Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tender savdolari oʻtkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-dekabrdagi 992-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuninngdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat va korporativ xaridlarini amalga oshirishning zamonaviy shakl va uslublarini yanada joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 23-avgustdagi PQ-3237-son qarori)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Iqtisodiyotning tegishli tarmoqlarida va ijtimoiy sohada amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari doirasida mablagʻlardan foydalanish samaradorligini yanada oshirish va ulardan oqilona foydalanish, loyihalarni amalga oshirish tartibotlarini jadallashtirish, shuningdek tovarlar yetkazib beruvchilarni, ishlar va xizmatlarni amalga oshiruvchilarni tanlab olish boʻyicha tender savdolarini tashkil etish va oʻtkazish tizimini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Iqtisodiyotning tegishli tarmoqlarida va ijtimoiy sohada amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari doirasida tovarlar, ishlar va xizmatlarni xarid qilish boʻyicha 1 — 7 ilovalarga muvofiq tarkibda tarmoq idoralararo tender komissiyalari (keyingi oʻrinlarda idoralararo tender komissiyasi deb ataladi) tuzilsin.
Idoralararo tender komissiyalarining raislari va aʼzolari zimmasiga tender (tanlov) savdolarining, shu jumladan xalqaro tender (tanlov) savdolarining samarali tashkil etilishi va oʻtkazilishi yuzasidan javobgarlik yuklansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
idoralararo tender komissiyasi tender (tanlov) savdolarini kollegial asosda oʻtkazadi hamda iqtisodiyotning tegishli tarmoqlarida va ijtimoiy sohada bitta kontrakt boʻyicha 5,0 mln AQSh dollaridan koʻp summaga tovarlar, ishlar va xizmatlarni xarid qilish yuzasidan savdolar natijalari boʻyicha gʻoliblarni aniqlaydi;
bitta kontrakt boʻyicha 5,0 mln AQSh dollaridan kam summadagi bitta kontrakt boʻyicha tender savdolarini oʻtkazish qonun hujjatlariga muvofiq buyurtmachilar tomonidan tuzilgan tender (tanlov) komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi;
ilgari boshlangan va bir nechta bosqichlardan iborat boʻlgan, lekin tugallanmagan tender (tanlov) savdolari ushbu qaror kuchga kirgungacha faoliyat koʻrsatgan tender (tanlov) komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Iqtisodiyotning tegishli tarmoqlarida va ijtimoiy sohada amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari doirasida tovarlar, ishlar va xizmatlar xarid qilish boʻyicha idoralararo tender komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Idoralararo tender komissiyalarining raislari ikki hafta muddatda komissiyalar majlislarini oʻtkazish jadvallarini, ishchi organlar tarkiblarini hamda tender (tanlov) hujjatlari paketlarini sifatli va oʻz vaqtida tayyorlash tadbirlarining aniq rejalarini tasdiqlasinlar, shuningdek majlislar protokollarining oʻz vaqtida rasmiylashtirilishi yuzasidan taʼsirchan nazoratni belgilangan muddatlarda amalga oshirsinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi axborot-tahlil departamentlari bosh loyihalash institutlari bilan birgalikda ikki oy muddatda vazirliklar va idoralar — investitsiya loyihalarining tashabbuskorlari tomonidan ishlab chiqaruvchilar — texnologik liderlar boʻyicha maʼlumotlar toʻliq tarmoq bazalarining, shu jumladan ularning ishonchliligi va amaliy ahamiyati toʻgʻrisidagi axborotlarning majburiy tartibda shakllantirilishi va tizimli ravishda yangilab borilishini joriy etsinlar, keyinchalik ulardan tender (tanlov) hujjatlari paketlarini tayyorlashda, shuningdek idoralararo tender komissiyalarining ish jarayonida foydalansinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 14-sentabr,
264-son
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 14-sentabrdagi 264-son qaroriga
8-ILOVA
8-ILOVA
Iqtisodiyotning tegishli tarmoqlarida va ijtimoiy sohada amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari doirasida tovarlar, ishlar va xizmatlar xarid qilish boʻyicha idoralararo tender komissiyasi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom iqtisodiyotning tegishli tarmoqlarida va ijtimoiy sohada amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari doirasida tovarlar, ishlar va xizmatlar xarid qilish boʻyicha idoralararo tender komissiyasining (keyingi oʻrinlarda idoralararo tender komissiyasi deb ataladi), shuningdek tovarlar, ishlar va xizmatlar xarid qilish idoralararo tender komissiyasi ishchi organining (keyingi oʻrinlarda ishchi organ deb ataladi) vazifalari, funksiyalari va javobgarligini belgilaydi.
