Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
BUDJET INTIZOMIGA RIOYa QILINIShI USTIDAN NAZORATNI KUChAYTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 30-iyundagi 173-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining nazorat-taftish bosh boshqarmasi va uning hududiy nazorat-taftish boshqarmalari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Budjet intizomiga rioya qilinishi, budjet mablagʻlarining belgilangan maqsadda sarflanishi ustidan qattiq nazoratni taʼminlashga doir ishlarni samarali tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlari, moliya organlari va budjet muassasalari rahbarlarining eʼtibori budjet intizomiga qatʼiy va izchil amal qilinishini taʼminlash zarurligiga qaratilsin hamda ular budjet mablagʻlarining noqonuniy va boshqa maqsadlarga sarflanganligi uchun, amaldagi qonunchilikka muvofiq, shaxsan javobgar ekanliklari toʻgʻrisida ogohlantirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Nazorat-taftish bosh boshqarmasining budjet intizomini mustahkamlashdagi rolini kuchaytirish maqsadga muvofiq deb hisoblansin. Budjet jarayonining barcha bosqichlarida budjet intizomiga rioya qilinishi ustidan doimiy nazoratni amalga oshirish, shu jumladan, quyidagilar uning asosiy vazifasi etib belgilansin:
moliya organlari, budjet muassasalari va tijorat banklarining birinchi navbatdagi sarf-xarajatlar navbatiga, mablagʻ bilan taʼminlash hamda budjet muassasalari xodimlariga ish haqi, ijtimoiy nafaqalar, stipendiyalarni toʻlash muddatlariga va toʻliqligiga rioya qilish, shuningdek, budjet muassasalariga koʻrsatib oʻtilgan maqsadlar uchun naqd pul berish boʻyicha faoliyati ustidan nazorat va monitoringni amalga oshirish;
davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining hisob-kitob Jamgʻarmasi mablagʻlaridan belgilangan maqsadda foydalanilishini, toʻlovlarning oʻz vaqtida oʻtishini, hisob-kitoblarning toʻliq va oʻz vaqtida amalga oshirilishini nazorat qilish;
shtat-smeta intizomiga va budjet mablagʻlarini xoʻjalik ehtiyojlariga sarflash limitlariga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
hokimiyat va boshqaruv organlari rahbarlari va mansabdor shaxslarning budjet jarayoniga asossiz aralashishlari hollarining oldini olish;
investitsiya dasturlarini amalga oshirishga ajratiladigan davlat valyuta mablagʻlari va markazlashtirilgan mablagʻlardan toʻgʻri va belgilangan maqsadda foydalanilishini nazorat qilish.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 15-noyabrdagi 393-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan— OʻR QHT, 2002-y., 21-son, 172-modda)
4. Belgilab qoʻyilsinki:
Nazorat-taftish bosh boshqarmasining viloyatlar va tumanlardagi tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari budjet intizomi buzilishi hollari ular xodimlarining ishtirokisiz aniqlangan taqdirda amaldagi qonunchilikka muvofiq qattiq javobgarlikka tortiladilar;
Nazorat-taftish bosh boshqarmasi apparati xodimlari bundan buyon huquqni muhofaza qilish organlarining alohida muhim ishlar boʻyicha jinoiy ishlar qoʻzgʻash toʻgʻrisidagi qarorlari boʻyicha taftishlar va tekshirishlarga respublika huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlarining soʻrovnomalari asosida faqat Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining roziligi bilan jalb etiladilar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 1992-yil 28-dekabrdagi 594-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda amaldagi qonunchilikka budjet intizomini buzganlik uchun mansabdor shaxslarning jinoiy va maʼmuriy javobgarlik choralarini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasiga budjet intizomini buzganlik uchun rahbarlar va mansabdor shaxslarga nisbatan jarimalar solish huquqi berilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida takliflar taqdim etsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 11-fevral,
66-son
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 15-noyabrdagi 393-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan— OʻR QHT, 2002-y., 21-son, 172-modda)