Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining
Qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Iqtisodiy sudlar tomonidan fuqarolik qonun hujjatlarining daʼvo muddatiga oid normalarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Iqtisodiy sudlar tomonidan fuqarolik qonun hujjatlarining daʼvo muddatini qoʻllashga oid normalarini toʻgʻri va bir xilda qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 47-moddasiga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumi qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
1. Fuqarolik qonun hujjatlarining daʼvo muddatiga oid normalarini qoʻllashda iqtisodiy sudlar (bundan buyon matnda sudlar deb yuritiladi), Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi), Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) va boshqa qonun hujjatlari talablariga rioya qilishi lozim.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
2. FK 2-moddasining oltinchi qismiga koʻra bir tarafning ikkinchi tarafga maʼmuriy boʻysunishiga asoslangan mulkiy munosabatlarga, shu jumladan soliq, moliyaviy va boshqa maʼmuriy-huquqiy munosabatlarga nisbatan fuqarolik qonun hujjatlari qoʻllanilmaydi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Sudlar inobatga olishi lozimki, ushbu qoida daʼvo muddatiga oid qonun hujjatlarini qoʻllashda ham tatbiq etiladi.
3. FKning 149-moddasiga koʻra daʼvo muddati — shaxs oʻzining buzilgan huquqini daʼvo qoʻzgʻatish yoʻli bilan himoya qilishi mumkin boʻlgan muddatdir.
Sudlar qonun hujjatlarida yoki shartnomada belgilangan talabnoma berish muddati daʼvo muddati hisoblanmasligiga eʼtibor berishi lozim. Talabnoma berish muddati bu nizoni sudgacha hal qilish tartibi hisoblanadi. Xususan, aksiyadorning oʻziga tegishli aksiyalarni qaytarib sotib olish toʻgʻrisidagi talabi boʻyicha (“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 41-moddasi), temir yoʻlda yuk tashishda yuk tashuvchiga nisbatan bildiriladigan talablar boʻyicha (Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl Ustavining 152-bandi), yoʻlovchilar va bagajni tashish boʻyicha yuzaga keladigan nizolar (Oʻzbekiston Respublikasi Havo kodeksining 124 va 125-moddalari, Avtomobil transportida yoʻlovchilar va bagajni tashish qoidalarining 124, 125-bandlari) boʻyicha talabnoma berish tartibi oʻrnatilgan.
4. Sudlar inobatga olishlari lozimki, FKning 150-moddasida koʻrsatilgan uch yillik daʼvo muddati, qonun hujjatlarida ushbu muddatga qaraganda qisqartirilgan yoki uzaytirilgan, shuningdek daʼvo muddati joriy qilinmaydigan talablardan tashqari fuqarolik huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan barcha talablarga nisbatan tatbiq etiladi.
5. Ayrim turdagi talablar uchun qonun hujjatlarida umumiy daʼvo muddatiga qaraganda qisqartirilgan yoki uzaytirilgan maxsus daʼvo muddatlari belgilanishi mumkin. Xususan, yuk tashish shartnomasidan kelib chiqadigan (FKning 724-moddasi), masʼuliyati cheklangan yoki qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi (“Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 41-moddasi), emissiyaviy qimmatli qogʻozlarni chiqarish bilan bogʻliq boʻlgan qarorlarni haqiqiy emas deb topish, emissiyaviy qimmatli qogʻozlarning chiqarilishini, emissiyaviy qimmatli qogʻozlarni joylashtirish jarayonida tuzilgan bitimlarni haqiqiy emas deb topish (“Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 62-moddasi), temir yoʻl Ustavidan kelib chiqadigan daʼvolar boʻyicha (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 23-oktabrdagi 232-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl Ustavining 155, 156-bandlari) maxsus daʼvo muddatlari belgilangan. Agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, FKning 152 — 162-moddalarining qoidalari maxsus daʼvo muddatlariga ham joriy qilinadi.
