Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan meʼyoriy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 21-noyabrdagi 739-sonli “Yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining “Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksini amalga kiritish tartibi toʻgʻrisida” 1998-yil 30-apreldagi 608-I-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalari 1-ilovaga muvofiq;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasida vasiylik va homiylik toʻgʻrisidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq;
Keyingi tahrirga qarang.
Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va tarbiyaga olish (patronat) toʻgʻrisidagi Nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining “Oʻzbekiston SSRning vasiylik va homiylik organlari toʻgʻrisidagi, shuningdek bolalarni tarbiyaga berish (patronat) tartibi va shartlari toʻgʻrisidagi Nizomlarni tasdiqlash haqida” 1970-yil 19-yanvardagi 20-son qarori (OʻzSSR QT, 1970-y., 1-son, 7-modda);
Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining “Mehnatkashlar deputatlari rayon, shahar Soveti ijroiya komiteti huzuridagi grajdanlarning yoshini belgilash komissiyasi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 1976-yil 9-iyuldagi 393-son qarori (OʻzSSR QT, 1976-y., 7-son, 42-modda);
Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining “Oʻzbekiston SSR xalq deputatlari rayon, shahar, shahardagi rayon Sovetlari ijroiya komitetlarining ZAGS boʻlimlari va posyolka, qishloq hamda ovul Sovetlari ijroiya komitetlari tomonidan grajdanlik holati aktlarini qayd qilish Qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 1982-yil 16-dekabrdagi 803-son qarori (OʻzSSR QT, 1982-y., 12-son, 46-modda);
Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarining yangi fuqarolik urf-odatlarini joriy etishga doir ishlarini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1989-yil 26-iyuldagi 239-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari D. M. Gʻulomova zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 12-aprel,
171-son
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 12-apreldagi 171-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish
QOIDALARI
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari* oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksiga, Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalariga**, FHDY organlarida ish yuritish tartibi haqidagi yoʻriqnomaga va FHDY organlari faoliyatiga taalluqli boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
* Keyingi oʻrinlarda matnda “FHDY organlari” deb yuritiladi.
** Keyingi oʻrinlarda matnda “Qoidalar” deb yuritiladi.
2. FHDY organlarining faoliyatiga umumiy rahbarlik, FHDY organlarini tashkil etish, qoʻshib yuborish, tugatish, qayta tashkil etish va ular faoliyatini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Adliya vazirligi FHDY organlarini hamda Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi konsullik muassasalarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan, qatʼiy hisobda turuvchi gerbli guvohnomalarning davlat blankalari bilan taʼminlaydi.
3. FHDY organlari va konsullik muassasalari fuqarolik holati dalolatnomalarining yozuv blankalari bilan tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan taʼminlanadi.
4. FHDY organlari quyidagi fuqarolik holatlari dalolatnomalarini qayd etadi;
a) tugʻilganlik;
b) nikoh tuzish;
v) nikohdan ajralish;
g) oʻlim.
Fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish davlat ahamiyatiga molik hujjatlar boʻlib, ikki nusxada tuziladi va FHDY organlarida qayd etilgan vaqtdan boshlab 75 yil mobaynida saqlanadi.
Farzandlikka olish, otalikni belgilash, familiya, ism va ota ismini oʻzgartirish, jinsni oʻzgartirish kabi voqea va faktlar yuqorida sanab oʻtilgan fuqarolik holatlari dalolatnomalarida ularga tegishli oʻzgartirishlar kiritish orqali aks ettiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasining chet elda yashovchi fuqarolariga nisbatan mazkur Qoidalarning 4-bandida koʻrsatilgan harakatlarni Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasalari amalga oshiradi.
Konsul Oʻzbekiston Respublikasining chet elda doimiy yashovchi fuqarolaridan, fuqarolik holatlarini Oʻzbekiston Respublikasida qayd ettirgan xorijiy davlatlarning fuqarolaridan hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan dalolatnomalarga oʻzgartirish, tuzatish va qoʻshimchalar kiritish, dalolatnoma yozuvlarini tiklash toʻgʻrisida arizalarni tegishli hujjatlar bilan birga qabul qilib oladi va ushbu hujjatlarni vakolatli organlarga koʻrib chiqish uchun yuboradi.
Fuqarolik holati dalolatnomasini qayd ettirish masalasida konsulga murojaat etgan shaxslardan biri Oʻzbekiston fuqarosi, ikkinchisi esa chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs boʻlgan hollarda fuqarolik holati dalolatnoma yozuvini qayd etish, agar bu yozuvni qayd etish konsullik muassasasi faoliyat koʻrsatayotgan davlatning qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan imzolangan xalqaro shartnomalar yoki bitimlarga zid boʻlmasagina amalga oshiriladi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan imzolangan shartnoma yoki bitimda Oʻzbekiston Respublikasi oila toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari normalarida koʻrsatilmagan boshqacha normalar koʻzda tutilgan boʻlsa, unda xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
6. Tugʻilishni yoki oʻlimni qayd etishda, shuningdek bu dalolatnoma yozuvlari boʻyicha birinchi marta gerbli guvohnomalar berishda konsullik yigʻimi undirilmaydi.
Boshqa dalolatnomalar yozuvlarini qayd etishda va takroriy guvohnomalar (shu jumladan dalolatnoma yozuviga oʻzgartirish, tuzatish va qoʻshimchalar kiritish sababli) berishda konsullik yigʻimi belgilangan tartibda undiriladi.
7. Quyidagi hollarda fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarini qayd etish rad qilinishi mumkin:
agar dalolatnoma yozuvini qayd etish qonunga zid boʻlsa;
agar dalolatnoma yozuvini qayd ettirish uchun murojaat qilgan shaxs bunga huquqli boʻlmasa yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgan boʻlsa.
8. Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etishning rad qilinishi boʻyicha fuqarolik holati dalolatnomalarini yozishning yuqori turuvchi organiga yoki sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
9. Konsulning fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish masalalari boʻyicha harakatlari ustidan shikoyatlar boʻysunish tartibiga koʻra koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatdagi diplomatik vakolatxonasi boshligʻiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yuboriladi.
10. FHDY organlari xodimlari, shuningdek konsul oʻzi, eri yoki xotini va bolalari toʻgʻrisida dalolatnoma yozuvlarini qayd etishga yoki ularga tegishli oʻzgartirish, tuzatish va qoʻshimchalar kiritishga haqli emaslar.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etishning huquqiy ahamiyati
11. Qonun fuqarolarning shaxsiy va mulkiy huquqlarini himoyalashni hamda davlat va jamiyat manfaatlarini hisobga olgan holda, fuqarolar hayotidagi muhim voqealar — tugʻilish, nikoh tuzish, oʻlim va insonning muhim subyektiv huquqlari va majburiyatlarning yuzaga kelishi, oʻzgarishi va toʻxtatishiga sabab boʻladigan boshqa holatlarning vakolatli organlarda qayd etilishini belgilaydi.
Fuqarolik holatini qayd etish fuqarolarning huquq va burchlarini paydo boʻlishiga sabab boʻlib xizmat qiluvchi hujjat (gerbli guvohnoma) berish uchun asos boʻladi. Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etishning ahamiyati shundaki, unga asosan FHDY organi tomonidan berilgan guvohnoma, unda koʻrsatilgan faktning toʻgʻriligini tasdiqlovchi shaksiz dalil hisoblanadi.
Tugʻilganlik haqidagi guvohnoma bolaning tugʻilganligini, uning ota-onasi kim ekanligini tasdiqlovchi yagona hujjatdir.
Nikoh qayd etilganligi haqida guvohnoma — bu nikohdan oʻtgan shaxslarning er-xotinligini tasdiqlovchi va ular oʻrtasida oʻzaro huquq va majburiyatlarning vujudga kelganligini ifodalovchi hujjatdir.
12. Tugʻilish va oʻlish faktlarining oʻz vaqtida qayd etilishini taʼminlash masʼuliyati tuman va shahar sogʻliqni saqlash boʻlimlari zimmasiga yuklanadi.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etuvchi organlar
13. Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tuman va shaharlarda fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimlari tomonidan amalga oshiriladi, tugʻilish, oʻlim, nikoh tuzish, nikohdan ajralish, otalikni belgilash esa shaharcha, qishloq va ovullarda fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) tomonidan ham qayd etilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish borasidagi harakatlari oʻzlari turadigan hududlardagi tegishli fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimlarining nazorati ostida boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining chet elda doimiy yoki vaqtincha yashovchi fuqarolarining fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish konsul tomonidan, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq (Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksi, 203-modda) amalga oshiriladi.
Konsul vaqtincha boʻlmaganda fuqarolik holati dalolatnomalari konsul tomonidan tayinlangan konsullikning mansabdor shaxsi tomonidan qayd etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari boʻlmagan xorijiy davlatlarda fuqarolik holati dalolatnomalari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan belgilangan boshqa xorijiy davlatdagi Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasasi tomonidan qayd etiladi.
II. TUGʻILGANLIKNI QAYD ETISh
14. Bolaning tugʻilishini qayd etish majburiy boʻlib, bola tugʻilgan joydagi yoki ota-onasidan birining doimiy yashash joyidagi FHDY organida amalga oshirilishi lozim.
Ota-onaning istagiga koʻra FHDY organi bolaning tugʻilganligini qayd etishni tantanali vaziyatda oʻtkazishi mumkin.
15. Tugʻilganlik haqidagi ariza bola tugʻilgan kundan boshlab bir oy muddat ichida berilishi zarur.
Bola tugʻilganligi toʻgʻrisidagi ariza ota-onasi yoki ulardan biri, alohida hollarda esa qarindoshlari, qoʻshnilari, tibbiyot muassasalari maʼmuriyati, ichki ishlar yoki vasiylik va homiylik organlari tomonidan berilishi mumkin.
16. Belgilangan muddatning oʻtib ketganligi tugʻilganlikning qayd etilishiga toʻsqinlik qila olmaydi.
Agar tugʻilganlikni qayd etish toʻgʻrisidagi ariza belgilangan muddatdan oʻtkazilib berilgan boʻlsa, tugʻilish tugʻilganlik toʻgʻrisidagi dalolatnomalarni qayd etish joriy roʻyxatga olish daftariga qayd etiladi, bola toʻgʻrisidagi maʼlumotlar: familiyasi, ismi, dalolatnoma yozuvi tartib raqami, sanasi bolaning haqiqiy tugʻilgan yilidagi hamda shu yilgi yuritilgan Alfavit daftarlarga yozib qoʻyiladi.
Bunday hollarda zaruratga qarab, FHDY organi tugʻilish haqidagi hujjatga qoʻshimcha ravishda boshqa hujjatlar talab qilishi mumkin.
17. 16 yoshdan oshgan, tugʻilishi qayd etilmagan shaxslarning tugʻilganligini qayd etish yoʻqolgan dalolatnoma yozuvlarini tiklash tartibi va qoidalariga koʻra amalga oshiriladi.
18. Tugʻilganlikni qayd etish uchun: tibbiyot muassasasining bola tugʻilganligi toʻgʻrisidagi tibbiy maʼlumotnomasi, ota-onalarining pasportlari yoki ularning oʻrnini bosuvchi hujjatlar, nikoh tuzilganligi toʻgʻrisidagi gerbli guvohnoma yoki otalikni belgilash haqidagi ariza taqdim etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Tibbiyot muassasasi tomonidan beriladigan tugʻilganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnomada:
onaning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi;
bolaning tugʻilgan vaqti va sanasi, jinsi;
Keyingi tahrirga qarang.
berilgan vaqti toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi zarur.
Maʼlumotnoma tibbiyot muassasasi mansabdor shaxsi tomonidan imzolanadi va gerbli muhri bilan tasdiqlanadi.
Tugʻruqxonalardan tashqari joylarda va tibbiy yordamsiz tugʻilgan bolaning tugʻilganligini qayd etish uning shu onadan tugʻilganligiga guvohlik beruvchilar imzolagan va uchastka shifokori yoki feldsherining imzosi bilan tasdiqlangan dalolatnoma asosida amalga oshiriladi.
Ota-onalardan birining shaxsini tasdiqlovchi hujjat boʻlmagan alohida hollarda FHDY organi tugʻilganlikni qayd etishni rad qilishi mumkin emas. Bunda hujjatlari boʻlmagan ota yoki ona haqida maʼlumotlar nikoh yoki avvalgi bolalarining tugʻilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvlari asosida koʻrsatiladi.
Ota-onaning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar boʻlmaganda bolaning tugʻilganligini qayd etish tibbiyot muassasasi maʼmuriyatining yoki vasiylik va homiylik organining arizalariga asosan amalga oshiriladi.
19. Ota-onasi nikohda boʻlgan bolaning tugʻilishi toʻgʻrisidagi dalolatnomani yozish shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar va nikoh tuzilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma asosida amalga oshiriladi.
Bola tugʻilgunga qadar uning otasi vafot etgan vaqtdan, ota-onasi nikohi bekor qilinganligidan yoki ota-onasining nikohi sud tomonidan haqiqiy emas deb topilgandan keyin 300 kundan koʻp vaqt oʻtmagan boʻlsa otasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar xuddi shunday tartibda yoziladi.
Bunday hollarda ariza beruvchi tomonidan nikohdan ajralganlik haqidagi guvohnoma, sudning nikohdan ajratish haqidagi qaroridan koʻchirma (nusxa) yoki nikohni haqiqiy emas deb topganligi toʻgʻrisida sudning qonuniy kuchga kirgan qaroridan koʻchirma (nusxa) yoki otasi oʻlimi haqidagi guvohnoma taqdim etilishi kerak. Dalolatnoma yozuvining “Belgilar uchun” ustunida nikohdan ajralish yoki oʻlimning qayd etilgan joyi va sanasi, dalolatnoma yozuvining tartib raqami, qarorni chiqargan sudning nomi va qarorning sanasi koʻrsatiladi.
Bolaning nasl-nasabi xususidagi barcha nizolar sud tartibida hal qilinadi.
20. Agar ota-onalari oʻrtasida nikoh qayd etilmagan boʻlsa (tugʻilishni qayd etishda onasi ishtirok etmagan taqdirda) bolaning otasi haqidagi yozuv onaning notarial yoki tibbiy muassasa tomonidan tasdiqlangan arizasi boʻyicha amalga oshiriladi.
21. Bolaning tugʻilganligini qayd etishda unga familiya ota-onasining kelishuviga koʻra ota yoki onaning familiyasi, bobolaridan birining yoxud otaning ismi boʻyicha beriladi. Kelishuv boʻlmagan taqdirda nizolar vasiylik va homiylik organi, konsullik okrugida esa konsul tomonidan hal etiladi.
22. Bolaga ism ota-onaning roziligiga koʻra beriladi. Bolaga qoʻshaloq ism berishga yoʻl qoʻyiladi (Saidahmadxoʻja, Toʻxtamurodjon, Guliraʼno, Mirzaolim, Mirzo Ulugʻbek, Roza-Mariya).
23. Bolaning ota ismi uning otasining ismiga koʻra beriladi. Agar otasining ismi qisqartirilib, erkalagan holda, imlo xatolar bilan yozilgan boʻlsa, u holda ota ismi toʻgʻri, toʻliq yoziladi.
Otasi haqida maʼlumotlar tugʻilganlik haqida dalolatnoma yozuvi va guvohnomada yozuvlar shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar asosida oʻzgartirishsiz yoziladi.
24. Tugʻilganlik haqida dalolatnoma yozuvi qayd etilgach, ariza beruvchiga tugʻilganlik haqida guvohnoma hamda sugʻurta kassasiga topshirish uchun maʼlumotnoma beriladi.
25. Ota-onasining pasportlariga bolasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar: familiyasi, ismi, ota ismi, jinsi, tugʻilgan vaqti yozib qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
26. Egizak (ikkita va undan ortiq) bolalar tugʻilganda ularning har biri uchun tugʻilganlik haqida tibbiy maʼlumotnoma taqdim etilishi kerak, ular asosida tugʻilganlik haqida alohida-alohida dalolatnoma yozuvlari, tartib raqamlari kasr chizigʻi orqali (masalan, Poʻlatova Zuhra Asad qizi — d/yo 545/546, Poʻlatov Hasan Asad oʻgʻli — d/yo 546/545) yozilgan holda, qayd etilib, ularning har biriga tugʻilganlik haqida alohida gerbli guvohnomalar beriladi.
27. Topib olingan (tashlab ketilgan) bolaning tugʻilganligini qayd etish ichki ishlar boʻlimi, vasiylik va homiylik organlari, bola joylashgan muassasa maʼmuriyati yoki tibbiyot muassasasining arizasiga binoan amalga oshiriladi. Bolani topib olgan shaxs bu haqda yigirma toʻrt soat ichida ushbu tumandagi ichki ishlar boʻlimiga yoki vasiylik va homiylik organiga xabar berishi kerak.
28. Topib olingan (tashlab ketilgan) bolaning tugʻilganligini qayd etish haqidagi arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
a) ichki ishlar boʻlimi yoki vasiylik va homiylik organining bolaning topib olingan vaqti, joyi va topib olingan paytdagi holati toʻgʻrisidagi dalolatnomasi;
b) tibbiy muassasaning topib olingan yoki tashlab ketilgan bolaning yoshi va jinsini tasdiqlovchi maʼlumotnomasi.
29. Uning ota-onasining familiyasi, ismi va millati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bolaning tugʻilishi haqidagi dalolatnoma yozuviga mazkur Qoidalarning 27-bandida sanab oʻtilgan organlarning koʻrsatmalari asosida kiritiladi. Bunday holda bolaning va bolaning ota-onasi sifatida koʻrsatilgan shaxslarning familiyasi bir xilda yoziladi.
“Belgilar uchun” ustuniga “Bola topilgan” yoki “Tashlab ketilgan” deb yoziladi va ota-onasi haqidagi maʼlumotlar kimning koʻrsatmasiga asosan yozilganligi koʻrsatiladi.
30. Oʻlik tugʻilgan bolaning tugʻilganligini, shuningdek hayotining birinchi haftasida oʻlgan (perinatal oʻlim) bolalarning tugʻilganligi va oʻlimini qayd etish tibbiy muassasa arizasiga binoan shu hududdagi FHDY organi tomonidan 24 soat ichida amalga oshiriladi.
Oʻlik tugʻilgan bolani qayd etish perinatal oʻlim toʻgʻrisidagi tibbiy guvohnoma asosida faqat tugʻilganlik haqida dalolatnoma yozuvlarini roʻyxatdan oʻtkazish daftarida amalga oshiriladi va tugʻilganlik toʻgʻrisidagi Alfavit daftariga kiritiladi.
Agar bola tugʻilgandan keyin vafot etsa, hatto u bir necha daqiqa yashasa ham, tugʻilishi hamda oʻlimi haqidagi ikkita yozuvdan iborat dalolatnomalar tuziladi.
Bunday hollarda tugʻilish haqidagi dalolatnoma yozuvi tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma asosida, oʻlganligi haqidagi dalolatnoma yozuvi esa perinatal oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma asosida amalga oshiriladi. Bunda tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvida onasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar toʻliq keltiriladi, “Belgilar uchun” ustunida esa oʻlganligi qayd etilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvining tartib raqami va sanasi koʻrsatiladi. Bunday hollarda bolaning tugʻilganligi haqida (oʻlik tugʻilganda ham) sugʻurta kassasiga va qabriston uchun maʼlumotnoma beriladi. Zarur hollarda ota-onasining iltimosiga koʻra (tirik tugʻilib, soʻng vafot etgan bola uchun) oʻlimi haqida guvohnoma berilishi mumkin.
31. Bolaning otasi bilan nikohda boʻlmagan ona vafot etgan taqdirda, shuningdek onaning yashash joyi nomaʼlum boʻlganda va otalikni belgilash haqidagi ariza berilmaganda bolaning tugʻilishini qayd etish mazkur Qoidalarning 27-bandida sanab oʻtilgan organlarning arizasi boʻyicha amalga oshiriladi.
32. Ota-onalik huquqlaridan mahrum qilish haqidagi maʼlumotlar sudning qonuniy kuchga kirgan qaroriga asosan tugʻilish haqidagi dalolatnoma yozuvining “Belgilar uchun” ustunida koʻrsatiladi, dalolatnoma yozuvida ota-ona haqidagi maʼlumotlar chizib tashlanmaydi va hech qanday oʻzgartirishlar kiritilmaydi.
Bunday hollarda otalik-onalik huquqlaridan mahrum qilingan shaxslarga bolalarining tugʻilganligi haqida takroriy guvohnoma berilmaydi.
Takroriy guvohnoma voyaga yetmagan bolaning vasiysi yoki homiysiga berilishi mumkin.
33. Sudning ota-onalik huquqlarini tiklash toʻgʻrisida qonuniy kuchga kirgan qaroriga asosan tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga “Ota-onalik huquqlari tiklandi” degan belgi qoʻyiladi.
34. Tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga kiritilgan otasi haqidagi maʼlumotlar har qanday holda ham faqat sudning qonuniy kuchga kirgan qaroriga asosan bekor qilinishi mumkin.
35. Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq, tugʻilgandan keyin Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi hisoblanishi mumkin boʻlgan bolaning tugʻilganligini qayd etish bola tugʻilgan yoki uning ota-onasi doimiy yoki vaqtincha yashab turgan oʻsha konsullik okrugidagi konsul tomonidan amalga oshiriladi.
36. Oʻzbekiston Respublikasining havo yoki suv kemasida tugʻilgan bolaning tugʻilganligini qayd etish havo kemasi yerga qoʻngan joyda yoki suv kemasi portga yetib kelgach joyda konsullik muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.
Bu holda bolaning tugʻilganligini qayd etish havo kemasi komandiri yoki dengiz kemasi kapitani va guvohlar ishtirokida tuzilgan dalolatnoma asosida amalga oshiriladi.
37. Tugʻilganlikni konsullik muassasasida qayd etishda ota-onasining pasportlari yoki ularning oʻrnini bosuvchi hujjatlarga bola haqidagi maʼlumotlar: familiyasi, ismi, ota ismi, tugʻilgan kuni, oyi va yili yoziladi, bolaning fotosurati yopishtiriladi, ular konsullik muassasasi mansabdor shaxsining imzosi va gerbli muhr bilan tasdiqlanadi.
38. Agar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi chet elda tugʻilgan va uning tugʻilganligi konsullik muassasasi tomonidan qayd etilmagan taqdirda, tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi ota-onaning yoki ulardan birining Oʻzbekiston Respublikasida yashab turgan joyidagi FHDY organi tomonidan qayd etilishi mumkin.
39. Tugʻilishni qayd etishning barcha hollarida bola tugʻilgan maʼmuriy hudud uning tugʻilgan joyi sifatida yoziladi.
III. OTALIKNI BELGILASh
40. Nikohda boʻlmagan ota-onadan tugʻilgan bolaga otalikni belgilash ota va onasi (agar otasi voyaga yetmagan hisoblansa, unda uning ota-onasi yoki qonuniy vakili) tomonidan FHDY organiga birgalikda berilgan arizasi asosida amalga oshiriladi.
41. Otalikni belgilash toʻgʻrisidagi ariza tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini qayd etgan FHDY organiga beriladi.
42. Otalikni belgilash ariza berilgan kuni ota-onasining ishtirokida amalga oshiriladi.
43. Alohida hollarda otalikni belgilash haqidagi ariza ota-onasining yoki ulardan birining yashash joyidagi FHDY organiga bola tugʻilmasdan oldin ham berilishi mumkin.
