Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Chexiya Respublikasi fuqarolari uchun viza tartib-taomillarini soddalashtirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi va Chexiya Respublikasi oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlikni yanada faollashtirish, Oʻzbekiston Respublikasiga ishbilarmonlik va sayohat maqsadlarida tashrif buyuradigan Chexiya fuqarolariga vizalarni rasmiylashtirish tartib-taomillarini takomillashtirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalarida va konsullik muassasalarida quyidagi muddatlarga beriladigan vizalarni:
ishbilarmonlik maqsadlarida Oʻzbekistonga tashrif buyurayotgan Chexiya Respublikasi fuqarolariga bir yil muddatgacha koʻp martalik vizalarni, Oʻzbekiston Respublikasidagi taklif qilayotgan yuridik shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilishiga doir talabni bekor qilgan holda;
sayohat maqsadida Oʻzbekistonga tashrif buyurayotgan Chexiya Respublikasi fuqarolariga bir oy muddatgacha koʻp martalik vizalarni, sayyohlik vaucherlarini yoki sayyohlik tashkilotlarining taklifnomalarini taqdim etishga doir talabni bekor qilgan holda, hujjatlar qabul qilingan kunni hisobga olmasdan 2 ish kuni mobaynida rasmiylashtirsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻz idoraviy normativ hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2014-yil 6-fevral,
PQ-2122-son