlar (arizalar, takliflar yoki shikoyatlar) shaklida boʻlishi mumkin.
Murojaatlarga fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari yoki fuqarolarda mavjud boʻlgan ushbu murojaatlarning tub mohiyati boʻyicha ilgari qabul qilingan qarorlar (yoki ularning nusxalari), shuningdek murojaatlarni koʻrib chiqish uchun kerak boʻlgan boshqa hujjatlar, shu jumladan foto, audio va videomateriallar ilova qilinishi mumkin.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining yoki fuqarolarning jamoatchilik ekologik nazorati masalalari boʻyicha murojaatlari qonun hujjatlariga muvofiq koʻrib chiqiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 8-oktabrdagi 287-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Ekologik nazoratning jamoatchi inspektori toʻgʻrisida
Namunaviy nizom
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Namunaviy nizom ekologik nazoratning jamoatchi inspektori faoliyatini tashkil qilish tartibini, uning vazifasi, huquq va majburiyatlarini belgilaydi.
2. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish maqsadida ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlari tizimini shakllantirishi hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtirishi mumkin.
3. Belgilangan tartibda maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan va ekologik nazoratda ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi ekologik nazoratning jamoatchi inspektori boʻlishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Ekologik nazoratning jamoatchi inspektorini maxsus tayyorgarlikdan oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan ekologik nazorat sohasidagi boshqa vakolatli davlat organlari, Oʻzbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari Milliy assotsiatsiyasi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi va Oʻzbekiston Ekologik harakati bilan kelishilgan holda belgilanadi.
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-iyundagi 391-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.06.2020-y., 09/20/391/0777-son)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Ekologik nazoratning jamoatchi inspektori boʻlish istagini bildirgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi fuqarolar yigʻinlarining ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish komissiyalariga (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) yoki atrof muhit muhofazasi sohasida faoliyat yurituvchi nodavlat notijorat tashkilotiga doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyidan ariza bilan murojaat qiladi.
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)
Ekologik nazoratning jamoatchi inspektori boʻlish istagini bildirgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining arizasi Komissiya yigʻilishida yoki atrof muhit muhofazasi sohasida faoliyat yurituvchi nodavlat notijorat tashkiloti rahbari tomonidan ekologik nazorat sohasidagi maxsus vakolatli davlat organining vakili ishtirokida koʻrib chiqiladi.
Nomzodi maʼqullangan fuqaro fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi raisining Komissiya yigʻilishining protokoli asosidagi qarori bilan yoki nodavlat notijorat tashkiloti rahbarining buyrugʻi bilan beriladigan ekologik nazoratning jamoatchi inspektori guvohnomasini oladi.
5. Ekologik nazoratning jamoatchi inspektori guvohnomasi ushbu Namunaviy nizomning 1, 2 va 3-ilovalaridagi shakllar va tavsif boʻyicha bir yil muddatga beriladi.
6. Ekologik nazoratning jamoatchi inspektori guvohnomasi tartib raqamiga ega boʻladi va ekologik nazoratning jamoatchi inspektori guvohnomasini berishni va qaytarishni Hisobga olish daftarida (keyingi oʻrinlarda Hisobga olish daftari deb ataladi) roʻyxatdan oʻtkaziladi. Hisobga olish daftari Komissiya yoki nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan ushbu Namunaviy nizomning 4-ilovasiga muvofiq shaklda yuritiladi.
Fuqaro Ekologik nazoratning jamoatchi inspektori guvohnomasini olganda Hisobga olish daftarining tegishli ustuniga imzo qoʻyadi. Guvohnoma raqami Hisobga olish daftaridagi tartib raqamiga mos kelishi kerak.
Hisobga olish daftari Komissiya raisida yoki nodavlat notijorat tashkiloti rahbarida saqlanadi, u belgilangan namunaga mos boʻlishi, qattiq jild bilan muqovalangan hamda varaqlari raqamlangan, tikilgan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi raisi yoki nodavlat notijorat tashkiloti rahbari imzosi va muhri bilan, Daftarning varaqlari va uning yuritila boshlangan sanasi koʻrsatilgan holda tasdiqlangan boʻlishi kerak.