Bunday hollarda bola tugʻilgunga qadar uning tugʻilgan vaqti va ismi haqidagi maʼlumotlar koʻrsatilmaydi.
44. Otalikni ishonchnoma boʻyicha belgilashga yoʻl qoʻyilmaydi.
45. Agar otalik bolaning tugʻilganligi qayd etilgandan soʻng belgilansa otalikni belgilash haqidagi arizaga yoki sudning ushbu masala yuzasidan qaroriga bolaning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi ilova qilinadi.
46. Otalikni belgilashda ota-onalardan biri ishtirok etmagan taqdirda uning arizadagi imzosi qonun bilan belgilangan tartibda (tibbiyot muassasasi, FHDY organi, notarius, harbiy qism, jazoni oʻtash muassasasi rahbarining imzosi va muhri bilan) tasdiqlanadi.
47. Onasi vafot etganda, u sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilganda yoki onalik huquqlaridan mahrum etilganda, uning yashash joyini belgilashning imkoni boʻlmaganda voyaga yetmagan bolaga nisbatan otalikni belgilash vasiylik va homiylik organining roziligi bilan otasining arizasiga asosan amalga oshirilishi mumkin.
Bunday hollarda arizaga:
onasining oʻlimi haqidagi guvohnoma nusxasi;
onasi muomalaga layoqatsiz deb topilganligi toʻgʻrisidagi sud qarorining nusxasi;
onaning onalik huquqidan mahrum etilganligi toʻgʻrisidagi sud qarorining nusxasi;
ichki ishlar organlarining 6 oydan ortiq muddat davomida onasi haqidagi maʼlumotlarning yoʻqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomasi ilova qilinadi.
48. Agar bolaning otasi sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan boʻlsa, u holda otalikni belgilash toʻgʻrisidagi arizani uning nomidan vasiylik va homiylik organining ruxsati bilan uning homiysi berishi mumkin.
49. Ota-onaning birgalikdagi arizasi boʻlmagan taqdirda otalik (agar otasi yoki onasi voyaga yetmagan boʻlsa) ota-onalardan biri yoki vasiylik va homiylik organining daʼvo arizasi boʻyicha sud tartibida belgilanishi mumkin.
Bolaning tugʻilganligi haqidagi dalolatnoma yozuviga otasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar sud qaroriga asosan kiritiladi. Bu holda FHDY organiga qonuniy kuchga kirgan sud qarori va bolaning tugʻilganligi haqidagi guvohnomasi taqdim etiladi.
50. Bolaning manfaatlaridan kelib chiqqan holda, FHDY organi ota-onaning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarida ularning doimiy yashash joyi koʻrsatilmagan hollarda ham otalikni belgilashni rad qila olmaydi.
51. Otalikni belgilash haqidagi ariza maxsus shaklda boʻlishi va unda koʻrsatilgan barcha savollarga aniq va toʻliq javob boʻlishi lozim. Ariza FHDY organida imzolanadi, undagi maʼlumotlar arizachining shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan solishtirib koʻriladi. Har bir ariza uning tushgan kunida roʻyxatga olinadi.
52. 10 yoshga toʻlgan bolaga nisbatan otalik uning roziligi bilan belgilanadi. Bunda bolaning roziligi ota-onasi tomonidan berilgan arizada uning shaxsiy imzosi bilan ifodalanadi.
FHDY organi otalikni belgilash haqidagi ariza asosida tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi.
Agar otalik belgilangan shaxs nikoh tuzgan boʻlsa, u holda FHDY organi nikoh tuzilganligi va bolalarining tugʻilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvlariga, tegishli oʻzgartirishlar kiritadi, shuningdek otalikning belgilanganligi haqida maʼlumotnoma beradi. Agar koʻrsatilgan dalolatnoma yozuvlari boshqa FHDY organida qayd etilgan boʻlsa, u holda oʻzgartirishlar kiritish masalasi mazkur yozuvlarni qayd etgan FHDY organida manfaatdor shaxsning arizasiga koʻra hal etiladi. Bunda arizaga otalik belgilangan shaxsning tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvidan nusxa (kiritilgan oʻzgartirishlar bilan) ilova qilinadi. Ayni bir vaqtda ichki ishlar boʻlimiga va tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimiga otalik belgilanganligi munosabati bilan kiritilgan oʻzgartirishlar toʻgʻrisida xabarnoma yuboriladi.
53. Otalik, bolaning otasi boshqa ayol bilan qonuniy nikohda turganligidan qatʼi nazar, belgilanadi. Shu sababli otalikni belgilashda uning xotinining roziligi talab etilmaydi.
54. Agar bolaning tugʻilganligi haqidagi dalolatnoma yozuviga otasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar nikoh tuzilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma yoki otalikni belgilash haqidagi arizaga asosan kiritilgan boʻlsa, u holda ota haqidagi maʼlumotlar sud tartibida bekor qilinmay turib, boshqa shaxs tomonidan bu bolaga nisbatan otalik belgilanishi mumkin emas.
55. Agar bolaning tugʻilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvi yoʻqolgan boʻlsa, u holda tugʻilganlik haqida dalolatnoma yozuvi tiklangandan soʻnggina otalik belgilanishi mumkin.
56. Agar tugʻilganlikni qayd etish va otalikni belgilash ayni bir vaqtda amalga oshirilsa, u holda bolaga familiya ota-onaning kelishuvi boʻyicha bir yoʻla beriladi, otasi haqidagi maʼlumotlar berilgan arizaga binoan yoziladi. Bunda yolgʻiz ona arizasi talab qilinmaydi.
57. Otalikni belgilashdagi barcha hollarda bolaning ota ismi otaning ismi boʻyicha oʻzgartiriladi (yoziladi).
Agar bolaning tugʻilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvida ilgari koʻrsatilgan ota ismi bolaning otasi deb yozilgan shaxs ismi bilan toʻgʻri kelmasa, u holda FHDY organi otalikni belgilashni rad etishga va ota-onasidan bu masala boʻyicha tushuntirish xati talab qilishga haqli emas.
58. Agar ota-onaning nikohi bolaning tugʻilganligi qayd etilgandan keyin qayd etilgan boʻlsa, ushbu nikoh tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga bolaning otasi haqidagi maʼlumotni yozish uchun asos boʻlolmaydi.
Bunda bolaning tugʻilganligi haqidagi dalolatnoma yozuviga otasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar otalikni belgilash haqidagi arizaga muvofiq kiritiladi.
59. Otalikni belgilash haqidagi arizaga asosan FHDY organi bolaning tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga otasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni shu kuniyoq kiritadi va tugʻilganlik haqida yangi guvohnoma beradi.
60. Agar tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi boshqa FHDY organida qayd etilgan boʻlsa, u holda otalikni belgilash haqidagi arizani qabul qilgan FHDY organi arizadagi maʼlumotlarni arizachilarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari bilan solishtirib, imzolarini tasdiqlaydi va tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini qayd etgan FHDY organiga ijro uchun joʻnatadi.
FHDY organi tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga berilgan arizaga muvofiq zarur oʻzgartirishlarni kiritadi, tugʻilganligi haqidagi yangi guvohnomani joʻnatadi va dalolatnoma yozuvining ikkinchi nusxasiga oʻzgartirishlar kiritish uchun FHDYning yuqori arxiviga xabarnoma yuboradi.
61. Agar bolaning tugʻilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvi MDH davlatlarida qayd etilgan boʻlsa, u holda otalikni belgilash haqidagi ariza yoki ushbu masala boʻyicha sud qarori (rus tilidagi tarjimasi bilan), tugʻilganlik haqidagi guvohnoma bilan birga tegishli FHDY organiga yuboriladi.
62. 16 yoshgacha boʻlgan bolaga otalikni belgilashda dalolatnoma yozuvlariga oʻzgartirish kiritish qoidalari qoʻllanilishi mumkin, yaʼni bolaning faqat familiyasi va ota ismi emas, balki ismi ham oʻzgartirilishi mumkin.
Bolaning yangi familiyasi va ismi bolaning tugʻilgan yilida yuritilgan tugʻilganlik haqidagi Alfavit daftariga zaruriy tartibda kiritiladi.
IV. FARZANDLIKKA OLISh
63. Farzandlikka olish haqida oʻzgartirishlar kiritish tuman (shahar) hokimining qaroriga asosan tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi qayd etilgan FHDY organida, farzandlikka olingan bolaning tugʻilgan joyi oʻzgartirilganda esa farzandlikka oluvchilar yashaydigan joydagi FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
64. Farzandlikka olishni rasmiylashtirishda FHDY organiga:
a) tuman (shahar) hokimining farzandlikka olish haqidagi qarori nusxasi;
b) farzandlikka olinayotgan bolaning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi;
v) farzandlikka oluvchi(lar)ning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etiladi.
65. Hokim qarori kelib tushgan vaqtiga koʻra maxsus daftarda qayd etiladi va alohida yigʻmajildga xronologik tartibda tikib qoʻyiladi.
66. FHDY organi xokim qarori va farzandlikka oluvchilarning hujjatlari asosida tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga tegishli oʻzgartirishlarni kiritadi, tugʻilganlik haqidagi yangi guvohnoma va zarur boʻlganda farzandlikka olinganligi haqida maʼlumotnoma beradi.
67. Farzandlikka olingan bolaning familiyasi va ismi tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi qayd etilgan yilda yuritilgan Alfavit daftariga kiritiladi.
68. Agar farzandlikka olinayotgan bolaning tugʻilganligi boshqa FHDY organida qayd etilgan boʻlsa, FHDY organi farzandlikka oluvchilar haqidagi maʼlumotlarni, tugʻilganlik haqidagi guvohnomani va xokim qarorini oʻsha FHDY organiga yuboradi.
FHDY organi qabul qilingan hujjatlar asosida tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga tegishli oʻzgartirishlarni kiritadi va tugʻilganlik haqida yangi guvohnoma beradi.
Agar hokim qarorida 10 yoshgacha boʻlgan bolaning tugʻilgan joyi (viloyatdan tashqari, lekin respublika doirasida) oʻzgartirilgan boʻlsa, u holda farzandlikka oluvchining yashash joyidagi FHDY organida tugʻilganlik haqidagi mavjud guvohnoma asosida tiklangan dalolatnoma yozuvini qayd etishni amalga oshiradi va hokim qaroriga muvofiq zarur oʻzgartirishlar kiritadi.
Bola haqidagi avvalgi va soʻnggi maʼlumotlar bolaning tugʻilgan yilida va joriy yilda yuritilgan Alfavit daftariga kiritiladi.
69. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi xorijiy fuqarolar tomonidan farzandlikka olinganda tegishli hujjatlar FHDY organiga vasiylik va homiylik organlari tomonidan taqdim etiladi.
70. Farzandlikka olishni sir saqlash maqsadida farzandlikka olish uchun hujjatlar farzandlikka oluvchilarning advokatlari tomonidan taqdim etilishi mumkin.
71. Agar farzandlikka olish sud qarori bilan haqiqiy emas deb topilsa yoki bekor qilinsa u holda tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga: “Farzandlikka olish ______________ tuman (shahar) sudining ____ yil _________ oy __ kundagi qarori bilan bekor qilindi (haqiqiy emas deb topildi)” deb yoziladi va dalolatnoma yozuvidagi dastlabki maʼlumotlar qayta tiklanadi hamda tugʻilganlik haqidagi yangi guvohnoma beriladi.
72. FHDY organi dalolatnoma yozuvining ikkinchi nusxasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritish uchun FHDY arxiviga xabarnoma yuboradi.
V. NIKOHNI QAYD ETISh
Nikohni qayd etish tartibi, muddati va joyi
73. Oila kodeksining 14 va 15-moddalariga muvofiq, nikohlanuvchilarning oʻzaro roziliklari va ularning nikoh yoshiga yetganliklari nikoh tuzishning asosiy shartlari hisoblanadi.
Ayrim hollarda tuman (shahar) hokimining qarori bilan nikoh yoshi koʻpi bilan 1 yilga kamaytirilishi mumkin.
74. Nikoh nikoh tuzishni xohlovchi shaxslar bu toʻgʻrisida ulardan birining yashash joyidagi FHDY organiga belgilangan shakldagi ariza bilan murojaat etgan kundan bir oy oʻtgach qayd etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
FHDY organlari tomonidan nikohlanuvchi shaxslarning nikohini qayd etish toʻgʻrisidagi arizasini qabul qilishda belgilangan tartibda tibbiy koʻrikdan oʻtish uchun yoʻllanma beriladi.
(74-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 25-avgustdagi 365-sonli qaroriga muvofiq kiritilgan — OʻR QHT, 2003-y., 15-16-son, 136-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
75. Alohida hollarda, istisno tariqasida (agar ota-onasi va nikoh tuzayotgan yoshlar Oʻzbekiston Respublikasining turli viloyat yoki tuman (shahar)larida yashab turgan boʻlsalar) otasi yoki onasining yozma arizasiga koʻra nikoh ota-onasining yoki ulardan birining yashash joyidagi FHDY organida ham qayd etilishi mumkin.
76. FHDY organi mudiri uzrli sabablar boʻlganda, arizachilarning iltimoslariga koʻra bir oylik muddatni qisqartirishi mumkin.
Bunda uzrli sabablarni tasdiqlovchi — bolalarining tugʻilganligi haqidagi guvohnomalari, tibbiyot muassasasining kelinning homiladorligi haqidagi maʼlumotnomasi, xizmat safari toʻgʻrisidagi va shu kabi hujjatlar koʻrsatiladi.
77. Nikohni qayd etish muddatini uzaytirish nikoh tuzuvchilarning birgalikdagi arizalariga binoan koʻrib chiqiladi. Ayrim hollarda yetarli asoslar boʻlgan taqdirda, shuningdek FHDY organining tashabbusi bilan ushbu muddat uch oygacha uzaytirilishi mumkin.
78. Belgilangan shakldagi ariza nikohlanuvchilarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari asosida toʻldiriladi va barcha savollarga aniq va toʻliq javoblar berilishi kerak. Ariza aniq, tushunarli dastxat bilan yozilishi kerak.
79. FHDY organi arizani qabul qilayotganda nikohlanuvchilarga nikoh tuzish tartibi va shartlarini, kelgusidagi er-xotin va ota-ona sifatida vujudga keladigan huquqlari va majburiyatlarini tushuntirishi va bir-birining salomatliklari toʻgʻrisida va oilaviy ahvoli toʻgʻrisida xabardor ekanliklariga ishonch hosil qilishi kerak.
Nikohlanuvchilar nikoh tuzishga moneʼlik qiladigan holatlarni yashirish oqibatlari toʻgʻrisida ogohlantiriladi.
80. Agar nikoh tuzuvchi shaxslarning otalik belgilanmagan birgalikdagi bolalari boʻlsa, u holda FHDY organi ularga otalikni belgilash tartibini tushuntirishi lozim.
81. Qonun nikohlanuvchi shaxslardan hatto bittasi ilgari qayd etilgan nikohda turgan shaxslar oʻrtasida nikoh tuzilishini taqiqlashi sababli arizani qabul qilish vaqtida FHDY organi shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari boʻyicha arizachilarning qonuniy nikohda turish-turmasligini tekshirib koʻrishi kerak.
Ilgari nikohda boʻlgan shaxs FHDY organiga avvalgi nikohi bekor qilinganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etishi kerak. Bu — nikohning bekor qilinganligi haqidagi guvohnoma yoki sud qarori, erning (xotinning) oʻlimi haqidagi guvohnoma yoxud sudning nikoh haqiqiy emas deb topilganligi haqidagi qarori boʻlishi mumkin.
82. Oila kodeksining 16-moddasiga muvofiq:
loaqal bittasi qayd qilingan boshqa nikohda turgan shaxslar oʻrtasida;
nasl-nasab shajarasi boʻyicha toʻgʻri tutashgan qarindoshlar oʻrtasida, tugʻishgan va oʻgay aka-ukalar bilan opa-singillar oʻrtasida, shuningdek farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar oʻrtasida;
loaqal bittasi ruhiyat buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar oʻrtasida nikoh tuzishga yoʻl qoʻyilmaydi.
83. FHDY organi nikohni qayd etish vaqtini belgilayotganda nikohdan oʻtuvchilardan uni tantanali vaziyatda oʻtkazilishiga roziligini aniqlashi lozim. Tantanali nikoh faqat nikoh tuzuvchilarning xohishlariga koʻra oʻtkaziladi. Nikohlanuvchilarning istaklariga binoan nikoh ularning qarindoshlari, tanishlari ishtirokida qayd etiladi. Nikohni qayd etishda guvohlarning soni ikki kishidan ortiq boʻlmasligi kerak.
84. Nikohga kirish haqidagi arizani berishda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar: pasport, harbiy bilet, ofitser yoki praporshchikning shaxsiy guvohnomasi koʻrsatilishi kerak.
85. Agar nikoh tuzishni xohlovchi harbiy xizmatchi nikohga kirish haqidagi arizani xizmatni oʻtayotgan joyida bersa, tegishli harbiy qism yoki muassasa joylashgan manzil harbiy xizmatchining yashash joyi hisoblanadi.
86. Agar biron-bir sabab bilan nikoh tuzuvchilarning ikkalasi ayni bir vaqtda kelishi imkoniyati boʻlmasa, u holda FHDY organiga arizani ulardan biri berishi mumkin. Bu holda kela olmagan shaxsning imzosi belgilangan tartibda tasdiqlangan boʻlishi lozim.
87. Nikohga kirish haqidagi ariza arizalar hisobga olinadigan maxsus daftarda qayd etilishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
88. Nikohni qayd etish faqat nikohlanuvchi shaxslarning ishtirokida amalga oshiriladi. FHDY organlari nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy koʻrikdan oʻtganligiga hamda ushbu tekshiruvlarning natijalari toʻgʻrisida ularning xabardor ekanligiga ishonch hosil qilishi kerak. Nikohning ishonchnoma boʻyicha yoki vakil orqali, shuningdek tibbiy tekshiruvdan oʻtganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma boʻlmaganda qayd etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
FHDY organlari xodimlari nikohni qayd etish vaqtida ularga maʼlum boʻlgan shifokorlik sirlaridan iborat boʻlgan maʼlumotlarni oshkor etganligi uchun javob beradilar.
(88-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 25-avgustdagi 365-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2003-y., 15-16-son, 136-modda)
89. Nikohlanuvchilardan biri betobligi sababli FHDY organiga kela olmagan istisno hollarda nikoh shifoxonada, uyda yoki boshqa tegishli joyda nikohlanuvchi ikkala shaxsning ishtirokida amalga oshiriladi. Dalolatnoma yozuvining “Belgilar uchun” ustunida bu haqda tegishlicha yozib qoʻyiladi.
90. Agar FHDY organiga ushbu Qoidalarning 82-bandida koʻrsatilgan holatlar mavjudligi haqida ariza tushgan boʻlsa, nikohni qayd etish boshqa muddatga qoldiriladi. Bunda arizachiga belgilangan muddatda zarur dalillarni taqdim etish tavsiya qilinadi. FHDY organi manfaatdor shaxsning iltimosiga koʻra yoki oʻz tashabbusi bilan zarur tekshiruv oʻtkazishi mumkin. Nikohni qayd etish vaqti keyinga surilganligi haqida arizachilar xabardor qilinadi. Nikohni qayd etishga toʻsiq boʻluvchi qonuniy holatlar mavjud boʻlganda FHDY organi uni qayd etishni rad qiladi. Agar mazkur maʼlumotlar tasdiqlanmasa, u holda nikohni qayd etish umumiy asoslarda amalga oshiriladi. Yuqorida qayd etilgan holatlarni tekshirish muddati uch oydan oshmasligi kerak.
91. Nikohni qayd etishda nikohlanuvchilar oʻz xohishlariga koʻra ikkalasidan birining familiyasini umumiy familiya sifatida tanlashlari yoki oʻzlarining nikohgacha boʻlgan familiyalarida qolishlari mumkin.
92. Er va xotinning pasportlariga yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlariga shtamp qoʻyiladi va nikohning tuzilgan vaqti va joyi, dalolatnoma yozuvi raqami, er (xotin)ning familiyasi, ismi va otasining ismi, tugʻilgan yili yozib qoʻyiladi.
93. Nikohlanuvchilardan biri er yoki xotinning familiyasini qabul qilmoqchi boʻlsa, unda pasportini almashtirishi zarurligi toʻgʻrisida ogohlantiriladi.
Harbiy xizmatga majbur boʻlgan yoki harbiy xizmatga chaqiriluvchining nikoh qayd etilganligi sababli familiyasi oʻzgartirilganda FHDY organi 7 kun muddatda bu haqda harbiy xizmatga majbur boʻlgan yoki harbiy xizmatga chaqiriluvchi roʻyxatda turgan tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimiga xabar qiladi.
94. Nikohni qayd etganlik uchun belgilangan tartibda davlat boji undiriladi.
95. Nikoh tuzishning belgilangan qoidalari buzilganda, shuningdek gʻarazli maqsadni koʻzlab tuzilgan nikoh sud qarori bilan haqiqiy emas deb topiladi.
Sudning nikoh haqiqiy emas deb topilganligi toʻgʻrisidagi qonuniy kuchga kirgan qarori asosida FHDY organi nikoh qayd etilganligi haqidagi dalolatnoma yozuviga bu haqda belgi qoʻyadi va FHDYning yuqori arxiviga xabarnoma yuboradi.
Sobiq er yoki xotinning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlariga sud tomonidan xuddi shunday belgilar qoʻyiladi. Nikoh sud tomonidan haqiqiy emas deb topilgan hollarda nikoh haqida takroriy guvohnoma berilmaydi.
MDH davlatlari, chet el fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning va Oʻzbekiston Respublikasining xorijda yashovchi fuqarolarining nikohini qayd etish
96. Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi FHDY organlarida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining MDH mamlakatlari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar bilan nikohini qayd etish hamda chet el fuqarolari oʻrtasidagi nikohni qayd etish umumiy asoslarda amalga oshiriladi.
Chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning va Oʻzbekiston fuqarosi oʻrtasidagi nikohni qayd etish agar ushbu shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish vizasi nikoh tuziladigan kunda haqiqiy boʻlsagina amalga oshiriladi.
Bunda chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning nikohga kirish haqidagi arizasiga uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi ilova qilinishi lozim.
Oʻzbekiston fuqarosi bilan nikohga kirgan MDH mamlakatlari fuqarolarining, chet el fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatiga nikoh qayd etilganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyiladi.
Belgi tegishli ravishda oʻzbek, rus yoki ingliz tilida qoʻyilishi kerak.
97. Chet elda doimiy yashovchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining nikohini qayd etish oʻsha davlat qonunchiligiga asosan uning vakolatli organlari tomonidan yoki Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasalarida ushbu Qoidalarga asosan amalga oshiriladi.
98. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs bilan nikohini qayd etish, agar nikohni qayd etish konsullik muassasasi joylashgan oʻsha davlatning qonunlari bilan tan olinganda, shuningdek oʻsha davlat va Oʻzbekiston Respublikasi qatnashgan bitim yoki bu xalqaro shartnomalarga muvofiq hollardagina konsul tomonidan amalga oshiriladi.
99. Boshqa davlatda yashovchi Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi bilan mazkur davlatning tegishli organlarida nikohni qayd ettirmoqchi boʻlgan oʻsha davlat fuqarosining iltimosiga koʻra, konsul nikohni qayd etuvchi oʻsha davlat organlariga taqdim etish uchun ariza beruvchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi nikohda turmasligi haqida maʼlumotnoma berishi mumkin.
