Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2012-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2012-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2012-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
Taʼkidlab oʻtilsinki, 2012-yil birinchi choragida Davlat budjeti daromadlari uning xarajatlaridan 39,2 mlrd coʻm miqdorida ortiq boʻlishiga erishildi yoki Davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,2 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etildi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
makroiqtisodiy barqarorlikka hamda iqtisodiyotning yuqori surʼatlarda oʻsishiga va raqobatbardoshliligiga erishilishini, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash boʻyicha strategik ahamiyatga molik va samarali investitsiya loyihalari amalga oshirilishini, eksport tuzilmasini diversifikatsiya qilish hamda yangi tashqi savdo bozorlari faol oʻzlashtirilishini, bank tizimining resurslar bazasi koʻpaytirilishi va banklarning investitsiyaviy faolligi kuchaytirilishini, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha shart-sharoitlar yaratilishini, ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash uchun xarajatlar toʻliq hamda oʻz vaqtida moliyalashtirilishini, soliq tushumlari mexanizmining maqbullashtirilishi va takomillashtirilishini budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishini hamda budjet intizomiga rioya etilishi ustidan nazorat kuchaytirilishini, “Mustahkam oila yili” Davlat dasturining hamda 2012-yilda Ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining bajarilishini taʼminlasin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining eʼtibori budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishini taʼminlashga, shuningdek budjet intizomiga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirishga, soliq bazasini va mintaqalarning moliyaviy salohiyatini kengaytirish boʻyicha taʼsirchan chora-tadbirlar koʻrish hamda shu asosda mahalliy budjetlar xarajatlarining toʻliq moliyalashtirilishini taʼminlashga qaratilsin.
4. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOSHMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2012-yil 15-iyun,
487-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2012-y., 6-son, 147-modda)