Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan meʼyoriy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 21-noyabrdagi 739-sonli “Yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining “Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksini amalga kiritish tartibi toʻgʻrisida” 1998-yil 30-apreldagi 608-I-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 14-noyabrdagi 387-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2016-y., 50-son, 566-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 22-sentabrdagi 269-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2014-y., 39-son, 490-modda)
Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va tarbiyaga olish (patronat) toʻgʻrisidagi Nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining “Oʻzbekiston SSRning vasiylik va homiylik organlari toʻgʻrisidagi, shuningdek bolalarni tarbiyaga berish (patronat) tartibi va shartlari toʻgʻrisidagi Nizomlarni tasdiqlash haqida” 1970-yil 19-yanvardagi 20-son qarori (OʻzSSR QT, 1970-y., 1-son, 7-modda);
Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining “Mehnatkashlar deputatlari rayon, shahar Soveti ijroiya komiteti huzuridagi grajdanlarning yoshini belgilash komissiyasi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 1976-yil 9-iyuldagi 393-son qarori (OʻzSSR QT, 1976-y., 7-son, 42-modda);
Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining “Oʻzbekiston SSR xalq deputatlari rayon, shahar, shahardagi rayon Sovetlari ijroiya komitetlarining ZAGS boʻlimlari va posyolka, qishloq hamda ovul Sovetlari ijroiya komitetlari tomonidan grajdanlik holati aktlarini qayd qilish Qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 1982-yil 16-dekabrdagi 803-son qarori (OʻzSSR QT, 1982-y., 12-son, 46-modda);
Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarining yangi fuqarolik urf-odatlarini joriy etishga doir ishlarini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1989-yil 26-iyuldagi 239-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari D. M. Gʻulomova zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 12-aprel,
171-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 14-noyabrdagi 387-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2016-y., 50-son, 566-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 22-sentabrdagi 269-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2014-y., 39-son, 490-modda)
Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat) toʻgʻrisida
NIZOM
BIRINChI BOʻLIM
VOYAGA YETMAGAN BOLALARNI FARZANDLIKKA OLISh
VOYAGA YETMAGAN BOLALARNI FARZANDLIKKA OLISh
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka olish Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksi va ushbu Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
2. Farzandlikka olish faqat ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan voyaga yetmagan bolalarga nisbatan, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida yoʻl qoʻyiladi.
3. Farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni xohlagan shaxslarning arizasiga va vasiylik va homiylik organlari tavsiyasiga koʻra tuman, shahar hokimi qarori bilan amalga oshiriladi.
4. Farzandlikka oluvchilar — bolalarning qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilish boʻyicha ota-ona majburiyatlarini ixtiyoriy ravishda oʻz zimmasiga olgan shaxslardir.
II. FARZANDLIKKA OLINIShI LOZIM BOʻLGAN BOLALARNI VA ULARNI FARZANDLIKKA OLIShNI XOHLAGAN ShAXSLARNI HISOBGA OLISh
Oldingi tahrirga qarang.
5. Farzandlikka olinishi lozim boʻlgan bolalar haqidagi maʼlumotlarni va farzandlikka olinuvchilarni joylashtirish boʻyicha tuman, shahar hokimiga tavsiyalar tayyorlash tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan amalga oshiriladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 822-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2019-y., 09/19/822/3840-son)
6. Ota-onalar qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga ega boʻlgan muassasalar (maktabgacha tarbiya va umumtaʼlim muassasalari, davolash muassasalari va boshqa muassasalar)ning mansabdor shaxslari va boshqa fuqarolar bu haqda bolalar yashab turgan joydagi vasiylik va homiylik organlarini uch kun muddatda xabardor qilishlari shart.
Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan muassasalar tomonidan farzandlikka olinishi lozim boʻlgan bolalar haqidagi maʼlumotlarni boshqa tashkilotlar va muassasalarga, shuningdek fuqarolarga qonunda belgilangan hollardan tashqari berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
7. Quyidagi:
ota-onasi vafot etgan;
ota-onasi ota-onalik huquqidan mahrum etilgan;
ota-onasi sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan;
ota-onasi bolalarni tarbiyalash yoki ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan boʻyin tovlagan;
ota-onasi bir yildan ortiq muddat davomida bolalar muassasalari yoki tibbiy muassasalardagi bolasidan uzrli sabablarsiz xabar olmagan;
ota-onasi tarbiyalash, davolash muassasalaridan, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasidan va boshqa muassasalardan bolasini olishdan bosh tortgan;
ota-onasi bedarak yoʻqolgan yoki vafot etgan deb eʼlon qilingan bolalar farzandlikka olinishi lozim boʻlgan bolalar sifatida hisobga olinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Farzandlikka olishni xohlovchi shaxs yashash joyidagi tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 822-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2019-y., 09/19/822/3840-son)
familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, nikohda qachondan beri turganligi, er-xotinning birga yoki alohida yashashi, agar farzandlari boʻlsa ularning soni va yoshi, farzandlikka olinadigan bolaning yoshi va jinsi koʻrsatilgan ariza;
shaxsini tasdiqlovchi hujjat;
nikoh toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi (agar nikohda boʻlsa);
oila aʼzolari koʻrsatilgan holda yashash joyidan maʼlumotnoma;
Keyingi tahrirga qarang.
ish joyidan ish haqi koʻrsatilgan maʼlumotnoma;
ish joyidan yoki yashash joyidan tavsifnoma;
farzandlikka oluvchi boʻlishni xohlovchi shaxsning sogʻligʻi toʻgʻrisida tibbiy-maslahat komissiyasining xulosasi, psixiatriya va narkologiya muassasalari, teri-tanosil kasalliklari dispanserining maʼlumotnomalari.