Ushbu Nizomning amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq amalga oshiriladigan tovarlar, ishlar va xizmatlar xarid qilishga tatbiq etilmaydi.
2. Idoralararo tender komissiyasining tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
3. Idoralararo tender komissiyasi iqtisodiyotning tegishli tarmoqlarida va ijtimoiy sohada amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari doirasida tender (tanlov) savdolarini oʻtkazish boʻyicha doimiy kollegial organ hisoblanadi.
4. Idoralararo tender komissiyasi kollegial asosda tender (tanlov) savdolarini oʻtkazadi hamda quyidagilar hisobiga moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari doirasida tovarlar, ishlar va xizmatlarni xarid qilish yuzasidan tender (tanlov) savdolari natijalari boʻyicha gʻoliblarni aniqlaydi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari, shuningdek ustav jamgʻarmasidagi davlat ulushi 50 foizdan ortiq boʻlgan tashkilotlarning oʻz mablagʻlari;
davlatning tashqi qarzlari, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq xorijiy grantlar va texnikaviy koʻmaklashish mablagʻlari.
5. Idoralararo tender komissiyasi oʻz faoliyatida ushbu Nizomga hamda tender (tanlov) savdolarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha qonun hujjatlariga amal qiladi. Investitsiya loyihalari xalqaro tashkilotlarning, xalqaro moliya va iqtisodiyot institutlarining va/yoki xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining va/yoki hukumatga qarashli boʻlmagan tashkilotlarning (keyingi oʻrinlarda moliyalashtiruvchi tashkilotlari deb ataladi) moliyaviy mablagʻlari va/yoki grantlari hisobiga amalga oshirilgan taqdirda tender (tanlov) savdolarini oʻtkazish ularning tartibotlari boʻyicha amalga oshiriladi.
Iqtisodiyotning tegishli tarmoqlarida va ijtimoiy sohada amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari doirasida tovarlar, ishlar va xizmatlar xarid qilish boʻyicha tender (tanlov) savdolarini idoralararo tender komissiyalari tomonidan oʻtkazish ushbu Nizomning ilovasiga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
II. Idoralararo tender komissiyasining vazifalari va funksiyalari
6. Quyidagilar idoralararo tender komissiyasining vazifalari hisoblanadi:
iqtisodiyotning tegishli tarmoqlarida va ijtimoiy sohada amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari doirasida tovarlar, ishlar va xizmatlar xarid qilish uchun mablagʻlardan samarali va oqilona foydalanilishini taʼminlash;
xarid qilinadigan tovarlar, ishlar va xizmatlar sifatini oshirish;
tender (tanlov) savdolarini oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etish.