7. Ekologik nazoratning jamoatchi inspektori tomonidan jinoyat, atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasida maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilishi, shuningdek ekologik nazorat jamoatchi inspektorining oʻz majburiyatlarini bajarmasligi uni ekologik nazoratning jamoatchi inspektori maqomidan mahrum qilishga asos boʻladi.
8. Ekologik nazoratning jamoatchi inspektori ekologik nazoratning jamoatchi inspektori guvohnomasini bergan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga yoki nodavlat notijorat tashkilotiga oʻziga berilgan vakolatlarning oʻzidan soqit qilinishi toʻgʻrisida ariza berish huquqiga ega.
9. Ekologik nazoratning jamoatchi inspektori guvohnomasi ushbu Namunaviy nizomning 7 va 8-bandlarida nazarda tutilgan holatlarda, shuningdek uning amal qilish muddati tugagandan soʻng qaytarib berilishi kerak.
10. Ekologik nazoratning jamoatchi inspektori guvohnomasining rioya etish muddati tugagandan soʻng ushbu muddat ekologik nazoratning jamoatchi inspektori tomonidan berilgan arizaga muvofiq fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi raisining yoki nodavlat notijorat tashkiloti rahbarining qarorlariga asosan bir yilga uzaytirilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlari faoliyatiga uslubiy rahbarlik qilish Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-noyabrdagi 915-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.11.2017-y., 09/17/915/0259-son)
12. Ekologik nazoratning jamoatchi inspektori oʻz faoliyatida qonun hujjatlariga va ushbu Nizomga amal qiladi.
II. Ekologik nazorat jamoatchi inspektorining asosiy vazifalari
13. Quyidagilar ekologik nazorat jamoatchi inspektorining asosiy vazifalari hisoblanadi:
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari talablari buzilishining oldini olish, uni aniqlash va unga chek qoʻyish;
atrof muhitning holatini kuzatib borish, atrof muhitning ifloslanishiga, tabiiy resurslardan nooqilona foydalanilishiga olib kelishi, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga xavf solishi mumkin boʻlgan vaziyatlarni aniqlash;
moʻljallanayotgan yoki amalga oshirilayotgan xoʻjalik faoliyati va boshqa faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini aniqlash;
yuridik va jismoniy shaxslarning atrof muhitni muhofaza qilish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini, ular tomonidan majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash;
atrof muhitdagi oʻzgarishlar, uning prognoz qilinayotgan holati, tabiiy resurslardan foydalanilishi va koʻrilayotgan tegishli chora-tadbirlar toʻgʻrisida davlat tashkilotlari va boshqa tashkilotlarni hamda fuqarolarni xabardor qilish;
tabiatni muhofaza qilish faoliyatining samaradorligini oshirish hamda davlat ekologik dasturlari va boshqa ekologik dasturlarning amalga oshirilishida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolarning ishtirokini taʼminlash;
fuqarolarda atrof tabiiy muhitga nisbatan ehtiyotkorona munosabatni tarbiyalash, tabiat toʻgʻrisidagi bilimlarni targʻib qilish va ommalashtirish ishlarini amalga oshirish, tabiatni muhofaza qilishga doir tanlovlar, koʻrgazmalar va boshqa ommaviy tadbirlarni tashkil qilish va oʻtkazishda ishtirok etish.