Oldingi tahrirga qarang.
Farzandlikka oluvchilar boʻlish imkoniyati toʻgʻrisida xulosa tayyorlash uchun tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi bolani farzandlikka olishni xohlagan shaxslarning turmush sharoitlarini oʻrganish natijalari boʻyicha dalolatnoma tuzadi.
(8-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 822-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2019-y., 09/19/822/3840-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar, shuningdek bolani farzandlikka olishni xohlagan shaxslarning turmush sharoitlarini oʻrganib chiqish dalolatnomasi asosida tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi ariza berilgan kundan boshlab 30 ish kuni mobaynida ularning farzandlikka oluvchilar boʻlishi imkoniyati toʻgʻrisidagi xulosani tayyorlaydi. Ushbu xulosa ariza beruvchilarga beriladi va farzandlikka olishga nomzodlar sifatida hisobga qoʻyish uchun asos hisoblanadi.
(8-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 822-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2019-y., 09/19/822/3840-son)
Vasiylik va homiylik organi salbiy xulosa va unga asoslangan farzandlikka olishga nomzodlar sifatida hisobga qoʻyishning rad etilishini xulosa imzolangan sanadan boshlab 5 kun muddatda ariza beruvchining eʼtiboriga yetkazadi. Ayni bir vaqtda ariza beruvchiga barcha hujjatlar qaytariladi va qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibi tushuntiriladi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-avgustdagi 179-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 347-modda)
9. Voyaga yetgan erkak yoki ayol fuqarolar farzandlikka oluvchilar boʻlishi mumkin, quyidagi shaxslar bundan mustasno:
ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklanganlar;
qonun bilan belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar;
asab kasalliklari yoki narkologiya muassasalarida roʻyxatda turuvchilar;
sobiq farzandlikka oluvchilar, agar ular farzandlikka olish boʻyicha zimmalariga yuklangan majburiyatlarni bajarishdan boʻyin tovlaganliklari yoki ularni lozim darajada bajarmaganliklari, ota-onalik huquqini suiisteʼmol qilganliklari, farzandlikka olinuvchilarga nisbatan shafqatsizlik bilan muomalada boʻlganliklari, shuningdek surunkali ichkilikbozlik yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlganliklari munosabati bilan farzandlikka olish bekor qilingan boʻlsa;
qasddan sodir qilgan jinoyati uchun ilgari hukm qilinganlar.
Farzandlikka oluvchi va farzandlikka olinuvchilar yoshidagi farq oʻn besh yoshdan kam boʻlmasligi shart, oʻgay ota va oʻgay ona tomonidan farzandlikka olish hollari bundan mustasno.
10. Vasiylik va homiylik organi tarbiyalash yoki davolash muassasalarida tarbiyalanayotgan bolalarni farzandlikka olishni istovchi shaxslarni roʻyxatga oladi.
Aniq bir bolani (masalan, nevaralar, oʻgay oʻgʻil yoki oʻgay qiz, vafot etgan qarindoshlarining farzandlari va boshqalarni) farzandlikka oluvchilar farzandlikka olishni istovchi shaxslarning umumiy roʻyxatiga olinmaydi.
11. Farzandlikka olishda quyidagilar ustunlik huquqiga ega boʻladilar:
turar joyidan qatʼi nazar, farzandlikka olinuvchining qarindoshlari;
oilasida farzandlikka olinuvchi bola yashayotgan shaxs;
aka-uka, opa-singillarni ular orasidagi qarindoshlik aloqalarini buzmasdan farzandlikka olayotgan shaxslar;
oʻgay ota va oʻgay ona;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari;
kasallik, baxtsiz hodisa oqibatida farzandlaridan ajralgan shaxslar.
Oldingi tahrirga qarang.
III. FARZANDLIKKA OLISh UChUN BOLALARNI TANLASh
(III bobning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-avgustdagi 179-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 347-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
12. Tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi fuqarolar farzandlikka oluvchi nomzodlar sifatida hisobga qoʻyilgandan keyin ularga farzandlikka olish mumkin boʻlgan bola (bolalar) toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etadi va bola (bolalar) yashaydigan (turgan) joyda bolani (bolalarni) koʻrish uchun yoʻllanma beradi.
Agar farzandlikka olishga nomzodlar oʻz yashash joyida farzandlikka olish uchun bolani tanlay olmasa, ular farzandlikka olinadigan bola toʻgʻrisida maʼlumot olish uchun oʻz xohishlariga koʻra boshqa tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga murojaat qilishlari mumkin.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 822-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2019-y., 09/19/822/3840-son)
Oldingi tahrirga qarang.
121. Farzandlikka olishga nomzodlar quyidagi huquqlarga ega:
bola toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotni va uning qarindoshlari borligi haqidagi maʼlumotlarni olish;
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan tartibda bola turgan muassasaning vakili ishtirokida bolani farzandlikka olishni mustaqil tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish uchun tibbiyot muassasasiga murojaat qilish.
122. Farzandlikka olishga nomzodlar shaxsan:
bola bilan tanishishga va u bilan aloqa oʻrnatishga;
farzandlikka olinadigan bolaning hujjatlari bilan tanishishga;
bolaning sogʻligʻi toʻgʻrisidagi tibbiy xulosa bilan tanishganlikni yozma shaklda tasdiqlashga majbur.
