Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Fransiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Tashqi ishlar vazirliklari hamkorligi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Fransiya Respublikasi Hukumati, quyida “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb atalib,
ikkala davlat Tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida ikki tomon manfaatlariga javob beruvchi oʻzaro hamkorlik oʻrnatishni va oʻzaro qiziqish uygʻotuvchi masalalar boʻyicha muntazam fikr almashishni zarur deb hisoblaydilar.
1-modda
Ikkala davlat Tashqi ishlar vazirliklari muntazam maslahatlashuvlar oʻtkazadilar. Ushbu Vazirliklarning rahbar xodimlari ham muntazam uchrashib turadilar. Bu maslahatlashuvlar oʻzaro qiziqish uygʻotuvchi ikki tomonlama munosabatlar va masalalar, xususan, Yevropa qitʼasidagi, Oʻrta Sharq va Osiyodagi vaziyatlarga taalluqlidir.
Oʻzaro roziligi bilan Tomonlar alohida muammolarni koʻrib chiqish uchun maxsus guruhlar va ekspertlar guruhini tashkil qiladilar.
2-modda
Tomonlar ikki tomonlama rozilik bilan oʻtkaziladigan muzokaralar va maslahatlashuvlarning kun tartibini, joyini va shartlarini avvaldan aniqlab oladilar.
3-modda
Tomonlar mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasida oʻz faoliyatlarini koordinatsiyalash uchun hamkorlik qilish va maslahatlashuvlar oʻtkazish majburiyatini oladilar.
4-modda
Tomonlar diplomatik xizmatlar oʻrtasida hamkorlikka va bevosita aloqalar oʻrnatilishiga koʻmaklashadilar, seminarlar tashkil qilishni va diplomatik kanallar orqali ishlab chiqilgan shakllarga muvofiq birgalikdagi ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishni ragʻbatlantiradilar.
5-modda
Mazkur Bitim besh yilga tuzilgan va imzolanishi bilan kuchga kiradi. Agar Tomonlardan biri boshqa Tomonni yozma ravishda besh yillik muddat tugashidan olti oy avval bitim bekor qilinishi toʻgʻrisida ogohlantirmasa, Bitim har besh yilga avtomatik ravishda uzaytiriladi.
Toshkent shahrida, 1994-yil 26-aprelda, ikki nusxada, oʻzbek va fransuz tillarida imzolandi, bunda ikkala matn teng kuchga ega.
(imzolar)