Bunday maʼlumotnomalar konsullik muassasalarida mavjud boʻlgan maʼlumotlar asosida beriladi.
Agar konsullik muassasasida nikohlanuvchi shaxsning oilaviy ahvoli toʻgʻrisida maʼlumotlar boʻlmagan hollarda konsul bu maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan oladi.
Ozodlikdan mahrum etish joylaridagi shaxslar bilan nikohga kirish
100. Jazoni ijro etish muassasasida jazoni oʻtayotgan shaxslar bilan nikohni qayd etish shu muassasa joylashgan hududdagi FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
101. Mahkum bilan nikohga kirishni xohlovchi shaxs, nikohga kirish haqidagi maxsus shakldagi arizaning oʻziga taalluqli qismini toʻldirib oʻzi doimiy yashayotgan yoki jazoni ijro etish muassasasi joylashgan hududdagi FHDY organiga topshiradi. FHDY organi arizada keltirilgan maʼlumotlarni ariza beruvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjati bilan solishtiradi, arizada qayd etilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligini va arizachining imzosini tasdiqlaydi va unga arizani qaytaradi. Shundan soʻng mahkum bilan nikohga kirishni xohlovchi shaxs bu arizani mahkumga berishi uchun jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyatiga topshiradi.
102. Mahkum bilan nikohga kirish haqidagi arizani olgandan keyin, jazoni ijro etish muassasa maʼmuriyati uni tegishli joyini toʻldirish uchun mahkumga taqdim etadi. Jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyati toʻldirilgan arizadagi maʼlumotlarni mahkumning shaxsiy yigʻmajildidagi maʼlumotlar bilan solishtiradi, ularning haqiqiyligini va imzosini tasdiqlaydi va arizani jazoni ijro etish muassasasi joylashgan mazkur hududdagi FHDY organiga yuboradi.
Agar mahkumning shaxsiy yigʻmajildida uning oilaviy ahvoli toʻgʻrisida maʼlumotlar toʻliq boʻlmasa, kam yoki noaniq boʻlsa, u holda jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyati bu maʼlumotlarni tegishli tashkilotlar va muassasalar orqali ularni talab qilib olish yoki aniqlash choralarini koʻradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Jazoni oʻtash muassasalari maʼmuriyati sudlanganlarni nikohdan oldin tibbiy koʻrikdan belgilangan tartibda oʻtkazadi.
(102-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 25-avgustdagi 365-sonli qaroriga muvofiq kiritilgan — OʻR QHT, 2003-y., 15-16-son, 136-modda)
103. Mahkum bilan nikohni qayd etish FHDY organi bilan kelishilgan holda jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyati tomonidan belgilangan binoda nikohga kiruvchilarning ishtirokida amalga oshiriladi.
104. Mahkum bilan nikohga kiruvchi shaxsga FHDY organi tomonidan nikoh qayd etilganligi haqida guvohnoma beriladi.
105. Mahkumning shaxsiy yigʻmajildidagi anketasiga FHDY organi tomonidan shtamp bosiladi, er yoki xotinning familiyasi, ismi va otasining ismi, tugʻilgan yili, FHDY organining nomi va nikoh tuzilgan sana va dalolatnoma yozuvi raqami yozib qoʻyiladi. Xuddi shunday maʼlumotlar er-xotinlarning pasportlariga ham kiritiladi.
106. Sudgacha ehtiyot chorasi sifatida qamoqda ushlab turilgan shaxslar bilan nikohni qayd etish tergov ishini olib borayotgan mansabdor shaxs yoki organ ruxsati bilan shu hududdagi FHDY organi tomonidan tergov izolyatori (qamoqxona)da amalga oshiriladi.
107. Mazkur Qoidalarning 106-bandida koʻrsatilgan holatda nikohga kirish haqidagi arizaga va nikoh qayd etilganligi haqidagi dalolatnoma yozuviga qayd etishga ruxsat bergan mansabdor shaxsning imzosi qoʻyiladi.
VI. NIKOHDAN AJRATISh
Voyaga yetmagan farzandlari boʻlmagan er-xotinlarni ularning oʻzaro roziligiga koʻra nikohdan ajratishni qayd etish
108. Oila kodeksining 42 va 218-moddalariga muvofiq FHDY organi mulkiy nizolari hamda voyaga yetmagan farzandlari (shu jumladan, farzandlikka olinganlari) boʻlmagan er-xotinlardan nikohdan ajralish toʻgʻrisidagi arizani qabul qiladi.
109. Alohida yashovchi er-xotinni nikohdan ajratishni qayd etish ularning birgalikda bergan arizalariga asosan ulardan birining yashash joyidagi FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
Agar er-xotindan biri nikohdan ajralish toʻgʻrisidagi arizani berish uchun FHDY organiga kela olmasa, u holda er-xotin nomidan birgalikda yozilgan arizani ulardan biri topshirishi mumkin. Kela olmagan er yoki xotinning arizadagi imzosi notarial tartibda yoki er-xotin yashab turgan joydagi FHDY organi mudiri tomonidan tasdiqlangan boʻlishi kerak. Arizada er-xotin ajralishga oʻzaro rozi ekanliklari, voyaga yetmagan bolalari yoʻqligi, shuningdek ulardan biri nikohdan ajratish qayd etilishi belgilangan kunda FHDY organiga kela olmasa, nikohdan ajratishning uning ishtirokisiz qayd etilishiga roziligi tasdiqlanadi.
Arizani qabul qilishda arizachining shaxsini tasdiqlovchi hujjatda voyaga yetmagan farzandlari toʻgʻrisida belgi bor-yoʻqligi tekshirilishi lozim.
110. Agar nikohdan ajralishga er-xotinning oʻzaro roziligi boʻlgani holda umumiy mulk haqida yoki mehnatga layoqatsiz, muhtoj er yoki xotinning taʼminoti haqida nizolar boʻlsa, u holda nikohdan ajratish sud tartibida hal etiladi.
111. Nikohdan ajratishni qayd etish er-xotinning yoki ulardan birining ishtirokida nikohdan ajratish haqida FHDY organiga ariza berganlaridan keyin uch oy oʻtgach amalga oshiriladi va sobiq er-xotinlarning har biriga nikohdan ajralganlik haqida guvohnoma beriladi.
112. Er yoki xotindan birining nikohgacha boʻlgan familiyasiga qaytishi toʻgʻrisidagi istagi nikohdan ajratish haqidagi arizasida koʻrsatilishi kerak.
Nikohdan ajratish qayd etilganidan soʻng nikoh tuzilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaga uning tugatilganligi haqida belgi qoʻyiladi va u arizachilarga qaytariladi.
113. Nikohdan ajratishni qayd etishda, er va xotinning oʻzaro kelishuviga koʻra, ularning biridan yoki ikkalasidan belgilangan tartibda davlat boji undiriladi.
Er yoki xotindan birining ishtirokida nikohdan ajratishni qayd etishda davlat boji toʻliq miqdorda undiriladi.
Er yoki xotindan birining arizasi asosida nikohdan ajratish
114. Oila kodeksining 43 va 219-moddalariga muvofiq:
sud tomonidan bedarak yoʻqolgan deb topilgan boʻlsa;
sud tomonidan ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan boʻlsa;
sodir qilgan jinoyati uchun uch yildan kam boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan boʻlsa, oʻrtada voyaga yetmagan bolalari bor-yoʻqligidan qatʼi nazar, er-xotindan birining arizasiga koʻra FHDY organlarida nikohdan ajratish qayd etiladi.
Bunday hollarda arizaga qoʻshimcha ravishda quyidagilar ilova qilinadi:
er (xotin)ning muomalaga layoqatsiz yoxud bedarak yoʻqolgan deb topilganligi toʻgʻrisida qonuniy kuchga kirgan sud qarori;
er (xotin)ning uch yildan kam boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilinganligi toʻgʻrisida qonuniy kuchga kirgan sud hukmidan koʻchirma, shuningdek sudlangan er (xotin)ning nikohdan ajratishga oʻrtada bolalari va mol-mulki yuzasidan nizosi yoʻqligi toʻgʻrisidagi roziligi.
Bolalari toʻgʻrisida, birgalikdagi umumiy mol-mulkini boʻlish haqida yoki yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz er(xotin)ga taʼminoti uchun mablagʻ toʻlash haqida nizo mavjud boʻlsa nikohdan ajratish sud tartibida amalga oshiriladi.
115. Sodir qilgan jinoyati uchun uch yildan kam boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilinib, jazoni ozodlikdan mahrum etish joyida oʻtayotgan shaxs bilan nikohdan ajralishni xohlovchi er(xotin) oʻz arizasida sudlangan shaxsning jazoni oʻtayotgan joyni koʻrsatishi lozim.
Arizani qabul qilgan FHDY organi shu kuniyoq bu toʻgʻrida jazoni ijro etish muassasasiga xabarnoma joʻnatadi. Muassasa maʼmuriyati xabarnomani olgach, 2 hafta mobaynida mahkumning arizachi bilan oʻrtada bolalar va mol-mulk toʻgʻrisida nizosi yoʻqligi haqida yozma ravishda bildirishnomasini tasdiqlab FHDY organiga joʻnatadi.
Mahkumning nikohdan ajratishga roziligi olingach va oʻrtada bolalar va mol-mulk yuzasidan nizolari yoʻq boʻlganda, FHDY organi ariza beruvchi ishtirokida nikohdan ajratishni qayd etadi.
116. Oʻzaro bolalari va mulkiy nizolari boʻlmagan va 3 yildan kam boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan shaxslarni nikohdan ajratish er-xotinning oʻzaro roziligiga koʻra umumiy qoidalar asosida FHDY organlari tomonidan amalga oshiriladi.
117. Sudning er-xotindan birining bedarak yoʻqolgan deb topilganligi toʻgʻrisidagi qarori boʻyicha nikohdan ajratish er yoki xotindan birining turar joyidagi FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
118. Sud tomonidan bedarak yoʻqolgan deb topilgan shaxs qaytib kelganda uning murojaati boʻyicha FHDY organi unga ham nikohdan ajralganlik haqida guvohnoma beradi.
Sud qarori bilan nikohdan ajratishni qayd etish
119. Oila kodeksining 47-moddasiga muvofiq nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi qonuniy kuchga kirgan sud qarori nusxasi nikohdan ajratilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaga tenglashtiriladi.
Nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi sud qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab, 10 kun ichida sud nikoh tuzilganligi roʻyxatga olingan joydagi FHDY organiga ushbu qarordan koʻchirma yuborishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
120. FHDY organi sud qarori asosida nikoh qayd etilganligi haqidagi dalolatnoma yozuviga nikoh tugatilganligi haqida belgi qoʻyadi va dalolatnoma yozuvining ikkinchi nusxasiga belgi qoʻyish uchun FHDYning yuqori turuvchi tegishli arxiviga yuboradi.
Mazkur qoida Oila kodeksi amalga kiritilgandan keyin, yaʼni 1998-yil 1-sentabrdan keyin qonuniy kuchga kirgan sud qarorlariga nisbatan qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
121. Respublika sudlarining 1998-yil 1-sentabrgacha qonuniy kuchga kirgan qarorlari boʻyicha nikohdan ajratishni qayd etish, nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi qarorni chiqargan sud joylashgan hududdagi FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda nikohdan ajratishni qayd etishgacha FHDY organi er yoki xotindan birining nikohdan ajratilganligi rasmiylashtirilganligini tekshiradi.
Tekshiruvni sud qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab, murojaat etilgan kungacha nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi Alfavit daftari boʻyicha va nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvi (nikoh bekor qilinganligi haqida belgi qoʻyilganligi yoki yoʻqligi) boʻyicha oʻtkaziladi.
Agar nikohdan ajratish FHDY organida tomonlardan birining arizasiga koʻra qayd etilgan boʻlsa, u holda dalolatnoma yozuvi ikkinchi tomon toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan toʻldiriladi va nikohdan ajratganlik toʻgʻrisida guvohnoma beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
122. MDH mamlakatlari sudi tomonidan qonuniy kuchga kirgan qaror asosida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi bilan tuzilgan nikohni bekor qilish (qaror qachon chiqqanidan qatʼi nazar) agar davlatlararo bitimda boshqa hol nazarda tutilmagan boʻlsa, arizachining turar joyidagi FHDY organida qayd etiladi.
VII. OʻLIMNI QAYD ETISh
123. Oʻlimni qayd etish marhumning yashash joyi yoki oʻlim sodir boʻlgan joydagi FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
124. Oʻlimni qayd etish toʻgʻrisidagi ariza oʻlim toʻgʻrisidagi tibbiy guvohnoma berilgan vaqtdan boshlab 3 kundan kechikmay berilishi kerak.
Oʻlimni qayd ettirish toʻgʻrisida marhumning qarindoshlari yoki yaqin kishilari, shuningdek tibbiy muassasa maʼmuriyati murojaat etishlari mumkin, ular oʻlim toʻgʻrisida tibbiy guvohnoma va marhumning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etadilar.
125. Oʻlimni qayd etishda taqdim etilgan tibbiy guvohnoma dalolatnoma yozuvi ikkinchi nusxasi chap tomonining yuqori qismiga qistirib qoʻyiladi.
126. Chet elliklar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning oʻlimini qayd etish umumiy asoslarda amalga oshiriladi.
127. Chet elda vafot etgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining oʻlimini qayd etish marhum yashab turgan yoki oʻlim sodir boʻlgan joydagi konsullik muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.
Agar oʻlimni qayd etish marhumning yashash joyidan boshqa okrugda amalga oshirilsa, u holda oʻlimni qayd etgan konsullik muassasasi marhum hisobda turgan konsullik muassasasiga uning familiyasi, ismi, otasining ismi, oʻlgan sanasi, shuningdek oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuvining raqami va oʻlim qayd etilgan sana koʻrsatilgan xabarnoma yuboradi.
128. Agar oʻlimni qayd etishda marhumning homiysiz qolgan voyaga yetmagan bolalari borligi maʼlum boʻlsa, u holda konsul shu kunning oʻzidayoq bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik boshqarmasiga xabar beradi.
129. Oʻlim qayd etilgandan keyin marhumning hujjatlari diplomatik pochta orqali Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Konsullik boshqarmasiga joʻnatiladi.
Marhumning pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatining yoʻqligi oʻlimni qayd etish uchun toʻsiq boʻla olmaydi, bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Konsullik boshqarmasi xabardor qilinadi.
130. Jazoni ijro etish muassasalarida vafot etgan shaxslarning oʻlimini qayd etish mazkur muassasa maʼmuriyatining xabariga koʻra, vafot etgan kishining ozodlikdan mahrum qilingunga qadar doimiy yashagan joyidagi yoki jazoni ijro etish muassasasi joylashgan hududdagi FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
131. Sudning fuqaroni oʻlgan deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi qarori bilan oʻlimni qayd etish yoki oʻlimi qonunda belgilangan muddatlarda qayd etilmagan shaxslarning oʻlimi umumiy asoslarda qayd etiladi. Bunday holda marhum haqidagi maʼlumotlar oʻlim qayd etilgan yildagi va oʻlim sodir boʻlgan yildagi Alfavit daftarlariga kiritiladi.
132. Oʻlimni qayd etishda marhumning pasporti, harbiy bileti, 16 yoshgacha vafot etganlarning esa tugʻilganlik haqida guvohnomasi taqdim qilinadi. Bunda FHDY organi xodimi (konsul) hujjatlarning birinchi sahifasiga oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuvining raqami va sanasini yozadi.
Vafot etganlarning pasportlari va 50 yoshgacha vafot etganlarning harbiy biletlari har oyda bir marta, roʻyxat boʻyicha IIB va mudofaa ishlari boʻlimiga topshiriladi, tugʻilganlik haqidagi guvohnomalar esa har chorakda bir marta, dalolatnoma asosida yoʻq qilinadi.
Agar oʻlimni qayd etishda vafot etgan shaxsning pasporti va harbiy bileti taqdim qilinmagan boʻlsa, u holda bu haqda oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuvining “Belgilar uchun” ustunida koʻrsatiladi.
133. Oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuvi qayd etilgandan soʻng oʻlim haqida gerbli guvohnoma yoziladi va arizachiga taqdim etiladi. Ayni bir vaqtda sugʻurta kassasiga va qabristonga taqdim etish uchun tegishli shakldagi maʼlumotnomalar beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
134. Oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuvlarini qayta tiklash tuman, shahar sudlarining qaroriga koʻra amalga oshiriladi. Agar sud qarorida marhumning oʻlgan sanasi koʻrsatilmagan boʻlsa, u holda sud qarori kuchga kirgan sana marhumning oʻlgan kuni hisoblanadi.
135. Temir yoʻl yoki avtomobil transportida sodir boʻlgan oʻlimni qayd etish oʻlim toʻgʻrisidagi tibbiy guvohnomaga asosan yaqinroq joydagi FHDY organi yoki marhumning doimiy yashagan joyidagi FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
Havo yoki dengiz kemasida sodir boʻlgan oʻlimni qayd etish havo kemasi qoʻngan joydagi yoki dengiz kemasi toʻxtagan portdagi FHDY organi tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
136. Shaxsi aniqlanmaganlarning oʻlimini qayd etish sogʻliqni saqlash tizimi tibbiy muassasasining oʻlim toʻgʻrisidagi tibbiy guvohnomasiga asosan shu muassasa joylashgan hududdagi FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
Bunday hollarda oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuvidagi barcha maʼlumotlar oʻlim toʻgʻrisidagi tibbiy guvohnoma asosida koʻrsatiladi va faqat qabristonga taqdim etish uchun maʼlumotnoma beriladi.
Oʻlim haqidagi gerbli guvohnoma faqat dalolatnoma yozuvidagi yetishmaydigan maʼlumotlar toʻldirilgandan keyingina beriladi.
137. FHDY organi qoʻshimcha tibbiy maʼlumotnoma yoki murdaning tanib olinganligi toʻgʻrisidagi prokuratura xabarnomasini olgach, dalolatnoma yozuviga yetishmaydigan maʼlumotlarni kiritadi va dalolatnoma yozuvining ikkinchi nusxasiga zarur oʻzgartirishlar kiritish uchun FHDYning yuqori arxiviga xabarnoma joʻnatadi.
VIII. DALOLATNOMA YoZUVLARINI TIKLASh
138. Oila kodeksining 230-moddasiga muvofiq fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarini tiklash deganda ilgari shunday yozuv boʻlganligini tasdiqlovchi yetarli asoslar boʻlganida yoʻqolgan yozuvlarni qayta tiklab qoʻyish tushuniladi.
139. Tugʻilish, nikoh tuzish, nikohdan ajratish haqidagi dalolatnoma yozuvlari bu yozuvlar kimga nisbatan tuzilgan boʻlsa faqat ana shu shaxslarning arizasiga koʻra tiklanadi.
Agar oʻn olti yoshgacha boʻlgan bolaning tugʻilishi haqidagi yozuv yoʻqolgan boʻlsa yozuv bolaning ota-onasi, vasiysi, homiysi, bolalar muassasasi maʼmuriyatining arizasiga binoan tiklanadi.
Yozuvni tiklashdan manfaatdor taraflar oʻrtasida nizo boʻlsa yozuvni tiklash Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga asosan amalga oshiriladi.
140. Dalolatnoma yozuvining ikkala nusxasi ham yoʻqolgan hollarda dalolatnoma yozuvini tiklash 16 yoshga toʻlgan fuqaroning shaxsiy arizasiga koʻra uning yashash joyidagi FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
Dalolatnoma yozuvlarini tiklash ularni tiklash uchun asos boʻlgan barcha holatlar FHDY organi tomonidan aniqlanganidan keyingina amalga oshiriladi.
141. Tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini tiklash uchun FHDY organiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
dalolatnoma yozuvini tiklash toʻgʻrisida belgilangan shakldagi ariza;
shahar (Toshkent), viloyat, respublika (Qoraqalpogʻiston)* FHDY arxivining ariza beruvchining tugʻilgan joyi boʻyicha dalolatnoma yozuvining yoʻqligi haqidagi maʼlumotnomasi;
*Keyingi oʻrinlarda matnda shahar, viloyat, respublika FHDY arxivi deb yuritiladi.
ota-onasining pasportlari nusxalari;
agar ota-onasi vafot etgan boʻlsa, ularning oʻlimi haqidagi dalolatnomalar yozuvlarining nusxalari;
nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma (ota-onasining va oʻzining) yozuvi nusxasi;
ota-onalarining hujjatlari boʻlmaganda, aka-ukalari, opa-singillarining tugʻilganlik toʻgʻrisidagi dalolatnoma yozuvlari nusxalari;
arizachining iltimosini asoslovchi boshqa hujjatlar.
142. Ariza qabul qilishda ariza beruvchi yolgʻon koʻrsatmalar berganligi uchun javobgarligi haqida FHDY organi tomonidan ogohlantiriladi.
Qabul qilingan ariza qayta tiklash haqidagi hisobga olish daftariga qayd etiladi.
143. Tugʻilganlik haqidagi tiklangan dalolatnoma yozuvida arizachining tugʻilgan yili: pasporti, harbiy bileti va boshqa mavjud hujjatlariga asosan koʻrsatiladi.
Agar taqdim etilgan hujjatlarda ariza beruvchining faqat tugʻilgan yili koʻrsatilib, tugʻilgan kuni va oyi koʻrsatilmagan boʻlsa, uning tugʻilgan sanasi oʻsha yilning 1-iyuli deb hisoblanadi.
144. Taqdim etilgan hujjatlar oʻrganib chiqilganidan soʻng FHDY organi mudiri tomonidan xulosa tuziladi va uning asosida tugʻilganlik haqidagi tiklangan dalolatnoma yozuvi qayd etiladi va tugʻilganlik haqida guvohnoma beriladi.
145. Sobiq Ittifoq respublikalaridan tugʻilganlik haqida dalolatnoma yozuvini tiklash haqida tushgan hujjatlar asosida FHDY organi dalolatnoma yozuvini qayd etadi va tugʻilganlik haqida guvohnoma joʻnatadi.
146. Nikoh tuzilganligi haqida dalolatnoma yozuvini tiklash uchun quyidagi hujjatlar taqdim etilishi kerak:
belgilangan shakldagi ariza;
shahar, viloyat, respublika FHDY arxivining nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvi yoʻqligi haqidagi maʼlumotnomasi;
pasportlarning kseronusxasi( nusxasi);
bolalarining tugʻilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvlari nusxalari;
nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvi boʻlganligini tasdiqlovchi boshqa qoʻshimcha hujjatlar.
Taqdim etilgan hujjatlar asosida FHDY organi tomonidan xulosa tuziladi, soʻngra nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvlari daftarida oxirgi dalolatnoma yozuvining raqami takroriy ravishda “T” harfi qoʻygan holda yoziladi va nikoh tuzilganligi haqidagi tiklangan dalolatnoma yozuvi tuziladi.
Nikoh tuzilganligi haqida guvohnomada “nikohlandilar” grafasida tiklanayotgan dalolatnoma yozuvining birinchi qayd etilgan sanasi, “tegishli dalolatnoma yozuvi qayd etildi” ustunida nikoh tuzilganligi haqida tiklanib tuzilgan dalolatnoma yozuvi raqami va sanasi koʻrsatiladi.