(121 va 122-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-avgustdagi 179-sonli qarori bilan kiritildi — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 347-modda)
13. Vasiylik va homiylikdagi, davlat bolalar muassasalari tarbiyasi va taʼminotidagi bolalarni farzandlikka olish, ota-onasining roziligi talab qilinmaydigan hollarda, vasiy (homiy) yoki ushbu muassasa maʼmuriyati roziligi bilan amalga oshiriladi.
14. Vasiylik va homiylik organi farzandlikka olinuvchi haqida quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
tugʻilganlik haqida guvohnoma;
bola er-xotindan biri tomonidan farzandlikka olinayotgan boʻlsa xotin (er)ning yozma roziligi (agar er-xotin oilaviy munosabatni tugatgan, bir yildan oshiq birgalikda yashamayotgan va er (xotin)ning turar joyi nomaʼlum boʻlsa, xotin (er)ning yozma roziligi talab etilmaydi);
farzandlikka olinuvchi ota-onasining notarial ravishda tasdiqlangan roziligi;
ota-onasining vafot etganligi haqida maʼlumotnoma yoki sudning ota-onalik huquqidan mahrum etilganligi toʻgʻrisida, ota-onalar, muomalaga layoqatsiz yoki layoqati cheklangan, bedarak yoʻqolgan yoki oʻlgan deb topilganligi toʻgʻrisidagi qarori;
ota-onaning bolani tarbiyasi va taʼminotidan voz kechganligi toʻgʻrisidagi arizasi, ota-onaga qidiruv eʼlon qilinganlik haqidagi hujjatlar, ichki ishlar, tarbiyalash, davolash va boshqa muassasalarning bola tashlab ketilganligi haqidagi dalolatnomasi va boshqa hujjatlar;
davolash muassasasining bolaning jismoniy va ruhiy rivojlanishi toʻgʻrisidagi xulosasi.
IV. FARZANDLIKKA OLISh HAQIDA HOKIMGA TAQDIM ETADIGAN TAVSIYANOMALARNING TAYYORLANIShI
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Farzandlikka olish uchun bola tanlangandan keyin farzandlikka oluvchiga nomzod bolaning yashash joyi (bola turgan joy) dagi tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimiga farzandlikka olinayotgan bolaning familiyasi, ismi, otasining ismi, yoshi va jinsini koʻrsatgan holda ariza bilan murojaat qiladi. Ariza bilan birgalikda nomzodning farzandlikka oluvchi boʻlishi mumkinligi toʻgʻrisida tegishli tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan berilgan xulosa taqdim etiladi;
(15-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 822-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2019-y., 09/19/822/3840-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Tarbiyalash yoki davolash muassasalaridan farzandlikka olish uchun berilayotgan bolaga hujjatlar tayyorlash yuqoridagi muassasalar maʼmuriyati tomonidan amalga oshiriladi va tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlariga koʻrib chiqishga beriladi.
(15-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 822-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2019-y., 09/19/822/3840-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari taqdim etilgan hujjatlar asosida quyidagilarni eʼtiborga olgan holda tuman, shahar hokimiga tavsiyanoma tayyorlaydi:
(15-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 822-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2019-y., 09/19/822/3840-son)
a) farzandlikka olinuvchining sogʻligʻi:
sogʻlom bolalar, jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsonlari boʻlgan bolalar bolaning sogʻligʻi toʻgʻrisida farzandlikka oluvchini xabardor qilish sharti bilan farzandlikka berilishi mumkin;
farzandlikka olinuvchining sogʻligʻi haqidagi tibbiy maʼlumot pediatr, nevropatolog, xirurg (ortoped-travmatolog), oftalmolog, otolaringolog, logoped tomonidan tuziladi va sogʻliqni saqlash tizimida belgilangan tartibda tasdiqlanadi. Bola boshqa mutaxassislar tomonidan ham tekshiriladi.
b) farzandlikka olinuvchi ota-onasining roziligi:
farzandlikka olinayotganning ota-onasidan bolasini farzandlikka berish uchun notarial tasdiqlangan (pasport maʼlumotlari koʻrsatilgan holda) roziligi talab qilinadi;
farzandlikka olinuvchining ota-onasi farzandini muayyan bir shaxs tomonidan farzandlikka olinishiga rozilik berishlari yoki farzandlikka berishga rozilik bildirib, farzandlikka oluvchilarni tanlash ixtiyorini vasiylik va homiylik organiga havola qilishlari mumkin;
bola joylashgan tarbiyalash va davolash muassasalari maʼmuriyati bolaning ota-onasidan boshqa shaxs tomonidan farzandlikka olinishiga roziligini olishda farzandlikka olishning huquqiy oqibatlari toʻgʻrisida tushuntirish berishi kerak;
tuman, shahar hokimining farzandlikka olish haqidagi qarori chiqarilgunga qadar ota-ona oʻz roziligini qaytarib olishga haqlidir. Ota-onaning roziligisiz farzandlikka olish quyidagi hollarda amalga oshiriladi, agar:
ota-onaning kimligi nomaʼlum boʻlsa;
ota-ona ota-onalik huquqidan mahrum qilingan boʻlsa;
ota-ona muomalaga layoqatsiz, bedarak yoʻqolgan deb topilgan yoki vafot etgan deb eʼlon qilingan boʻlsa;
ota-ona bir yildan ortiq muddat davomida bolalar yoki davolash muassasalaridagi bolasidan uzrli sabablarsiz xabar olmagan boʻlsa.
