Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi davlat patent idorasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 7-dekabrdagi 322-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining budjetdan tashqari mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish toʻgʻrisida” 2002-yil 20-fevraldagi PF-3029-son Farmonini va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2002-yil 4-martdagi 77-son qarorini bajarish yuzasidan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi hisob raqamlariga tushadigan mablagʻlardan oqilona foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasining tuzilmasi va 125 kishidan (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) iborat boʻlgan shtatdagi xodimlarining cheklangan soni 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi toʻgʻrisidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlash davlat budjeti mablagʻlari hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda patent poshlinalari va boshqa soliq boʻlmagan toʻlovlar tarzida idoraning hisob raqamiga tushadigan budjetdan tashqari mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi.
3. Belgilab qoʻyilsinki, 2002-yil 1-iyuldan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi hisob raqamlariga milliy va xorijiy valyutada tushadigan patent poshlinalari mablagʻlari hamda boshqa soliq boʻlmagan toʻlovlar quyidagi tartibda:
Oldingi tahrirga qarang.
95 foizi — Davlat budjeti daromadiga;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 25-oktabrdagi 499-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 43-son, 456-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 25-oktabrdagi 499-son qarori bilan chiqarib tashlangan — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 43-son, 456-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
5 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasining budjetdan tashqari hisob raqamiga — uning xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishda (mablagʻlarning koʻpi bilan 25 foizi), idoraning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashda hamda sanoat obyektlarini va intellektual mulkning boshqa turlarini huquqiy muhofaza qilish sohasidagi xalqaro tashkilotlarda qatnashishda foydalanish uchun taqsimlanadi.
(xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 25-oktabrdagi 499-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 43-son, 456-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat patent idorasi tushadigan mablagʻlarning har oʻn kunda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining maxsus valyuta va soʻmdagi hisob raqamlariga oʻtkazilishini taʼminlasin.
(xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 25-oktabrdagi 499-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 43-son, 456-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi tomonidan patent poshlinalarini va boshqa soliq boʻlmagan toʻlovlarni undirishdan tushadigan mablagʻlardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Davlat patent idorasi sanoat mulki obyektlariga, seleksiya yutuqlariga, elektron-hisoblash texnikasi uchun dasturlarga, maʼlumotlar bazalariga va integral mikrosxemalar topologiyalariga huquqiy muhofaza xizmati koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlgan yuridik jihatdan ahamiyatli ishlarning amalga oshirilganligi uchun undiriladigan patent poshlinalari miqdorlari yuzasidan bir oy muddatda takliflar kiritsinlar.
6. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi buyurtmanomalariga binoan hukumat aloqasi telefonlari oʻrnatsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi Toshkent shahar, Toʻytepa koʻchasi, 2a-uyga joylashtirilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 4-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
9. Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi bilan birgalikda bir oy muddatda amaldagi qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari H.S. Karomatov va R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 14-iyun,
209-son
Vazirlar Mahkamasining
2002-yil 14-iyundagi 209-son qaroriga
1-ILOVA
2002-yil 14-iyundagi 209-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasining
TUZILMASI
TUZILMASI
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”, “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovarlar kelib chiqishi joylarining nomlari toʻgʻrisida”, “Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida”, “Elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlar va maʼlumotlar bazalarini huquqiy muhofaza qilish toʻgʻrisida” va “Integral mikrosxemalar topologiyalarini huquqiy muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasining (keyingi oʻrinlarda — Patent idorasi deb ataladi) asosiy vazifalari, funksiyalari va vakolatlarini belgilaydi.
2. Patent idorasi sanoat mulkini, shu jumladan ixtirolarga, sanoat namunalariga, foydali modellarga, tovar belgilariga, xizmat koʻrsatish belgilariga va tovarlar kelib chiqishi joylarining nomlariga (keyingi oʻrinlarda — sanoat mulki obyektlariga) huquqlarni muhofaza qilish sohasida, shuningdek seleksiya yutuqlarini, elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlarni (keyingi oʻrinlarda — EHM uchun dasturlar deb ataladi), maʼlumotlar bazalarini va integral mikrosxemalar topologiyalarini huquqiy muhofaza qilish borasida yagona davlat siyosatini shakllantirish va roʻyobga chiqarishda ishtirok etuvchi vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Patent idorasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.
3. Patent idorasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining boshqa qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, xalqaro shartnomalarga (bitimlarga), shuningdek mazkur Nizomga amal qiladi.