147. Nikohdan ajralganlik haqida dalolatnoma yozuvini tiklash uchun quyidagi hujjatlar taqdim etilishi kerak:
belgilangan namunadagi ariza;
shahar, viloyat, respublika FHDY arxivining nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi yoʻqligi haqida maʼlumotnomasi;
pasportning kseronusxasi (nusxasi);
nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvining nikohdan ajratish haqidagi belgi qoʻyilgan nusxasi;
ilgarigi nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi boʻlganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar.
Taqdim etilgan hujjatlar asosida FHDY organi tomonidan xulosa tuziladi, nikohdan ajralganlik haqida dalolatnoma yozuvlari daftarida oxirgi dalolatnoma yozuvi tartib raqami takroriy ravishda “T” harfi yozib qoʻyiladi va nikohdan ajratish haqidagi tiklangan dalolatnoma yozuvi tuziladi.
Nikohdan ajralganlik haqidagi gerbli guvohnomaning “bu haqda ajratish toʻgʻrisidagi dalolatnomalarni qayd qilish daftarida” ustunida nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvining dastlabki sanasi, qavs ichida esa — tiklangan dalolatnoma yozuvining raqami va sanasi yozib qoʻyiladi.
148. Dalolatnoma yozuvlarini tiklash uchun yetarli asoslar boʻlmaganda FHDY organi ariza beruvchiga rad qilinganlik haqidagi asoslangan xulosasini beradi. Ushbu xulosa bilan arizachi masalani mohiyatiga koʻra hal etish uchun sudga murojaat qilishi mumkin.
149. Dalolatnoma yozuvini tiklash haqidagi ariza FHDY organi tomonidan barcha zaruriy hujjatlar taqdim qilingan kundan boshlab 15 kun ichida koʻrib chiqilishi zarur.
150. Dalolatnoma yozuvi qayta tiklanganligi uchun belgilangan tartibda davlat boji undiriladi.
IX. XORIJIY DAVLATLARNING VAKOLATLI MUASSASALARI TOMONIDAN BERILGAN HUJJATLARNI ALMAShTIRISh
151. Oʻzbekiston fuqarolarining xorijiy davlatlarning vakolatli muassasalari tomonidan berilgan fuqarolik holatlarini tasdiqlovchi hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasining gerbli guvohnomalariga almashtirilishi mumkin.
152. Hujjatlarni almashtirish fuqarolarning yozma arizalariga koʻra doimiy yashash joylaridagi FHDY organlari tomonidan ushbu hujjatlar va ularning Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida legalizatsiya qilingan tarjimalari asosida, hujjatning berilgan vaqti va joyini koʻrsatgan holda va tiklangan dalolatnoma yozuvlarini qayd etish orqali amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
153. Almashtirish paytida topshirilgan va chet el vakolatli muassasalari tomonidan berilgan hujjatlar va ularning legalizatsiya qilingan tarjimalari tiklangan dalolatnoma yozuvlarining birinchi nusxalari bilan ushbu yozuvni qayd etgan FHDY organi arxivida 75 yil saqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
X. DALOLATNOMA YoZUVLARINI OʻZGARTIRISh, TUZATISh VA TOʻLDIRISh
154. Fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlariga oʻzgartirishlar, tuzatishlar va qoʻshimchalar kiritish yetarli asoslar mavjud boʻlganda va manfaatdor shaxslar oʻrtasida nizo boʻlmaganda, ushbu dalolatnoma yozuvlari saqlanayotgan joydagi, agar ular Oʻzbekiston Respublikasi hududida tuzilgan boʻlsa, FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
FHDY organining dalolatnoma yozuvlariga oʻzgartirishlar, tuzatishlar va qoʻshimchalar kiritishni rad etish toʻgʻrisidagi xulosasi ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
155. Dalolatnoma yozuvlariga oʻzgartirishlar, tuzatishlar va qoʻshimchalar kiritish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
a) “Davlat tili haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasi asosida tarixiy va milliy anʼanalarga rioya qilish maqsadida familiyasi, ismi, otasining ismini yozdirish istagi boʻlganda;
b) otalik belgilanganda;
v) farzandlikka olinganda;
g) ota-onaning oʻzaro kelishuviga koʻra (shuningdek ota-ona nikohdan ajratilganda) yoki hokim qaroriga koʻra voyaga yetmagan bolaning familiyasi oʻzgartirilganda;
d) millati oʻzgartirilganda;
e) nikohda turmagan ona tomonidan bolaning otasi haqidagi maʼlumotlarni oʻzgartirish haqida ariza berilganda (bola 16 yoshga yetgunga qadar);
yo) otalikni belgilash yoki farzandlikka olish sud qarori bilan haqiqiy emas deb topilganda;
j) ota-onasining familiyasi, ismi va otasining ismi oʻzgartirilishi munosabati bilan voyaga yetmagan bolaning familiyasi va otasining ismi oʻzgartirilganda;
z) imlo xato va noaniqliklar boʻlganda, shuningdek tugʻilgan vaqti, joyi va otasining ismi yozilmay qolganda;
i) 16 yoshga toʻlmagan bolaning ismi va familiyasi oʻzgartirilganda, agar ismi va familiyasi ota-onasining xohishi hisobga olinmagan holda berilgan boʻlsa;
k) agar dalolatnoma yozuvida ismi qisqartirib yoki erkalatish shaklida yozilgan boʻlsa, shuningdek boshqa zarur hollarda.
156. Dalolatnoma yozuvlari Oʻzbekistondan tashqarida boʻlgan, shuningdek nikoh toʻgʻrisida va oʻlim toʻgʻrisida, aka-ukalar va opa-singillarning tugʻilganligi toʻgʻrisidagi va boshqa dalolatnoma yozuvlarida tafovutlar boʻlgan hollardan tashqari, yuqorida keltirilgan barcha holatlarda dalolatnoma yozuvlari tuzilgan joyi boʻyicha ariza berilgan kunidayoq xulosa tuzilmay tuzatishlar kiritiladi.
157. Oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi arizaga ariza beruvchining iltimosi asosli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari (pasportning nusxasi (kseronusxasi), dalolatnoma yozuvlari nusxalari ilova qilinadi. Ular bilan birga yigʻmajildga oʻzgartirilishi lozim boʻlgan guvohnomalarning asl nusxasi tikib qoʻyiladi.
158. Agar oʻzgartirish kiritiladigan dalolatnoma yozuvi respublikadan tashqarida boʻlsa, u holda FHDY organi xulosa tuzadi yoki (davlatlararo kelishuv mavjud boʻlsa) ariza beruvchining arizadagi imzosini tasdiqlaydi va yigʻmajildni (arizani) dalolatnoma yozuvi tuzilgan joydagi FHDY organiga ijro etish uchun yuboradi.
Xulosaga koʻra dalolatnoma yozuviga oʻzgartirishlar kiritilishi zarur boʻlgan hollarda, ariza unga ilova qilingan barcha hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab 15 kun ichida koʻrib chiqilishi kerak.
159. Dalolatnoma yozuvlariga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisidagi xulosa 3 nusxada tuziladi, ulardan biri yigʻmajildga tikiladi, ikkinchisi FHDY organida qoladi, uchinchi nusxasi ariza beruvchiga beriladi.
Zarur hollarda xulosa nusxalari tegishli FHDY organlariga yuboriladi.
160. Dalolatnoma yozuviga oʻzgartirish kiritgan FHDY organi dalolatnoma yozuvining ikkinchi nusxasiga tegishli oʻzgartirish kiritish uchun bu haqda FHDY arxivini shu kunning oʻzidayoq xabardor qiladi.
161. Ariza beruvchining familiyasi, ismi oʻzgartirilganda tegishli Alfavit daftarlariga oʻzgartirishlar kiritiladi.
162. Ariza beruvchining xohishiga binoan FHDY organi dalolatnoma yozuviga oʻzgartirish kiritilganligi haqida maʼlumotnoma berishi mumkin.
163. Shaxsning tugʻilish dalolatnoma yozuvida uning jinsini oʻzgartirish tibbiyot muassasasining xulosasi boʻyicha amalga oshiriladi.
164. Mazkur Qoidalarning 155-bandi “b” va “v” qismlaridan tashqari barcha hollarda oʻzgartirishlar kiritilganligi uchun belgilangan tartibda davlat boji undiriladi.
165. Oʻzbekiston Respublikasining chet elda turuvchi fuqarolarining dalolatnoma yozuvlariga oʻzgartirishlar, tuzatishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi arizalari ushbu Qoidalar bilan belgilangan tartibda konsullik muassasalari tomonidan koʻrib chiqiladi.
XI. FAMILIYA, ISM VA OTA ISMINI OʻZGARTIRISh
166. Familiya, ism va ota ismini oʻzgartirish haqidagi arizalar ariza beruvchi 16 yoshga toʻlgach turar joydagi FHDY organi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Agar 16 yoshga toʻlgan shaxs pasport yoki pasport oʻrnini bosuvchi shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat olgunga qadar familiyasi, ismi, ota ismini oʻzgartirish haqida ariza bersa, unda arizaga tugʻilganlik haqida guvohnoma va tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi nusxasi ilova qilinadi.
167. Familiya, ism, ota ismini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizalar:
“Davlat tili haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga binoan;
agar familiya, ism va ota ism eshitilishda yoqimsiz boʻlsa;
agar familiya, ism va ota ismi millatiga toʻgʻri kelmasa;
xohishga qarab nikohgacha boʻlgan familiyaga (nikohda turgan davrida ham, nikohdan ajratilgandan keyin ham) qaytishda;
oilada bir xil familiyada boʻlish istagi paydo boʻlganda (agar nikoh tuzish paytida er-xotin umumiy familiyani tanlamagan boʻlsa);
FHDY organi tomonidan uzrli deb topilgan boshqa asoslarga koʻra koʻrib chiqiladi.
168. Familiya, ism, ota ismini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizaga quyidagilar:
a) ariza beruvchining tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi;
b) agar ariza beruvchi nikohda turgan boʻlsa, u holda nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomasi, agar nikohdan ajratilgan boʻlsa — nikohdan ajralganlik haqidagi guvohnomasi;
v) agar ariza beruvchining voyaga yetmagan bolalari boʻlsa, u holda bolalarning tugʻilganlik haqidagi guvohnomalari;
g) ariza beruvchining pasportidan yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatidan koʻchirma;
d) agar ariza beruvchi voyaga yetmagan yoki sud qarori bilan muomalaga layoqatsiz deb topilgan boʻlsa, u holda ota-onasining yoxud vasiy yoki homiyning arizasi;
e) 1 dona (3 x 4 oʻlchamli) fotosurat ilova qilinadi.
169. Oʻzgartirishlar kiritilishi uchun zarur boʻlgan dalolatnoma yozuvlari yoʻqolgan taqdirda, familiya, ism, ota ismini oʻzgartirish ular tiklanganidan keyin amalga oshiriladi.
170. Qabul qilingan ariza maxsus daftarga kiritiladi.
171. FHDY boʻlimi mudiri taqdim etilgan hujjatlar asosida, zarur hollarda esa boshqa FHDY organlaridan oʻzining talabi boʻyicha kerakli dalolatnoma yozuvlari nusxalarini olganda yigʻilgan hujjatlarni yigʻmajildga tikadi va tegishli tekshiruv oʻtkazish uchun ichki ishlar boʻlimiga joʻnatadi.
172. Ichki ishlar boʻlimi taqdim qilingan hujjatlarni 30 kun mobaynida oʻrganib chiqadi, ariza beruvchining familiyasi, ismi, ota ismini oʻzgartirishi xususida asoslangan xulosa tuzadi va FHDY organiga taqdim qiladi.
173. Ichki ishlar boʻlimining xulosasini olgandan keyin FHDY organi taqdim etilgan hujjatlar asosida familiya, ism, ota ismini oʻzgartirish yoki rad qilish toʻgʻrisida asoslangan xulosa tuzadi.
174. Familiya, ism, ota ismi oʻzgarganligi toʻgʻrisida ichki ishlar boʻlimiga 7 kun mobaynida, agar ariza beruvchi harbiy xizmatga majbur boʻlsa, mudofaa ishlari boʻlimiga xabarnoma yuboriladi.
175. Xulosa asosida tugʻilganlik toʻgʻrisida, nikohni qayd etish yoki nikohdan ajratish toʻgʻrisida, bolalarining tugʻilganligi toʻgʻrisidagi dalolatnoma yozuvlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi va yangi guvohnoma beriladi. Eski guvohnomalar yigʻmajildga tikib qoʻyiladi.
176. Agar oʻzgartirish kiritish talab etiladigan dalolatnoma yozuvi boshqa joyda boʻlsa, u holda FHDY organi dalolatnoma yozuviga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida xabarnoma yuboradi.
177. FHDY organi xabarnomaga binoan dalolatnoma yozuviga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi va yangi guvohnomani toʻldiradi va uni ariza beruvchiga topshirish uchun uning yashash joyidagi FHDY organiga yuboradi, shuningdek dalolatnoma yozuvining ikkinchi nusxasiga ana shunday oʻzgartirishlarni kiritish uchun tegishli FHDY arxiviga xabarnoma yuboradi.
178. Oʻzaro qonuniy nikohda turgan er yoki xotindan birining familiyasi oʻzgartirilishi ikkinchisining ham familiyasi oʻzgarishiga sabab boʻlmaydi.
Ota-onalar yoki ulardan birining familiyasini oʻzgartirganligi ularning voyaga yetgan bolalarining familiyasi oʻzgarishiga sabab boʻlmaydi.
Ota-onalardan har ikkalasining familiyasi oʻzgartirilishi 16 yoshga toʻlmagan bolalar familiyasining ham oʻzgartirilishiga sabab boʻladi.
Agar ota-onadan biri familiyasini oʻzgartirsa, ularning voyaga yetmagan bolalarining familiyasini oʻzgartirish masalasi ota-onalarning kelishuviga binoan, bunday kelishuv boʻlmaganda esa vasiylik va homiylik organi tomonidan hal etiladi.
179. Otaning ismini oʻzgartirishi voyaga yetmagan bolalarning ota ismi oʻzgarishiga olib keladi.
Voyaga yetgan bolalarning ota ismi faqat ularning arizalariga koʻra oʻzgartiriladi.
180. Agar nikohga kirish paytida oʻzining nikohgacha boʻlgan familiyasini saqlab qolgan shaxs keyinchalik erining familiyasini qabul qilsa, shuningdek, nikohga kirish paytida qabul qilgan familiyasini nikohgacha boʻlgan familiyasiga oʻzgartirsa, u holda oʻzgartirish faqat nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuviga kiritiladi.
Agar nikohdan ajratilgandan keyin nikohdagi familiyasini saqlab qolgan shaxs uni nikohgacha boʻlgan familiyasiga oʻzgartirsa, u holda oʻzgartirish faqat nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga kiritiladi.
181. 16 yoshga toʻlgan shaxslar tomonidan familiyasi, ismi, ota ismi oʻzgartirilgan barcha hollarda oʻzgartirish faqat tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvining “bola toʻgʻrisida maʼlumotlar” ustuniga kiritiladi.
Ota-ona toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oʻzgarishsiz qoldiriladi.
182. Oʻzbekiston Respublikasining chet elda doimiy yashovchi fuqarolarining arizalari konsul tomonidan koʻrib chiqiladi. Arizaga mazkur Qoidalarning 167-moddasida koʻrsatilgan hujjatlar ilova qilinishi lozim. Zarur hollarda konsul arizachining iltimosi asosli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlarni va oʻzgartirish kiritilishi lozim boʻlgan dalolatnoma yozuvlarini Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali tegishli organlardan talab qilib oladi.
Yigʻilgan hujjatlar asosida konsul Tashqi ishlar vazirligi orqali Oʻzbekiston Respublikasining yoki ariza beruvchi yashab turgan davlatning vakolatli organlaridan ariza beruvchining familiyasi, ismi, ota ismini oʻzgartirishiga ruxsat berilganligi haqidagi xulosani olishi zarur.
Ushbu xulosa asosida konsul familiya, ism, ota ismini oʻzgartirish haqida asoslangan xulosa tuzadi va uni yigʻmajild bilan birga oʻzgartirish kiritilishi lozim boʻlgan dalolatnoma yozuvi saqlanib turgan FHDY organiga yuboradi.
183. Familiya, ism va ota ismini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi ariza 45 kun mobaynida koʻrib chiqilishi kerak.
184. Familiya, ism va ota ismini oʻzgartirganlik uchun belgilangan tartibda davlat boji undiriladi.
XII. DALOLATNOMA YoZUVLARINI BEKOR QILISh
185. Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 233-moddasiga muvofiq, agar FHDY organi tomonidan ikki va undan ortiq bir xil yozuvlar borligi aniqlansa, tiklangan yozuvlar ular tuzilgan joydagi FHDY organi tomonidan bekor qilinishi mumkin.
Agar topilgan fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarida familiya, ism, ota ismi, tugʻilgan sana, ota-ona toʻgʻrisidagi maʼlumotlarda jiddiy farq boʻlsa, tiklangan fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari sudning qarori bilan bekor qilinadi.
186. Dalolatnoma yozuvini bekor qilish toʻgʻrisidagi sudning qarorini olgach bekor qilingan yozuvni tuzgan FHDY organi uning diagonali boʻylab chiziq tortib, bu haqda belgi qoʻyadi va arizachiga maʼlumotnoma beradi.
187. FHDY organi yuqori turuvchi shahar, viloyat, respublika FHDY arxiviga va dastlabki dalolatnoma yozuvi tuzilgan joydagi FHDY organiga dalolatnoma yozuvlarining bekor qilinganligi toʻgʻrisida xabarnomalar yuboradi.
FHDY arxivi xabarnomani olishi bilan tegishli dalolatnoma yozuvining ikkinchi nusxasiga bekor qilinganligi haqida belgi qoʻyadi, FHDY organi esa ariza beruvchiga dalolatnomaning dastlabki yozuviga muvofiq takroriy guvohnoma beradi (yuboradi).
188. Sobiq Ittifoq respublikalaridan kelgan hujjatlar boʻyicha yozuvlarni bekor qilish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari adliya boshqarmalari xulosasi boʻyicha FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi, yozuvni bekor qilish boʻyicha hujjatlar esa shu FHDY organida saqlanadi.
XIII. FUQAROLIK HOLATI DALOLATNOMA YoZUVLARINI TOʻLDIRISh
189. Fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari ikki nusxada tuziladi.
Fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarining har bir turi har yilning 1-yanvaridan 31-dekabrigacha tartib bilan ketma-ket raqamlanadi.
Fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari davlat tilida tushunarli va chiroyli dastxat bilan toʻldiriladi.
190. Dalolatnoma yozuvlarining barcha ustunlari toʻliq, xatosiz va qisqartirishlarsiz (umumiy qabul qilinganlaridan tashqari) toʻldirilishi kerak.
191. Fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari pasport asosida, u boʻlmagan taqdirda — shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlar asosida toʻldiriladi.
Chet el fuqarolariga nisbatan dalolatnoma yozuvlari qayd etilayotganda millatidan tashqari qaysi davlat fuqarosi ekanligi ham koʻrsatiladi. Millati haqida maʼlumot boʻlmagan taqdirda fuqaroligi toʻgʻrisidagi maʼlumot yoziladi.
Fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun millati yoniga “fuqaroligi yoʻq” soʻzlari qoʻshib qoʻyiladi.
192. “Tugʻilgan joyi” va “Oʻlgan joyi” ustunlarida respublika, viloyat, shahar va tuman, qishloqlarda esa qishloq nomi koʻrsatilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
193. “Doimiy yashash joyi” ustunida maʼlumotlar pasport boʻyicha koʻrsatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
194. Qayerda va kim boʻlib ishlaydi ustunida korxona, muassasa va tashkilotning toʻliq nomi hamda lavozimi koʻrsatiladi.
Qarilik va nogironlik boʻyicha pensiyadagi shaxslarga nisbatan pensioner deb yozib qoʻyiladi.
Oʻsha ustunda harbiy xizmatchilarga nisbatan “harbiy xizmatchi” deb yozib qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
195. “Maʼlumoti” ustuni ariza beruvchining koʻrsatmasi asosida toʻldiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
196. “Taqdim etilgan hujjatlar” ustunida hujjatning nomi, seriyasi va tartib raqami, kim tomonidan va qachon berilganligi koʻrsatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
197. Oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuvining “Oʻlim sababi” ustunida uning sababi oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma 8-bandining “v” qismi asosida koʻrsatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
198. Oʻlik tugʻilgan bola toʻgʻrisida oʻlimi haqidagi dalolatnoma yozuvini rasmiylashtirishda uning 1-ustuniga ona familiyasi yoziladi, 14 — 18-ustunlari tibbiy guvohnomaga binoan toʻldiriladi. 2, 3-ustunlar va 11 — 19-ustunlarining ota haqida maʼlumotlar koʻrsatiladigan qismi toʻldirilmaydi va ularga chiziqcha qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
199. Tirik tugʻilib, hayotining birinchi haftasida oʻlgan bolaga nisbatan tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi mazkur Qoidalarning 198-bandida koʻrsatilganidek toʻldiriladi.
Oʻlim haqida dalolatnoma yozuvining 1, 4, 5 — 15-ustunlari perinatal oʻlim haqidagi tibbiy guvohnoma boʻyicha toʻldiriladi, 2-3-ustunlari esa ochiq qoldirilib, chiziqcha qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
200. Perinatal oʻlim va bir yoshgacha oʻlgan bolaning oʻlimi haqidagi dalolatnoma yozuvidagi “millati”, “manzili”, “oilaviy ahvoli”, “ish joyi”, “maʼlumoti” deb ataluvchi 5, 10 — 13-ustunlar bilan ona toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida toʻldiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
201. Dalolatnoma yozuvlari toʻldirilgandan keyin ariza beruvchi tomonidan oʻqib chiqiladi va imzolanadi.
202. Fuqarolik holati dalolatnoma yozuvi asosida tegishli gerbli guvohnomalar davlat tilida toʻldiriladi va ariza beruvchiga topshiriladi.
203. Gerbli guvohnomalarni berish uchun (oʻlim haqidagi gerbli guvohnomalar bundan mustasno) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan gerb yigʻimi undiriladi.
XIV. TAKRORIY GUVOHNOMALAR VA BOShQA MAʼLUMOTLAR BERISh
204. Fuqarolik holati dalolatnoma yozuvining birinchi nusxasi saqlanayotgan FHDY organi manfaatdor shaxslarning arizalariga koʻra va tegishli dalolatnoma yozuvlari asosida takroriy guvohnomalar beradi.
Alohida hollarda (dalolatnoma yozuvining birinchi nusxasi yoʻqolganda, ikkinchi nusxa boʻyicha guvohnoma olish qulay boʻlganda) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar FHDY arxivlari dalolatnoma yozuvining birinchi va ikkinchi nusxalarining aynan bir xilligini tekshirgandan soʻng tugʻilganlik, nikoh, oʻlim va nikohdan ajralganlik haqida takroriy guvohnomalar beradilar.
205. Tugʻilganlik haqida takroriy guvohnomalar fuqarolik holati dalolatnoma yozuvi qayd etilgan tegishli shaxsning oʻziga, uning ota-onalariga yoki qonunda belgilangan tartibda tasdiqlangan ishonch qogʻozlari asosida boshqa shaxslarga beriladi.
Oʻlim haqidagi takroriy guvohnomalar marhumning yaqin qarindoshlariga va merosxoʻrlariga beriladi.
Nikoh qayd etilganligi haqidagi takroriy guvohnoma nikohlangan shaxslarning oʻzlariga beriladi.