v) farzandlikka olinuvchining roziligi;
agar farzandlikka olinuvchi oʻn yoshga toʻlgan boʻlsa, uning farzandlikka olinishga roziligi vasiylik va homiylik organlari tomonidan aniqlanadi. Bolaning roziligi olinganda unga farzandlikka olishning huquqiy oqibatlari (qarindoshlari bilan koʻrishish, mulkiy va boshqa nizolar), uning familiyasi, tugʻilish toʻgʻrisidagi yozuvlarning oʻzgarishi tushunarli holda bolaga bayon qilinishi shart;
agar bola farzandlikka oluvchilarning oilasida tarbiyalanayotgan boʻlsa va ularni oʻz ota-onasi deb eʼtirof etishi vasiylik va homiylik organi tomonidan oʻtkazilgan suhbat mobaynida aniqlangan boʻlsa, farzandlikka olish farzandlikka olinayotgan bolaning roziligisiz amalga oshirilishi mumkin.
g) farzandlikka oluvchilarning oilaviy va boshqa sharoitlarini oʻrganish:
jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalarni farzandlikka olish haqidagi farzandlikka oluvchilarning arizalarida bolaning sogʻligi toʻgʻrisida batafsil tanishganligi hamda uning tarbiyasi va taʼminotini oʻz zimmasiga olishi haqida maʼlumotlar boʻlishi kerak;
agar bola er-xotinning har ikkalasi tomonidan farzandlikka olinmayotgan boʻlsa, vasiylik va homiylik organi er-xotinning birining roziligini oladi, oilaviy sharoitini oʻrganadi va tuman, shahar hokimiga farzandlikka olish bola tarbiyasi va manfaatlariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa tayyorlaydi.
V. FARZANDLIKKA OLIShNI RASMIYLAShTIRISh VA UNI SIR SAQLASh
16. Farzandlikka olish toʻgʻrisidagi tuman, shahar hokimining qarori chiqarilganidan keyin oʻn kun ichida fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlari farzandlikka olinayotganlarning tugʻilishi qayd etilgan daftarga zarur oʻzgartirishlar kiritishi lozim.
Farzandlikka oluvchilar bolaning tugʻilganligi toʻgʻrisidagi yozuvlar daftariga uning ota-onasi deb yozilishi kerak. Zarur hollarda bolaning familiyasi, ismi, otasining ismigina emas, balki tugʻilgan sanasi ham bir yildan ortiq boʻlmagan farq bilan oʻzgartiriladi.
Agar bola oʻn yoshdan oshmagan boʻlsa, tugʻilgan joyi ham Oʻzbekiston Respublikasi doirasida oʻzgartirilishi mumkin.
17. Farzandlikka olingan bolaning tugʻilganligi toʻgʻrisidagi yozuvlar daftariga zarur oʻzgartirishlar kiritilgan kun farzandlikka olishning vujudga kelgan vaqti hisoblanadi.
18. Farzandlikka olishni sir saqlash qonun bilan himoya qilinadi.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish daftaridagi va boshqa hujjatlardagi farzandlikka oluvchilar farzandlikka olinganning otasi emasligini bildiradigan mazmundagi yozuvlar bilan tanishtirish, bu yozuvlardan koʻchirmalar va boshqa maʼlumotlarni farzandlikka oluvchilarning roziligisiz, ular vafot etgan holda, vasiylik va homiylik organining roziligisiz berish taqiqlanadi.
Farzandlikka oluvchining yoki vasiylik va homiylik organining erkiga xilof ravishda farzandlikka olish sirini oshkor qilgan shaxslar qonun bilan belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
VI. FARZANDLIKKA OLIShNING HUQUQIY OQIBATLARI
19. Farzandlikka olingan bolalar barcha shaxsiy va mulkiy huquqlarda farzandlikka oluvchining oʻz bolalariga tenglashtiriladi.
Farzandlikka olinganlar va ularning ota-onasi (ota-onasining qarindoshlari) bir-birlariga nisbatan shaxsiy va mulkiy huquqlarini hamda majburiyatlarini yoʻqotadilar.
20. Farzandlikka olinish vaqtida boquvchisini yoʻqotganlik uchun pensiya yoki nafaqa olish huquqiga ega boʻlgan voyaga yetmaganlar farzandlikka olingan taqdirda ham ana shu huquqni saqlab qoladilar.
VII. FARZANDLIKKA OLIShNI BEKOR QILISh UChUN ASOSLAR VA UNING OQIBATLARI
21. Farzandlikka olish quyidagi hollarda haqiqiy emas deb topiladi, agar:
farzandlikka olish qalbaki hujjatlar asosida rasmiylashtirilgan boʻlsa;
farzandlikka olish soxta boʻlsa;
voyaga yetgan shaxs farzandlikka olingan boʻlsa;
farzandlikka oluvchi shaxs farzandlikka olish huquqiga ega boʻlmagan boʻlsa, yaʼni ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklanganlar, qonun bilan belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar, ruhiy yoki narkologik muassasalarda roʻyxatda turuvchilar, qasddan sodir qilgan jinoyatlari uchun ilgari hukm qilinganlar, shuningdek, sobiq farzandlikka oluvchilar mazkur Nizomning 22-bandida koʻrsatib oʻtilgan asoslar boʻyicha farzandlikka olishi bekor qilingan boʻlsa.