7. Idoralararo tender komissiyasi oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
ishchi organlarning tarkiblarini tasdiqlaydi;
tender (tanlov) hujjatlarini ishlab chiqishning va tender (tanlov) savdolarini oʻtkazishning tarmoq jadvalini tasdiqlaydi, unda ishchi organ moliyalashtiruvchi tashkilotlarning normativ-huquqiy hujjatlari va xarid qilish qoidalari talablari doirasida aniqlangan tender (tanlov) savdolari qatnashchilari tomonidan takliflar berishning belgilangan muddatlarini (ommaviy axborot vositalarida eʼlon berilgan kundan boshlab 30 kun yoki yopiq savdolarni oʻtkazishda taklifnomalar yuborilgan kundan boshlab 35 kun) majburiy tartibda hisobga oladi;
tender (tanlov) hujjatlarini va talabgorlarga qoʻyilgan tender (tanlov) takliflarini baholash mezonlarini tasdiqlaydi;
qonun hujjatlariga va investitsiya loyihasini amalga oshirishning tasdiqlangan jadvaliga muvofiq tender (tanlov) takliflarini tayyorlash muddatini belgilaydi;
tender (tanlov) savdolarida qatnashish uchun qoʻyiladigan talabgorlarni dastlabki malaka boʻyicha tanlashni amalga oshiradi, agar bu tender (tanlov) hujjatlari shartlarida nazarda tutilgan boʻlsa;
tender (tanlov) savdolarida qatnashishga qoʻyishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi, ishchi organ bu toʻgʻrida talabgorlarni yozma shaklda xabardor qiladi;
ofertalar joylangan konvertlarni ochadi, ularning tender (tanlov) savdolarining shartlariga muvofiqligini tekshiradi, konvertlarni ochish toʻgʻrisidagi protokolni tasdiqlaydi;
tender (tanlov) takliflarini koʻrib chiqish va baholash muddatlarini tasdiqlaydi;
tender (tanlov) hujjatlarini olish uchun toʻlov miqdorini belgilaydi;
zarurat boʻlganda, tender (tanlov) takliflarini baholash uchun ekspert va konsultatsiya tashkilotlarining vakillarini jalb etadi;
talabgorlarning buyurtmanomalarini ishchi organ tomonidan koʻrib chiqish natijalari boʻyicha malaka tanlovidan oʻtgan va tender (tanlov) savdolariga qoʻyilgan qatnashchilar roʻyxatini tasdiqlaydi, tender (tanlov) savdolari gʻolibini aniqlaydi;
ishchi organ ishlari natijalari boʻyicha iqtisodiyotning tegishli tarmoqlarida va ijtimoiy sohada amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari doirasida tovarlar, ishlar va xizmatlar xarid qilish boʻyicha tender (tanlov) savdolari gʻoliblarini aniqlaydi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli axborot-tahlil departamentlari rahbarlari idoralararo tender komissiyalarining masʼul kotiblari hisoblanadi.
9. Idoralararo tender komissiyalarining masʼul kotiblari quyidagi funksiyalarni bajaradilar:
idoralararo tender komissiyalarining ishlarini tashkil etishni taʼminlaydilar;
tender (tanlov) hujjatlarini ishlab chiqishning hamda tender (tanlov) savdolarini oʻtkazishning yillik, choraklik va oylik jadvallari ishchi organ tomonidan bajarilishi yuzasidan monitoringni amalga oshiradilar;
tender (tanlov) takliflarini baholash mezonlarini, ishchi organ majlislarining belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan protokollarini ham oʻz ichiga oladigan tender (tanlov) hujjatlari paketini, shuningdek idoralararo tender komissiyasi talabi boʻyicha tender (tanlov) savdolariga taalluqli boʻlgan boshqa hujjatlarni ishchi organlardan qabul qilib oladilar va koʻrib chiqish uchun idoralararo tender komissiyasiga taqdim etadilar;
idoralararo tender komissiyasi raisi bilan kelishgan holda idoralararo tender komissiyasi majlisini chaqirishni taʼminlaydilar;
idoralararo tender komissiyasi takliflarini, shuningdek aʼzolarining fikr-mulohazalarini qabul qilib oladilar va tizimlashtiradilar;
idoralararo tender komissiyasining ish reglamentiga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradilar.
III. Idoralararo tender komissiyasining ishchi organi
10. Buyurtmachi (buyurtmachi tashkilot) hisoblanadigan vazirlik yoki idora tender (tanlov) savdolarini oʻtkazishni tashkil etish boʻyicha ishchi organ tuzadi.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Ishchi organ tarkibi idoralararo tender komissiyasining qarori bilan tasdiqlanadi va vazirlik yoki idora — loyiha tashabbuskorining, buyurtmachi xizmatining, loyihalash tashkilotining, tijorat banklarining, shuningdek tegishli vazirliklar va idoralarning yuqori malakali mutaxassislaridan shakllantiriladi. Bunda buyurtmachining tegishli vazirligi yoki idorasining rahbari ishchi organ rahbari hisoblanadi.