Nikohdan ajratilganda nikoh haqidagi takroriy guvohnoma berilmaydi. Zarur hollarda nikoh tuzilganligi haqidagi maʼlumotnoma berilishi mumkin.
206. Bolalarga va muomalaga layoqatsiz shaxslarga takroriy guvohnomalar ularning ota-onalari (farzandlikka olganlar), vasiylari, homiylari, bolalarni ijtimoiy himoyalash muassasasi maʼmuriyatlarining arizalari boʻyicha beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
207. Takroriy guvohnoma olish toʻgʻrisidagi arizada ariza beruvchining familiyasi, ismi, ota ismi, manzili, shaxsini tasdiqlovchi hujjatning seriyasi, raqami, qachon va kim tomonidan berilganligi, guvohnoma soʻralayotgan shaxsning familiyasi, ismi, ota ismi, nikoh tuzilganligi haqida guvohnoma soʻralganda er-xotinning familiyalari, ismlari va ota ismlari, dalolatnoma yozuvi qachon va qaysi FHDY organi tomonidan qayd etilganligi va takroriy guvohnoma qanday sababga koʻra talab qilinayotganligi koʻrsatilishi kerak.
208. Takroriy guvohnoma olishni xohlovchi shaxs dalolatnoma yozuvlarini qayd etgan FHDY organiga bevosita yoki oʻzi yashab turgan joydagi FHDY organi orqali murojaat etishi mumkin.
Yashash joyidagi FHDY organi orqali takroriy guvohnoma berish toʻgʻrisidagi iltimos bilan murojaat etilganda arizani qabul qilgan FHDY organi uni dalolatnoma yozuvini qayd etgan FHDY organiga ijro uchun joʻnatadi.
Ariza beruvchi dalolatnoma yozuvi qayd etilgan FHDY organiga murojaat etganda takroriy guvohnoma shu kuniyoq beriladi.
Pochta orqali kelib tushgan takroriy guvohnoma soʻralgan arizalar shu kuni ijro etiladi va ilova xat bilan birgalikda shahar (tuman) FHDY organiga joʻnatiladi va bir vaqtning oʻzida ariza beruvchiga guvohnoma joʻnatilgani haqida xabarnoma yuboriladi.
Harbiy xizmatni oʻtayotgan shaxslarning takroriy guvohnomalari harbiy qismlarga joʻnatiladi.
Agar takroriy guvohnoma soʻrab murojaat etilgan FHDY organida tegishli dalolatnoma yozuvi yoʻq boʻlsa, FHDY organi arizani va dalolatnoma yozuvi yoʻqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani shahar, viloyat, respublika FHDY arxiviga tegishli tekshiruv oʻtkazish va takroriy guvohnoma berish uchun joʻnatadi.
209. Shahar, viloyat, respublika FHDY arxivi arizani olishi bilan dastlabki va tiklangan dalolatnoma yozuvlarini tekshiradi va takroriy guvohnomani yuboradi.
Dalolatnoma yozuvi boʻlmasa ariza beruvchiga tegishli maʼlumotnoma yuboriladi.
210. Takroriy guvohnoma berish haqida ariza tushganda tekshirish arizada koʻrsatilgan yil boʻyicha, agar mazkur yilda boʻlmasa, oʻtgan va keyingi 3 yillar boʻyicha oʻtkaziladi.
211. Takroriy guvohnoma olishda ariza beruvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjat koʻrsatilishi kerak.
212. Dalolatnoma yozuvining baʼzi ustunlari toʻldirilmagan boʻlsa, u holda guvohnomada chiziqlar qoʻyiladi.
Beriladigan guvohnomalarning yuqori qismiga “TAKRORIY” degan belgi qoʻyiladi.
213. Takroriy guvohnomalar berilganligi uchun davlat boji va (oʻlim haqidagi guvohnomalar bundan mustasno) gerb yigʻimi undiriladi.
214. Fuqarolarning (oʻzlariga nisbatan tuzilgan dalolatnoma yozuvlari boʻyicha) arizalari yoki huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa manfaatdor organlarning yozma soʻrovnomalariga koʻra dalolatnoma yozuvlaridan nusxalar yoki ulardan koʻchirmalar berilishi mumkin.
Zarur hollarda hokimlik, mudofaa ishlari boʻlimi, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taʼminot organlarining vakillari maʼlumotlarni toʻplash, umumlashtirish yoki taqqoslash maqsadida adliya boshqarmalarining ruxsati bilan dalolatnoma yozuvlaridan ayrim maʼlumotlarni koʻchirma qilishlari mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
XV. FHDY ORGANLARI ARXIVI
215. FHDY organlari arxivlari tegishli tuman, shahar hududida tuzilgan fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarining birinchi nusxalaridan iborat boʻlgan daftarlardan tashkil topadi.
216. Fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarini qayd etish faoliyati bilan shugʻullanuvchi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish mahalliy organlari qayd etgan dalolatnoma yozuvlarining birinchi va ikkinchi nusxalarini har oyning 2-kunidan kechikmay FHDY organiga topshirishlari shart.
217. FHDY organlari arxivida saqlanayotgan fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarining birinchi nusxalari va statistika organlari orqali shahar, viloyat, respublika FHDY arxiviga qabul qilingan dalolatnoma yozuvlarining ikkinchi nusxalari kitob shaklida tikiladi, arxiv fondi hisobiga olinadi va Alfavit daftarlariga kiritiladi.
218. FHDY organlari arxivi uchun alohida xona boʻlmaganda dalolatnoma yozuvlari daftarlari ish xonalarida temir shkaflarda saqlanishi mumkin.
219. FHDY organlari arxivlari, kitob shkaflari ishdan tashqari vaqtda FHDY organining masʼul xodimi tomonidan muhrlab qoʻyilishi kerak.
220. FHDY organlari arxivlarida fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari daftarlarini saqlash uchun zarur sharoitlarni yaratish, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar adliya boshqarmalariga yuklanadi.
221. FHDY organlaridan kelib tushgan xabarnomalar asosida dalolatnoma yozuvlariga kiritilgan barcha oʻzgartirishlar toʻgʻrisidagi belgilar shahar, viloyat, respublika FHDY arxivi mansabdor shaxsining imzosi bilan tasdiqlanishi va gerbli muhr bilan muhrlanishi shart.
222. Joʻnatilayotgan xabarnomalar FHDY organidan chiqayotgan xat va xabarnomalar daftarida roʻyxatdan oʻtkazilishi shart.
223. FHDY organi arxivida dalolatnoma yozuvlari daftarlarining toʻla saqlanishi uchun javobgarlik FHDY organi mudiri yoki arxiv uchun masʼul xodimga yuklatiladi.
224. Shahar, viloyat, respublika FHDY arxivlari fondi tegishli ravishda ular hududidagi FHDY organlarida qayd etilgan fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarining ikkinchi nusxalaridan tashkil topadi.
225. Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalarida qayd etilgan fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarining birinchi nusxalari Toshkent shahar adliya boshqarmasi FHDY arxivida, ikkinchi nusxalari esa Toshkent viloyat adliya boshqarmasi FHDY arxivida saqlanadi.
226. Ayrim tumanlar (oʻzini oʻzi boshqarish organlari)dan olingan, tartib raqamlari va turlari boʻyicha taxlangan dalolatnoma yozuvlarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika organlaridagi ikkinchi nusxalari tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar adliya boshqarmalari FHDY arxiviga dalolatnoma asosida, har yilning yanvar oyining 20 kunigacha topshirilishi kerak.
227. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar adliya boshqarmalari FHDY arxivlarida oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomalar dalolatnoma yozuvlari bilan birga tikilib qoʻyiladi.
228. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari FHDY organi arxivlarini fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarini kitob shaklida tikish uchun zarur boʻlgan mablagʻlar bilan taʼminlaydi.
229. FHDY organlari arxivlari keluvchilar uchun xona, ish xonasi hamda fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari daftarlari saqlanadigan xonalarga ega boʻlishlari kerak.
Arxiv uchun ajratilgan xona temir stellajlar yoki temir javonlar bilan jihozlangan boʻlishi, uning eshiklari va derazalariga temir panjaralar oʻrnatilishi kerak.
230. Arxivga begona kishilarning kirishi, dalolatnoma yozuvlari bilan tanishishi, ulardan nusxalar, fotonusxalar olishi, ularga dalolatnoma yozuvlari daftarlarining berilishi qatʼiyan man etiladi.
231. FHDY organi arxivlarida fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarining birinchi nusxalari ularning tuzilgan kunidan boshlab 75 yil mobaynida saqlanadi. Bu muddat tugagach, dalolatnoma yozuvlari daftarlari tegishli ravishda shahar, viloyat va respublika FHDY arxivlariga topshiriladi.
232. Shahar, viloyat va respublika FHDY arxivlari oʻz navbatida dalolatnoma yozuvlarining har ikkala nusxalarini bir-biri bilan solishtirib, zaruriy oʻzgartirishlar, tuzatishlar, qoʻshimchalar va belgilar kiritadilar, foydalanishga yaroqsiz holdagi dalolatnoma yozuvlarini almashtiradilar, belgilangan tartibda rasmiylashtiradilar va doimiy saqlash uchun Markaziy davlat arxiviga topshiradi.
233. Shahar, viloyat respublika FHDY arxivlarida qolgan dalolatnoma yozuvlarining ikkinchi nusxalari muddati oʻtganligi sababli, dalolatnoma boʻyicha yoqish yoʻli bilan yoʻq qilinadi.
Saqlash muddatlari oʻtganligi sababli dalolatnoma yozuvlari daftarlarini yoʻq qilish haqidagi dalolatnoma Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarining boshliqlari tomonidan tasdiqlanishi kerak.
XVI. FHDY ORGANLARINING HISOBOTI
234. FHDY organlari tugʻilish, oʻlim, nikoh tuzish va nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlariga doir 97-shakl boʻyicha hisobotlarni har oyning 5-kunidan kechiktirmay Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligiga, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari adliya boshqarmalariga topshirishlari kerak.
235. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish mahalliy organlari tomonidan qayd etilgan dalolatnoma yozuvlarining har ikkala nusxasi 97-shakl boʻyicha 2 nusxada tuzilgan hisobot bilan keyingi oyning 2-kunidan kechiktirmay FHDY organiga topshiriladi. Hisobotning ikkinchi nusxasi oʻzini oʻzi boshqarish mahalliy organlarida saqlanadi.
236. FHDY organlarida qayd etilgan dalolatnoma yozuvlarining ikkinchi nusxasiga tibbiy muassasalar tomonidan berilgan oʻlim toʻgʻrisidagi guvohnomalar ilova qilinadi.
237. Adliya boshqarmasi dalolatnoma yozuvlarining toʻgʻriligini tekshiradi va tekshirish paytida notoʻgʻri yoki noaniq toʻldirilgan dalolatnoma yozuvlari aniqlanganda, ularni tegishli FHDY organiga uch kun muddatda tuzatish uchun qaytaradi.
Toʻgʻrilash uchun qaytarilgan dalolatnoma yozuvlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar vedomostdan oʻchirilmaydi.
Adliya boshqarmasi dalolatnoma yozuvlarini har oyning 10-kunidan kechiktirmay davlat statistika organiga topshiradi.
238. Davlat statistika organi oʻtgan yilda topshirilgan dalolatnoma yozuvlarini keyingi yilning 1-iyulidan kechiktirmay viloyat FHDY arxiviga topshirishi kerak.
239. 97-shakldagi hisobot vedomosti toʻrt nusxada tuziladi. Ulardan ikkitasi dalolatnoma yozuvlarining ikkinchi nusxasi bilan adliya boshqarmasiga, uchinchi nusxasi tuman, shahar davlat statistika organiga topshiriladi, toʻrtinchisi esa FHDY organida qoladi.
240. FHDY organlari har chorakdan keyingi oyning 5-kunigacha adliya boshqarmasiga dalolatnoma yozuvlari boʻyicha 22-shakldagi, gerbli guvohnomalar boʻyicha esa 1-shakldagi 1-chorak, yarim yillik, 9 oylik va yillik hisobotlarni topshirishlari kerak.
241. Adliya boshqarmalari FHDY organlaridan olingan 1 va 22-shakllar boʻyicha hisobotlarni umumlashtiradi va har chorak oʻtishi bilan keyingi oyning 10-kunidan kechiktirmay Adliya vazirligiga topshirishi kerak.
242. Adliya boshqarmalari yillik hisobotlarni yangi yil yanvar oyining 10-kunidan kechiktirmay Adliya vazirligiga topshirishi kerak.
243. Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalari tomonidan qayd etilgan fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari Adliya vazirligiga yangi yil yanvar oyining 10-kunidan kechiktirmay topshirilishi kerak.
XVII. GERBLI GUVOHNOMALARNI HISOBGA OLISh VA ULARNI SAQLASh
244. Fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari asosida tartib raqami va seriyasi boʻlgan, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organining muhri va mansabdor shaxsning imzosi qoʻyilgan gerbli guvohnomalar beriladi.
245. FHDY organlarida guvohnomalarning hisobga olinishi va ularning saqlanishi uchun javobgar ularning mudirlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida esa — ularning raislari hisoblanadi.
246. Agar gerbli guvohnomalarning saqlanishi uchun javobgar shaxs uzrli sabablarga koʻra boʻlmaganda, u holda gerbli guvohnomalar dalolatnoma boʻyicha uning vazifasini vaqtincha ijro etayotgan mansabdor shaxsga topshiriladi.
247. Gerbli guvohnomalarning kamchiligi, nuqsonlari, yoʻqolganligi va oʻgʻirlanganligi aniqlanganligi haqida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga maxsus xabar joʻnatiladi.
Gerbli guvohnomalar yoʻqolgan har bir holatda adliya boshqarmasi tomonidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilishi va aybdor shaxslarga nisbatan qattiq choralar qoʻllanilishi lozim.
248. Gerbli guvohnomalarni hisobga olish va sarflash daftarlari aniq va ravshan toʻldirilishi kerak.
Gerbli guvohnomalarni sarflashda ularning raqamlari yozilishida ketma-ketlik qoidasini buzish, daftardagi yozuvlarni chizish va oʻchirish qatʼiyan man etiladi. Ushbu daftarlarga kiritilgan har bir tuzatish izohlanishi shart.
249. Gerbli guvohnomalar muhrlangan poʻlat seyflarda saqlanishi shart.
XVIII. FHDY ORGANLARI FAOLIYATINI TEKShIRISh
250. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari adliya boshqarmalarining FHDY organlari faoliyatini har 2 yilda kamida 1-marta kompleks tekshirishdan oʻtkazishi kerak.
251. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar adliya boshqarmalari oʻzlariga qarashli FHDY organlari faoliyatini bir yilda kamida 1-marta tekshiruvdan oʻtkazishlari kerak.
252. Tuman, shahar FHDY boʻlimlari fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari boʻyicha oʻzlariga hisob beruvchi oʻzini oʻzi boshqarish mahalliy organlari faoliyatini bir yilda kamida bir marta tekshiruvdan oʻtkazishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil
12-apreldagi 171-son qaroriga
2-ILOVA
12-apreldagi 171-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida vasiylik va homiylik toʻgʻrisida
NIZOM
I. QISM
VASIYLIK VA HOMIYLIK ORGANLARI
VASIYLIK VA HOMIYLIK ORGANLARI
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksiga binoan vasiylik yoki homiylik ota-ona vafot etganda, ular ota-onalik huquqidan mahrum etilganda, ularning ota-onalik huquqi cheklanganda, ota-ona muomalaga layoqatsiz deb topilganda, ular kasal boʻlganda, ota-ona uzoq muddat boʻlmaganda, ota-ona bolalarni tarbiyalash yoki ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan boʻyin tovlaganda, shu jumladan, ota-ona tarbiyalash, davolash muassasalari va aholini ijtimoiy himoyalash muassasasi va shunga oʻxshash boshqa muassasadagi oʻzining bolasini olishdan bosh tortganda, bolalar ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan boshqa hollarda, shuningdek, voyaga yetgan, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslarga nisbatan ularni taʼminlash, tarbiyalash va ularga taʼlim berish maqsadida, shuningdek, ularning shaxsiy va mulkiy huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun belgilanadi.
2. Salomatligi yomonligi sababli mustaqil ravishda oʻz huquqlarini amalga oshira olmaydigan va oʻz majburiyatlarini bajara olmaydigan voyaga yetgan, muomalaga layoqatli shaxslarning iltimoslariga binoan, ularning shaxsiy va mulkiy huquqlarini himoya qilish uchun ularga nisbatan homiylik belgilanishi mumkin.
3. Vasiylik va homiylik tuman yoki shahar hokimining qarori bilan belgilanadi.
4. Vasiylik va homiylik vazifalarini amalga oshirish;
a) 18 yoshga toʻlmagan shaxslarga nisbatan — xalq taʼlimi boʻlimlariga;
Keyingi tahrirga qarang.
b) sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslarga nisbatan — sogʻliqni saqlash boʻlimlariga;
v) sogʻligʻi yomonligi sababli homiy tayinlashga muhtoj boʻlgan muomalaga layoqatli shaxslarga nisbatan — ijtimoiy taʼminot boʻlimlariga yuklanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida yashaydigan, ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining voyaga yetmagan fuqarolariga va sogʻligʻi tufayli oʻz huquqini mustaqil ravishda amalga oshira olmaydigan, va oʻz majburiyatini bajara olmaydigan Oʻzbekiston Respublikasining voyaga yetgan fuqarolariga nisbatan vasiylik va homiylik faoliyatini amalga oshirish Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasalari zimmasiga yuklanadi.
6. Vasiylik va homiylik organlaridan tashqari boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni aniqlash va joylashtirish boʻyicha faoliyat yuritishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
II. VASIYLIK VA HOMIYLIK ORGANLARINING VAZIFALARI
7. Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksi va boshqa qonun hujjatlariga binoan vasiylik va homiylik organlari quyidagi vazifalarni amalga oshiradilar:
a) ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni aniqlaydilar, ularni hisobga oladi va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan har bir holatidan kelib chiqib, bolalarni joylashtirish shakllarini tanlaydilar (149-modda);
b) bola manfaatlari uchun zarur hollarda unga vasiy yoki homiy tayinlaydilar (177, 179-moddalar);
v) tuman, shahar hokimiga voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka olish yuzasidan tavsiyanomalar tayyorlaydilar (151-modda);
g) bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat) toʻgʻrisida kelishuv tuzadilar va uni bekor qiladilar (195, 196-moddalar);
d) vasiyga:
vasiylikdagi shaxs nomidan notarial tartibda tasdiqlanishi lozim boʻlgan bitim (shartnoma)lar tuzishga;
vasiylikdagi shaxsga qarashli boʻlgan mol-mulkni taqsimlash, uni bir yildan ortiq muddatga garovga qoʻyish yoki ijaraga berishga;
vasiylikdagi shaxs nomidan meros va (yoki) hadya olishdan voz kechishga;
vasiylikdagi shaxsga qarashli turar joyni ayirboshlashga;
vasiylikdagi shaxsga tegishli har qanday huquqdan voz kechishga rozilik beradilar;
e) vasiylikdagi va homiylikdagi shaxsning taʼminoti uchun mablagʻlar yetarli boʻlmagan hollarda, uning taʼminoti uchun nafaqa tayinlaydilar (186-modda);
j) vasiy yoki homiydan oʻz zimmasiga yuklangan majburiyatlarni insofsizlik yoki eʼtiborsizlik bilan bajarishi natijasida vasiylikdagi shaxsga yetkazilgan mulkiy zararni toʻlashni talab qiladilar (191- modda);
z) homiyni homiylik qilishdan ozod qiladilar, vasiy va homiyni oʻz majburiyatlarini bajarishdan chetlatadilar (187, 188-moddalar);
i) vasiy yoki homiyning xatti-harakatlari ustidan tushgan shikoyatlarni koʻrib chiqadilar (193-modda);
k) farzandlikka olish sirining saqlanishini taʼminlaydilar, farzandlikka olgan va farzandlikka olishni istovchi shaxslarning, farzandlikka olinganlarning, shuningdek, vasiylik va homiylikka ehtiyoji bor voyaga yetmaganlarning, vasiy va homiy boʻlishni hamda bolalarni tarbiyaga olishni istovchi shaxslarning, vasiylikka va homiylikka hamda tarbiyaga olingan voyaga yetmaganlarning, vasiylar va homiylarning hisobini yuritadilar;
l) belgilangan tartibda farzandlikka olishni bekor qilish yoki (farzandlikka olishni haqiqiy emas deb topish uchun sudga hujjatlar tayyorlaydilar;
m) davlat muassasalari (internatlar)ga yuborilgan voyaga yetmagan bolalarning hisobini olib boradi va ularga oid hujjatlar tayyorlaydi;
n) ota-onalar oʻrtasida paydo boʻladigan bolaning ismi va (yoki) familiyasiga aloqador kelishmovchiliklarni, shuningdek bolalarning taʼlim va tarbiyasiga taalluqli masalalarni hal qiladilar (69, 75-moddalar);
o) vasiy va homiy majburiyatlarining bajarilishi va huquqlarining amalga oshirilishi ustidan yilda kamida 2-marta nazoratni amalga oshiradilar, oilaga tarbiyaga berilgan bolalarning turmush sharoitlarini va ularning tarbiyalanishini kuzatib boradilar va bu haqda tegishli maʼlumotnomalar tuzadilar (182, 200-moddalar);
p) sud qaroriga asosan bedarak yoʻqolgan deb topilgan fuqaroning mulkini ishonchli boshqarib turuvchi shaxsni aniqlaydilar va u bilan shartnoma tuzadilar (Fuqarolik kodeksining 34-moddasi);
r) ota-onalar va bolalar oʻrtasida kelishmovchiliklar paydo boʻlgan hollarda bolalarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun vakil tayinlaydilar (74-modda);
s) belgilangan tartibda ota-onalik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisida daʼvo taqdim etadilar, sudlarda ota-onalik huquqidan mahrum qilish yoki ularning huquqini cheklash toʻgʻrisida, shuningdek, ota-onalik huquqlarini tiklash toʻgʻrisidagi ishlar koʻrib chiqilayotganda ishtirok etadilar (80, 82, 83 moddalar);
t) voyaga yetmagan shaxsni toʻla muomalaga layoqatli deb eʼlon qiladilar (emansipatsiya) (Fuqarolik kodeksining 28-moddasi);
u) qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshiradilar.
8. Vasiylik va homiylik organlari vasiylik va homiylik vazifalarini amalga oshirish yuzasidan qarorlar qabul qiladilar va ularni manfaatdor muassasalarga, tashkilotlarga va shaxslarga eʼlon qiladilar.
9. Vasiylik va homiylik organlari oʻz faoliyatlarida Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksiga, boshqa qonun hujjatlariga, mazkur Nizomga, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va joylardagi davlat hokimiyati organlari qarorlariga amal qiladilar.
10. Vasiylik va homiylik organlari faoliyatiga rahbarlikni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va joylardagi davlat hokimiyat organlari amalga oshiradilar.
III. VASIYLIK VA HOMIYLIK ORGANLARINING ALOHIDA VAZIFALARI
A. Sudlar tomonidan bolalar tarbiyasi toʻgʻrisidagi nizolarni koʻrib chiqishda vasiylik va homiylik organlarining qatnashuvi
11. Sud tomonidan bolalar tarbiyasi toʻgʻrisidagi nizolar koʻrib chiqilayotganda, bolaning himoyasi uchun kim daʼvo taqdim qilganligidan qatʼi nazar, vasiylik va homiylik organi ishda qatnashishga jalb qilinishi kerak.
