Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2012-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi bajarilishining borishi toʻgʻrisidagi axboroti haqida
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunida belgilangan vakolatlarga muvofiq Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2012-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi bajarilishining borishi toʻgʻrisidagi axboroti eshitildi.
Tasdiqlangan Dastur doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) hokimliklari tomonidan 2012-yil yanvar – iyun oylarida demografik oʻzgarishlar va iqtisodiyotdagi tuzilmaviy oʻzgartirishlarning mehnat bozoriga taʼsiri inobatga olingan holda hududlarning va iqtisodiyot tarmoqlarining iqtisodiy salohiyatini yanada toʻliqroq ishga solish, aholining tadbirkorlik tashabbusini ragʻbatlantirish orqali yangi ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash borasidagi muammolarni izchil hal qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shu davr ichida 510,5 mingta ish oʻrni (prognoz koʻrsatkichlarining 105,5 foizi), shu jumladan qishloq joylarda 345 mingta ish oʻrni tashkil etildi.
Kichik biznesni rivojlantirish hududiy dasturlarini amalga oshirish natijasida 244,6 mingta (101,3 foiz); kasanachilikni rivojlantirish natijasida 122,2 mingta (105 foiz); qishloqda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish natijasida 69,5 mingta (108,4 foiz); ishlab chiqarish, ijtimoiy va bozor infratuzilmasini, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirish, aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini kengaytirish natijasida 38,6 mingta (108,9 foiz); sanoatni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi dasturni, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnika va texnologiya jihatidan qayta qurollantirish dasturlarini, Investitsiya dasturini, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini, ijtimoiy-iqtisodiy va industrial rivojlanish hududiy dasturlarini, mintaqaviy investitsiya dasturlarini amalga oshirish natijasida 28,9 mingta (113,6 foiz); vaqtincha ishlamayotgan korxonalar faoliyatini qayta tiklash natijasida 6,8 mingta (109,4 foiz) ish oʻrni tashkil etildi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, kasanachilikni, oilaviy tadbirkorlikni, hunarmandchilikni rivojlantirish, yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish hisobiga ish oʻrinlari tashkil etish uchun Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklari 2011-yilga qaraganda 1,4-marta koʻp, umumiy summasi 2,9 trln soʻmga teng kreditlar ajratdi.
Ayni bir vaqtda ushbu davrda mamlakatimizning bir qator tumanlarida Dasturning prognoz parametrlari bajarilmadi. Masalan, prognoz parametrlari Andijon tumanida 95 foizga, Chortoq tumanida 96 foizga, Bogʻdod tumanida 95 foizga, Yangibozor tumanida 97,5 foizga bajarildi. Ayrim shaharlar va tumanlarda 2011-2012 oʻquv yilida kasb-hunar kollejlarini bitirganlarni ishga joylashtirish toʻliq amalga oshirildi, deb boʻlmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2012-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi bajarilishining borishi toʻgʻrisidagi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2012-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi bajarilishining borishi toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
2012-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi soʻzsiz bajarilishi yuzasidan chora-tadbirlar koʻrish;
Oʻzbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnika va texnologiya jihatidan qayta qurollantirish dasturlarini, Investitsiya dasturini, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini, ijtimoiy-iqtisodiy va industrial rivojlanish hududiy dasturlarini, mintaqaviy investitsiya dasturlarini amalga oshirish vaqtida yangi ish oʻrinlari tashkil etish va aholining bandligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratish;
zarurat taqozo etsa, mehnat va bandlik sohasida davlat kafolatlarini yanada mustahkamlash, taʼlim muassasalari bitiruvchilarining huquq va manfaatlari himoya qilinishini yanada kuchaytirish maqsadida tegishli qonun hujjatlariga yangi ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlashni ragʻbatlantirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflar tayyorlash tavsiya qilinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi:
keyingi yillarga moʻljallab tayyorlanadigan ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturlariga doir qoʻshimcha takliflar ishlab chiqish maqsadida 2012-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi amalga oshirilishining monitoringini davom ettirsin va tanqidiy tahlilini taʼminlasin;
ish bilan band boʻlmagan aholini, ayniqsa qishloq joylardagi ish bilan band boʻlmaganlarni, aholining ijtimoiy jihatdan kam taʼminlangan toifalarini, birinchi navbatda, koʻp bolali ayollarni, nogironlarni, taʼlim muassasalarining bitiruvchilarini ishga joylashtirish, kasbga qayta tayyorlash va ijtimoiy himoya qilishga doir chora-tadbirlarning amalga oshirilishiga koʻmaklashsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklarining balansiga oʻtkazilgan vaqtincha ishlamayotgan korxonalar faoliyatini qayta tiklash hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining kredit resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hisobiga yangi ish oʻrinlari tashkil etilishini ragʻbatlantirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrilishiga koʻmaklashsin.
5. Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar va xoʻjalik boshqaruvi organlari:
kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish, isteʼmol tovarlari ishlab chiqarilishini kengaytirish dasturlari doirasida yangi ishlab chiqarish obyektlarini ishga tushirish, idoralarga qarashli ishlab turgan korxonalar va tashkilotlarni modernizatsiya qilish va kengaytirish hisobiga 2012-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining parametrlari toʻliq va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrsinlar;
kasanachilikni rivojlantirish hisobiga ish oʻrinlari tashkil etishga va ularning barqarorligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratsinlar.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
2012-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining ish oʻrinlari tashkil etish borasidagi hududiy parametrlariga doir qismi bajarilishining borishini monitoring qilishni va har oyda koʻrib chiqishni davom ettirsinlar;
ijtimoiy-iqtisodiy va industrial rivojlanish hududiy dasturlarini, qishloq joylarda xizmatlar koʻrsatish, yakka tartibdagi uy-joylar qurilishini va pudratga asoslangan qurilish ishlarini rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish, fermer xoʻjaliklarini yanada rivojlantirish va qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini modernizatsiya qilish doirasida ishchi kuchiga nisbatan talab va taklifning mutanosibligini, ayniqsa ishchi kuchi koʻp boʻlgan mintaqalarda, qishloq joylarda bunday mutanosiblikni taʼminlagan holda mehnat bozorining hududiy tuzilmasini takomillashtirsinlar;
infratuzilma barpo etish hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishi masalalariga alohida eʼtibor qaratsinlar;
infratuzilmani, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirishni jadallashtirish toʻgʻrisidagi dasturni, obodonlashtirish va infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha hududiy dasturlarni bajarish doirasida aholini infratuzilma loyihalarini hamda obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishga jalb etishni, shu jumladan haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish yoʻli bilan jalb etishni kengaytirsinlar;
ish bilan band boʻlmagan aholini, shu jumladan aholining kam taʼminlangan toifalarini, birinchi navbatda, koʻp bolali ayollar, nogironlar va ishsizlarni, boʻshab qolgan xodimlarni, taʼlim muassasalarining bitiruvchilarini, avvalo, kasb-hunar kollejlarining bitiruvchilarini egallagan mutaxassisliklariga muvofiq ishga joylashtirishni yirik shaharlar va tumanlarda boʻsh ish oʻrinlari yarmarkalari oʻtkazish, muntazam amal qilib turuvchi “korxona-kollej” aloqalarini yoʻlga qoʻyish orqali taʼminlasinlar;
oʻz saʼy-harakatlarini mehnat qilish borasidagi tenglikni va ishning erkin tanlanishini, tashkil etilayotgan ish oʻrinlarining saqlanishi va barqarorligini taʼminlashga qaratsinlar;
tegishli hududlarda 2012-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi parametrlarining sifatli, oʻz vaqtida va toʻliq bajarilishiga toʻsqinlik qilayotgan sabablarni aniqlab, ularni atroflicha tahlil etsinlar hamda bartaraf etish chora-tadbirlarini koʻrsinlar;
2012-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining roʻyobga chiqarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish uchun xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlarini aniq maqsadga yoʻnaltirilgan holda jalb etsinlar;
2012-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi bajarilishiga koʻmaklashish maqsadida mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan nodavlat notijorat tashkilotlari oʻrtasida ijtimoiy sheriklik amalga oshirilishi uchun shart-sharoitlar yaratsinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari 2012-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturini roʻyobga chiqarish ustidan nazoratni amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining faol ishtirok etishini taʼminlasinlar.
8. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOShMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2012-yil 19-sentabr,
535-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2012-y., 9/2-son, 248-modda)