4. Patent idorasi yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga, boshqa zarur muhr va shtamplarga, bank muassasalarida hisob-kitob va boshqa hisob raqamlariga ega boʻladi.
5. Patent idorasi oʻz faoliyatini davlat organlari, ixtirochilar va ratsionalizatorlarning jamoat tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, faoliyati intellektual mulk muhofazasi bilan bogʻliq boʻlgan boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
6. Patent idorasi xodimlariga fan sohasi va ilmiy muassasalar xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash shartlari tatbiq etiladi.
II.Patent idorasining asosiy vazifalari va funksiyalari
7. Quyidagilar Patent idorasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
sanoat mulki obyektlarini, seleksiya yutuqlarini, EHM uchun dasturlarni, maʼlumotlar bazalarini, integral mikrosxemalar topologiyalarini huquqiy muhofaza qilish sohasidagi davlat siyosatining roʻyobga chiqarilishini taʼminlash;
sanoat mulki obyektlari, seleksiya yutuqlari, EHM uchun dasturlar, maʼlumotlar bazalari , integral mikrosxemalar topologiyalariga huquqiy muhofaza xizmati koʻrsatish;
rasmiy roʻyxatdan oʻtkazilgan EHM uchun dasturlar, maʼlumotlar bazalari va integral mikrosxemalar topologiyalariga oid patent hujjatlarining davlat fondini va maʼlumotlar bankini shakllantirish;
Oʻzbekiston Respublikasida ilmiy-texnika, badiiy-konstruktorlik va boshqa ijodiyotlarning rivojlanishi uchun sharoitlar yaratishga koʻmaklashish.
8. Patent idorasi oʻziga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
Hukumatga sanoat mulki obyektlarini, seleksiya yutuqlarini, EHM uchun dasturlarni, maʼlumotlar bazalarini, integral mikrosxemalar topologiyalarini huquqiy muhofaza qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish boʻyicha takliflar kiritadi va uni roʻyobga chiqarishda bevosita ishtirok etadi;
sanoat mulki obyektlarini, seleksiya yutuqlarini, EHM uchun dasturlarni, maʼlumotlar bazalarini, integral mikrosxemalar topologiyalarini huquqiy muhofaza qilish masalalari boʻyicha qonun hujjatlarini tayyorlashda qatnashadi, shuningdek oʻz vakolatlari doirasida zarur normativ hujjatlar qabul qiladi;
sanoat mulki obyektlari, seleksiya yutuqlariga oid muhofaza hujjatlarini berish yuzasidan buyurtmanomalarni, EHM uchun dasturlarni, maʼlumotlar bazalarini, integral mikrosxemalar topologiyalarini rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish yuzasidan buyurtmanomalarni koʻrib chiqish uchun qabul qiladi, ixtirolarning davlat ilmiy-texnika ekspertizasini, foydali modellar, sanoat namunalari, tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari, tovarlar kelib chiqishi joylarining nomlari davlat ekspertizasini amalga oshiradi, arizadagi obyektlarning ustuvorligini belgilaydi, seleksiya yutuqlariga oid buyurtmanomalarni rasmiy ekspertizadan oʻtkazadi, EHM uchun dasturlar, maʼlumotlar bazalari va integral mikrosxemalar topologiyalarini roʻyxatdan oʻtkazishga oid buyurtmanomalarni davlat ekspertizasidan oʻtkazadi;
arizadagi sanoat mulki obyektlarining patentga loyiqlik shartlariga muvofiqligini aniqlash natijalari boʻyicha muhofaza qilish hujjatlarini berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining ixtisoslashtirilgan tashkilotlari xulosalari asosida seleksiya yutuqlariga patentlar va guvohnomalar berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi, shuningdek EHM uchun dasturlarni, maʼlumotlar bazalarini va integral mikrosxemalar topologiyalarini berilgan buyurtmanomalarning belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirish natijalariga koʻra rasmiy roʻyxatdan yoki roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
sanoat mulki obyektlarini, seleksiya yutuqlarini, EHM uchun dasturlarni, maʼlumotlar bazalarini va integral mikrosxemalar topologiyalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiradi, shuningdek muhofaza qilish hujjatlarini beradi, tegishli davlat reyestrlarini yuritadi;
Keyingi tahrirga qarang.
