Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Belarus Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Elektr va pochta aloqasi sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Belarus Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataladi,
Oʻzbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi xalqlari oʻrtasidagi teng huquqlilik hamda oʻzaro manfaatli hamkorlikka asoslangan mavjud aloqalarni rivojlantirishga intilishga amal qilishib,
aloqa sohasidagi ikki tomonlama munosabatlar Jahon pochta ittifoqi hujjatlari qoidalariga hamda Xalqaro elektr aloqasi ittifoqi tavsiyanomalariga, shuningdek boshqa xalqaro shartnomalarga qatʼiy muvofiq ravishda qurilishi kerakligini eʼtiborga olishib,
aloqa sohasidagi oʻzaro ishlar va hamkorlik oʻzaro yordam asosida rivojlanishi kerak, deb hisoblashib,
Tomonlar oʻrtasida aloqa vositalarining uzluksiz ishlashini taʼminlash uchun mustahkam huquqiy, iqtisodiy va texnologik munosabatlar oʻrnatishni xohlashib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar, oʻz vakolatlari va imkoniyatlari hajmida, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi hamda Belarus Respublikasi qonunchiligi talablariga muvofiq harakat qilishib, elektr va pochta aloqasi sohasidagi hamkorlikni davom ettiradilar va kengaytiradilar.
2-modda
Mazkur Bitimni bajarish bilan bogʻliq hisob-kitoblar va toʻlovlar Tomonlarning davlatlari oʻrtasida toʻlov kunida amalda boʻlgan bitimlarga muvofiq amalga oshiriladi.
Xizmatlar koʻrsatish boʻyicha barcha oʻzaro hisob-kitoblar oʻzaro hisob-kitoblar markazlari va vakil qilingan banklar orqali markazlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.
3-modda
Pochta va elektr aloqasini tashkil etishdagi, shuningdek aloqa xizmatlari koʻrsatganlik uchun oʻzaro hisob-kitoblar tartibidagi barcha oʻzgarishlar toʻgʻrisida Tomonlar bir-birlarini ushbu oʻzgarishlar boshlanishiga doir tavsiya etilayotgan sanadan 3 oy oldin xabardor qiladilar.
Tomonlar barcha turdagi pochta joʻnatmalari va maxsus aloqaning, elektr aloqasi tarmoqlari boʻyicha xabarlarning, televideniye va radioeshittirish dasturlarining tranzit erkinligini kafolatlaydilar.
Elektr aloqasi tarmoqlari boʻyicha tranzit xabarlarni oʻtkazish tartibi alohida bitim bilan belgilanadi.
4-modda
Tomonlar uchinchi davlatlarda va tegishli xalqaro tashkilotlarda Tomonlarning aloqa maʼmuriyatlari faoliyatiga toʻsqinlik qiluvchi yoki uni qiyinlashtiruvchi kamsitadigan choralarni bir-biriga qoʻllamaydilar.
5-modda
Tomonlar oʻz davlati hududida boshqa Tomonning radio va televizion dasturlarini hamda obuna va chakana savdo boʻyicha vaqtli nashrlarini Hukumatlar yoki Tomonlarning tegishli idoralari oʻrtasidagi shartnoma va bitimlar bilan belgilangan hajmlarda tarqatishni tashkil etishda bir-birlariga koʻmaklashadilar.
6-modda
Tomonlar shu haqda ahdlashib oldilarki, xizmatlar koʻrsatishda qatnashuvchi barcha aloqa korxonalari oʻz vaqtida va sifatli xizmat koʻrsatilishi uchun isteʼmolchilar oldida baravar javob beradilar. Xalqaro aloqalarning sifatsiz ishi yuzasidan shikoyatlarni koʻrib chiqish tartibi Jahon pochta ittifoqi va Xalqaro elektr aloqasi ittifoqi Aktlari bilan belgilanadi.
7-modda
Tomonlar aloqa korxonalarining telefonchilari, telegrafchilari, texnika va pochta xodimlari oʻrtasida xizmat axborotlarini ayirboshlash, shuningdek xizmat xarajatlarini ayirboshlash uchun rus tilidan foydalanish toʻgʻrisida kelishib oldilar.
Tomonlarning mamlakatlari yuboradigan pochta joʻnatmalari va telegrammalarning manzilgohlari rus tilida rasmiylashtiriladi.
Telegrammalar lotin harflarida qabul qilinishi va uzatilishi mumkin.
8-modda
Davlatlararo xabarlar va axborotlarni uzatish texnologik jarayonlarida Tomonlar aloqa korxonalarida yagona hisobga olish — hisobot vaqtini — Moskva vaqtini qoʻllashadi.
9-modda
Tomonlar aloqani tashkil etish va xalqaro telefon-telegraf va pochta ayirboshlashni ishlash, shuningdek favqulodda vaziyatlarni hisobga olgan holda maxsus va feldyeger aloqasi masalalari boʻyicha oʻzaro koʻmaklashadilar.
10-modda
Tomonlar davlatlararo ahamiyatga ega boʻlgan aloqa obyektlarini qurish hamda ishlatish norma va qoidalarini muvofiqlashtirib borishga kelishib oldilar.
11-modda
Tomonlar shuni belgilab qoʻydilarki, agar Tomonlarning davlatlari oʻrtasidagi bitimlarda aloqa sohasidagi munosabatlarda kelib chiqadigan bahslarni echish tartibi kelishib olinmagan boʻlsa, Tomonlarning aloqa korxonalari ushbu tartibni ular oʻrtasida tuzilgan shartnomalarda mustaqil ravishda belgilaydilar.
12-modda
Tomonlar shu toʻgʻrida kelishib oldilarki, zaruriyat boʻlganda, ushbu Bitimga ikkala Tomonning roziligiga koʻra oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Ular mazkur Bitimning uzviy qismi hisoblanadigan protokol bilan rasmiylashtiriladi.
13-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
Ushbu Bitim Tomonlardan biri boshqa Tomonni oʻzining uni bekor qilish istagi toʻgʻrisida diplomatik yoʻl bilan yozma ravishda xabardor qilmagungacha amal qiladi. Mazkur Bitimda qatnashishdan voz kechish toʻgʻrisidagi bildirishnoma olingandan keyin uch oy oʻtgach Bitim oʻz kuchini yoʻqotadi.
1994-yil 22-dekabrda Toshkent shahrida har biri oʻzbek, belarus va rus tillarida boʻlgan ikki nusxada tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir. Ushbu Bitimning qoidalarini talqin qilishda har qanday kelishmovchiliklar paydo boʻlgan taqdirda rus tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)