6. FK 152-moddasining birinchi qismiga koʻra daʼvo muddatlari va ularni hisoblash tartibi taraflarning kelishuvi bilan oʻzgartirilishi mumkin emas. Shu munosabat bilan sudlar inobatga olishi kerakki, ishni koʻrish jarayonida daʼvo muddatlari va ularni hisoblash tartibi ishda ishtirok etuvchi shaxslarning kelishuvi bilan oʻzgartirilganligi aniqlansa, bunday kelishuv FKning 116-moddasiga asosan oʻz-oʻzidan haqiqiy emas hisoblanadi hamda sud tomonidan inobatga olinmaydi. Bu haqida sud hujjatining asoslantiruvchi qismida koʻrsatilishi kerak.
7. Buzilgan huquqni himoya qilish talabi, daʼvo muddatining oʻtganligidan qatʼi nazar, sudda koʻrib chiqish uchun qabul qilinadi (FKning 153-moddasi). Shuning uchun daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish va ishni sudda koʻrish uchun tayyorlash paytida daʼvo arizasida bildirilgan talab boʻyicha daʼvo muddati oʻtganligi aniqlansa, bu holat daʼvo arizasini qabul qilishni rad etish yoki uni qaytarish uchun asos boʻlmasligi inobatga olinishi lozim.
8. FK 153-moddasining ikkinchi qismiga koʻra daʼvo muddati sud tomonidan faqat nizodagi tarafning qaror chiqarilgunigacha bergan arizasiga muvofiq qoʻllaniladi.
Qonunda daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi ariza qanday shaklda berilishi koʻrsatilmaganligi sababli, bunday ariza ham ogʻzaki bildirilishi, ham yozma shaklda berilishi mumkinligini inobatga olish lozim. Arizaning ogʻzaki bildirilganligi, albatta, muhokama qilinishi va bu haqida sud majlisi bayonnomasida koʻrsatilishi kerak.
8.1. Sudlarga tushuntirilsinki, daʼvo arizasi yuzasidan berilgan fikr-mulohazada bildirilgan talab boʻyicha daʼvo muddati oʻtganligi bilan bir qatorda boshqa asoslar ham koʻrsatilib, bildirilgan talabni qanoatlantirishni rad etish, daʼvo arizasini koʻrmasdan qoldirish yoki ish yuritishni tugatish masalasi qoʻyilgan boʻlsa ham, uni daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi ariza sifatida qabul qilish lozim.
8.2. Daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi arizani berishga javobgar haqli. Agar bunday ariza ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar tomonidan berilgan boʻlsa, u inobatga olinmasligi kerak.
Dastlabki daʼvo talabiga nisbatan qarshi daʼvo bildirilgan taqdirda, daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi ariza dastlabki daʼvo boʻyicha daʼvogar hisoblangan shaxs tomonidan ham berilishi mumkin.
8.3. Sudlar inobatga olishi lozimki, agar ishda bir nechta javobgar ishtirok etayotgan boʻlib, ulardan qaysi biri daʼvo muddatini qoʻllash haqida ariza bersa, daʼvo muddati faqat oʻsha shaxsga nisbatan qoʻllaniladi.
8.4. Agar bitta daʼvo arizasida bir nechta mustaqil talab bildirilgan boʻlib, ularning baʼzilari boʻyicha daʼvo muddati oʻtgan, baʼzilari boʻyicha oʻtmagan boʻlsa, daʼvo muddati oʻtmagan talablar boʻyicha daʼvo muddati oʻtganligini asos qilib, daʼvoni qanoatlantirishni rad etish mumkin emas.