muhofaza qilish va boshqa zarur hujjatlarning yagona shakllarini belgilaydi;
davlat ilmiy-texnika ekspertizasini oʻtkazishda qatnashish uchun manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlar mutaxassislarini belgilangan tartibda jalb etadi;
sanoat mulki obyektlaridan, seleksiya yutuqlaridan, EHM uchun dasturlardan, maʼlumotlar bazalaridan, integral mikrosxemalar topologiyalaridan foydalanish huquqini berish toʻgʻrisidagi litsenziya shartnomalarini, shuningdek ularni toʻliq yoki qisman berish toʻgʻrisidagi yoki ularning kafolati toʻgʻrisidagi shartnomalarni roʻyxatdan oʻtkazadi;
roʻyxatdan oʻtkazilgan shartnomalar va litsenziyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bankini yuritadi;
Patent idorasining byulletenlarini va boshqa rasmiy nashrlarini, shuningdek sanoat mulki obyektlarini, seleksiya yutuqlarini, EHM uchun dasturlarni, maʼlumotlar bazalarini va integral mikrosxemalar topologiyalarini huquqiy muhofaza qilish va ulardan foydalanish masalalari boʻyicha boshqa maʼlumotlar va materiallarni chop etishni tashkil qiladi va amalga oshiradi;
sanoat mulki obyektlarini, seleksiya yutuqlarini, EHM uchun dasturlarni, maʼlumotlar bazalarini va integral mikrosxemalar topologiyalarini huquqiy muhofaza qilish sohasida manfaatdor shaxslarga metodik yordam koʻrsatadi;
patent hujjatlarining davlat fondini butlash ishlarini tashkil etadi va amalga oshiradi, uning saqlanishini taʼminlaydi va uning asosida manfaatdor tashkilotlarga, mansabdor shaxslarga va fuqarolarga kutubxona-bibliografiya, maʼlumotnoma-axborot va ilmiy-metodik xizmat koʻrsatishni tashkil qiladi;
oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlarni chop etadi;
sanoat mulki obyektlarini, seleksiya yutuqlarini, EHM uchun dasturlarni, maʼlumotlar bazalarini va integral mikrosxemalar topologiyalarini huquqiy muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni rivojlantirish va takomillashtirish muammolari boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshiradi, davlat patent tizimini rivojlantirishning muhim istiqbolli muammolarini ishlab chiqish va hal etish uchun vaqtinchalik ijodiy ilmiy jamoalarni tashkil qiladi;
patent boʻyicha vakolatli vakillarni attestatsiyadan va roʻyxatdan oʻtkazishni amalga oshiradi, patent boʻyicha vakolatli vakillarning davlat reyestrini yuritadi;
sanoat mulki obyektlarini, seleksiya yutuqlarini, EHM uchun dasturlarni, maʼlumotlar bazalarini va integral mikrosxemalar topologiyalarini huquqiy muhofaza qilish toʻgʻrisidagi shikoyatlar va nizolarni Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq koʻrib chiqadi;
sanoat mulki obyektlarini, seleksiya yutuqlarini, EHM uchun dasturlarni, maʼlumotlar bazalarini va integral mikrosxemalar topologiyalarini yaratish, huquqiy muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi kadrlarni tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;
oʻz xodimlarini ijtimoiy muhofaza qilish chora-tadbirlarini amalga oshiradi, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantiradi;
sanoat va intellektual mulkning hamda uni huquqiy muhofaza qilish tizimining roli va ularning davlatni iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy rivojlantirishga taʼsirini targʻib qilish tadbirlarini tashkil qiladi va amalga oshiradi;
Patent idorasining vazifalariga muvofiq boʻlgan va amaldagi qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa funksiyalarni bajaradi.
III. Patent idorasining xalqaro faoliyati
9. Patent idorasi:
intellektual mulk huquqlarini muhofaza qilish sohasida xalqaro hamkorlikni belgilangan tartibda amalga oshiradi hamda ushbu hamkorlik doirasida sanoat obyektlarini va intellektual mulkning boshqa turlarini huquqiy muhofaza qilish masalalari boʻyicha xalqaro tashkilotlar ishida qatnashadi;
oʻz vakolati doirasida Oʻzbekiston Respublikasining tegishli xalqaro shartnomalari (bitimlari)dan kelib chiqadigan Oʻzbekiston Respublikasi majburiyatlarining bajarilishini taʼminlaydi;
sanoat obyektlarini va intellektual mulkning boshqa turlarini huquqiy muhofaza qilish masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tuzish toʻgʻrisida belgilangan tartibda takliflar kiritadi, tegishli xalqaro tashkilotlar, patent idoralari va chet mamlakatlarning boshqa tashkilotlari bilan hamkorlik qilish va shartnomalar tuzish toʻgʻrisida muzokaralar olib boradi hamda Vazirlar Mahkamasining topshirigʻiga binoan mazkur shartnomalarni imzolaydi;
xorijiy patent idoralari, xalqaro tashkilotlar va chet el axborot firmalari bilan patent hujjatlari va patent-huquqiy adabiyotlarni xalqaro almashishni amalga oshiradi, intellektual mulk huquqlarini muhofaza qilish sohasidagi chet el tajribasini oʻrganish va undan foydalanishni tashkil qiladi.