12. Vasiylik va homiylik organi bolaning hamda uni oʻz tarbiyasiga berishni talab qilayotgan shaxsning (shaxslarning) turmush sharoitlarini tekshiruvdan oʻtkazish va tekshirish dalolatnomasini hamda unga asoslangan nizo mohiyati boʻyicha xulosani sudga taqdim qilishi shart.
13. Bolaning hayotiga yoki uning sogʻligʻiga bevosita xavf tugʻilganda vasiylik va homiylik organi bolani ota-onadan (ularning biridan) yoki bolani oʻz qaramogʻiga olgan boshqa shaxslardan zudlik bilan tortib olishga haqlidir. Bolani zudlik bilan tortib olish fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organining tegishli dalolatnomasi asosida amalga oshiriladi.
14. Bola tortib olinganda vasiylik va homiylik organi tezda prokurorni xabardor qilishi, bolani vaqtincha muayyan yerga joylashtirishi va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi bolani tortib olish haqidagi dalolatnomasi chiqarilgandan keyin yetti kun mobaynida ota-onani ota-onalik huquqidan mahrum qilish yoki ularning ota-onalik huquqlarini cheklash haqida sudga daʼvo bilan murojaat etishi shart.
15. Bolani tortib olish va uni boshqa shaxsga (shaxslarga) berish bilan bogʻliq ishlar boʻyicha sudning qarorlarini majburiy tartibda ijro etish albatta vasiylik va homiylik organi va bola tarbiyalashga berilayotgan shaxs (shaxslar) ishtirokida, zarur hollarda esa, ichki ishlar organi vakili ishtirokida amalga oshirilishi lozim.
B. Tugʻilishni qayd qilishda vasiylik va homiylik organining vakolatlari
16. Ota va onalari haqidagi maʼlumotlar boʻlmagan hollarda ota va ona haqidagi yozuvlar “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalari”ga va mazkur Nizomga binoan vasiylik va homiylik organi koʻrsatmasi boʻyicha yozib qoʻyiladi.
17. Bolaning familiyasi ota-onaning familiyasiga qarab belgilanadi.
Agar ota-onalar turli familiyalarda boʻlsa, unda ota-onaning kelishuviga binoan bolaga ulardan birining familiyasi beriladi. Ota-onaning xohishiga koʻra bolaga ota yoki ona tomonidan milliy anʼanalarga koʻra ota yoki ona tomonidan boboning ismi boʻyicha familiya berilishi mumkin. Ota-ona oʻrtasida bolaning ismi va (yoki) familiyasi boʻyicha kelishuv boʻlmaganda, kelib chiqqan kelishmovchiliklar vasiylik va homiylik organi tomonidan hal etiladi.
18. Ota-onalar oʻrtasida nikohdan ajralish yoki nikohning haqiqiy emas deb topilishi bolalarning familiyasi oʻzgarishiga sabab boʻlmaydi. Agar ajralishdan, nikoh haqiqiy emas deb topilganidan keyin yoki ota-onadan biri otalik yoki onalik huquqidan mahrum etilganidan soʻng bolani oʻz tarbiyasiga olgan ota yoki ona unga oʻz familiyasini berishni xohlasa, bu masalani vasiylik va homiylik organi tomonidan bolaning manfaatlari hisobga olingan holda hal etiladi.
V. Vasiylik va homiylik organlari tomonidan bolalar tarbiyasi va ular bilan koʻrishib turish toʻgʻrisida masalalarning hal etilishi
19. Bolalar tarbiyasi va taʼlimiga taalluqli barcha masalalar bolalar manfaatidan kelib chiqqan va ularning fikrini hisobga olgan holda ota-ona tomonidan ularning oʻzaro kelishuvi boʻyicha hal etiladi. Agar ota-ona oʻrtasida kelishuvlar boʻlmasa, ular (ulardan biri) bu kelishmovchiliklarni hal qilish uchun vasiylik va homiylik organiga yoki sudga murojaat qilishga haqlidir.
20. Ota-ona boladan alohida yashaydigan ota-ona bilan ota-onalik huquqlarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida yozma ravishda kelishuv tuzishga haqlidir. Agar ota-ona kelisha olmasalar, nizo ota-ona (yoki ulardan biri)ning talabiga binoan sud tomonidan vasiylik va homiylik organi ishtirokida hal qilinadi.
21. Bobo, buvi, aka-uka, opa-singil va boshqa yaqin qarindoshlar bola bilan koʻrishib turish huquqiga ega boʻladi.
Ota-onalar (ulardan biri) bolaning yaqin qarindoshlarga u bilan koʻrishib turishni rad etgan hollarda, vasiylik va homiylik organi ota-onani (ulardan birini) bunday koʻrishib turishlarga toʻsqinlik qilmaslikka majbur qilishi mumkin.
G. Vasiylik va homiylik organining bolalarni farzandlikka olish va oilaga tarbiyaga berish bilan bogʻliq masalalardagi vakolatlari
22. Farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni istagan shaxslarning arizasiga binoan hamda vasiylik va homiylik organi tavsiyasiga koʻra tuman, shahar hokimi qarori bilan amalga oshiriladi.
23. 10 yoshga toʻlgan bolani farzandlikka olish uchun uning roziligi talab qilinadi.
Farzandlikka olish uchun bolaning roziligi vasiylik va homiylik organi tomonidan aniqlanadi.
24. Agar bola vasiylik yoki homiylikda boʻlsa va uni farzandlikka olish uchun ota-ona roziligi talab qilinmasa, farzandlikka olish vasiy yoki homiyning roziligi bilan amalga oshiriladi.
25. Vasiylik va homiylik organi Oila kodeksining 168 va 169-moddalarida belgilangan hollarda farzandlikka olishni bekor qilish toʻgʻrisida yoki farzandlikka olishni haqiqiy emas deb topish haqida daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qilishi mumkin.
26. Agar daʼvo vasiylik va homiylik organiga nisbatan qilingan boʻlsa, u bu haqda farzandlikka olgan shaxsga xabar berishga majbur, farzandlikka olgan shaxs ishni koʻrib chiqishda javobgar tomonida ishtirok etishga haqlidir.
27. Vasiylik va homiylik organi tutingan ota-onalarni tanlashni amalga oshiradi, ular bilan bolalarni oilaga tarbiyaga olish toʻgʻrisida kelishuv tuzadi.
28. Bolalarni oilaga tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi kelishuv uzrli sabablar (kasalligi, oilaviy yoki mulkiy mavqeyining oʻzgarishi, tarbiyasidagi bolalar bilan oʻzaro bir-birini tushunmaslik va boshqa sabablar) mavjud boʻlsa, bolalarning tutingan ota-onasi tashabbusi bilan, shuningdek, vasiylik va homiylik organlarining tashabbusi bilan yoki bola ota-onasiga qaytarilgan yoxud bola farzandlikka olingan taqdirda muddatidan ilgari bekor qilinishi mumkin.
Bolalarni oilaga tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi kelishuvni bekor qilishga oid nizolar sud tartibida hal qilinadi.
29. Vasiylik va homiylik organi oilaga tarbiyaga berilgan bolalarning turmush sharoitlarini va ularning tarbiyalanishini kuzatib boradi.
D. Vasiylik va homiylik organining voyaga yetmaganlarni toʻla muomalaga layoqatli deb eʼlon qilish (emansipatsiya) boʻyicha vakolatlari
30. Voyaga yetmagan, oʻn olti yoshga toʻlgan shaxs agar u mehnat shartnomasi boʻyicha ishlab turgan yoki ota-onasi, farzandlikka olganlar yoxud homiyning roziligi bilan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanib turgan boʻlsa, toʻla muomalaga layoqatli deb eʼlon qilinishi mumkin.
Voyaga yetmagan shaxsni toʻla muomalaga layoqatli deb eʼlon qilish (emansipatsiya) vasiylik va homiylik organining qaroriga koʻra ikkala ota-onaning, farzandlikka olganlarning yoki homiyning roziligi bilan, yoxud bunday rozilik boʻlmagan taqdirda, sud qarori bilan amalga oshiriladi.
IV. VASIYLIK VA HOMIYLIK ORGANINING QARORI HAMDA VASIY VA HOMIYNING XATTI-HARAKATLARI USTIDAN ShIKOYAT QILISh
31. Vasiylik va homiylik organining vasiy yoxud homiyni tayinlash yoki vasiy yoxud homiyni bu vazifadan chetlatish toʻgʻrisidagi qarori, shuningdek, vasiylik va homiylikning boshqa barcha masalalari yuzasidan manfaatdor shaxslar tomonidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
32. Vasiy va homiyning xatti-harakatlari ustidan homiyning turar joyidagi tegishli vasiylik va homiylik organiga yoki sudga homiylikdagi shaxsning oʻzi, davlat muassasalari, jamoat birlashmalari va boshqa fuqarolar tomonidan shikoyat qilinishi mumkin.
33. Vasiylik va homiylik organining qarori hamda vasiy va homiyning xatti-harakatlari ustidan qilingan shikoyatlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
V. VASIYLIK VA HOMIYLIK IShLARINI YuRITISh
34. Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga ega boʻlgan muassasalar (maktabgacha tarbiya muassasalari, umumtaʼlim, davolash va boshqa muassasalar)ning mansabdor shaxslari va boshqa fuqarolar bu haqda bolalarning aniq turgan joyidagi vasiylik va homiylik organiga xabar berishlari shart.
Vasiylik va homiylik organi bunday xabarni olgan kundan boshlab bolaning turmush sharoitini tekshirib chiqishi va bola ota-ona yoki qarindoshlari qaramogʻidan mahrum boʻlganligi aniqlanganda, uni joylashtirish masalasi hal boʻlgunga qadar bolaning huquq va manfaatlari himoya qilinishini taʼminlashi shart.
35. Vasiylik va homiylik organi vasiylik va homiylik majburiyatlarining bevosita bajarilishi uchun vasiy va homiyni tayinlaydi.
36. Vasiy yoki homiy tayinlashda uning shaxsiy fazilatlari, tegishli majburiyatlarni bajarishga qobiliyati, mazkur shaxs va vasiylik va homiylikka muhtoj shaxs oʻrtasidagi mavjud munosabatlar, shuningdek, 10 yoshga toʻlgan homiylikka olinuvchining oʻz xohishi eʼtiborga olinishi lozim.
37. Vasiylik va homiylik organlariga vasiylik yoki homiylik belgilash zarurati maʼlum boʻlgan kundan boshlab bir oydan kechiktirilmasdan vasiy yoki homiy tayinlanishi lozim.
38. Vasiy, homiy va bolalarni tarbiyaga olgan shaxslarning majburiyatlari bajarilishi va ularning huquqlari amalga oshirilishi ustidan nazorat vasiylik va homiylik organlari tomonidan amalga oshiriladi.
39. Vasiylik va homiylikka oid ishlarni koʻrib chiqishda vasiylik va homiylik organi vasiy yoki homiy boʻlishni xohlovchi shaxslarni, vasiy va homiylarni, ariza beruvchilarni, manfaatdor va ishga aloqador shaxslar (qarindoshlar, jamoat birlashmalari vakillari, ekspertlar, guvohlar va boshqalar)ni hamda ayrim hollarda vasiylikka yoki homiylikka muhtoj shaxslarni taklif qilishi mumkin.
Koʻrsatib oʻtilgan shaxslarning kelmaganligi, agar vasiylik va homiylik organi ularning ishtirokini majburiy deb hisoblamasa, ishning koʻrib chiqilishiga toʻsqinlik qilmaydi.
40. Vasiylik va homiylik organlari vasiy va homiyni ular zimmasiga qonun bilan yuklangan majburiyatlarni lozim darajada bajarmagan hollarda ularni bu majburiyatlarni bajarishdan chetlatadi.
41. Vasiy yoki homiy oʻz zimmasiga yuklangan vazifalardan gʻarazgoʻylik yoki boshqa maqsadlarda foydalanganida, homiylikdagi shaxsni nazoratsiz va zarur yordamsiz qoldirganida, vasiylik va homiylik organi aybdorni qonun bilan belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun zarur choralar koʻrishi mumkin.
42. Vasiylik va homiylik organlari vasiy yoki homiydan oʻz zimmasiga yuklangan vazifalarni insofsizlik yoki eʼtiborsizlik bilan bajarishi natijasida yetkazilgan mulkiy zararni toʻlashini talab qilishi shart, vasiylik va homiylik tugatilganda esa, vasiylik va homiylikda boʻlgan muomalaga layoqatli shaxs ham bunday talabni qoʻyishga haqli.
43. 14 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan homiylikdagi voyaga yetmagan shaxslar oʻz ish haqlarini, nafaqalarini, stipendiyalarini va boshqa daromadlarini mustaqil ravishda tasarruf qilishga haqlidir. Etarli asoslar boʻlganda vasiylik va homiylik organi ularning bu mablagʻlarni mustaqil tasarruf qilish huquqini cheklash yoki bu huquqdan mahrum qilish yuzasidan sudga murojaat etishi mumkin, Fuqarolik kodeksining 22-moddasining ikkinchi qismida va 28-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
44. Vasiy va homiylar vasiylik va homiylik organlariga yil tugashi bilan kelgusi yilning boshida (10-yanvargacha) homiylikdagi shaxslarning mol-mulkining saqlanishi va boshqarilishi, ularga tegishli pul mablagʻlari va boshqa qimmatli buyumlarni saqlashning ahvoli haqida yozma hisobot taqdim qiladilar.
45. Vasiylik va homiylik tugaganida, vasiy va homiyni oʻz majburiyatini bajarishdan chetlatilganda, shuningdek, voyaga yetgan shaxsga homiylik qilish majburiyatidan ozod etilganida vasiylik va homiylik organi mol-mulk, pul mablagʻlarini va boshqa qimmatli buyumlarning saqlanishi chora-tadbirlarini koʻradi.
Vasiy va homiy vasiylik va homiylik organiga oʻzining faoliyati toʻgʻrisida axborot beradi.
46. Vasiylik va homiylik boʻyicha ish yuritish tegishli ravishda xalq taʼlimi, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taʼminot boʻlimlari tomonidan yuritiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
II. QISM
VASIYLIK VA HOMIYLIK
VASIYLIK VA HOMIYLIK
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Vasiylik va homiylik ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni taʼminlash, ularni tarbiyalash va ularga taʼlim berish, shuningdek, ularning shaxsiy va mulkiy huquqlari va manfaatlarini himoyalash maqsadida belgilanadi.
2. Vasiylik 14 yoshga toʻlmagan bolalarga va sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga, homiylik esa 14 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganlarga va sud tomonidan muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslarga nisbatan quyidagi hollarda belgilanadi:
ota-onasi vafot etgan boʻlsa;
ota-onasi sud qarori bilan ota-onalik huquqidan mahrum etilganida yoki ularning ota-onalik huquqi cheklanganda;
ota-onasi kasal boʻlganda;
ota-onasi sud qarori bilan muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
ota-onasi b oydan ortiq muddat boʻlmagan hollarda, agar bu bolalarning manfaatlari uchun zarur boʻlsa;
ota-onasi bedarak yoʻqolganda;
ota-onasi bolalarni tarbiyalash yoki ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan boʻyin tovlaganda, shu jumladan, ota-ona tarbiya, davolash muassasalari, aholini ijtimoiy himoyalash muassasalari va shunga oʻxshash muassasalardan bolasini olishdan bosh tortganda, shuningdek, boshqa zarur hollarda.
3. Sogʻligʻining yomonligi sababli mustaqil ravishda oʻz huquqlarini amalga oshira olmaydigan va majburiyatlarini bajara olmaydigan voyaga yetgan muomalaga layoqatli shaxslarga nisbatan homiylik shu shaxslarning iltimosiga binoan belgilanishi mumkin.
II. VASIY VA HOMIYLARNI TANLASh VA VASIYLIKKA YOKI HOMIYLIKKA BERILIShI KERAK BOʻLGAN ShAXSLARNI HISOBGA OLISh
4. Taʼlim, davolash muassasalari, aholini ijtimoiy himoyalash muassasalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, turar-joy xoʻjaligi organlari, huquqni muhofaza qilish organlari voyaga yetmaganlar ishi boʻyicha komissiyalar va boshqa muassasalar, shuningdek, fuqarolar vasiylik va homiylik organlariga:
ota-onasi yoki farzandlikka oluvchilari boʻlmagan bolalar toʻgʻrisida;
ota-onasi ota-onalik huquqidan mahrum qilingan bolalar toʻgʻrisida;
ota-onasining tarbiyasida boʻlishi bolalar manfaatlariga zid boʻlganda, shuningdek ularning hayoti va sogʻligʻi uchun bevosita tahdid mavjud boʻlgan bolalar toʻgʻrisida;
ota-onasi b oydan ortiq muddat boʻlmagan bolalar toʻgʻrisida, agarda bu bolalarning manfaatlari uchun zarur boʻlsa;
ota-onasining kasalligi sababli ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar toʻgʻrisida;
ota-onasi tarbiyalash, davolash muassasalaridan, aholini ijtimoiy himoyalash muassasalaridan va boshqa shunga oʻxshash muassasalardan olishdan bosh tortgan bolalar toʻgʻrisida;
sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar toʻgʻrisida;
sogʻligʻi tufayli homiy tayinlanishiga muhtoj boʻlgan voyaga yetgan muomalaga layoqatli shaxslar toʻgʻrisida maʼlumotlar berishga majburlar.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Vasiylik yoki homiylik organlari vasiylik va homiylik boʻyicha majburiyatlarni bevosita amalga oshirish uchun ushbu organlarga vasiylik yoki homiylik tayinlash lozimligi maʼlum boʻlgan vaqtdan boshlab bir oydan kechiktirmasdan vasiy yoki homiy tayinlaydi.
6. Vasiy yoki homiy etib voyaga yetgan har ikki jinsdagi fuqarolar ularning roziligi bilangina, mazkur Nizomning 36-bandining I qismida nazarda tutilgan holatlar hisobga olingan holda, tayinlanishi mumkin.
7. Tarbiyalash va davolash muassasalari, aholini ijtimoiy himoyalash muassasalari va boshqa shunga oʻxshash muassasalar tarbiyasi va taʼminotida boʻlgan shaxslarga vasiylik yoki homiylik belgilanmaydi, vasiy va homiy majburiyatlarini bajarish ushbu muassasalarga yuklanadi.
8. Quyidagi shaxslar vasiy va homiy qilib tayinlanishi mumkin emas:
ota-onalik huquqidan mahrum qilinganlar yoki ota-onalik huquqi cheklanganlar;
qonunda belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar;
sobiq farzandlikka oluvchilar agar farzandlikka olganligi Oila kodeksining 169-moddasiga muvofiq bekor qilingan boʻlsa;
qonun bilan zimmalariga yuklangan majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganliklari yoxud oʻz huquqlarini suiisteʼmol qilganliklari uchun vasiylik yoki homiylik vazifalaridan chetlatilganlar;
ruhiy yoki narkologik muassasalarda roʻyxatda turganlar;
qasddan sodir etgan jinoyati uchun ilgari hukm qilinganlar.
III. VASIYLIK YOKI HOMIYLIKNI RASMIYLAShTIRISh UChUN TALAB QILINADIGAN HUJJATLAR
9. Vasiy yoki homiy boʻlishni istovchilardan vasiy yoki homiylikka olishni rasmiylashtirish uchun quyidagi hujjatlar talab qilinadi:
a) vasiylikka yoki homiylikka oluvchilarning ismi, familiyasi, otasining ismi, yashash joyi, nikohda qachondan beri turganligi va ularning birga yoki alohida yashashi, oilada farzandlar boʻlsa, ularning soni va yoshi va vasiylik yoki homiylikka olinuvchining familiyasi, ismi, otasining ismi, yoshi, shuningdek, vasiylik yoki homiylikka olish asoslari koʻrsatilgan ariza;
b) shaxsini tasdiqlovchi hujjat;
v) turar joyidan oila aʼzolari koʻrsatilgan maʼlumotlar;
g) nikoh guvohnomasi (nikohdan ajralganlik guvohnomasi) nusxasi;
d) ish joyidan ish haqi koʻrsatilgan maʼlumotnoma;
e) ish joyi yoki turar joyidan tavsifnoma;
j) vasiy va homiy boʻlishni istovchi shaxslarning sogʻligʻi toʻgʻrisidagi vrachlik maslahat komissiyasining xulosasi, ruhiy va narkologiya muassasalari, teri-tanosil dispanseri maʼlumotnomalari.
10. Vasiylik va homiylik organlari vasiylikka yoki homiylikka berilayotgan shaxs toʻgʻrisida quyidagi hujjatlarni tayyorlaydi:
tugʻilganlik haqida guvohnoma (pasport) nusxasi;
ota-onasining oʻlimi haqidagi guvohnomalar nusxasi yoki ota-onasining yoki ulardan birining ota-onalik huquqidan mahrum etilganligi, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklanganligi yoxud bedarak yoʻqolgan deb topilganligi haqida sud qarori;
ota-onalarning bolalarni tarbiyalashdan va taʼminotidan boʻyin tovlaganligi haqidagi, ota-onalarga qidiruv eʼlon qilinganligi haqidagi hujjatlar, ichki ishlar, davolash muassasalari va shunga oʻxshash boshqa muassasalarning bolalarning ota-onasiz qolganligi toʻgʻrisidagi dalolatnomalari;
salomatligi toʻgʻrisida tibbiy muassasaning xulosasi;
vasiylik yoki homiylik belgilanayotgan shaxsning turar-joyi, mol-mulki toʻgʻrisidagi maʼlumot;
vasiylik va homiylik organining bolani vasiylik yoki homiylikka olishni xohlayotgan oilaning maishiy turmush sharoitlari, oila aʼzolarining salomatligi va oilaning boshqa sharoitlari toʻgʻrisidagi tekshiruv dalolatnomasi.
IV. VASIYLIK VA HOMIYLIKNI BELGILASh TARTIBI
11. Vasiylik yoki homiylik vasiy yoki homiy boʻlishni xohlovchi shaxslarning arizasiga binoan tuman yoki shahar hokimining qarori bilan belgilanadi.
Vasiylik va homiylik vasiy yoki homiy tayinlanishga muhtoj boʻlgan shaxs yashayotgan joyda, agar shaxsning muayyan yashash joyi boʻlmasa, vasiy yoki homiy yashayotgan joyda belgilanadi.
12. Vasiylik yoki homiylikdagi shaxslarning mol-mulkini boshqarish mol-mulk joylashgan yerda belgilanadi.
Vasiylik yoki homiylikdagi shaxslarning mol-mulkini boshqarish, ularga tegishli mol-mulkni boshqalarga oʻtkazish, vasiylik va homiylikdagi shaxslarga tegishli pul va boshqa qimmatli buyumlarni saqlash, mol-mulkni boshqarish va saqlash bilan bogʻliq boʻlgan boshqa harakatlarni bajarish tartibi va shartlari, shuningdek, vasiylik va homiylikdagi shaxslarning mol-mulkini boshqarish va saqlash boʻyicha vasiy va homiylarning hisobot berish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
V. VASIY VA HOMIYNING HUQUQ HAMDA MAJBURIYATLARI
13. Vasiylar oʻz qaramogʻidagi shaxslarning qonuniy vakillari hisoblanadilar va ular nomidan hamda ularning manfaatlarini koʻzlab barcha zarur bitimlarni tuzadilar.
