Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining
buyrugʻi
Idoraviy va sport oʻqotar qurol hamda uning oʻq-dorilari saqlanadigan xonalarning muhandislik-texnik jihatdan mustahkamligi hamda qoʻriqlash-yongʻindan saqlash signalizatsiyasi vositalari bilan jihozlanishiga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Keyingi tahrirga qarang.
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 23-iyulda 2700-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasida idoraviy va sport oʻqotar qurol hamda uning oʻq-dorilarini ishonchli saqlanishini tashkil etish maqsadida buyuraman:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2018-yil 6-oktabrdagi 276-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2700-1, 15.10.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2018-y., 10/18/2700-1/2055-son)
Keyingi tahrirga qarang.
1. Idoraviy va sport oʻqotar qurol hamda uning oʻq-dorilari saqlanadigan xonalarning muhandislik-texnik jihatdan mustahkamligi hamda qoʻriqlash-yongʻindan saqlash signalizatsiyasi vositalari bilan jihozlanishiga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Vazir A. AXMEDBAYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 10-iyul,
118-son
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2015-yil 10-iyuldagi 118-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Idoraviy va sport oʻqotar qurol hamda uning oʻq-dorilari saqlanadigan xonalarning muhandislik-texnik jihatdan mustahkamligi hamda qoʻriqlash-yongʻindan saqlash signalizatsiyasi vositalari bilan jihozlanishiga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi
NIZOM
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-apreldagi PF-5005-son “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashda ularning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, idoraviy va sport oʻqotar qurol hamda uning oʻq-dorilari saqlanadigan xonalarning muhandislik-texnik jihatdan mustahkamligi hamda qoʻriqlash-yongʻindan saqlash signalizatsiyasi vositalari bilan jihozlanishiga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2018-yil 6-oktabrdagi 276-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2700-1, 15.10.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2018-y., 10/18/2700-1/2055-son)
Keyingi tahrirga qarang.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda qoʻllaniladigan asosiy tushunchalar:
idoraviy oʻqotar qurol — fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini, mol-mulkni, tabiatni, tabiiy boyliklarni, qimmatbaho va xavfli yuklarni, maxsus pochta joʻnatmalarini himoya qilish vazifasi yuklatilgan tashkilotlar xodimlari tomonidan foydalanishga moʻljallangan oʻqotar qurol;
qurol va oʻq-dorilar — idoraviy va sport oʻqotar qurol hamda uning oʻq-dorilari;
qurolxona — qurol va oʻq-dorilarni saqlashga moʻljallangan, mazkur Nizom talablariga binoan texnik jihatdan mustahkamlangan hamda qoʻriqlash-yongʻindan saqlash signalizatsiyasi vositalari bilan jihozlangan inshoot (ombor, xona);
tashkilotlar — respublika davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning qurol va oʻq-dorilarni saqlovchi boʻlinmalari.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Mazkur nizom qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Davlat bojxona qoʻmitasi tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlarga tatbiq etilmaydi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2018-yil 6-oktabrdagi 276-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2700-1, 15.10.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2018-y., 10/18/2700-1/2055-son)
Keyingi tahrirga qarang.
3. Qurol va oʻq-dorilar qurolxonaning ichida joylashtirilgan seyflar va metall shkaflarda saqlanadi. Qurolxonada bitta kirish joyi (eshik oʻrni) boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Qurol va oʻq-dorilarni saqlashga moʻljallangan seyf va metall shkaflar devorlarining qalinligi 3 mm dan kam boʻlmasligi, kamida ikkita ichki (oʻyma) qulflar bilan jihozlangan hamda pol yoki devorga qotirilgan (payvandlangan) boʻlishi lozim, oʻrtacha va katta gabaritli (oʻlchamlari 1500x600x500 mm dan kam boʻlmagan), ogʻir (ogʻirligi 700 kg dan ortiq) seyf va metall shkaflar bundan mustasno. Seyf va metall shkaflarning eshiklari metalli ust qoʻymalar (nakladka) yoki burchaklar bilan mustahkamlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Qurol va oʻq-dorilarni seyf tipidagi bitta ichki qulfga ega boʻlgan ogʻir seyflarda saqlashga ruxsat beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Qurollarni saqlash uchun poʻlat shkaflardan foydalanish tavsiya etiladi.