III. Ekologik nazorat jamoatchi inspektorining huquqlari
14. Ekologik nazoratning jamoatchi inspektori quyidagi huquqlarga ega:
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlariga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishini kuzatib borishni amalga oshirish;
davlat, idoraviy va ishlab chiqarish ekologik nazoratini amalga oshirishda kuzatuvchi sifatida ishtirok etish;
atrof muhitning holati, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, mazkur sohadagi qonun hujjatlari buzilishi yuzasidan aniqlangan holatni bartaraf etish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida axborot olish uchun tegishli davlat organlariga fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining va (yoki) nodavlat notijorat tashkilotining murojaatini tayyorlashda ishtirok etish;
yuridik va jismoniy shaxslardan jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni va axborotni olish;
atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalari boʻyicha jamoatchilik fikrini oʻrganishda, jamoatchilik ekologik ekspertizasini oʻtkazishda ishtirok etish;
tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining atrof muhitni muhofaza qilish, hududning sanitariya holati, obodonlashtirilishi hamda koʻkalamzorlashtirilishi masalalariga doir axboroti hamda hisobotlarini eshitishda ishtirok etish;
aholining ekologik madaniyatini oshirishga, ekologik taʼlim va tarbiyani rivojlantirishga doir ishlarda ishtirok etish;
ekologik nazoratning barcha turlariga oid faoliyat boʻyicha tabiatni muhofaza qilish qonunchiligini takomillashtirish va yaxshilash yuzasidan tegishli davlat organlariga takliflar kiritish;
muhim jamoat tadbirlaridagi faol ishtiroki va tabiatni muhofaza qilishga oid talablar buzilishining oldini olish, uni aniqlash va unga chek qoʻyishdagi va aybdorlarni javobgarlikka tortishdagi koʻmagi uchun fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organidan yoki nodavlat notijorat tashkilotlaridan ragʻbatlar olish;
fuqarolar tomonidan tabiatni muhofaza qilish qonunchiligi buzilishiga doir va tashkilotlar faoliyatini tashqi kuzatib borishda aniqlangan holatlar boʻyicha belgilangan tartibda maʼlumotnomalar va axborotlar tuzish.
15. Ekologik nazoratning jamoatchi inspektori qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
IV. Ekologik nazorat jamoatchi inspektorining majburiyatlari
16. Ekologik nazoratning jamoatchi inspektori quyidagilarni bajarishi shart:
ekologik nazorat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etish;
ekologik nazoratni amalga oshirishda ekologik nazoratning boshqa subyektlariga koʻmaklashish;
ekologik nazoratning boshqa subyektlari vazifalarini ularning oʻrniga bajarmaslik.
17. Ekologik nazorat jamoatchi inspektorining qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlari ham boʻlishi mumkin.
V. Ekologik nazorat jamoatchi inspektorining ekologik nazoratdagi ishtirokini rasmiylashtirish
18. Ekologik nazoratning jamoatchi inspektori atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonunchilikning bajarilishi ustidan kuzatish olib borganda va ushbu qonunchilikning buzilishi aniqlanganda maʼlumotnoma yoki axborot tuzadi va ular fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari raisi yoki nodavlat notijorat tashkiloti rahbari imzosi va muhri bilan tasdiqlanadi hamda atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonunchilikning buzilishi yuzasidan aniqlangan holatni bartaraf etish uchun tegishli davlat organlariga kiritiladi.
VI. Ekologik nazoratning jamoatchi inspektori faoliyatining moliyaviy asoslari
19. Ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlari oʻz faoliyatini ixtiyoriy ravishda yuritadi.
20. Ekologik nazorat jamoatchi inspektorining faoliyatini yuritish uchun sharoitlar yaratish, uni oʻqitish va uning malakasini oshirish boʻyicha sarf-xarajatlar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkiloti hisobidan moliyalashtiriladi.
21. Ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlari fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan ragʻbatlantirilishi mumkin.
VII. Ekologik nazorat jamoatchi inspektorlarining javobgarligi
22. Ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlari oʻz faoliyati sohasidagi huquqbuzarligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
Ekologik nazoratning jamoatchi inspektori toʻgʻrisidagi Namunaviy nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan beriladigan ekologik nazoratning jamoatchi inspektori guvohnomasining
shakli
Guvohnomaning muqovasi
Guvohnomaning ichki tomoni
Keyingi tahrirga qarang.
Ekologik nazoratning jamoatchi inspektori toʻgʻrisidagi Namunaviy nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
Nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan beriladigan ekologik nazoratning jamoatchi inspektori guvohnomasining
shakli
Guvohnomaning muqovasi
Guvohnomaning ichki tomoni
Ekologik nazoratning jamoatchi inspektori toʻgʻrisidagi Namunaviy nizomga
3-ILOVA
3-ILOVA
Ekologik nazoratning jamoatchi inspektori guvohnomasining
tavsifi
Ekologik nazoratning jamoatchi inspektori guvohnomasining (keyingi oʻrinlarda guvohnoma deb ataladi) muqovasi toʻq yashil rangli boʻlib, 60 x 90 millimetr kattalikda charm yoki charm oʻrnini bosuvchi materialdan tayyorlanadi. Ichki har yarim qismining oʻlchami — 60 x 85 mm.