Homiylar oʻz qaramogʻidagi shaxslarga ular oʻz huquqlarini amalga oshirishda va majburiyatlarini bajarishda koʻmaklashadilar, shuningdek, ularning huquqlari uchinchi shaxslar tomonidan suiisteʼmol etilishidan himoya qiladilar.
Vasiylar va homiylar vasiylik yoki homiylikdagi shaxslarning huquq va manfaatlarini barcha muassasalarda, shu jumladan, sudda ham alohida ishonchnomasiz himoya qiladi.
14. Vasiy va homiy:
turar joyi oʻzgarganligi toʻgʻrisida vasiylik va homiylik organini xabardor qilishi;
vasiyligi va homiyligidagi bolalarni tarbiyalashi, ularning taʼminoti, salomatligi, jismoniy, ruhiy, maʼnaviy va axloqiy kamoloti haqida gʻamxoʻrlik qilishi, shuningdek, ularning huquqiy va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi;
oʻz qaramogʻidagi voyaga yetmagan bolalar bilan birga yashashi shart. 16 yoshga toʻlgan homiylikdagi bolaning oʻz homiysidan alohida yashashiga, basharti bu uning tarbiyasiga hamda huquq va manfaatlarining himoya qilinishiga salbiy taʼsir qilmasa, vasiylik va homiylik organining ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi.
15. Vasiy va homiy quyidagilarga:
vasiyligi va homiyligidagi bolaning fikri, shuningdek, vasiylik va homiylik organining tavsiyalarini hisobga olgan holda bolani tarbiyalash usullarini mustaqil ravishda belgilashga;
vasiyligi yoki homiyligidagi bolani qonuniy asoslar boʻlmasdan turib, oʻz qaramogʻida saqlab turgan har qanday shaxslardan, shu jumladan, bolaning yaqin qarindoshlaridan sud tartibida qaytarib berishni talab qilishga haqlidirlar.
16. Vasiy va homiy bolaning oʻz ota-onasi va boshqa yaqin qarindoshlari bilan koʻrishib turishiga toʻsqinlik qilishga haqli emas, bunday koʻrishish bola manfaatlariga zid hollar bundan mustasnodir.
17. Vasiy yoki homiy, agar oʻz qaramogʻidagi shaxsni spirtli ichimliklar, giyohvandlik moddalari yoxud psixotrop moddalarni isteʼmol qilishi natijasida muomala layoqati cheklangan deb topilishiga asos boʻlgan holatlar barham topsa, uni muomalaga layoqatli deb topishni va vasiylik yoki homiylik bekor qilinishini soʻrab sudga murojaat etishi shart.
18. Vasiy vasiylik va homiylik organining roziligi bilan:
vasiylikdagi shaxs nomidan notarial tartibda tasdiqlanishi lozim boʻlgan bitim (shartnoma)lar tuzishga;
vasiylikdagi shaxsga qarashli boʻlgan mol-mulkni taqsimlash, bir yildan ortiq muddatga garovga qoʻyish yoki ijaraga berishga;
vasiylikdagi shaxs nomidan meros va (yoki) hadya olishdan voz kechishga;
vasiylikdagi shaxsga qarashli turar joyni ayirboshlashga;
vasiylikdagi shaxsga tegishli har qanday huquqdan voz kechishga haqlidir.
19. Vasiy va homiy, ularning eri (xotini) va yaqin qarindoshlari vasiylik va homiylikdagi shaxs bilan bitimlar tuzishga, shuningdek, vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs bilan vasiy yoki homiyning eri (xotini) va yaqin qarindoshlari oʻrtasidagi sud ishlarini yuritishda vasiylik yoki homiylikdagi shaxsning vakili boʻlishga haqli emas.
Vasiylikdagi shaxs nomidan hadya shartnomasi tuzishga yoʻl qoʻyilmaydi.
20. Vasiylik va homiylik vazifalari bepul bajariladi. Vasiy va homiy oʻz vasiyligi yoki homiyligidagi shaxsga taʼminot berishga majbur emas.
Vasiy va homiyning oʻz vasiyligi yoki homiyligidagi shaxsning taʼminoti uchun qilgan xarajatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mazkur shaxsning mablagʻi hisobidan qoplanadi, bu mablagʻ yetarli boʻlmagan taqdirda esa, uning taʼminoti uchun vasiylik va homiylik organlari nafaqa tayinlashi mumkin.
21. Sogʻligʻining yomonligi sababli homiy belgilanishiga muhtoj boʻlgan voyaga yetgan shaxsning homiysi oʻz homiyligidagi shaxs talabi bilan homiylik majburiyatidan ozod qilinishi lozim. Bunday holda vasiylik va homiylik organlari homiy tayinlanishiga muhtoj shaxsning roziligi bilan unga boshqa shaxsni homiy etib tayinlashi mumkin.
VI. VASIY VA HOMIYLAR FAOLIYATINI NAZORAT QILISh
22. Vasiy va homiy huquqlarining amalga oshirilishi hamda majburiyatlarining bajarilishini vasiylik va homiylik organlari nazorat qiladi.
23. Vasiy yoki homiy oʻz zimmasiga qonun bilan yuklangan majburiyatlarni lozim darajada bajarmaganida vasiylik va homiylik organlari tavsiyasiga koʻra tuman (shahar) hokimi vasiy yoki homiyni bu majburiyatlarni bajarishdan chetlatadi.
VII. VASIYLIK VA HOMIYLIKNING TUGAShI
24. Vasiylik quyidagi hollarda:
vasiylikdagi shaxs yoki vasiy vafot etganda;
voyaga yetmaganlarga nisbatan — ular 14 yoshga toʻlganda yoki ular ota-onasi tarbiyasiga qaytarilganda;
qonunda belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilganlar uchun — ularning muomala layoqati sud tomonidan tiklangan hollarda tugaydi.
25. Voyaga yetmagan bola 14 yoshga toʻlganligi sababli vasiylik tugaganida vasiy vazifasini bajaruvchi shaxs maxsus tayinlanmasdan voyaga yetmagan bolaning homiysi boʻlib qoladi.
26. Homiylik quyidagi hollarda:
homiylikdagi shaxs yoki homiy vafot etganda;
homiylikdagi shaxs voyaga yetganda;
homiylikdagi shaxs ota-onasiga qaytarilganda;
homiylikdagi shaxs nikohga kirganda;
voyaga yetmagan shaxs toʻla muomalaga layoqatli deb eʼlon qilinganda (emansipatsiya);
fuqaroning muomala layoqatini cheklash haqidagi sudning hal qiluv qarori bekor qilinganda;
homiylikdagi voyaga yetgan shaxsning sogʻligʻi yaxshilanganligi tufayli u mustaqil ravishda oʻz huquqlarini amalga oshirish va majburiyatlarini bajarish mumkin boʻlganda tugaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka va bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat) toʻgʻrisida
NIZOM
BIRINChI BOʻLIM
VOYAGA YETMAGAN BOLALARNI FARZANDLIKKA OLISh
VOYAGA YETMAGAN BOLALARNI FARZANDLIKKA OLISh
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Voyaga yetmagan bolalarni farzandlikka olish Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksi va ushbu Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
2. Farzandlikka olish faqat ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan voyaga yetmagan bolalarga nisbatan, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida yoʻl qoʻyiladi.
3. Farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni xohlagan shaxslarning arizasiga va vasiylik va homiylik organlari tavsiyasiga koʻra tuman, shahar hokimi qarori bilan amalga oshiriladi.
4. Farzandlikka oluvchilar — bolalarning qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilish boʻyicha ota-ona majburiyatlarini ixtiyoriy ravishda oʻz zimmasiga olgan shaxslardir.
II. FARZANDLIKKA OLINIShI LOZIM BOʻLGAN BOLALARNI VA ULARNI FARZANDLIKKA OLIShNI XOHLAGAN ShAXSLARNI HISOBGA OLISh
5. Farzandlikka olinishi lozim boʻlgan bolalar haqidagi maʼlumotlarni va farzandlikka olinuvchilarni joylashtirish boʻyicha tuman, shahar hokimiga tavsiyalar tayyorlash xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Ota-onalar qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga ega boʻlgan muassasalar (maktabgacha tarbiya va umumtaʼlim muassasalari, davolash muassasalari va boshqa muassasalar)ning mansabdor shaxslari va boshqa fuqarolar bu haqda bolalar yashab turgan joydagi vasiylik va homiylik organlarini uch kun muddatda xabardor qilishlari shart.
Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan muassasalar tomonidan farzandlikka olinishi lozim boʻlgan bolalar haqidagi maʼlumotlarni boshqa tashkilotlar va muassasalarga, shuningdek fuqarolarga qonunda belgilangan hollardan tashqari berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
7. Quyidagi:
ota-onasi vafot etgan;
ota-onasi ota-onalik huquqidan mahrum etilgan;
ota-onasi sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan;
ota-onasi bolalarni tarbiyalash yoki ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan boʻyin tovlagan;
ota-onasi bir yildan ortiq muddat davomida bolalar muassasalari yoki tibbiy muassasalardagi bolasidan uzrli sabablarsiz xabar olmagan;
ota-onasi tarbiyalash, davolash muassasalaridan, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasidan va boshqa muassasalardan bolasini olishdan bosh tortgan;
ota-onasi bedarak yoʻqolgan yoki vafot etgan deb eʼlon qilingan bolalar farzandlikka olinishi lozim boʻlgan bolalar sifatida hisobga olinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Farzandlikka olishni xohlovchi shaxs yashash joyidagi xalq taʼlimi boʻlimiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
Keyingi tahrirga qarang.
familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, nikohda qachondan beri turganligi, er-xotinning birga yoki alohida yashashi, agar farzandlari boʻlsa ularning soni va yoshi, farzandlikka olinadigan bolaning yoshi va jinsi koʻrsatilgan ariza;
shaxsini tasdiqlovchi hujjat;
nikoh toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi (agar nikohda boʻlsa);
oila aʼzolari koʻrsatilgan holda yashash joyidan maʼlumotnoma;
Keyingi tahrirga qarang.
ish joyidan ish haqi koʻrsatilgan maʼlumotnoma;
ish joyidan yoki yashash joyidan tavsifnoma;
farzandlikka oluvchi boʻlishni xohlovchi shaxsning sogʻligʻi toʻgʻrisida tibbiy-maslahat komissiyasining xulosasi, psixiatriya va narkologiya muassasalari, teri-tanosil kasalliklari dispanserining maʼlumotnomalari.
Farzandlikka oluvchilar boʻlish imkoniyati toʻgʻrisida xulosa tayyorlash uchun xalq taʼlimi boʻlimi bolani farzandlikka olishni xohlagan shaxslarning turmush sharoitlarini oʻrganish natijalari boʻyicha dalolatnoma tuzadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar, shuningdek bolani farzandlikka olishni xohlagan shaxslarning turmush sharoitlarini oʻrganib chiqish dalolatnomasi asosida xalq taʼlimi boʻlimi ariza berilgan kundan boshlab 30 ish kuni mobaynida ularning farzandlikka oluvchilar boʻlishi imkoniyati toʻgʻrisidagi xulosani tayyorlaydi. Ushbu xulosa ariza beruvchilarga beriladi va farzandlikka olishga nomzodlar sifatida hisobga qoʻyish uchun asos hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Vasiylik va homiylik organi salbiy xulosa va unga asoslangan farzandlikka olishga nomzodlar sifatida hisobga qoʻyishning rad etilishini xulosa imzolangan sanadan boshlab 5 kun muddatda ariza beruvchining eʼtiboriga yetkazadi. Ayni bir vaqtda ariza beruvchiga barcha hujjatlar qaytariladi va qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibi tushuntiriladi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-avgustdagi 179-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 347-modda)
9. Voyaga yetgan erkak yoki ayol fuqarolar farzandlikka oluvchilar boʻlishi mumkin, quyidagi shaxslar bundan mustasno:
ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklanganlar;
qonun bilan belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar;
asab kasalliklari yoki narkologiya muassasalarida roʻyxatda turuvchilar;
sobiq farzandlikka oluvchilar, agar ular farzandlikka olish boʻyicha zimmalariga yuklangan majburiyatlarni bajarishdan boʻyin tovlaganliklari yoki ularni lozim darajada bajarmaganliklari, ota-onalik huquqini suiisteʼmol qilganliklari, farzandlikka olinuvchilarga nisbatan shafqatsizlik bilan muomalada boʻlganliklari, shuningdek surunkali ichkilikbozlik yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlganliklari munosabati bilan farzandlikka olish bekor qilingan boʻlsa;
qasddan sodir qilgan jinoyati uchun ilgari hukm qilinganlar.
Farzandlikka oluvchi va farzandlikka olinuvchilar yoshidagi farq oʻn besh yoshdan kam boʻlmasligi shart, oʻgay ota va oʻgay ona tomonidan farzandlikka olish hollari bundan mustasno.
10. Vasiylik va homiylik organi tarbiyalash yoki davolash muassasalarida tarbiyalanayotgan bolalarni farzandlikka olishni istovchi shaxslarni roʻyxatga oladi.
Aniq bir bolani (masalan, nevaralar, oʻgay oʻgʻil yoki oʻgay qiz, vafot etgan qarindoshlarining farzandlari va boshqalarni) farzandlikka oluvchilar farzandlikka olishni istovchi shaxslarning umumiy roʻyxatiga olinmaydi.
11. Farzandlikka olishda quyidagilar ustunlik huquqiga ega boʻladilar:
turar joyidan qatʼi nazar, farzandlikka olinuvchining qarindoshlari;
oilasida farzandlikka olinuvchi bola yashayotgan shaxs;
aka-uka, opa-singillarni ular orasidagi qarindoshlik aloqalarini buzmasdan farzandlikka olayotgan shaxslar;
oʻgay ota va oʻgay ona;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari;
kasallik, baxtsiz hodisa oqibatida farzandlaridan ajralgan shaxslar.
Oldingi tahrirga qarang.
III. FARZANDLIKKA OLISh UChUN BOLALARNI TANLASh
(III bobning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-avgustdagi 179-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 347-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
12. Xalq taʼlimi boʻlimi fuqarolar farzandlikka oluvchi nomzodlar sifatida hisobga qoʻyilgandan keyin ularga farzandlikka olish mumkin boʻlgan bola (bolalar) toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etadi va bola (bolalar) yashaydigan (turgan) joyda bolani (bolalarni) koʻrish uchun yoʻllanma beradi.
Agar farzandlikka olishga nomzodlar oʻz yashash joyida farzandlikka olish uchun bolani tanlay olmasa, ular farzandlikka olinadigan bola toʻgʻrisida maʼlumot olish uchun oʻz xohishlariga koʻra boshqa xalq taʼlimi boʻlimiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga murojaat qilishlari mumkin.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-avgustdagi 179-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 347-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
121. Farzandlikka olishga nomzodlar quyidagi huquqlarga ega:
bola toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotni va uning qarindoshlari borligi haqidagi maʼlumotlarni olish;
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan tartibda bola turgan muassasaning vakili ishtirokida bolani farzandlikka olishni mustaqil tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish uchun tibbiyot muassasasiga murojaat qilish.
122. Farzandlikka olishga nomzodlar shaxsan:
bola bilan tanishishga va u bilan aloqa oʻrnatishga;
farzandlikka olinadigan bolaning hujjatlari bilan tanishishga;
bolaning sogʻligʻi toʻgʻrisidagi tibbiy xulosa bilan tanishganlikni yozma shaklda tasdiqlashga majbur.
(121 va 122-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-avgustdagi 179-sonli qarori bilan kiritildi — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 347-modda)
13. Vasiylik va homiylikdagi, davlat bolalar muassasalari tarbiyasi va taʼminotidagi bolalarni farzandlikka olish, ota-onasining roziligi talab qilinmaydigan hollarda, vasiy (homiy) yoki ushbu muassasa maʼmuriyati roziligi bilan amalga oshiriladi.
14. Vasiylik va homiylik organi farzandlikka olinuvchi haqida quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
tugʻilganlik haqida guvohnoma;
bola er-xotindan biri tomonidan farzandlikka olinayotgan boʻlsa xotin (er)ning yozma roziligi (agar er-xotin oilaviy munosabatni tugatgan, bir yildan oshiq birgalikda yashamayotgan va er (xotin)ning turar joyi nomaʼlum boʻlsa, xotin (er)ning yozma roziligi talab etilmaydi);
farzandlikka olinuvchi ota-onasining notarial ravishda tasdiqlangan roziligi;
ota-onasining vafot etganligi haqida maʼlumotnoma yoki sudning ota-onalik huquqidan mahrum etilganligi toʻgʻrisida, ota-onalar, muomalaga layoqatsiz yoki layoqati cheklangan, bedarak yoʻqolgan yoki oʻlgan deb topilganligi toʻgʻrisidagi qarori;
ota-onaning bolani tarbiyasi va taʼminotidan voz kechganligi toʻgʻrisidagi arizasi, ota-onaga qidiruv eʼlon qilinganlik haqidagi hujjatlar, ichki ishlar, tarbiyalash, davolash va boshqa muassasalarning bola tashlab ketilganligi haqidagi dalolatnomasi va boshqa hujjatlar;
davolash muassasasining bolaning jismoniy va ruhiy rivojlanishi toʻgʻrisidagi xulosasi.
IV. FARZANDLIKKA OLISh HAQIDA HOKIMGA TAQDIM ETADIGAN TAVSIYANOMALARNING TAYYORLANIShI
Oldingi tahrirga qarang.
15. Farzandlikka olish uchun bola tanlangandan keyin farzandlikka oluvchiga nomzod bolaning yashash joyi (bola turgan joy)dagi xalq taʼlimi boʻlimiga farzandlikka olinayotgan bolaning familiyasi, ismi va otasining ismi, yoshi va jinsini koʻrsatgan holda ariza bilan murojaat qiladi. Ariza bilan birgalikda nomzodning farzandlikka oluvchi boʻlishi mumkinligi toʻgʻrisida tegishli xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan berilgan xulosa taqdim etiladi.
Tarbiyalash yoki davolash muassasalaridan farzandlikka olish uchun berilayotgan bolaga hujjatlar tayyorlash yuqoridagi muassasalar maʼmuriyati tomonidan amalga oshiriladi va tuman, shahar xalq taʼlimi boʻlimlariga koʻrib chiqishga beriladi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-avgustdagi 179-sonli qarori asosida birinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 347-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Tuman, shahar xalq taʼlimi boʻlimlari taqdim etilgan hujjatlar asosida quyidagilarni eʼtiborga olgan holda tuman, shahar hokimiga tavsiyanoma tayyorlaydi:
Keyingi tahrirga qarang.
a) farzandlikka olinuvchining sogʻligʻi:
sogʻlom bolalar, jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsonlari boʻlgan bolalar bolaning sogʻligʻi toʻgʻrisida farzandlikka oluvchini xabardor qilish sharti bilan farzandlikka berilishi mumkin;
farzandlikka olinuvchining sogʻligʻi haqidagi tibbiy maʼlumot pediatr, nevropatolog, xirurg (ortoped-travmatolog), oftalmolog, otolaringolog, logoped tomonidan tuziladi va sogʻliqni saqlash tizimida belgilangan tartibda tasdiqlanadi. Bola boshqa mutaxassislar tomonidan ham tekshiriladi.
b) farzandlikka olinuvchi ota-onasining roziligi:
farzandlikka olinayotganning ota-onasidan bolasini farzandlikka berish uchun notarial tasdiqlangan (pasport maʼlumotlari koʻrsatilgan holda) roziligi talab qilinadi;
farzandlikka olinuvchining ota-onasi farzandini muayyan bir shaxs tomonidan farzandlikka olinishiga rozilik berishlari yoki farzandlikka berishga rozilik bildirib, farzandlikka oluvchilarni tanlash ixtiyorini vasiylik va homiylik organiga havola qilishlari mumkin;
bola joylashgan tarbiyalash va davolash muassasalari maʼmuriyati bolaning ota-onasidan boshqa shaxs tomonidan farzandlikka olinishiga roziligini olishda farzandlikka olishning huquqiy oqibatlari toʻgʻrisida tushuntirish berishi kerak;
tuman, shahar hokimining farzandlikka olish haqidagi qarori chiqarilgunga qadar ota-ona oʻz roziligini qaytarib olishga haqlidir. Ota-onaning roziligisiz farzandlikka olish quyidagi hollarda amalga oshiriladi, agar:
ota-onaning kimligi nomaʼlum boʻlsa;
ota-ona ota-onalik huquqidan mahrum qilingan boʻlsa;
ota-ona muomalaga layoqatsiz, bedarak yoʻqolgan deb topilgan yoki vafot etgan deb eʼlon qilingan boʻlsa;
ota-ona bir yildan ortiq muddat davomida bolalar yoki davolash muassasalaridagi bolasidan uzrli sabablarsiz xabar olmagan boʻlsa.
v) farzandlikka olinuvchining roziligi;
agar farzandlikka olinuvchi oʻn yoshga toʻlgan boʻlsa, uning farzandlikka olinishga roziligi vasiylik va homiylik organlari tomonidan aniqlanadi. Bolaning roziligi olinganda unga farzandlikka olishning huquqiy oqibatlari (qarindoshlari bilan koʻrishish, mulkiy va boshqa nizolar), uning familiyasi, tugʻilish toʻgʻrisidagi yozuvlarning oʻzgarishi tushunarli holda bolaga bayon qilinishi shart;
agar bola farzandlikka oluvchilarning oilasida tarbiyalanayotgan boʻlsa va ularni oʻz ota-onasi deb eʼtirof etishi vasiylik va homiylik organi tomonidan oʻtkazilgan suhbat mobaynida aniqlangan boʻlsa, farzandlikka olish farzandlikka olinayotgan bolaning roziligisiz amalga oshirilishi mumkin.
g) farzandlikka oluvchilarning oilaviy va boshqa sharoitlarini oʻrganish:
jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalarni farzandlikka olish haqidagi farzandlikka oluvchilarning arizalarida bolaning sogʻligi toʻgʻrisida batafsil tanishganligi hamda uning tarbiyasi va taʼminotini oʻz zimmasiga olishi haqida maʼlumotlar boʻlishi kerak;
agar bola er-xotinning har ikkalasi tomonidan farzandlikka olinmayotgan boʻlsa, vasiylik va homiylik organi er-xotinning birining roziligini oladi, oilaviy sharoitini oʻrganadi va tuman, shahar hokimiga farzandlikka olish bola tarbiyasi va manfaatlariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa tayyorlaydi.
V. FARZANDLIKKA OLIShNI RASMIYLAShTIRISh VA UNI SIR SAQLASh
16. Farzandlikka olish toʻgʻrisidagi tuman, shahar hokimining qarori chiqarilganidan keyin oʻn kun ichida fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlari farzandlikka olinayotganlarning tugʻilishi qayd etilgan daftarga zarur oʻzgartirishlar kiritishi lozim.
Farzandlikka oluvchilar bolaning tugʻilganligi toʻgʻrisidagi yozuvlar daftariga uning ota-onasi deb yozilishi kerak. Zarur hollarda bolaning familiyasi, ismi, otasining ismigina emas, balki tugʻilgan sanasi ham bir yildan ortiq boʻlmagan farq bilan oʻzgartiriladi.
Agar bola oʻn yoshdan oshmagan boʻlsa, tugʻilgan joyi ham Oʻzbekiston Respublikasi doirasida oʻzgartirilishi mumkin.