12. Ishchi organ oʻz faoliyatida qonun hujjatlariga, shu jumladan Vazirlar Mahkamasining “Tender savdolarini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2000-yil 21-noyabrdagi 456-son va “Kapital qurilishda tanlov savdolari tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2003-yil 3-iyuldagi 302-son qarorlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
13. Ishchi organ quyidagi funksiyalarni bajaradi:
tender (tanlov) hujjatlarini ishlab chiqishning va tender (tanlov) savdolarini oʻtkazishning yillik tarmoq jadvalini tuzadi;
eʼlon beradi yoki taklifnomalar yuboradi;
tender (tanlov) savdolari qatnashchilariga tender (tanlov) hujjatlarini beradi;
tenderda qatnashish uchun talabgor tomonidan toʻlanadigan zakalatni toʻlash tartibini, miqdorini va shaklini idoralararo tender komissiyasiga tasdiqlash uchun taqdim etadi;
tender (tanlov) takliflarini baholash mezonlarini ishlab chiqadi va idoralararo tender komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritadi;
tender (tanlov) buyurtmanomalarini qabul qilishning oxirgi sanasini, konvertlarni ochish vaqti va joyini belgilaydi;
Keyingi tahrirga qarang.
tender (tanlov) savdolari natijalari idoralararo tender komissiyasi tomonidan tasdiqlangungacha tender (tanlov) takliflarini qabul qiladi, roʻyxatdan oʻtkazadi va saqlaydi;
idoralararo tender komissiyasining qarori asosida tender (tanlov) savdolariga qatnashishga qoʻyishni rad etish toʻgʻrisida talabgorlarni yozma shaklda xabardor qiladi;
tender (tanlov) takliflarini texnik mezonlar, eng raqobatli narxlar, yetkazib berish, toʻlov shartlari va tender (tanlov) savdolarining shartlarida belgilangan boshqa parametrlar boʻyicha baholashni amalga oshiradi;
tender (tanlov) savdolarining barcha qatnashchilari uchun tender (tanlov) takliflarini taqdim etish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida idoralararo tender komissiyasi bilan kelishgan holda qaror qabul qiladi;
dastlabki malaka boʻyicha tanlov va tender (tanlov) takliflarini baholash natijalari boʻyicha idoralararo tender komissiyasi uchun tavsiyalar ishlab chiqadi.
14. Ishchi organ quyidagilarga haqlidir:
talabgordan uning malakaviy maʼlumotlarga muvofiqligini tasdiqlovchi qoʻshimcha hujjatlar va dalillarni taqdim etishini belgilangan tartibda talab qilish;
talabgorlarning malakaviy maʼlumotlarini va tender (tanlov) takliflarini baholash uchun boshqa vazirliklar va idoralardan vakolatli mutaxassislarni, shuningdek ekspert va boshqa tashkilotlarning vakillarini jalb etish boʻyicha takliflarni idoralararo tender komissiyasiga kiritish.
15. Talabgorlarning dastlabki malakasini aniqlash tender (tanlov) takliflarini ochgungacha (tender savdolarigacha) ishchi organ tomonidan amalga oshiriladi. Dastlabki malakani aniqlash natijalari u tugallangan kundan boshlab 2 kun mobaynida idoralararo tender komissiyasiga taqdim etiladi. Idoralararo tender komissiyasi dastlabki malakani aniqlash natijalarini ishchi organ tomonidan hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab 3 kun mobaynida koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi.
16. Tender (tanlov) takliflarini ochish idoralararo tender komissiyasi majlisida, ommaviy axborot vositalarida berilgan eʼlonda belgilangan muddatlarga qatʼiy muvofiq ravishda koʻrsatilgan vaqtda va joyda, qatnashish istagini bildirgan talabgorlar ishtirokida amalga oshiriladi, agar bu tender tartibotlarini oʻtkazish tartibida nazarda tutilgan boʻlsa.
17. Tender (tanlov) takliflarini ishchi organ tomonidan taqqoslash va baholash tasdiqlangan baholash mezonlariga va tender (tanlov) hujjatlarining boshqa talablariga muvofiq holda amalga oshiriladi.
18. Baholash tugallangan kundan boshlab 3 kun mobaynida baholash materiallari va tavsiyalar koʻrib chiqish hamda tasdiqlash uchun idoralararo tender komissiyasiga taqdim etiladi.
Tender ( tanlov) savdolarining natijalarini koʻrib chiqish va tasdiqlash hujjatlar ishchi organ tomonidan taqdim etilgan kundan boshlab 3 kun mobaynida amalga oshiriladi.
19. Ishchi organ majlislarida protokollar yuritiladi, ular ishchi organning barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi va rais tomonidan tasdiqlanadi.
