OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QOʻMITASINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QOʻMITASINING
Qarori
Elektr energiyasini sotishni buxgalteriya hisobida aks ettirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 29-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2127-1]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 1-noyabrdagi 295-son “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi faoliyatini takomillashtirish va isteʼmol qilinayotgan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblar intizomini mustahkamlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2010-yil 7-iyuldagi 53, 2010-32-son qarori (roʻyxat raqami 2127, 2010-yil 31-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 31-son, 263-modda) bilan tasdiqlangan Elektr energiyasini sotishni buxgalteriya hisobida aks ettirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2015-yil 24-iyun,
55-son
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 24-iyun,
2015-21-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2015-yil 24-iyundagi 55, 2015-21-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Elektr energiyasini sotishni buxgalteriya hisobida aks ettirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. 3-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Elektr energiyasining isteʼmolchi — yuridik shaxslari HETK bilan birgalikda har oyda, hisob-kitob davri tamom boʻlgandan keyin besh kun mobaynida, foydalanilgan elektr energiyasi uchun oʻzaro hisob-kitoblarning taqqoslash dalolatnomasini tuzishlari shart.”.
2. 6-bandning birinchi xatboshisidagi birinchi jumla quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Isteʼmolchi — yuridik shaxsning elektr energiyasi (quvvati) uchun, shuningdek jarima sanksiyalari, reaktiv energiya va quvvat kompensatsiyasi uchun tarifga ustamalar, noqonuniy foydalanilgan elektr energiyasi qayta hisob-kitobi va penya boʻyicha qarzi boʻlgan taqdirda uning avans toʻlovi hisobiga oʻtkazilgan mablagʻlari qarzni qoplashga yoʻnaltiriladi va avans toʻlovi sifatida hisobga olinmaydi.”.
3. 42-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“42. Elektr tarmogʻining katta yuklamali soatlarida reaktiv energiya va quvvatning iqtisodiy qiymati, aynan shu soatlarda reaktiv quvvat va (yoki) reaktiv energiya isteʼmolining bir oydagi texnikaviy chegaralari, ular HETK tomonidan yuqorida koʻrsatib oʻtilgan isteʼmolchilar tomonidan majburiy tartibda tuziladigan elektr tarmoqlarining ishlash rejimlari hisob-kitoblari asosida belgilanadi.”.
4. Mazkur oʻzgartirishlar va qoʻshimcha “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bilan kelishilgan.
“Oʻzbekenergo” DAK Boshqaruv raisi I. BASIDOV
2015-yil 24-iyun
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 26-son, 344-modda)