Oʻzbekiston Respublikasi va Vengriya Respublikasi oʻrtasida
Deklaratsiya
Har tomonlama hamkorlikni va doʻstona munosabatlarni yanada chuqurlashtirish toʻgʻrisida
1997-yil 29-oktabrdan 1-noyabrgacha boʻlgan davrda Vengriya Respublikasi Prezidenti Arpad Gyons Oʻzbekiston Respublikasida rasmiy tashrif bilan boʻldi.
Tashrif davomida u Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Davlat boshliqlari quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1. Oʻzbekiston Respublikasi va Vengriya Respublikasi oʻrtasidagi munosabatlarni doʻstlik, totuvlik va oʻzaro foydali hamkorlik, suverenitet va mustaqillikni mustahkamlash yoʻlini oʻzaro qoʻllab-quvvatlash asosida, bahslarni tinch yoʻl bilan hal qilish, ichki ishlarga aralashmaslik va teng huquqlilik prinsiplari boʻyicha bundan buyon ham rivojlantirish niyatidalar.
2. Markaziy Osiyo va Yevropada hamkorlik va oʻzaro tushunishni rivojlantirishga, barqarorlikni mustahkamlash va xavfsizlikni taʼminlashga koʻmaklashishda barcha zarur kuchlarni sarflaydilar. Shu maqsadlarda ular davlatlarining vakillari BMT, EXHT va ular ishtirokchilari boʻlgan boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida, jumladan demokratik institutlar, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatlashadilar.
3. Barcha davlatlar xavfsizlikka teng huquqqa ega ekanliklarini tan olib, Yevroatlantik Sheriklik Kengashi doirasida ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlikning ahamiyatini tasdiqlaydilar.
4. Oʻzaro manfaatdorlik asosida turli darajalardagi ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarni faollashtirishga koʻmaklashadilar. Ular ikki tomonlama savdoni amalga oshirishga yordam beradigan zarur choralarni koʻrishga hamda jismoniy va yuridik shaxslar uchun ular oʻzaro xoʻjalik aloqalarini amalga oshirishida qulay huquqiy rejimni yaratib berishga koʻmaklashadilar.
5. Savdo almashuvining barcha shakllarini, kichik va oʻrta korxonalarning iqtisodiy hamkorlikda faol ishtirok etishini, zarur tijorat va iqtisodiy axborot bilan almashishni, moliyaviy va iqtisodiy siyosat boʻyicha fikr va tajriba almashishni ragʻbatlantiradilar, qoʻshma korxonalarni tashkil etish va faoliyatiga, ishlab chiqarish, sarmoya, bank va tijorat sohalarida milliy kapitallar hamkorligining boshqa ilgʻor shakllarini rivojlantirishga koʻmaklashadilar.
6. Tranzit tashishlar va transport kommunikatsiyalari sohasida hamkorlikni kengaytirishga intiladilar va oʻz davlatlari hududida avtomobil, temir yoʻl, havo va boshqa transport turlarida yoʻlovchilar va yuklarni tashish uchun qulay sharoitlarni taʼminlaydilar.
7. Yevrosiyo transport yoʻlagini barpo qilish boʻyicha amaliy choralar koʻrilishiga, uni Markaziy Osiyo va Yevropa davlatlari oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning muhim omili sifatida qarab, muhim ahamiyat beradilar.
8. Ikki mamlakat xalqlari oʻrtasidagi oʻzaro tushunishni mustahkamlashga koʻmaklashuvchi madaniy hamkorlikning ahamiyatini tan olib, turli darajalardagi madaniy almashishlarni qutlaydilar va ragʻbatlantiradilar.
9. Narkotik vositalar va psixotrop moddalarni noqonuniy tarqatish, xavfli jinoyatlarning boshqa turlariga qarshi kurash sohasida vakolatli organlarning hamkorligiga intiladilar va shu maqsadlarda ikkala davlat huquqni muhofaza qilish organlarining birgalikdagi harakatlariga koʻmaklashadilar.
10. Oʻzaro qiziqish uygʻotuvchi barcha boshqa soha va yoʻnalishlarda, demokratik oʻzgarishlar va bozor islohotlari sohasida ularning xalqlari manfaati yoʻlida kelgusida birgalikda harakat qilishni va hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar.
(imzolar)