Guvohnoma blankasi 60 x 85 mm hajmga, har yarim qismi och sargʻish rangdagi himoya qiluvchi setkaga ega.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan beriladigan guvohnomada blankaning yuqori qismi markazida “ma`muriy- hududiy birlik va fuqarolar yigʼ`ni nomi”, nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan beriladigan guvohnomada “ma`muriy-hududiy birlik va NNT nomi”, pastroqdagi markazda guvohnomaning tartib raqami koʻrsatiladigan “GUVONNOMA №” yozuvi joylashtiriladi.
Pastroqdagi markazda guvohnoma beriladigan fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi koʻrsatiladi, undan soʻng markazda — guvohnomaning chap yarmida Ekologik nazorat jamoatchi inspektori”, guvohnomaning oʻng yarmida “Ekologik nazorat jamoatchi inspektori” soʻzlari yoziladi. Oʻng yarmining chap markazida 3 x 4 sm kattalikdagi fotosurat uchun ramka chiziladi. Pastroq markazda guvohnomaning berilgan sanasi va amal qilish muddati koʻrsatiladi. Ikkala yarmining pastki qismi markazida muhr uchun joy, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan beriladigan guvohnomaning chap yarmida ikki qatorda “Fuqarolar yigʼini raisi (oqsoqoli)” matni, nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan beriladigan guvohnomaning oʻng tomonida ikki qatorda “Nodavlat notijorat tashkiloti rahbari” “Nodavlat notijorat tashkiloti rahbari” matni boʻladi. Guvohnomada uni beruvchi rahbarning imzosi va ismi, familiyasi hamda otasining ismi koʻrsatilishi uchun joy mavjud. Matnning joylashuvi — gorizontal.
Keyingi tahrirga qarang.
Guvohnomalar blankalari ekologik nazorat jamoatchi inspektorining pasporti maʼlumotlari asosida, kompyuter yordamida toʻldiriladi. Guvohnoma matni qora rangda yoziladi.
Guvohnoma blankiga barcha zarur maʼlumotlar kiritilgandan soʻng guvohnoma egasining fotosurati yopishtiriladi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi raisi yoki nodavlat notijorat tashkiloti rahbari tomonidan imzolanadi va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi yoki nodavlat notijorat tashkilotining tegishli muhri bilan tasdiqlanadi.
Matn bir xil mazmunda, oʻzbek tilida, lotin yozuvida (chap tomoni) va kirillitsada (oʻng tomoni) tuziladi.
Ekologik nazoratning jamoatchi inspektori toʻgʻrisidagi Namunaviy nizomga
4-ILOVA
4-ILOVA
|
Ekologik nazoratning jamoatchi inspektori guvohnomasining berilishini va qaytarilishini hisobga olish | |||||||
|
T/r |
Guvohnomaning tartib raqami |
Guvohnoma egasining va uni imzolagan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi |
Amal qilish muddati |
Guvohnoma egasining fotosurati |
Olingan sanasi, olganlik toʻgʻrisidagi imzo |
Qaytarish sanasi, qaytargan guvohnoma egasining imzosi |
Yoʻq qilinishi toʻgʻrisida belgi (dalolat-nomaning sanasi va tartib raqami) |
| | | | | | | | |
| | | | | | | | |
| | | | | | | | |
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 41-son, 526-modda; 2017-y., 37-son, 996-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.11.2017-y., 09/17/915/0259-son, 22.02.2018-y., 09/18/134/0809-son, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.03.2019-y., 09/19/195/2712-son; 22.11.2019-y., 09/19/937/4054-son; 19.06.2020-y., 09/20/391/0777-son, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son; 10.08.2022-y., 09/22/438/0726-son; 01.08.2023-y., 09/23/327/0549-son; 26.02.2024-y., 09/24/101/0153-son)