8.5. Daʼvo muddati oʻtganligi haqida nizodagi tarafning (javobgarning) arizasini koʻrib chiqishda, birinchi instansiya sudi daʼvo muddati oʻtmaganligi yoki talab boʻyicha daʼvo muddati qoʻllanilmasligini aniqlasa, yoxud daʼvo muddati tiklanishi (daʼvogarning arizasiga muvofiq yoxud oʻz tashabbusi bilan) lozim degan xulosaga kelsa, daʼvo muddati oʻtganligi sababli daʼvoni rad qilish toʻgʻrisidagi javobgarning arizasi qanoatlantirilmaganligi haqida ajrim chiqarib, nizo mazmunan koʻrib chiqilishini eʼlon qiladi. Bunday ajrim ustidan shikoyat qilinmaydi, protest keltirilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Agar daʼvo muddati oʻtgan boʻlib, uni tiklash haqidagi daʼvogarning iltimosnomasi qanoatlantirilmasa, sud daʼvoni rad etish haqida hal qiluv qarori qabul qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Sudlarga tushuntirilsinki, daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi ariza faqatgina birinchi instansiya sudi tomonidan ishni koʻrish yakuni boʻyicha sud hujjati qabul qilingunga qadar berilishi mumkin. Agar bunday ariza ishni apellyatsiya, kassatsiya va nazorat instansiyasi sudlarida koʻrish jarayonida berilsa, u qanoatlantirilmaydi va bu haqida sud hujjatining asoslantiruvchi qismida koʻrsatiladi.
(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Keyingi tahrirga qarang.
Birinchi instansiya sudi tomonidan qabul qilingan sud hujjati yuqori instansiya sudi tomonidan bekor qilinib, ish yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborilgan taqdirda, daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi ariza umumiy tartibda berilishi mumkin.
10. Daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisidagi nizodagi taraf bayon qilgan daʼvo muddatining oʻtishi sudning daʼvoni rad etish haqida qaror chiqarishi uchun asos boʻladi (FK 153-moddasining uchinchi qismi).
Daʼvo muddati oʻtganligi sababli daʼvo rad qilingan taqdirda, sud hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida nizodagi taraf daʼvo muddatini qoʻllash haqida ariza berganligini bayon qilishi va ushbu muddat oʻtganligini asoslashi kerak.
11. FK 154-moddasining birinchi qismiga koʻra daʼvo muddati shaxs oʻzining huquqi buzilganligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan oʻta boshlaydi. Bu qoidadan istisnolar FK va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Shuning uchun bildirilgan talab boʻyicha daʼvo muddatini hisoblashda shaxs oʻzining huquqi buzilganligini qachon bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kunni aniqlash muhim ahamiyatga ega.
Muayyan ijro muddatiga ega boʻlgan yoki ijro etish muddati belgilanmagan yoxud talab qilish payti ijro etish muddati bilan belgilangan, shuningdek regress majburiyatlar boʻyicha daʼvo muddatining oʻta boshlashi payti FK 154-moddasining ikkinchi — toʻrtinchi qismlarida belgilangan.
11.1. Daʼvo muddati uzilishini aniqlashda daʼvo kim tomonidan, yaʼni huquqi buzilgan shaxsning oʻzi yoki uning manfaatida daʼvo taqdim etgan shaxs (prokuror, davlat organi yoki boshqalar) tomonidan taqdim etilganligining ahamiyati yoʻq.
11.2. Majburiyatdagi shaxslarning oʻzgarishi (FKning 155-moddasi) daʼvo muddati va uni hisoblash tartibining oʻzgarishiga olib kelmasligini sudlar inobatga olishi lozim.
Tugatilayotgan yuridik shaxsning tugatish komissiyasi (tugatish boshqaruvchisi) tomonidan bildirilgan talablar boʻyicha daʼvo muddati, tugatish komissiyasi (tugatish boshqaruvchisi) tayinlangan kundan emas, balki tugatilayotgan yuridik shaxsning oʻz huquqi buzilganligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan oʻta boshlaydi. Yangi tayinlangan (saylangan) yuridik shaxs rahbari tomonidan daʼvo muddatini oʻta boshlashi u tayinlangan (saylangan) kundan boshlab hisoblanishi lozimligi haqida vaj bildirilganda ham xuddi shu qoida tatbiq etiladi.
