Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Mikrokredit tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 25-sentabrda 2093-6-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2022-yil 22-avgustdagi 19/5-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qabul qilingan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3389, 28.09.2022-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Mikrokredit tashkilotlari toʻgʻrisida”gi, “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi, 2015-yil 20-avgustdagi OʻRQ-391-son “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2010-yil 23-yanvardagi 3/5-son qarori (roʻyxat raqami 2093, 2010-yil 13-aprel) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 14-15-son, 116-modda) bilan tasdiqlangan Mikrokredit tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2015-yil 5-sentabr,
24/9-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 5-sentabrdagi 24/9-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Mikrokredit tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Nizom muqaddimasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Mikrokredit tashkilotlari toʻgʻrisida”gi, “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududida mikrokredit tashkilotlarini litsenziyalash tartibini belgilaydi.”.
2. 13-bandda:
uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;
beshinchi — yettinchi xatboshilar tegishli ravishda uchinchi — beshinchi xatboshilar deb hisoblansin.
3. 15-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“15. Hajmi bir varaqdan ziyod holda taqdim etiladigan barcha hujjatlar alohida yigʻmajild shaklida tikilib, mikrokredit tashkiloti rahbari tomonidan imzolangan va muhri bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlangan boʻlishi lozim.”.
4. 25-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
5. 50-banddagi “oʻn kun” degan soʻzlar “uch kun” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
6. 55-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“55. Mazkur Nizomga muvofiq talab qilinadigan barcha hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuniga rioya etilgan holda taqdim etiladi.”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 38-son, 506-modda)