2-bob. Qurolxonalarning muhandislik-texnik jihatdan mustahkamligiga qoʻyiladigan talablar
5. Qurolxona boshqa xonalardan alohida joylashtirilgan boʻlishi, mustahkam devorlar, shift toʻsinlari va polga ega boʻlishi lozim.
6. Qurolxonaning asosiy (tashqi) devorlari qalinligi 360 mm dan kam boʻlmagan pishiq gʻisht yoki toshdan yoxud 200 mm dan kam boʻlmagan temir-betonli devor bloklaridan koʻtarilgan boʻlishi lozim.
Qurolxonaning ichki devorlari (pardevorlari) qalinligi 240 mm dan kam boʻlmagan pishiq gʻisht yoki toshdan yoxud 120 mm dan kam boʻlmagan temir-betonli devor bloklaridan koʻtarilgan boʻlishi lozim.
7. Qurolxonaning poli va shift toʻsinlari qalinligi 180 mm dan kam boʻlmagan temir-betonli plitalardan yotqizilgan boʻlishi lozim.
8. Qurolxonaning devorlari, shift toʻsinlari va poli ichkari tomondan butun maydon boʻyicha qoʻshimcha ravishda metall panjaralar bilan mustahkamlanadi (armaturalanadi). Metall panjara sim chiviqlarining uchlari devor va plitalardan chiqarilgan, oraligʻi 500x500 mm boʻlgan hamda diametri 12 mm dan kam boʻlmagan ankerlarga (metall shtirlarga) payvandlanadi. Ankerlarni devorga mustahkamlash imkoni boʻlmagan taqdirda, 100x50x6 mm oʻlchamli metall tasmalardan tayyorlangan toʻsiq detallarini toʻrtta dyubel mixlari yordamida temir-beton yoki beton sathlarga otib qoqishga yoʻl qoʻyiladi.
9. Qurolxona puxta, eshik kesakisiga zich mustahkamlangan (moslashtirilgan), soz boʻlgan ikkita eshik bilan jihozlanadi.
Tashqi (asosiy) eshik yaxlit, qalinligi 3 mm dan kam boʻlmagan metall listdan tayyorlanib, unga kamida ikkita ichki (oʻyma) qulf va maxsus raqamlangan muhr bilan muhrlash yoki plombalash moslamasi oʻrnatilgan boʻlishi lozim. Tashqi (asosiy) eshik qurolxonadan chiqish tomonga (tashqariga) ochiladi.
Ichki (qoʻshimcha) eshik metall panjaralardan tayyorlanib, ichki (uyma) yoki osma qulf bilan jihozlanadi. Ichki eshik qurolxonaga kirish tomonga (ichkariga) ochiladi.
Tashqi va ichki eshiklar sekretlari boʻyicha har xil boʻlgan qulflar, ishonchli qotirgichlar va oshiq-moshiqlar moslamasi bilan jihozlanadi. Qulflar yoki qulflash uskunalari rigellari koʻndalang kesishmasining maydoni boʻyicha 3 sm2 dan kam boʻlmasligi lozim.
10. Eshik oʻrnining (qutisining) romi qalinligi 5 mm dan kam boʻlmagan metall profildan (shvellerdan, burchakdan va shu kabilardan) tayyorlanib, diametri 2 mm dan va uzunligi 130 mm dan kam boʻlmagan, bir xil oraliqda joylashtirilgan kamida oʻnta metall shtirlar yordamida devorga qotiriladi.
Eshik oʻrnini (qutisini) romlash va qotirish uchun poʻlat profildan va poʻlat sim chiviqli shtirlardan foydalanish tavsiya etiladi.
11. Qurolxonada deraza oʻrinlarining boʻlishiga, qoida tariqasida, yoʻl qoʻyilmaydi, qurol va oʻq-dorilarni berish va qabul qilish darchasi bundan mustasno.
Keyingi tahrirga qarang.
Avval qurilgan xonalarda deraza oʻrinlari boʻlgan taqdirda, ularga qurolxonaning ichki tomonidan yoki romlar oʻrtasiga metall panjaralar oʻrnatilishi, panjaralar simlarining uchlari devorga 80 mm dan kam boʻlmagan chuqurlikda beton yordamida qotirilishi lozim.