12. Sudlarga tushuntirilsinki, FK 156-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan daʼvo muddati oʻtishining toʻxtatilishi uchun asos boʻluvchi holatlar qatʼiydir va uni kengaytirilgan tarzda talqin qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi, FK 158-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan hollar bundan mustasno.
Agar taraflarning kelishuvida daʼvo muddati oʻtishining toʻxtatilishi uchun boshqa holatlar koʻrsatilgan boʻlsa, ularga mazkur qarorning 6-bandi qoidalari qoʻllaniladi.
13. FKning 157-moddasiga koʻra daʼvo muddatining oʻtishi belgilangan tartibda daʼvo qoʻzgʻatilishi bilan, shuningdek majbur shaxs qarzni tan olganligini koʻrsatuvchi harakatlarni qilishi bilan uziladi. Uzilishdan keyin daʼvo muddatining oʻtishi yangidan boshlanadi, uzilishgacha oʻtgan vaqt esa yangi muddatga qoʻshilmaydi.
Daʼvo muddati oʻtishining uzilishi muhim ahamiyatga ega ekanligini inobatga olib, sudlar majbur shaxsning daʼvoni tan olganligini koʻrsatuvchi harakatlariga huquqiy baho berishi lozim.
13.1. Sudlar daʼvo muddatining oʻtishi belgilangan tartibda daʼvo arizasi taqdim etilishi bilan uzilishini inobatga olishi lozim.
13.2. Daʼvo arizasi sudga taqdim etilgan yoki aloqa tashkilotiga topshirilgan, yoxud elektron shaklda yuborilgan kun daʼvo arizasi taqdim etilgan kun hisoblanadi va shu kundan boshlab daʼvo muddatining oʻtishi uziladi.
13.3. Majbur shaxsning qarzni tan olganligini koʻrsatuvchi harakatlari quyidagilar boʻlishi mumkin: majburiyatning bir qismi bajarilganligi (qarzning bir qismi toʻlanganligi); taqqoslash dalolatnomasi tuzilganligi; bankdagi hisob raqamga qoʻyilgan toʻlov talabnomasining akseptlanishi; qarz tan olinganligi aniq bayon etilgan xat-xabar yoki maʼlumotlarning berilganligi va h.k.
Sudlar qarz tan olinganligini koʻrsatuvchi harakatlar majbur shaxsning vakolatli vakili tomonidan amalga oshirilgan boʻlishi lozimligiga eʼtibor qaratishlari lozim. Majbur shaxsning vakolatli vakili deganda, FKning 10-bobida belgilangan tartibda vakolati rasmiylashtirilgan shaxs tushuniladi. Agar bunday harakatlar vakolatsiz shaxs tomonidan amalga oshirilgan boʻlsa, uning harakatlari qarzni tan olish deb baholanmasligi lozim. Sudlar inobatga olishlari kerakki, majbur shaxsning qarzni tan olganligini koʻrsatuvchi harakatlar daʼvo muddati davrida amalga oshirilgan boʻlishi lozim. Agarda bunday harakatlar daʼvo muddati oʻtgandan keyin amalga oshirilgan boʻlib, nizoni koʻrish paytida javobgar daʼvo muddatini qoʻllashni soʻrasa, sud daʼvo muddatini qoʻllaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Inobatga olish lozimki, sud tomonidan daʼvo arizasini qabul qilish rad etilganda (IPKning 154-moddasi), daʼvo arizasi qaytarilganda (IPKning 155-moddasi), sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizani qabul qilish rad etilganda (IPKning 140-moddasi), sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi ariza qaytarilganda (IPKning 141-moddasi), shuningdek sud buyrugʻini berish rad etilganda (IPKning 144-moddasi) daʼvo muddatining oʻtishi uzilmaydi. Daʼvo arizasi (ariza) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taqdim etilganda va u sud tomonidan qabul qilingandagina daʼvo muddatining oʻtishi uziladi.