17. Farzandlikka olingan bolaning tugʻilganligi toʻgʻrisidagi yozuvlar daftariga zarur oʻzgartirishlar kiritilgan kun farzandlikka olishning vujudga kelgan vaqti hisoblanadi.
18. Farzandlikka olishni sir saqlash qonun bilan himoya qilinadi.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish daftaridagi va boshqa hujjatlardagi farzandlikka oluvchilar farzandlikka olinganning otasi emasligini bildiradigan mazmundagi yozuvlar bilan tanishtirish, bu yozuvlardan koʻchirmalar va boshqa maʼlumotlarni farzandlikka oluvchilarning roziligisiz, ular vafot etgan holda, vasiylik va homiylik organining roziligisiz berish taqiqlanadi.
Farzandlikka oluvchining yoki vasiylik va homiylik organining erkiga xilof ravishda farzandlikka olish sirini oshkor qilgan shaxslar qonun bilan belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
VI. FARZANDLIKKA OLIShNING HUQUQIY OQIBATLARI
19. Farzandlikka olingan bolalar barcha shaxsiy va mulkiy huquqlarda farzandlikka oluvchining oʻz bolalariga tenglashtiriladi.
Farzandlikka olinganlar va ularning ota-onasi (ota-onasining qarindoshlari) bir-birlariga nisbatan shaxsiy va mulkiy huquqlarini hamda majburiyatlarini yoʻqotadilar.
20. Farzandlikka olinish vaqtida boquvchisini yoʻqotganlik uchun pensiya yoki nafaqa olish huquqiga ega boʻlgan voyaga yetmaganlar farzandlikka olingan taqdirda ham ana shu huquqni saqlab qoladilar.
VII. FARZANDLIKKA OLIShNI BEKOR QILISh UChUN ASOSLAR VA UNING OQIBATLARI
21. Farzandlikka olish quyidagi hollarda haqiqiy emas deb topiladi, agar:
farzandlikka olish qalbaki hujjatlar asosida rasmiylashtirilgan boʻlsa;
farzandlikka olish soxta boʻlsa;
voyaga yetgan shaxs farzandlikka olingan boʻlsa;
farzandlikka oluvchi shaxs farzandlikka olish huquqiga ega boʻlmagan boʻlsa, yaʼni ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklanganlar, qonun bilan belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar, ruhiy yoki narkologik muassasalarda roʻyxatda turuvchilar, qasddan sodir qilgan jinoyatlari uchun ilgari hukm qilinganlar, shuningdek, sobiq farzandlikka oluvchilar mazkur Nizomning 22-bandida koʻrsatib oʻtilgan asoslar boʻyicha farzandlikka olishi bekor qilingan boʻlsa.
22. Farzandlikka olish agar farzandlikka oluvchilar:
oʻz zimmalariga yuklangan majburiyatlarni bajarishdan boʻyin tovlayotgan yoki ularni lozim darajada bajarmayotgan boʻlsalar;
ota-onalik huquqini suiisteʼmol qilayotgan boʻlsalar;
farzandlikka olinuvchilarga nisbatan shafqatsizlik bilan muomalada boʻlsalar;
muttasil ichkilikbozlikka yoki giyovandlikka mubtalo boʻlgan boʻlsalar bekor qilinishi lozim.
Farzandlikka olinuvchi oʻn sakkiz yoshga toʻlgandan keyin uning xulq-atvori farzandlikka oluvchilarning shaʼni va qadr-qimmatiga putur yetkazayotgan, ularning hayoti yoki sogʻligʻiga xavf solayotgan boʻlsa, farzandlikka olish sud tartibida bekor qilinishiga yoʻl qoʻyiladi.
Sud boshqa asoslarga koʻra ham bolaning manfaatlaridan kelib chiqib, uning fikrini hisobga olgan holda farzandlikka olishni bekor qilishga haqlidir.
23. Farzandlikka olishni sud tartibida bekor qilishni uning ota-onasi, prokuror, vasiylik va homiylik organlari, voyaga yetmaganlar ishlari bilan shugʻullanuvchi komissiyalar, shuningdek, oʻn olti yoshga toʻlgan farzandlikka olingan bola talab qilish huquqiga ega.
Keyingi tahrirga qarang.
24. Farzandlikka olishni haqiqiy emas deb topish va farzandlikka olishni bekor qilishga faqat sud tartibida yoʻl qoʻyiladi. Bu toifadagi ishlarni hal qilishda oʻn yoshga toʻlgan bolaning fikri hisobga olinadi.
Farzandlikka olishni haqiqiy emas deb topish yoki farzandlikka olishni bekor qilish toʻgʻrisidagi sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirganidan keyin uch kundan kechiktirmay sud shu qarordan koʻchirmani bolaning farzandlikka olinishi toʻgʻrisida qaror chiqargan shahar, tuman hokimiga va tegishli fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organiga yuborishi shart.
25. Sud tomonidan farzandlikka olish haqiqiy emas deb topilganda yoki farzandlikka olish bekor qilinganda farzandlikka olingan bola bilan farzandlikka oluvchilarning (farzandlikka oluvchilarning qarindoshlari) oʻzaro huquq va majburiyatlari tugatiladi hamda bola bilan uning ota-onasi (ota-onaning qarindoshlari) oʻrtasidagi huquq va majburiyatlar tiklanadi.
Farzandlikka olish haqiqiy emas deb topilganda yoki farzandlikka olish bekor qilinganda, bola sudning hal qiluv qarori bilan ota-onasiga olib beriladi.
Bolaning ota-onasi yoʻq boʻlsa, shuningdek agar bolani ota-onasiga berish uning manfaatlariga zid boʻlsa, bola vasiylik va homiylik organlari qaramogʻiga beriladi.
Sudning hal qiluv qarorida farzandlikka olingan bolaning familiyasi, ismi, otasining ismi saqlanish-saqlanmasligi koʻrsatilishi kerak.
Oʻn yoshga toʻlgan bolaning ismi va otasining ismi faqat uning roziligi bilan oʻzgartirilishi mumkin.
VIII. FARZANDLIKKA OLINGANLARNING ShAXSIY HUJJATLARINI SAQLASh TARTIBI
26. Farzandlikka olingan bolalarning shaxsiy hujjatlari farzandlikka olishga tavsiya tayyorlab bergan tuman, shahar xalq taʼlimi boʻlimlarida yetmish besh yil mobaynida saqlanadi va ularni farzandlikka olganlarning yashash joyidagi xalq taʼlimi boʻlimlariga oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
IX. ChET EL FUQAROLARI YOKI FUQAROLIGI BOʻLMAGAN ShAXSLAR TOMONIDAN BOLALARNI FARZANDLIKKA OLISh
27. Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan bolani farzandlikka olishda Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 151 — 167, 237-moddalari hamda ushbu Nizom talablariga rioya qilinishi lozim.
28. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan bolalarni farzandlikka olish Oʻzbekiston Respublikasida oʻz diplomatik vakolatxonasi mavjud boʻlgan davlatlarning fuqarolari tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Farzandlikka olishni istovchi shaxslarni roʻyxatga olish Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Bunday farzandlikka olishning asosiy sharti farzandlikka olish masalasini koʻrib chiqishda farzandlikka oluvchilarning shaxsan ishtirok etishi, diplomatik vakolatxonaning quyidagi maʼlumotlarni: farzandlikka bola olishni istovchi fuqarolarning familiyasi, ismi, ota ismini, tugʻilgan vaqti, turar joyi, moddiy ahvoli haqidagi maʼlumotlarni, tibbiy xulosa, oilaning axloqiy-ruhiy shart-sharoiti, shuningdek, farzandlikka oluvchining har biriga tavsifnomalarni oʻz ichiga olgan iltimosnomasi hisoblanadi.
(28-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-avgustdagi 179-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 347-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Farzandlikka oluvchilar farzandlikka olingan bolalar balogʻatga yetgunlariga qadar har yili xorijiy davlatlarning tegishli diplomatik vakolatxonalari orqali Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga bolaning psixik va jismoniy holati, uning yashash va tarbiyalanish sharoitlari toʻgʻrisida axborot taqdim etadilar. Ushbu maʼlumotlar xorijiy davlatning maxsus vakolatli organi yoki bolalarni farzandlikka olish boʻyicha tashkilot tomonidan tasdiqlanishi kerak.
(28-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-avgustdagi 179-sonli qarori asosida uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 347-modda)
29. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashayotgan bolani farzandlikka olish farzandlikka oluvchi qaysi davlatning fuqarosi boʻlsa, oʻsha davlatning vakolatli organi tomonidan amalga oshirilganligi, agar bola yoki uning ota-onasi (ulardan biri) Oʻzbekiston Respublikasi hududidan joʻnab ketishdan oldin yashab turgan joydagi tuman, shahar hokimining farzandlikka olish toʻgʻrisidagi ruxsatini oldindan olgan boʻlsagina, Oʻzbekiston Respublikasida haqiqiy deb eʼtirof etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konsuli Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashayotgan bolani farzandlikka olishni rasmiylashtirishga haqlidir.
Agar farzandlikka olish natijasida bolaning Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalar bilan belgilangan huquqlari buzilsa, farzandlikka oluvchi qaysi davlat fuqarosi boʻlishidan qatʼi nazar, farzandlikka olishni amalga oshirish mumkin emas, agar farzandlikka olingan boʻlsa, u sud tartibida bekor qilinishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
X. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDIDA FARZANDLIKKA OLUVChILAR OILALARIDA BOLALARNING TURMUSh ShAROITLARINI VA ULARNING TARBIYALANIShINI NAZORAT QILISh
30. Farzandlikka olingan bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida farzandlikka olingan bolaning yashash joyidagi xalq taʼlimi boʻlimi uning turmush sharoitlari va tarbiyalanishini nazorat qiladi.
Hududida bola farzandlikka olingan xalq taʼlimi boʻlimi farzandlikka olish toʻgʻrisida tuman, shahar hokimining qarori chiqqandan keyin 7 kun muddatda farzandlikka oluvchi (lar)ning yashash joyidagi xalq taʼlimi boʻlimiga farzandlikka olingan bolaning turmush sharoitlari va tarbiyalanishi ustidan nazoratni amalga oshirish uchun tegishli axborotni yuborishi shart. Koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni berishda farzandlikka olish sir saqlanishi kerak. Uni oshkor qilishda aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
31. Farzandlikka olingan bolaning turmush sharoitlari va tarbiyalanishini nazorat tartibida tekshirish xalq taʼlimi boʻlimi vakillari tomonidan, farzandlikka olish belgilangandan dastlabki 3 yil mobaynida har yili oʻtkaziladi. 3 yil oʻtgandan keyin nazorat tartibida tekshirish oʻtkazish zarurligi xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan farzandlikka oluvchi (lar) oilasida shakllanayotgan aniq vaziyatga muvofiq yakka tartibda belgilanadi. Farzandlikka olingan bolaning turmush sharoitlari va tarbiyalanishini nazorat tartibida tekshirish farzandlikka olish sir saqlangan holda oʻtkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
32. Nazorat tartibida tekshirish natijalari boʻyicha oilani borib koʻrgan xalq taʼlimi boʻlimi vakili farzandlikka olingan bolaning turmush sharoitlari va tarbiyalanishi toʻgʻrisida hisobot tuzadi. Hisobotda bolaning sogʻligʻi, oʻqishi, uning ruhiy va xulq-atvor jihatdan kamol topishi, oʻziga oʻzi xizmat qilish koʻnikmalari, tashqi koʻrinishi va oiladagi oʻzaro munosabatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aks ettirilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
(X bob Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-avgustdagi 179-sonli qarori bilan qoʻshilgan — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 347-modda)
IKKINChI BOʻLIM
BOLALARNI OILAGA TARBIYAGA OLISh (PATRONAT)
BOLALARNI OILAGA TARBIYAGA OLISh (PATRONAT)
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Bolalarni oilaga tarbiyaga olish Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksi va ushbu Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Farzandlikka olgan oila ota-onalar qarovisiz qolgan bolalarni tarbiyalash shakllaridan biri hisoblanadi. Ota-onalar qarovisiz qolgan bolani (bolalarni) tarbiya qilish uchun olishni istaydigan fuqarolar (er-xotin yoki alohida fuqarolar) tutingan ota-onalar deb ataladi, ushbu oila esa farzandlikka olgan oila hisoblanadi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-avgustdagi 179-sonli qarori asosida ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 347-modda)
2. Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan voyaga yetmagan bolalar, shu jumladan, tarbiya va davolash muassasalarida, shuningdek, aholini ijtimoiy himoyalash muassasalaridagi bolalar oilaga tarbiyaga beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Farzandlikka olgan oiladagi bolalarning umumiy soni, oʻz bolalari va farzandlikka olingan bolalar bilan birgalikda, qoidaga koʻra, 8 nafardan oshmasligi kerak.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-avgustdagi 179-sonli qarori asosida ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 347-modda)
3. Bolalarni oilaga tarbiyaga olish ixtiyoriy boʻlib, u vasiylik va homiylik organlari bilan bolani olish istagini bildirgan shaxslar oʻrtasida tuzilgan maxsus shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
II. FARZANDLIKKA OLGAN OILANI TAShKIL ETISh TARTIBI
(II bobning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-avgustdagi 179-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 347-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
4.Voyaga yetgan har ikki jinsdagi shaxslar tutingan ota-ona boʻlishlari mumkin, quyidagilar bundan mustasno:
sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb eʼtirof etilgan shaxslar;
sud tomonidan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklangan deb eʼtirof etilgan shaxslar;
qonun bilan oʻz zimmasiga yuklangan majburiyatlarni lozim darajada bajarmagani uchun vasiylik yoki homiylik vazifalarini bajarishdan chetlashtirilgan shaxslar;
oʻz zimmalariga yuklangan majburiyatlarni bajarishdan boʻyin tovlaganligi yoki ularni lozim darajada bajarmaganligi, ota-onalik huquqini suiisteʼmol qilganligi, farzandlikka olinuvchilarga nisbatan shafqatsizlik bilan muomalada boʻlganliklari, shuningdek muttasil ichkilikbozlikka yoki giyohvandlikka mubtalo boʻlganliklari uchun farzandlikka olish sud tomonidan bekor qilingan boʻlsa, ilgari farzandlikka bola olgan shaxslar;
qasddan qilingan jinoyatlari uchun ilgari hukm qilingan shaxslar;
sogʻligʻining yomonligi tufayli bola tarbiyalash majburiyatini bajara olmaydigan shaxslar. Qaysi kasallikka chalingan taqdirda bolani tarbiyaga olish taqiqlanadigan kasalliklar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi”;
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-avgustdagi 179-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 347-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
5. Bolani (bolalarni) farzandlikka olishni xohlovchi shaxslar oʻz yashash joyidagi vasiylik va homiylik organiga tutingan ota-onalar sifatida hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi iltimos bildirilgan arizani beradilar.
Arizaga quyidagilar ilova qilinishi kerak:
nikoh toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi (agar nikohda boʻlsa);
oila aʼzolari koʻrsatilgan holda yashash joyidan maʼlumotnoma;
Keyingi tahrirga qarang.
ish joyidan ish haqi koʻrsatilgan maʼlumotnoma;
ish joyidan yoki yashash joyidan tavsifnoma;
farzandlikka olishni xohlovchi shaxsning sogʻligʻi toʻgʻrisida tibbiy- maslahat komissiyasining xulosasi, psixiatriya va narkologiya muassasalari, teri-tanosil kasalliklari dispanserining maʼlumotnomalari;
sanitariya qoidalari va normalariga muvofiq boʻlgan mulk huquqidagi, ijara (ijaraga olish) shartlaridagi yoki boshqa asoslardagi uy-joy mavjudligini tasdiqlaydigan hujjat.
Ariza berishda shaxsni tasdiqlaydigan hujjat koʻrsatiladi.
Vasiylik va homiylik organi ariza berilgan kundan boshlab 30 ish kuni mobaynida oilaning turmush sharoitlarini, bolalarni tarbiyaga olishni istaganlarning moddiy taʼminlanganlik holatini tekshiradi, tekshirish dalolatnomasini tuzadi va tekshirish dalolatnomasi asosida ularni hisobga qoʻyadi. Hisobga qoʻyish yoki hisobga qoʻyishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror ariza beruvchilar eʼtiboriga qaror qabul qilingan kunidan boshlab 5 kun muddatda yetkaziladi. Hisobga qoʻyish rad etilgan taqdirda ariza beruvchiga barcha hujjatlar qaytariladi va qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibi tushuntiriladi.
Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan hisobda turgan shaxs vasiylik va homiylik organlari bilan kelishgan holda vasiylik va homiylik organlarida hisobda turgan va ota-onalar qarovisiz qolgan, shu jumladan tarbiyalash va davolash muassasalaridagi, shuningdek aholini ijtimoiy muhofaza qilish muassasalaridagi voyaga yetmagan bolalarning dastlabki tanlab olinishini amalga oshiradi”;
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-avgustdagi 179-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 347-modda)
6. Tutingan ota-onalarni tanlash vasiylik va homiylik organlari tomonidan amalga oshiriladi.
7. Bolalarni oilaga tarbiyaga berish ularning xohishini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Oʻn yoshga toʻlgan bolalarni faqat ularning roziligi bilan oilaga tarbiyaga berish mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzaro qarindosh boʻlgan bolalar, qoidaga koʻra, bitta oilaga beriladi, tibbiy koʻrsatkichlar boʻyicha yoki boshqa sabablarga koʻra ular birga tarbiyalanishi mumkin boʻlmagan hollar bundan mustasno.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-avgustdagi 179-sonli qarori asosida ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 347-modda)
III. BOLALARNI OILAGA TARBIYAGA OLISh TOʻGʻRISIDAGI KELIShUV
Oldingi tahrirga qarang.
8. Bolalarni farzandlikka oladigan oilaga tarbiyalash uchun berish bitim asosida amalga oshiriladi. Bolalarni tarbiyalash uchun oilaga qabul qilish toʻgʻrisidagi bitim vasiylik va homiylik organlari bilan tutingan ota-onalar oʻrtasida tuziladi.
Bolalarni tarbiyalash uchun oilaga qabul qilish toʻgʻrisidagi namunaviy bitim Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-avgustdagi 179-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 347-modda)
9. Bolalarni oilaga tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi kelishuvda tutingan ota-ona toʻgʻrisida maʼlumotlar (yashash joyi, pasporti, oilaviy sharoiti), bolani taʼminlash sharoitlari, bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish, tutingan ota-onalarning huquq va majburiyatlari, vasiylik va homiylik organlarining tutingan oilaga nisbatan majburiyatlari, shuningdek, bunday kelishuvni bekor qilish asoslari va oqibatlari koʻrsatilishi kerak.
10. Vasiylik va homiylik organi tutingan ota-onalar bilan kelishuv tuzilishigacha bolani tarbiyaga olayotgan oilaning turmush sharoitlarini oʻrganib chiqishi va ushbu oila aʼzolari sogʻligʻining ahvoli haqida maʼlumotlar toʻplashi shart.
IV. TARBIYAGA BERILGAN BOLALARNING MODDIY TAʼMINOTI
Oldingi tahrirga qarang.
11. Vasiylik va homiylik organlari oilaga tarbiyalash uchun berilgan bolalarni har yili bir marta kiyim-bosh va poyabzal bilan taʼminlaydilar.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-avgustdagi 179-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 347-modda)
12. Vasiylik va homiylik organlari bolani oilaga tarbiyaga olgan tutingan ota-onaga qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda har oyda nafaqa toʻlab turadi.
Tutingan ota-onaga homiylar, tashkilotlar, idoralar, ayrim shaxslar tomonidan bolalarni tarbiyalash maqsadida turli moddiy va maʼnaviy yordam berilishi ham mumkin.
V. BOLALARNI TARBIYAGA OLISh TOʻGʻRISIDAGI KELIShUVNING BEKOR QILINIShI
13. Bolalarni tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi kelishuv muddatidan oldin quyidagi sabablar boʻlganda tutingan ota-onaning tashabbusi bilan bekor qilinishi mumkin:
kasalligi;
oilaviy yoki mulkiy mavqening oʻzgarishi;
bolalar bilan oʻzaro bir-birini tushunmaslik va boshqalar.
Bolalarni tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi kelishuv vasiylik va homiylik organining tashabbusi bilan yoki bolalar ota-onalarga qaytarilgan yoxud ular farzandlikka olinganda muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin.
14. Bolalarni oilaga tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi kelishuvlarni toʻxtatish toʻgʻrisidagi nizolar sud tartibida hal qilinadi.
VI. OILAGA TARBIYAGA OLINGAN BOLALARNING HUQUQLARI
15. Oilaga tarbiyaga berilgan bolalar:
oʻzlariga tegishli boʻlgan aliment, shuningdek, pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy toʻlovlarni olish;
uy-joyga boʻlgan mulk egaligi yoki uy-joydan foydalanish huquqi;
qonun hujjatlariga muvofiq uy-joy olish huquqlarini saqlab qoladilar.
Oldingi tahrirga qarang.
Farzandlikka oladigan oilaga tarbiyalash (patronat) uchun berilgan bolalarga qonun hujjatlarida ota-onalar qarovisiz qolgan bolalar uchun nazarda tutilgan barcha imtiyozlar tatbiq etiladi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-avgustdagi 179-sonli qarori asosida beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2007-y., 33-34-son, 347-modda)
16. Oilaga tarbiyaga berilgan bolalar oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ota-onasi va qarindoshlari bilan koʻrishish huquqiga ham egadirlar.
17. Oilada oʻz manfaatiga daxldor har qanday masala hal qilinayotganida bola oʻz fikrini bildirishga haqlidir.
VII. TUTINGAN OTA-ONANING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
18. Tutingan ota-ona tarbiyaga olingan bolaga nisbatan vasiy huquqlari va majburiyatlariga egadirlar, yaʼni oʻz qaramogʻidagi shaxslarning qonuniy vakillari hisoblanadilar va ular nomidan hamda ularning manfaatlarini koʻzlab barcha zarur bitimlarni tuzadilar. Ular oʻz qaramogʻidagi shaxslarga oʻz huquqlarini amalga oshirishda va majburiyatlarini bajarishda koʻmaklashadilar, shuningdek, ularning huquqlari uchinchi shaxslar tomonidan suiisteʼmol etilishidan himoya qiladilar.
19. Bolalarni tarbiyaga olgan shaxslar oʻz huquqlaridan gʻarazgoʻylik yoki boshqa niyatlarda, tarbiyasidagi bolalarga zarar keltirgan holda foydalansalar, shuningdek, ularni nazoratsiz hamda zarur moddiy yordamsiz qoldirsalar, vasiylik va homiylik organlari bolalarni tarbiyaga olgan shaxslarni qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish masalasini qoʻzgʻatishga haqlidir.
20. Vasiylik va homiylik organlari oilaga tarbiyaga berilgan bolalarning turmush sharoitlarini va ularning tarbiyalanishini kuzatib boradilar.
(Oʻzbekiston Respublikasining Hukumati qarorlari toʻplami, 1999-y., 4-son, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 15-16-son, 136-modda; 2007-y., 33-34-son, 347-modda; 2008-y., 22-23-son, 204-modda; 2010-y., 13-son, 96-modda, 52-son, 521-modda; 2011-y., 24-son, 249-modda, 25-son, 260-modda, 47-son, 489-modda; 2014-y., 39-son, 490-modda; 2016-y., 50-son, 566-modda; 2017-y., 25-son, 539-modda, 30.09.2019-y., 09/19/822/3840-son; 08.07.2020-y., 09/20/429/1039-son)