22. Farzandlikka olish agar farzandlikka oluvchilar:
oʻz zimmalariga yuklangan majburiyatlarni bajarishdan boʻyin tovlayotgan yoki ularni lozim darajada bajarmayotgan boʻlsalar;
ota-onalik huquqini suiisteʼmol qilayotgan boʻlsalar;
farzandlikka olinuvchilarga nisbatan shafqatsizlik bilan muomalada boʻlsalar;
muttasil ichkilikbozlikka yoki giyovandlikka mubtalo boʻlgan boʻlsalar bekor qilinishi lozim.
Farzandlikka olinuvchi oʻn sakkiz yoshga toʻlgandan keyin uning xulq-atvori farzandlikka oluvchilarning shaʼni va qadr-qimmatiga putur yetkazayotgan, ularning hayoti yoki sogʻligʻiga xavf solayotgan boʻlsa, farzandlikka olish sud tartibida bekor qilinishiga yoʻl qoʻyiladi.
Sud boshqa asoslarga koʻra ham bolaning manfaatlaridan kelib chiqib, uning fikrini hisobga olgan holda farzandlikka olishni bekor qilishga haqlidir.
Oldingi tahrirga qarang.
23. Farzandlikka olishni sud tartibida bekor qilishni uning ota-onasi, prokuror, vasiylik va homiylik organlari, voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha idoralararo komissiyalar, shuningdek, oʻn olti yoshga toʻlgan farzandlikka olingan bola talab qilish huquqiga ega.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-iyundagi 385-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 25-son, 539-modda)
24. Farzandlikka olishni haqiqiy emas deb topish va farzandlikka olishni bekor qilishga faqat sud tartibida yoʻl qoʻyiladi. Bu toifadagi ishlarni hal qilishda oʻn yoshga toʻlgan bolaning fikri hisobga olinadi.
Farzandlikka olishni haqiqiy emas deb topish yoki farzandlikka olishni bekor qilish toʻgʻrisidagi sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirganidan keyin uch kundan kechiktirmay sud shu qarordan koʻchirmani bolaning farzandlikka olinishi toʻgʻrisida qaror chiqargan shahar, tuman hokimiga va tegishli fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organiga yuborishi shart.
25. Sud tomonidan farzandlikka olish haqiqiy emas deb topilganda yoki farzandlikka olish bekor qilinganda farzandlikka olingan bola bilan farzandlikka oluvchilarning (farzandlikka oluvchilarning qarindoshlari) oʻzaro huquq va majburiyatlari tugatiladi hamda bola bilan uning ota-onasi (ota-onaning qarindoshlari) oʻrtasidagi huquq va majburiyatlar tiklanadi.
Farzandlikka olish haqiqiy emas deb topilganda yoki farzandlikka olish bekor qilinganda, bola sudning hal qiluv qarori bilan ota-onasiga olib beriladi.
Bolaning ota-onasi yoʻq boʻlsa, shuningdek agar bolani ota-onasiga berish uning manfaatlariga zid boʻlsa, bola vasiylik va homiylik organlari qaramogʻiga beriladi.
Sudning hal qiluv qarorida farzandlikka olingan bolaning familiyasi, ismi, otasining ismi saqlanish-saqlanmasligi koʻrsatilishi kerak.
Oʻn yoshga toʻlgan bolaning ismi va otasining ismi faqat uning roziligi bilan oʻzgartirilishi mumkin.
VIII. FARZANDLIKKA OLINGANLARNING ShAXSIY HUJJATLARINI SAQLASh TARTIBI
Oldingi tahrirga qarang.
26. Farzandlikka olingan bolalarning shaxsiy hujjatlari farzandlikka olishga tavsiya tayyorlab bergan tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlarida yetmish besh yil mobaynida saqlanadi va ularni farzandlikka olganlarning yashash joyidagi tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlariga oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
(26-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 822-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2019-y., 09/19/822/3840-son)
IX. ChET EL FUQAROLARI YOKI FUQAROLIGI BOʻLMAGAN ShAXSLAR TOMONIDAN BOLALARNI FARZANDLIKKA OLISh
27. Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan bolani farzandlikka olishda Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 151 — 167, 237-moddalari hamda ushbu Nizom talablariga rioya qilinishi lozim.
28. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan bolalarni farzandlikka olish Oʻzbekiston Respublikasida oʻz diplomatik vakolatxonasi mavjud boʻlgan davlatlarning fuqarolari tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Farzandlikka olishni istovchi shaxslarni roʻyxatga olish Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Bunday farzandlikka olishning asosiy sharti farzandlikka olish masalasini koʻrib chiqishda farzandlikka oluvchilarning shaxsan ishtirok etishi, diplomatik vakolatxonaning quyidagi maʼlumotlarni: farzandlikka bola olishni istovchi fuqarolarning familiyasi, ismi, ota ismini, tugʻilgan vaqti, turar joyi, moddiy ahvoli haqidagi maʼlumotlarni, tibbiy xulosa, oilaning axloqiy-ruhiy shart-sharoiti, shuningdek, farzandlikka oluvchining har biriga tavsifnomalarni oʻz ichiga olgan iltimosnomasi hisoblanadi.