Daʼvo arizasini qabul qilishni rad etish, daʼvo arizasini qaytarish, sud buyrugʻi berish toʻgʻrisidagi arizani qabul qilishni rad etish, sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizani qaytarish, sud buyrugʻi berishni rad etish haqidagi ajrim yuqori instansiya sudi tomonidan bekor qilingan taqdirda, daʼvo muddatining oʻtishi daʼvo arizasi (ariza) dastlab berilgan kundan boshlab uzilgan hisoblanadi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
15. FK 158-moddasi birinchi qismining mazmuniga koʻra, IPKning 107-moddasiga asosan daʼvo koʻrmasdan qoldirilgan boʻlsa, daʼvo qoʻzgʻatilgunga qadar oʻta boshlagan daʼvo muddati umumiy tartibda davom etadi.
FKda daʼvoni koʻrmasdan qoldirish uchun asos boʻlgan, yaʼni IPKning 107-moddasida koʻrsatilgan birorta holatda, hatto daʼvo IPK talablariga rioya etilgan holda berilgan boʻlsa ham (IPK 107-moddasining 6 — 9-bandlari), daʼvo muddatining uzilishi nazarda tutilmagan. Shu munosabat bilan sudlarga tushuntirilsinki, daʼvo koʻrmasdan qoldirilganda, FKning 157-moddasi qoidalari qoʻllanilmaydi, yaʼni koʻrmasdan qoldirilgan daʼvo arizasi boʻyicha daʼvo muddatining oʻtishi u berilgan paytdan uzilmaydi.
Daʼvo arizasini koʻrmasdan qoldirish toʻgʻrisidagi ajrim yuqori instansiya sudi tomonidan bekor qilingan taqdirda, daʼvo muddatining oʻtishi daʼvo arizasi sudga dastlab berilgan kundan boshlab uzilgan hisoblanadi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
15.1. FK 158-moddasining ikkinchi qismida jinoyat ishlari boʻyicha sud tomonidan koʻrilayotgan jinoyat ishi doirasida taqdim etilgan daʼvo koʻrmasdan qoldirilgan taqdirda, daʼvo qoʻzgʻatilgunga qadar oʻta boshlagan daʼvo muddati daʼvo koʻrmasdan qoldirilgan hukm qonuniy kuchga kirgunga qadar toʻxtatib turilishi, daʼvo muddati toʻxtatib turilgan vaqt daʼvo muddatiga qoʻshilmasligi nazarda tutilgan. Sudlarga tushuntirilsinki, bunday holatda daʼvo muddati toʻxtatilgan kun, daʼvo qoʻzgʻatilgan sana hisoblanadi. Bunda daʼvo muddatining qolgan qismi olti oydan kam boʻlsa, u olti oygacha uzaytiriladi.
16. FK sud daʼvo muddatining oʻtkazib yuborilganligi sababini uzrli deb topsa, buzilgan huquq himoya qilinishi kerakligini nazarda tutadi (FKning 159-moddasi).
Sudlar inobatga olishi kerakki, FKda daʼvo muddatining oʻtkazib yuborilganligi sababini uzrli deb topish va uni tiklash toʻgʻrisida ariza berilishi shartligi nazarda tutilmagan. Shuning uchun, agar daʼvo muddati oʻtkazib yuborilgan boʻlsa va javobgar tomonidan daʼvo muddatini qoʻllash talab etilsa, sud daʼvo muddatining oʻtkazib yuborilganligi sababini aniqlashi hamda ushbu holatni tasdiqlovchi hujjatlarni daʼvogardan talab qilib olishi lozim.
Daʼvogar tomonidan daʼvo muddati oʻtkazib yuborilganligi sababini uzrli deb topish va uni tiklash toʻgʻrisida ariza berilgan boʻlsa hamda sud daʼvo muddatining oʻtkazib yuborilganligi sababini uzrli deb topsa, oʻtkazib yuborilgan muddat tiklanishi va buzilgan huquq himoya qilinishi mumkin. Bunda javobgarning daʼvo muddati oʻtganligi sababli daʼvoni rad etish toʻgʻrisidagi arizasini qanoatlantirishni rad etish haqida ajrim chiqariladi.