IV. Patent idorasining huquqlari
10. Davlat patent idorasi oʻziga yuklangan funksiyalarga muvofiq quyidagi huquqlarga ega:
arizachilardan sanoat mulki obyektlari, seleksiya yutuqlari, EHM uchun dasturlar, maʼlumotlar bazalari va integral mikrosxemalar topologiyalari yuzasidan buyurtmanomalarga qoʻshimcha materiallarni, buyurtmanomalarni koʻrib chiqish va davlat ekspertizasidan oʻtkazish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha materiallarni belgilangan tartibda soʻrab olish;
sanoat mulki obyektlari, seleksiya yutuqlari, EHM uchun dasturlar, maʼlumotlar bazalari va integral mikrosxemalar topologiyalari yuzasidan buyurtmanomalarni koʻrib chiqish bilan bogʻliq masalalarni ogʻzaki muhokama qilishni tashkil etish va oʻtkazish, arizachilarni va ularning vakillarini koʻrsatib oʻtilgan masalalarni koʻrib chiqishda qatnashish uchun taklif etish;
intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi ishlarning ahvolini tavsiflovchi statistik va boshqa maʼlumotlarni, shuningdek Patent idorasiga yuklangan vazifalarni roʻyobga chiqarish va unga oʻz funksiyalarini amalga oshirishi uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlarni belgilangan tartibda olish;
sanoat mulki obyektlarini, seleksiya yutuqlarini, EHM uchun dasturlarni, maʼlumotlar bazalarini va integral mikrosxemalar topologiyalarini muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solish masalalari boʻyicha belgilangan tartibda takliflar kiritish;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan yuridik jihatdan ahamiyatli ishlarni amalga oshirish uchun patent poshlinalari va boshqa soliq boʻlmagan toʻlovlarning turlari, miqdorlari, toʻlash muddatlari va tartibi toʻgʻrisida belgilangan tartibda takliflar kiritish;
patent-axborot va boshqa mahsulotlarga, shuningdek sanoat obyektlarini va boshqa intellektual mulk turlarini huquqiy muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi materiallar va xizmatlarga belgilangan tartibda narxlar va tariflar belgilash;
noshirlik faoliyatini amalga oshirish, intellektual obyektlarni muhofaza qilish sohasida ilmiy-metodik va axborot materiallarini, davriy nashrlarni, audiovizual va boshqa matbaa mahsulotlarini chop etish va tarqatish;
patent poshlinalarini va boshqa soliq boʻlmagan toʻlovlarni, shuningdek turli xizmatlar koʻrsatganlik uchun tushumlar va materiallarni oʻtkazish va keyinchalik ulardan foydalanish uchun hisob raqamlari, shu jumladan valyuta hisob raqamlari ochish;
Patent idorasi tomonidan taʼsis etilgan tarkibiy boʻlinmalarni belgilangan tartibda tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish;
ixtirochilik va ijodning boshqa turlari sohasidagi ulkan yutuqlar uchun Oʻzbekiston Respublikasining Faxriy unvonlarini berish toʻgʻrisida belgilangan tartibda takliflar kiritish;
intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan masalalarni hal etish uchun mamlakatimiz va chet el mutaxassislarini shartnomaviy asosda jalb etish;
qonunchilikda belgilangan tartibda budjetdan tashqari mablagʻlar jamgʻarmalarini shakllantirish.
V. Patent idorasining javobgarligi
11. Patent idorasi:
sanoat obyektlari va intellektual mulkning boshqa turlari yuzasidan buyurtmanomalarning davlat ekspertizasini oʻz vaqtida oʻtkazish, uning sifati va maxfiyligi;
patent poshlinalarini va boshqa soliq boʻlmagan toʻlovlarni undirishdan tushgan tushumlar belgilangan qismining davlat budjetiga va Innovatsiya ilmiy-texnika faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlash jamgʻarmasiga oʻz vaqtida oʻtkazilishi;
buxgalteriya va moliyaviy hisobotning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yuritilishi;
budjet mablagʻlarining va patent poshlinalarini hamda soliq boʻlmagan toʻlovlarni undirishdan tushgan mablagʻlarning idora ixtiyorida qolgan qismidan maqsadli foydalanilishi uchun javob beradi.