(28-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-avgustdagi 179-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 347-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Farzandlikka oluvchilar farzandlikka olingan bolalar balogʻatga yetgunlariga qadar har yili xorijiy davlatlarning tegishli diplomatik vakolatxonalari orqali Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga bolaning psixik va jismoniy holati, uning yashash va tarbiyalanish sharoitlari toʻgʻrisida axborot taqdim etadilar. Ushbu maʼlumotlar xorijiy davlatning maxsus vakolatli organi yoki bolalarni farzandlikka olish boʻyicha tashkilot tomonidan tasdiqlanishi kerak.
(28-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-avgustdagi 179-sonli qarori asosida uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 347-modda)
29. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashayotgan bolani farzandlikka olish farzandlikka oluvchi qaysi davlatning fuqarosi boʻlsa, oʻsha davlatning vakolatli organi tomonidan amalga oshirilganligi, agar bola yoki uning ota-onasi (ulardan biri) Oʻzbekiston Respublikasi hududidan joʻnab ketishdan oldin yashab turgan joydagi tuman, shahar hokimining farzandlikka olish toʻgʻrisidagi ruxsatini oldindan olgan boʻlsagina, Oʻzbekiston Respublikasida haqiqiy deb eʼtirof etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konsuli Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashayotgan bolani farzandlikka olishni rasmiylashtirishga haqlidir.
Agar farzandlikka olish natijasida bolaning Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalar bilan belgilangan huquqlari buzilsa, farzandlikka oluvchi qaysi davlat fuqarosi boʻlishidan qatʼi nazar, farzandlikka olishni amalga oshirish mumkin emas, agar farzandlikka olingan boʻlsa, u sud tartibida bekor qilinishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
X. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDIDA FARZANDLIKKA OLUVChILAR OILALARIDA BOLALARNING TURMUSh ShAROITLARINI VA ULARNING TARBIYALANIShINI NAZORAT QILISh
Oldingi tahrirga qarang.
30. Farzandlikka olingan bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida farzandlikka olingan bolaning yashash joyidagi tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi uning turmush sharoitlari va tarbiyalanishini nazorat qiladi.
Hududida bola farzandlikka olingan tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi farzandlikka olish toʻgʻrisida tuman, shahar hokimining qarori chiqqandan keyin 7 kun muddatda farzandlikka oluvchi (lar)ning yashash joyidagi tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimiga farzandlikka olingan bolaning turmush sharoitlari va tarbiyalanishi ustidan nazoratni amalga oshirish uchun tegishli axborotni yuborishi shart. Koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni berishda farzandlikka olish sir saqlanishi kerak. Uni oshkor qilishda aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
(30-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 822-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2019-y., 09/19/822/3840-son)
Oldingi tahrirga qarang.
31. Farzandlikka olingan bolaning turmush sharoitlari va tarbiyalanishini nazorat tartibida tekshirish tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi vakillari tomonidan, farzandlikka olish belgilangandan dastlabki 3 yil mobaynida har yili oʻtkaziladi. 3 yil oʻtgandan keyin nazorat tartibida tekshirish oʻtkazish zarurligi tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan farzandlikka oluvchi (lar) oilasida shakllanayotgan aniq vaziyatga muvofiq yakka tartibda belgilanadi. Farzandlikka olingan bolaning turmush sharoitlari va tarbiyalanishini nazorat tartibida tekshirish farzandlikka olish sir saqlangan holda oʻtkaziladi.
(31-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 822-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2019-y., 09/19/822/3840-son)
Oldingi tahrirga qarang.
32. Nazorat tartibida tekshirish natijalari boʻyicha oilani borib koʻrgan tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi vakili farzandlikka olingan bolaning turmush sharoitlari va tarbiyalanishi toʻgʻrisida hisobot tuzadi. Hisobotda bolaning sogʻligʻi, oʻqishi, uning ruhiy va xulq-atvor jihatdan kamol topishi, oʻziga oʻzi xizmat qilish koʻnikmalari, tashqi koʻrinishi va oiladagi oʻzaro munosabatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aks ettirilishi kerak.
