Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Andijon shahrida roʻy bergan voqealarni tekshirish boʻyicha mustaqil komissiyasi ishining yakunlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Andijon shahrida roʻy bergan voqealarni tekshirish boʻyicha mustaqil komissiyasi ishining yakunlari toʻgʻrisidagi hisobotni eshitib va muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2005-yil 12-13-may kunlari Andijon shahrida roʻy bergan voqealarni tekshirish boʻyicha mustaqil komissiyasi ishining yakunlari toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
2. Taʼkidlansinki, Komissiya ishining yakunlari Andijon shahridagi terrorchilik harakatlari puxta rejalashtirilganligi va muvofiqlashtirilganligidan dalolat beradi, bu harakatlar tashqaridan qoʻllab-quvvatlangan holda uyushtirilgan hamda Oʻzbekistonning mustaqil siyosatiga qarshi qaratilgan. Bunda tashkilotchilar alohida olingan mintaqada hokimiyatni qoʻlga kiritish, mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirish, mavjud konstitutsiyaviy tuzumni oʻzgartirish va islom davlati tuzish kabi uzoqni koʻzlovchi maqsadlarga ega boʻlganlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimovning oʻz vaqtida, vazminlik va izchillik bilan qilgan harakatlari tufayli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan terrorchilarning Konstitutsiyaga zid xatti-harakatlariga barham berish yuzasidan qonun doirasida qatʼiy choralar koʻrildi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda aholi oʻrtasida mustaqil Komissiya ishining yakunlarini, hushyorlikni oshirish va turli ekstremistik guruhlarning Oʻzbekiston milliy manfaatlariga qarshi qaratilgan xatti-harakatlariga toʻsiq qoʻyish zarurligini tushuntirish borasidagi faol ishlarini davom ettirsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Andijon shahrida roʻy bergan voqealarni tekshirish boʻyicha mustaqil komissiyasi oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalarni bajarib boʻlganligi munosabati bilan uning faoliyati tugatilgan, deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri E. XALILOV
Toshkent sh.,
2006-yil 18-oktabr,
382-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-y., 10-son, 555-modda)