VI. Patent idorasi faoliyatini tashkil etish
12. Patent idorasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan Direktor boshqaradi.
Direktorning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod qilinadigan ikki nafar oʻrinbosari, shu jumladan bir nafar birinchi oʻrinbosari boʻladi.
13. Patent idorasining Direktori:
Patent idorasining faoliyatiga rahbarlik qiladi hamda Patent idorasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Direktor oʻrinbosarlari lavozimiga tayinlash uchun nomzodlarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi;
oʻz oʻrinbosarlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;
Patent idorasining shtat jadvalini, ularni mablagʻ bilan taʼminlash xarajatlari smetasini belgilangan xodimlar soni va ish haqi fondi doirasida tasdiqlaydi;
Patent idorasining tarkibiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlaydi;
tasdiqlangan tuzilmaga belgilangan xodimlar soni va ish haqi fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqiga ega;
Patent idorasi xodimlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
Patent idorasi xodimlarining lavozim yoʻriqnomalarini tasdiqlaydi;
oʻz vakolati doirasida Patent idorasi xodimlarining bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar, farmoyishlar va yoʻriqnomalar chiqaradi, koʻrsatmalar beradi;
respublikada va chet ellarda Patent idorasi manfaatlarini ifodalaydi.
14. Patent idorasi faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlash respublika budjet mablagʻlari hamda patent poshlinalari mablagʻlarining va yuridik jihatdan ahamiyatli boʻlgan ishlarni amalga oshirganlik uchun undiriladigan boshqa soliq boʻlmagan toʻlovlarning bir qismi va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
15. Patent idorasida hayʼat tuziladi, uning tarkibiga Direktor (hayʼat raisi) va uning oʻrinbosarlari, shuningdek Patent idorasining boshqa rahbar xodimlari kiradi. Hayʼat 7 kishidan iborat tarkibda tuziladi.
Hayʼatning shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Hayʼat maslahatlashuv organi hisoblanadi, u oʻzining muntazam ravishda oʻtkaziladigan majlislarida Patent idorasi va uning tarkibiy boʻlinmalari faoliyatining muhim masalalarini koʻrib chiqadi.
Hayʼat raisi va uning aʼzolari oʻrtasida kelishmovchiliklar boʻlgan taqdirda qaror rais tomonidan qabul qilinadi, u kelishmovchiliklar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga maʼlum qiladi. Hayʼat aʼzolari, oʻz navbatida, oʻz fikrlarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xabar qilishlari mumkin.
Hayʼat qarorlari protokollar bilan rasmiylashtiriladi va Patent idorasi Direktorining buyruqlari bilan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Patent idorasida Patent idorasining arizadagi sanoat mulki obyektlari, seleksiya yutuqlari, EHM uchun dasturlar, maʼlumotlar bazalari va integral mikrosxemalar topologiyalari, muhofaza qilish hujjatlarini berishga qarshilik yuzasidan Patent idorasi qarorlariga manfaatdor jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan bildirilgan apellyatsiyalarni va boshqa turdagi apellyatsiyalarni koʻrib chiqish uchun Apellyatsiya kengashi tuziladi.
Apellyatsiya kengashi tarkibiga Patent idorasi Direktori, uning oʻrinbosarlari va bosh ekspertlar kiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Muammolarni ilmiy tahlil qilish, sanoat mulki obyektlarini muhofaza qilish, EHM uchun dasturlarni, maʼlumotlar bazalarini va integral mikrosxemalar topologiyalarini huquqiy muhofaza qilish boʻyicha muhim masalalarni koʻrib chiqish va ular yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish uchun Patent idorasida uning yuqori malakali xodimlaridan, shuningdek patentlash sohasidagi davlat organlari, tashkilotlar vakillaridan, yetakchi olimlar va mutaxassislardan Ilmiy-texnika kengashi tuziladi.
Ilmiy-texnika kengashi toʻgʻrisidagi Nizom va uning shaxsiy tarkibi Patent idorasi Direktori tomonidan tasdiqlanadi.