FKda qaysi holatlar (sabablar) daʼvo muddatining oʻtkazib yuborilganligini uzrli deb topish uchun asos boʻlishi koʻrsatilmagan. Shu munosabat bilan sudlar daʼvo muddatini oʻtkazib yuborilishining sabablarini ushbu holatlarni tasdiqlash uchun taqdim etilgan dalillar bilan birga oʻrganishlari, ularni muhokama qilib, mazkur masala yuzasidan ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning fikrlarini eshitib, ularga huquqiy baho berishi lozim.
Agar daʼvo muddatining oʻtkazib yuborilganligini uzrli deb topish va ushbu muddatni tiklash toʻgʻrisida ariza berilgan boʻlsa, ushbu arizani koʻrib chiqish natijasi hal qiluv qarorida koʻrsatilishi kerak. Agar daʼvo muddatining oʻtkazib yuborilganligini uzrli deb topish toʻgʻrisida ariza berilmagan boʻlsa, lekin sud daʼvo muddati oʻtkazib yuborilishini uzrli deb topsa, bu haqida hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida bayon etishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
16.1. Daʼvogar tomonidan oʻtkazib yuborilgan daʼvo muddatini uzrli deb topish va uni tiklash haqida ariza faqatgina birinchi instansiya sudiga berilishi mumkin, yaʼni daʼvo muddatining oʻtkazib yuborilganligi faqat birinchi instansiya sudi tomonidan uzrli deb topilishi mumkin. Bunday arizaning apellyatsiya, kassatsiya hamda nazorat instansiyasi sudida koʻrilayotgan paytda berilishi oʻtkazib yuborilgan daʼvo muddatini tiklash va buzilgan huquqni himoya qilinishi uchun asos boʻla olmaydi.
(16.1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Keyingi tahrirga qarang.
Sudlar daʼvo muddati oʻtkazib yuborilishiga sabab boʻlgan holat qancha muddat davom etganligini aniqlashlari lozim. Daʼvo muddatining oʻtkazib yuborilgan muddati, uning oʻtkazib yuborilishiga sabab boʻlgan holatning amal qilish muddatiga teng boʻlsagina, ushbu muddat tiklanishi mumkin.
16.2. Daʼvogar daʼvo muddati oʻtganligini bilmagan holda daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qilgan boʻlsa va javobgar daʼvo muddatini qoʻllashni soʻrasa, daʼvogarning bu masala yuzasidan fikri eshitilishi kerak. Agar bunday holatda daʼvogar daʼvo muddati oʻtkazib yuborilishining sababini uzrli deb topish haqida ariza bersa, u muhokama qilinishi va huquqiy baho berilgan holda ushbu arizani qanoatlantirish yoki qanoatlantirishni rad etish haqidagi masala hal qilinishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Daʼvo arizasiga daʼvo muddatini tiklash haqida ariza ilova qilingan yoki daʼvo arizasida daʼvo muddatini tiklagan holda uni ish yuritishga qabul qilish soʻralgan boʻlsa, daʼvo arizasi IPK talablari asosida berilgan taqdirda, u ish yuritishga qabul qilinishi kerak. Bunday holatda daʼvo muddatini tiklash masalasi sud majlisida javobgar tomonidan daʼvo muddatini qoʻllashni bayon qilgandagina hal qilinadi.
(16.2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
16.3. Daʼvo muddatini oʻtkazib yuborish sabablari daʼvo muddatining oxirgi olti oyida, bu muddat olti oyga teng yoki olti oydan kam boʻlsa, daʼvo muddatida yuz bergan boʻlsa, ular uzrli deb hisoblanishi mumkin. Xususan, daʼvo muddati ikki oyga teng boʻlgan talablar boʻyicha daʼvo muddatining oʻtkazib yuborilishining sababini uzrli deb topish uchun, bunday sabab aynan daʼvo muddati, yaʼni ikki oy ichida sodir boʻlgan boʻlishi lozim. Bunday sabab ikki oylik muddat, yaʼni daʼvo muddati oʻtganidan keyin yuz bergan boʻlsa, uni uzrli deb topish va daʼvo muddatini tiklashga yoʻl qoʻyilmaydi.