Birinchi qavatda joylashgan qurolxonalarda deraza oʻrinlari boʻlgan taqdirda, ularga qoʻshimcha ravishda qurolxonaning ichki tomonidan metall yoki ikki tomonidan metall listlar bilan qoplangan yogʻoch deraza eshiklari oʻrnatiladi. Ushbu eshiklarda osma qulf va maxsus raqamlangan muhr bilan muhrlash yoki plombalash moslamasi boʻlishi lozim.
12. Qurolxonaning ichkarisiga chiquvchi ventilyatsiya va boshqa muhandislik kommunikatsiyalarining lyuklari va tuynuklariga xona ichiga oʻtish imkonini istisno etadigan diametri 15 mm dan kam hamda katakchalarning oʻlchami 100x100 mm dan katta boʻlmagan metall panjaralar oʻrnatilishi lozim.
Qurolxonaning devorlarida, shift toʻsinlari yoki polida muhandislik tarmoqlarini oʻtkazish uchun qoldirilgan tuynuklarning diametri 200 mm dan katta boʻlmasligi lozim.
13. Qurolxonaning devorlari, shift toʻsinlari va polini mustahkamlashda (armaturalashda) foydalaniladigan, shuningdek eshik va deraza oʻrinlaridagi panjaralarning metall sim chiviqlari (armaturalari) diametri 15 mm dan kam boʻlmasligi lozim. Sim chiviqlari 150x150 mm dan katta boʻlmagan katakchalarni hosil qilgan holda har bir kesishmasida payvandlanadi.
Panjaralarni poʻlat sim chiviqlaridan (poʻlat armaturadan) tayyorlash tavsiya etiladi.
14. Qurol va oʻq-dorilarni bevosita berish va qabul qilish uchun qurolxonada qurolni oʻqlash-oʻqsizlantirish joyi tomonidan maxsus darcha jihozlanishi lozim. Maxsus darcha pol sathidan 110 sm balandlikda boʻlishi, oʻlchami 180x240 mm dan katta boʻlmasligi zarur. Maxsus darchaning romi qalinligi 5 mm dan va tokchasining kengligi 100 mm dan kam boʻlmagan metall profildan tayyorlanib, devorga har ikkala tomonidan diametri 12 mm dan va uzunligi 130 mm dan kam boʻlmagan kamida ikkitadan metall shtirlar bilan qotiriladi hamda ichki tomonidan qalinligi 3 mm dan kam boʻlmagan loʻkidon (tamba) va osma qulf bilan qulflanadigan metall eshikcha bilan jihozlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Darcha qutisini romlash va qotirish uchun poʻlat profildan va poʻlat sim chiviqli shtirlardan foydalanish tavsiya etiladi.
Qurolni oʻqlash-oʻqsizlantirish uchun qurolxonadan tashqarida, unga yondosh boʻlgan xona ajratilishi zarur.
15. Qurolxonaning ichi quruq boʻlishi hamda sunʼiy yoki tabiiy ravishda tortib oluvchi ventilyatsiya bilan jihozlanishi lozim.
3-bob. Qurolxonalarning qoʻriqlash-yongʻindan saqlash signalizatsiyasi vositalari bilan jihozlanishiga qoʻyiladigan talablar
Keyingi tahrirga qarang.
16. Qurolxonada qoʻriqlash-yongʻindan saqlash signalizatsiyasi kompleksini loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish ishlari yongʻinga qarshi avtomatika vositalarini, qoʻriqlash signalizatsiyalarini, yongʻindan darak beruvchi va yongʻindan saqlovchi signalizatsiyalarni loyihalashtirish, montaj qilish, sozlash, taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlgan ixtisoslashtirilgan tashkilot tomonidan amalga oshiriladi. Qurolxona qoʻriqlash-yongʻindan saqlash signalizatsiyasi vositalari bilan maxsus loyihalarga muvofiq jihozlanadi.
17. Qurolxona hududiy ichki ishlar organlarining texnik qoʻriqlash punkti qoʻriqloviga topshirilib, uning qoʻriqlash-yongʻindan saqlash signalizatsiyasi kompleksi texnik qoʻriqlash punktining boshqaruv va kuzatuv pultiga ulanishi lozim.