(32-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 822-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2019-y., 09/19/822/3840-son)
(X bob Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-avgustdagi 179-sonli qarori bilan qoʻshilgan — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 347-modda)
IKKINChI BOʻLIM
BOLALARNI OILAGA TARBIYAGA OLISh (PATRONAT)
BOLALARNI OILAGA TARBIYAGA OLISh (PATRONAT)
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Bolalarni oilaga tarbiyaga olish Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksi va ushbu Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Farzandlikka olgan oila ota-onalar qarovisiz qolgan bolalarni tarbiyalash shakllaridan biri hisoblanadi. Ota-onalar qarovisiz qolgan bolani (bolalarni) tarbiya qilish uchun olishni istaydigan fuqarolar (er-xotin yoki alohida fuqarolar) tutingan ota-onalar deb ataladi, ushbu oila esa farzandlikka olgan oila hisoblanadi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-avgustdagi 179-sonli qarori asosida ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 347-modda)
2. Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan voyaga yetmagan bolalar, shu jumladan, tarbiya va davolash muassasalarida, shuningdek, aholini ijtimoiy himoyalash muassasalaridagi bolalar oilaga tarbiyaga beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Farzandlikka olgan oiladagi bolalarning umumiy soni, oʻz bolalari va farzandlikka olingan bolalar bilan birgalikda, qoidaga koʻra, 8 nafardan oshmasligi kerak.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-avgustdagi 179-sonli qarori asosida ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 347-modda)
3. Bolalarni oilaga tarbiyaga olish ixtiyoriy boʻlib, u vasiylik va homiylik organlari bilan bolani olish istagini bildirgan shaxslar oʻrtasida tuzilgan maxsus shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
II. FARZANDLIKKA OLGAN OILANI TAShKIL ETISh TARTIBI
(II bobning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-avgustdagi 179-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 347-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
4.Voyaga yetgan har ikki jinsdagi shaxslar tutingan ota-ona boʻlishlari mumkin, quyidagilar bundan mustasno:
sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb eʼtirof etilgan shaxslar;
sud tomonidan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklangan deb eʼtirof etilgan shaxslar;
qonun bilan oʻz zimmasiga yuklangan majburiyatlarni lozim darajada bajarmagani uchun vasiylik yoki homiylik vazifalarini bajarishdan chetlashtirilgan shaxslar;
oʻz zimmalariga yuklangan majburiyatlarni bajarishdan boʻyin tovlaganligi yoki ularni lozim darajada bajarmaganligi, ota-onalik huquqini suiisteʼmol qilganligi, farzandlikka olinuvchilarga nisbatan shafqatsizlik bilan muomalada boʻlganliklari, shuningdek muttasil ichkilikbozlikka yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlganliklari uchun farzandlikka olish sud tomonidan bekor qilingan boʻlsa, ilgari farzandlikka bola olgan shaxslar;
qasddan qilingan jinoyatlari uchun ilgari hukm qilingan shaxslar;
sogʻligʻining yomonligi tufayli bola tarbiyalash majburiyatini bajara olmaydigan shaxslar. Qaysi kasallikka chalingan taqdirda bolani tarbiyaga olish taqiqlanadigan kasalliklar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi”;
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-avgustdagi 179-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 347-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
5. Bolani (bolalarni) farzandlikka olishni xohlovchi shaxslar oʻz yashash joyidagi vasiylik va homiylik organiga tutingan ota-onalar sifatida hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi iltimos bildirilgan arizani beradilar.
Arizaga quyidagilar ilova qilinishi kerak:
nikoh toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi (agar nikohda boʻlsa);
oila aʼzolari koʻrsatilgan holda yashash joyidan maʼlumotnoma;
Keyingi tahrirga qarang.
ish joyidan ish haqi koʻrsatilgan maʼlumotnoma;
ish joyidan yoki yashash joyidan tavsifnoma;
farzandlikka olishni xohlovchi shaxsning sogʻligʻi toʻgʻrisida tibbiy- maslahat komissiyasining xulosasi, psixiatriya va narkologiya muassasalari, teri-tanosil kasalliklari dispanserining maʼlumotnomalari;
sanitariya qoidalari va normalariga muvofiq boʻlgan mulk huquqidagi, ijara (ijaraga olish) shartlaridagi yoki boshqa asoslardagi uy-joy mavjudligini tasdiqlaydigan hujjat.
Ariza berishda shaxsni tasdiqlaydigan hujjat koʻrsatiladi.
Vasiylik va homiylik organi ariza berilgan kundan boshlab 30 ish kuni mobaynida oilaning turmush sharoitlarini, bolalarni tarbiyaga olishni istaganlarning moddiy taʼminlanganlik holatini tekshiradi, tekshirish dalolatnomasini tuzadi va tekshirish dalolatnomasi asosida ularni hisobga qoʻyadi. Hisobga qoʻyish yoki hisobga qoʻyishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror ariza beruvchilar eʼtiboriga qaror qabul qilingan kunidan boshlab 5 kun muddatda yetkaziladi. Hisobga qoʻyish rad etilgan taqdirda ariza beruvchiga barcha hujjatlar qaytariladi va qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibi tushuntiriladi.
Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan hisobda turgan shaxs vasiylik va homiylik organlari bilan kelishgan holda vasiylik va homiylik organlarida hisobda turgan va ota-onalar qarovisiz qolgan, shu jumladan tarbiyalash va davolash muassasalaridagi, shuningdek aholini ijtimoiy muhofaza qilish muassasalaridagi voyaga yetmagan bolalarning dastlabki tanlab olinishini amalga oshiradi”;
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-avgustdagi 179-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 347-modda)
6. Tutingan ota-onalarni tanlash vasiylik va homiylik organlari tomonidan amalga oshiriladi.
7. Bolalarni oilaga tarbiyaga berish ularning xohishini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Oʻn yoshga toʻlgan bolalarni faqat ularning roziligi bilan oilaga tarbiyaga berish mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzaro qarindosh boʻlgan bolalar, qoidaga koʻra, bitta oilaga beriladi, tibbiy koʻrsatkichlar boʻyicha yoki boshqa sabablarga koʻra ular birga tarbiyalanishi mumkin boʻlmagan hollar bundan mustasno.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-avgustdagi 179-sonli qarori asosida ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 347-modda)
III. BOLALARNI OILAGA TARBIYAGA OLISh TOʻGʻRISIDAGI KELIShUV
Oldingi tahrirga qarang.
8. Bolalarni farzandlikka oladigan oilaga tarbiyalash uchun berish bitim asosida amalga oshiriladi. Bolalarni tarbiyalash uchun oilaga qabul qilish toʻgʻrisidagi bitim vasiylik va homiylik organlari bilan tutingan ota-onalar oʻrtasida tuziladi.