20. Ishchi organ majlisda umumiy tarkib aʼzolarining kamida 75 foizi, shu jumladan rahbar qatnashgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
21. Tender (tanlov) savdolari tugagungacha tender (tanlov) takliflarining hammasi ishchi organda saqlanadi, savdolar tugallangach barcha tender (tanlov) takliflari saqlash uchun buyurtmachiga beriladi. Tender takliflari kontrakt tugagan sanadan boshlab 3 yil mobaynida saqlanadi.
IV. Idoralararo tender komissiyasining ish reglamenti
22. Idoralararo tender komissiyasining qarorlari majlislarda koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda raisning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi
Idoralararo tender komissiyasining qarori majlisdan keyin uch kun mobaynida protokol bilan rasmiylashtiriladi, protokol majlisda qatnashgan aʼzolar tomonidan imzolanadi va idoralararo tender komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
23. Idoralararo tender komissiyasi majlisda uning aʼzolarining kamida 75 foizi, shu jumladan raisi qatnashgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
24. Idoralararo tender komissiyasi har bir aʼzosining ovoz berish natijalari toʻgʻrisidagi axborot qatʼiyan maxfiy tusda boʻladi va oshkor qilinmaydi.
25. Tender (tanlov) savdolari gʻolibi idoralararo tender komissiyasining qarori bilan tasdiqlanadi. Uning toʻgʻrisidagi axborot tegishli vazirlik va idoraning — buyurtmachining veb-saytlariga joylashtiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
26. Idoralararo tender komissiyasining qarorlari yuzasidan qonun hujjatlariga muvofiq shikoyat bildirilishi mumkin.
27. Idoralararo tender komissiyasi majlislari tasdiqlangan jadvallarga muvofiq oʻtkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
V. Idoralararo tender komissiyasining javobgarligi
28. Idoralararo tender komissiyasi tender (tanlov) savdolarini oʻtkazish sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan javob beradi.
29. Idoralararo tender komissiyasi savdolar boʻlib oʻtmagan deb eʼtirof etilganda yoxud salbiy natijaga ega boʻlganda mulkiy yoki boshqacha yuridik tarzda javob bermaydi.
30. Idoralararo tender komissiyasi aʼzolari komissiya majlislarida shaxsan ishtirok etishlari uchun shaxsan javob beradilar. Faqat uzrli sabablarga koʻra ishtirok etmaslikka yoʻl qoʻyiladi.
Idoralararo tender komissiyasi aʼzosi uzrli sabablarga koʻra ishtirok etmagan taqdirda majlisga oldindan firma blankasida rasmiylashtirilgan ishonchnoma asosida tegishli vazirlik yoki idoraning uning oʻrnini bosuvchi xodimi (rahbari) yuboriladi. Tegishli tarzda rasmiylashtirilgan ishonchnomaga ega boʻlmagan uning oʻrnini bosuvchi xodim (rahbar) idoralararo tender komissiyasi majlisiga qoʻyilmaydi hamda ushbu holat uzrsiz sabablarga koʻra ishtirok etmaslik sifatida rasmiylashtiriladi.
Komissiya yoki ishchi organ aʼzosi majlisda uzrsiz sabablarga koʻra ishtirok etmaganda idoralararo tender komissiyasi yoki ishchi organ kotibining bildirishnomasi asosida unga nisbatan intizomiy choralar koʻrilishi mumkin.
31. Tender (tanlov) savdolari natijalariga koʻra tuzilgan shartnomaga oʻzgartirishlar, buyurtmachi va pudratchi oʻrtasidagi kelishuvdan qatʼi nazar, ular idoralararo tender komissiyasi tomonidan koʻrib chiqilgandan va belgilangan tartibda tasdiqlangandan keyin qabul qilingan deb hisoblanadi.
Iqtisodiyotning tegishli tarmoqlarida va ijtimoiy sohada amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari doirasida tovarlar, ishlar va xizmatlar xarid qilish boʻyicha idoralararo tender komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Iqtisodiyotning tegishli tarmoqlarida va ijtimoiy sohada amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari doirasida tovarlar, ishlar va xizmatlar xarid qilish boʻyicha idoralararo tender komissiyasi tomonidan tender savdolarini oʻtkazish
SXEMASI
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 37-son, 485-modda; 2017-y., 25-son, 544-modda)