18. Qurolxonani hududiy ichki ishlar organlarining texnik qoʻriqlash punkti qoʻriqloviga topshirishning texnik imkoni boʻlmagan taqdirda, u tashkilot binosining tashqi tomoniga joylashtirilgan baland tovush chiqaruvchi uskuna (sirena) hamda qoʻriqlash-yongʻindan saqlash signalizatsiyasining tashvish signalini kechayu-kunduz ishlovchi eng yaqin qoʻriqlash postiga, shuningdek tashkilotning kechayu-kunduz ishlovchi qorovullik, qoʻriqlash, navbatchilik yoxud dispetcherlik xizmati xonasiga uzatadigan avtonom signalizatsiya bilan jihozlanadi.
Hududiy ichki ishlar organlarining texnik qoʻriqlash punkti qoʻriqloviga topshirilmagan yoki kechayu-kunduz ishlovchi qoʻriqlash posti hamda qorovullik, qoʻriqlash, navbatchilik yoxud dispetcherlik xizmati xonasi boʻlmagan tashkilotda qurolxonaning jihozlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
19. Qurolxona ikki (tashqi va ichki) doirali qoʻriqlash, shuningdek yongʻindan darak beruvchi signalizatsiya bilan jihozlanadi.
20. Birinchi (tashqi) doiradagi qoʻriqlash signalizatsiyasining datchiklari xonaga ruxsatsiz kirib-chiqishni (ochishni, buzishni) aniqlash maqsadida eshiklarga, derazalarga, qurol va oʻq-dorilarni berish-qabul qilish darchasiga, ventilyatsiya va boshqa muhandislik kommunikatsiyalari lyuklari va tuynuklariga oʻrnatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
21. Ikkinchi (ichki) doiradagi qoʻriqlash signalizatsiyasi datchiklari xona ichida ruxsatsiz begona shaxslarning borligini aniqlash maqsadida qurolxona ichiga oʻrnatiladi.
22. Yongʻindan darak beruvchi signalizatsiyaning datchiklari xona ichiga, u yerdagi yongʻinga qarshi vaziyat keskin oʻzgarganda (harorat koʻtarilishi, tutun hosil boʻlishi va boshqalar) yoki yongʻin yuzaga kelganda tashvish signalini berish uchun oʻrnatiladi. Yongʻindan darak beruvchi signalizatsiya yongʻin chiqqanligi yoki bino ichidagi yongʻin xavfsizligi holati oʻzgarganligini aniqlash va signal berishga moʻljallangan tutunli, issiqlik, yorugʻlik va/yoki kombinatsiyalangan xabar bergichlar bilan jihozlanadi.
23. Qoʻriqlash-yongʻindan saqlash signalizatsiyasining simlari elektr uzatish qutisidan (kommutatsion uskunadan) datchiklargacha yashirin tarzda, devorlar yoki shift osti toʻsiqlariga chuqur kiritilib va suvab yoxud devorlar va shift osti panellari ichiga joylashtirilib oʻtkazilishi hamda unga shikast yetkazilganida ishlab ketadigan datchiklar bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
Qoʻriqlash signalizatsiyasining shleyflari temir-beton va beton qurilish konstruksiyalari boʻylab quvurlarda faqat qurolxona ichida yotqizilishi kerak.
Qoʻriqlash-yongʻindan saqlash signalizatsiyasining signal beruvchi va taʼminlash kabellari tasodifiy ravishda yoki qasddan shikastlanishlardan yuqori darajada himoyalangan boʻlishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
24. Tashvish signalini uzatishda qoʻriqlash-yongʻindan saqlash signalizatsiyasi kompleksi avtomatik tarzda ishlashi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
25. Qoʻriqlash-yongʻindan saqlash signalizatsiyasi kompleksining elektr taʼminoti tarmogʻi uning sutka davomida uzluksiz tarzda ishlashini taʼminlaydigan boʻlishi zarur.
Qoʻriqlash-yongʻindan saqlash signalizatsiyasi kompleksining elektr taʼminoti tarmogʻi asosiy elektr tizimi oʻchirilganda uni almashtiruvchi, avtomatik tarzda ishga tushadigan elektr taʼminoti manbasiga (dizel-generator va boshqalar) ulangan va kamida 3 soat ishlovchi akkumulyator bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
26. Qoʻriqlash-yongʻindan saqlash signalizatsiyasi kompleksi tashkilot binosining tashqi tomonida baland tovush chiqaruvchi uskuna (sirena) bilan jihozlanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
27. Qoʻriqlash-yongʻindan saqlash signalizatsiyasining tashvish signali tashkilotning kechayu-kunduz ishlovchi qorovullik, qoʻriqlash, navbatchilik yoxud dispetcherlik xizmati xonasidagi maxsus koʻp kanalli (koʻp nurli) pultga kelib tushishi, ushbu pultdagi maxsus tabloda buzilish yoki yongʻin roʻy bergan joyni nur yordamida koʻrsatadigan tovushli, yorugʻlik yoki boshqa indikatorlar boʻlishi kerak.
