Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
YAPONIYA FUQAROLARI UCHUN VIZA TARTIBOTLARINI SODDALASHTIRISH TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-oktabrdagi 662-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi va Yaponiya oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlikni yanada faollashtirish, amaliy va turistik maqsadlar bilan Oʻzbekiston Respublikasiga keluvchi Yaponiya fuqarolariga vizalarni rasmiylashtirish tartibotlarini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
amaliy maqsadlar bilan Oʻzbekistonga keluvchi Yaponiya fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasining chet el muassasalarida bir yilgacha muddat bilan koʻp martalik vizalarni, Oʻzbekiston Respublikasiga taklif etuvchi yuridik shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga murojaatnomasini talab etishni bekor qilgan holda, 2 ish kuni (hujjatlar qabul qilib olingan kundan tashqari) mobaynida rasmiylashtirsin;
Oldingi tahrirga qarang.
turistlar sifatida Oʻzbekistonga keluvchi Yaponiya fuqarolariga bir oygacha muddat bilan koʻp martalik vizalarni, turistik tashkilotlarning turistik vaucherlarni taqdim etish zarurligi toʻgʻrisidagi talablarini bekor qilgan holda, 2 ish kuni (hujjatlar qabul qilingan kundan tashqari) mobaynida rasmiylashtirsin.
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-apreldagi 207-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 15-son, 257-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasining manfaatdor vazirliklari va idoralari oʻzlarining idoraviy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 22-iyul,
259-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 14-son, 110-modda; 2017-y., 15-son, 257-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/398/1288-son)