Bolalarni tarbiyalash uchun oilaga qabul qilish toʻgʻrisidagi namunaviy bitim Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-avgustdagi 179-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 347-modda)
9. Bolalarni oilaga tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi kelishuvda tutingan ota-ona toʻgʻrisida maʼlumotlar (yashash joyi, pasporti, oilaviy sharoiti), bolani taʼminlash sharoitlari, bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish, tutingan ota-onalarning huquq va majburiyatlari, vasiylik va homiylik organlarining tutingan oilaga nisbatan majburiyatlari, shuningdek, bunday kelishuvni bekor qilish asoslari va oqibatlari koʻrsatilishi kerak.
10. Vasiylik va homiylik organi tutingan ota-onalar bilan kelishuv tuzilishigacha bolani tarbiyaga olayotgan oilaning turmush sharoitlarini oʻrganib chiqishi va ushbu oila aʼzolari sogʻligʻining ahvoli haqida maʼlumotlar toʻplashi shart.
IV. TARBIYAGA BERILGAN BOLALARNING MODDIY TAʼMINOTI
Oldingi tahrirga qarang.
11. Vasiylik va homiylik organlari oilaga tarbiyalash uchun berilgan bolalarni har yili bir marta kiyim-bosh va poyabzal bilan taʼminlaydilar.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-avgustdagi 179-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 347-modda)
12. Vasiylik va homiylik organlari bolani oilaga tarbiyaga olgan tutingan ota-onaga qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda har oyda nafaqa toʻlab turadi.
Tutingan ota-onaga homiylar, tashkilotlar, idoralar, ayrim shaxslar tomonidan bolalarni tarbiyalash maqsadida turli moddiy va maʼnaviy yordam berilishi ham mumkin.
V. BOLALARNI TARBIYAGA OLISh TOʻGʻRISIDAGI KELIShUVNING BEKOR QILINIShI
13. Bolalarni tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi kelishuv muddatidan oldin quyidagi sabablar boʻlganda tutingan ota-onaning tashabbusi bilan bekor qilinishi mumkin:
kasalligi;
oilaviy yoki mulkiy mavqening oʻzgarishi;
bolalar bilan oʻzaro bir-birini tushunmaslik va boshqalar.
Bolalarni tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi kelishuv vasiylik va homiylik organining tashabbusi bilan yoki bolalar ota-onalarga qaytarilgan yoxud ular farzandlikka olinganda muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin.
14. Bolalarni oilaga tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi kelishuvlarni toʻxtatish toʻgʻrisidagi nizolar sud tartibida hal qilinadi.
VI. OILAGA TARBIYAGA OLINGAN BOLALARNING HUQUQLARI
15. Oilaga tarbiyaga berilgan bolalar:
oʻzlariga tegishli boʻlgan aliment, shuningdek, pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy toʻlovlarni olish;
uy-joyga boʻlgan mulk egaligi yoki uy-joydan foydalanish huquqi;
qonun hujjatlariga muvofiq uy-joy olish huquqlarini saqlab qoladilar.
Oldingi tahrirga qarang.
Farzandlikka oladigan oilaga tarbiyalash (patronat) uchun berilgan bolalarga qonun hujjatlarida ota-onalar qarovisiz qolgan bolalar uchun nazarda tutilgan barcha imtiyozlar tatbiq etiladi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-avgustdagi 179-sonli qarori asosida beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 347-modda)
16. Oilaga tarbiyaga berilgan bolalar oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ota-onasi va qarindoshlari bilan koʻrishish huquqiga ham egadirlar.
17. Oilada oʻz manfaatiga daxldor har qanday masala hal qilinayotganida bola oʻz fikrini bildirishga haqlidir.
VII. TUTINGAN OTA-ONANING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
18. Tutingan ota-ona tarbiyaga olingan bolaga nisbatan vasiy huquqlari va majburiyatlariga egadirlar, yaʼni oʻz qaramogʻidagi shaxslarning qonuniy vakillari hisoblanadilar va ular nomidan hamda ularning manfaatlarini koʻzlab barcha zarur bitimlarni tuzadilar. Ular oʻz qaramogʻidagi shaxslarga oʻz huquqlarini amalga oshirishda va majburiyatlarini bajarishda koʻmaklashadilar, shuningdek, ularning huquqlari uchinchi shaxslar tomonidan suiisteʼmol etilishidan himoya qiladilar.
19. Bolalarni tarbiyaga olgan shaxslar oʻz huquqlaridan gʻarazgoʻylik yoki boshqa niyatlarda, tarbiyasidagi bolalarga zarar keltirgan holda foydalansalar, shuningdek, ularni nazoratsiz hamda zarur moddiy yordamsiz qoldirsalar, vasiylik va homiylik organlari bolalarni tarbiyaga olgan shaxslarni qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish masalasini qoʻzgʻatishga haqlidir.
20. Vasiylik va homiylik organlari oilaga tarbiyaga berilgan bolalarning turmush sharoitlarini va ularning tarbiyalanishini kuzatib boradilar.
(Oʻzbekiston Respublikasining Hukumati qarorlari toʻplami, 1999-y., 4-son, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 15-16-son, 136-modda; 2007-y., 33-34-son, 347-modda; 2008-y., 22-23-son, 204-modda; 2010-y., 13-son, 96-modda, 52-son, 521-modda; 2011-y., 24-son, 249-modda, 25-son, 260-modda, 47-son, 489-modda; 2014-y., 39-son, 490-modda; 2016-y., 50-son, 566-modda; 2017-y., 25-son, 539-modda, 30.09.2019-y., 09/19/822/3840-son; 08.07.2020-y., 09/20/429/1039-son)