Tashvish signali tashkilotning kechayu-kunduz ishlovchi qorovullik, qoʻriqlash, navbatchilik yoxud dispetcherlik xizmati xonasidagi maxsus koʻp kanalli (koʻp nurli) pultga kelib tushishi bilan bir vaqtda simli yoki radio aloqa tizimi orqali hududiy ichki ishlar organiga uzatilishi lozim. Tashvish signali sabablarini aniqlash, zudlik bilan kechiktirib boʻlmaydigan choralarni koʻrish va yolgʻon (sababsiz) chaqiriqning oldini olish maqsadida, tashkilotning kechayu-kunduz ishlovchi qorovullik, qoʻriqlash, navbatchilik yoxud dispetcherlik xizmati va ichki ishlar organi oʻrtasida ikki tomonlama aloqa tashkil etilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
4-bob. Yakuniy qoidalar
28. Mazkur Nizom talablariga rioya etilishi uchun:
qurol va oʻq-dorilarni saqlovchi tashkilotlar rahbarlari;
qurol va oʻq-dorilarni saqlovchi tashkilotlar rahbarlarining buyruqlari yoki boshqa boshqaruv hujjatlari bilan qurol va oʻq-dorilarni tarqatish, qabul qilib olish, hisobini yuritish va saqlashni tashkil etish vazifalari yuklatilgan mansabdor shaxslar javobgardir.
Keyingi tahrirga qarang.
29. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Mudofaa vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, “Oʻzdavzaxira” qoʻmitasi, Markaziy banki, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, “Oʻzkimyosanoat” AJ, “Oʻzbekenergo” DAK, “Oʻzdonmahsulot” AK, “Oʻzeltexsanoat” AK, “Oʻzbekneftegaz” MXK, “Oʻzvinosanoat-xolding” XK, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ, Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashi, Oʻzbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasi bilan kelishilgan.
Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Sh. TESHAYEV
2015-yil 1-iyul
Madaniyat va sport ishlari vaziri B. AXMEDOV
2015-yil 1-iyul
Mudofaa vaziri K. BERDIYEV
2015-yil 1-iyul
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri X. MIRZAXIDOV
2015-yil 2-iyul
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B. ZAKIROV
2015-yil 10-iyul
Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisi I. TURAMURATOV
2015-yil 2-iyul
Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi raisi B. ABDUSAMATOV
2015-yil 2-iyul
“Oʻzdavzaxira” qoʻmitasi raisi J. KADIROV
2015-yil 2-iyul
Markaziy bank boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
2015-yil 3-iyul
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK bosh direktori V. TYAN
2015-yil 3-iyul
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi J. RAMATOV
2015-yil 3-iyul
“Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi N. IBRAGIMOV
2015-yil 6-iyul
“Oʻzbekenergo” DAK boshqaruvi raisi I. BASIDOV
2015-yil 6-iyul
“Oʻzdonmahsulot” AK boshqaruvi raisi E. KUDRATOV
2015-yil 6-iyul
“Oʻzeltexsanoat” AK raisi E. IMINOV
2015-yil 7-iyul
“Oʻzbekneftegaz” MXK boshqaruvi raisi Sh. FAYZULLAYEV
2015-yil 7-iyul
“Oʻzvinosanoat-xolding” XK boshqaruvi raisi Sh. RAXIMOV
2015-yil 7-iyul
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK bosh direktori Q. SANAQULOV
2015-yil 8-iyul
“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ bosh direktori A. FARMANOV
2015-yil 9-iyul
Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashi raisi R. NIYAZOV
2015-yil 9-iyul
Oʻzbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasi Rayosati raisi S. AYUPOV
2015-yil 10-iyul
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 29-son, 392-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2018-y., 10/18/2700-1/2055-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.06.2023-y., 10/23/2700-2/0431-son)