17. FKning 161-moddasi talablariga koʻra majbur shaxs oʻz majburiyatini daʼvo muddati oʻtganidan keyin bajargan boʻlsa, ijro etish paytida daʼvo muddatining oʻtib ketganligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlganligidan qatʼiy nazar, bajargan narsasini qaytarishni talab qilishga haqli emas. Shuning uchun oʻz majburiyatini daʼvo muddati oʻtganidan keyin ijro etgan shaxs ushbu harakat daʼvo muddati oʻtganidan keyin amalga oshirilganligini asos qilib, bergan narsasini qaytarish haqidagi daʼvo bilan murojaat qilsa, bunday daʼvoni qanoatlantirish rad etilishi lozim.
17.1. Asosiy talab boʻyicha daʼvo muddati oʻtishi bilan qoʻshimcha talablar (neustoyka, garov, kafolat va shu kabilar) boʻyicha daʼvo muddati ham oʻtgan hisoblanadi.
18. FKning 163-moddasida daʼvo muddati joriy qilinmaydigan talablar roʻyxati keltirilgan.
Sudlarga tushuntirilsinki, daʼvo muddati joriy qilinmaydigan talablar boʻyicha nizodagi taraf daʼvo muddatini qoʻllashni bayon qilsa, ushbu arizani qanoatlantirish rad etilishi haqida sud hujjatining asoslantiruvchi qismida koʻrsatilishi kerak.
FK 163-moddasining beshinchi xatboshisiga koʻra jinoyat tufayli yetkazilgan zararni toʻlash haqidagi talablarga daʼvo muddati joriy qilinmaydi. Shuni inobatga olish lozimki, jinoyat tufayli yetkazilgan zarar qonuniy kuchga kirgan jinoyat ishlari boʻyicha sudning hukmi, ajrimi, yoki tergov organining qarori bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
18.1. Sudlar inobatga olishlari kerakki, mulkdor oʻz mol-mulkini boshqa shaxsning qonunsiz egaligidan talab qilib olish haqidagi talablarga (vindikatsion daʼvo) nisbatan umumiy daʼvo muddati qoʻllaniladi, FKning 231-moddasida qayd etilgan talablarga, yaʼni mulkdor oʻz huquqlarining har qanday buzilishini, garchi bu buzish egalik qilishdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmasa ham (negator daʼvo), bartaraf etish haqidagi talablarga nisbatan esa daʼvo muddati joriy qilinmaydi.
18.2. FKning 163-moddasida qayd etilgan daʼvo muddati joriy etilmaydigan talablar qatʼiy emas. Qonunda belgilangan hollarda boshqa talablarga nisbatan ham daʼvo muddatlari joriy qilinmasligi mumkin.
19. Sudlarga tushuntirilsinki, “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 35-moddasi talablaridan kelib chiqib, korxona, muassasa va tashkilotlarning qarzdorliklarini undirish haqidagi daʼvo arizalari daʼvo muddati oʻtganligi sababli rad etilganda, sud ushbu qarzdorliklarni oʻz vaqtida undirish chorasini koʻrmasdan daʼvo muddatini oʻtishiga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli javobgarlik masalasini hal etish uchun prokuratura organlariga xabar qiladi.
20. Sudlarga daʼvo muddatlariga oid fuqarolik qonun hujjatlarining normalarini qoʻllash bilan bogʻliq nizolarni koʻrib chiqish sud amaliyotini vaqti-vaqti bilan umumlashtirish va mavjud sud xatolarini, shuningdek bunday xatolarni keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish uchun zarur choralar koʻrib borish tavsiya etilsin.
Oliy xoʻjalik sudi raisi K. KAMILOV
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining kotibi, sudya K. DAVLETOVA
Toshkent sh.,
2015-yil 19-iyun,
282-son