18. Patent idorasini tugatish yoki qayta tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi tomonidan patent poshlinalarini va soliq boʻlmagan boshqa toʻlovlarni undirishdan tushadigan mablagʻlardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasiga (keyingi oʻrinlarda Patent idorasi deb ataladi) patent poshlinalari va soliq boʻlmagan boshqa toʻlovlar undirishdan tushadigan milliy va xorijiy valyutalardagi mablagʻlardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Patent poshlinalari va boshqa soliq boʻlmagan toʻlovlar undirishdan tushgan soʻmdagi va valyutadagi mablagʻlardan samarali va maqsadga muvofiq foydalanish maqsadida Patent idorasi tijorat bankida (keyingi oʻrinlarda bank deb ataladi) soʻmda va valyutadagi hisob raqamlarining quyidagi turlarini ochadi:
tushgan valyuta mablagʻlarini jamlash va keyinchalik ularni taqsimlash uchun xorijiy valyutalardagi (AQSh dollari, Evro, Shveysariya franki, Rossiya rubli va boshqalar) blok-hisob raqamlari;
tushadigan soʻm mablagʻlarini jamlash va keyinchalik ularni taqsimlash uchun milliy valyutadagi blok-hisob raqamlari;
idora ixtiyorida qoladigan valyuta mablagʻlaridan mazkur Nizomning 7-bandida koʻrsatilgan maqsadlarda foydalanish uchun xorijiy valyutalardagi joriy hisob raqami;
patent poshlinalari va soliq boʻlmagan boshqa toʻlovlarni milliy valyutada undirishdan tushgan, shuningdek valyuta mablagʻlarini belgilangan tartibda birjadan tashqari valyuta bozorida sotishdan tushgan mablagʻlarni mazkur Nizomning 7-bandida koʻrsatilgan maqsadlarga yoʻnaltirgan holda oʻtkazish uchun milliy valyutadagi talab qilib olinadigan depozit hisob raqami.
3. Patent idorasining koʻrsatib oʻtilgan valyuta va soʻmdagi hisob raqamlariga faqat patent poshlinalarini va soliq boʻlmagan boshqa toʻlovlarni undirishdan tushgan mablagʻlar oʻtkaziladi.
4. Ushbu hisob raqamlari boʻyicha hisob va hisobot Patent idorasining boshqa bank hisob raqamlaridan alohida yuritiladi.
II. Patent poshlinalarini va soliq boʻlmagan boshqa toʻlovlarni undirishdan tushgan mablagʻlarni taqsimlash va ulardan foydalanish tartibi
5. Patent idorasi tomonidan patent poshlinalari va soliq boʻlmagan boshqa toʻlovlarni undirishdan xorijiy va milliy valyutada tushadigan mablagʻlar idoraning tegishli blok-hisob raqamlariga oʻtkaziladi.
6. Hisobot davrida tushgan valyuta va soʻmdagi mablagʻlar har oʻn kunda, har bir oyning 10, 20 va 30-kunidan kechikmay valyuta va soʻmdagi blok-hisob raqamlaridan:
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining valyuta (valyutalarning har bir turi boʻyicha alohida) va soʻmdagi hisob raqamlariga — tushgan mablagʻlar umumiy hajmining 95 foizi miqdorida;
(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 25-oktabrdagi 499-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 43-son, 456-modda
Oldingi tahrirga qarang.
(xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 25-oktabrdagi 499-son qarori bilan chiqarib tashlangan — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 43-son, 456-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Patent idorasining joriy valyuta hisob raqamlariga (valyutalarning har bir turi boʻyicha alohida) va talab qilib olinadigan depozit hisob raqamiga — tushgan mablagʻlar umumiy hajmining 5 foizi miqdorida oʻtkaziladi.
(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 25-oktabrdagi 499-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 43-son, 456-modda
Bunda patent idorasining blok-hisob raqamlaridagi valyuta va soʻmdagi mablagʻlaridan boshqa yoʻnalishlarda foydalanish taqiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Patent idorasining valyuta va soʻmdagi hisob raqamlariga tushgan mablagʻlarning:
koʻpi bilan 25 foizidan idora xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishda;
Keyingi tahrirga qarang.
qolgan mablagʻlardan — idoraning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, kadrlar tayyorlash, xizmat safari xarajatlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining sanoat obyektlarini va intellektual mulkning boshqa turlarini huquqiy muhofaza qilish masalalari boʻyicha xalqaro tashkilotlarda ishtirok etish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni qoplashda foydalanish mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Idoraning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun nazarda tutilgan mablagʻlar hisobiga avtotransport vositalari, aloqa vositalari va shunga oʻxshash boshqa buyumlar (ofis texnikasi, audio-video texnika, ofisni jihozlash uchun yumshoq va qattiq jihozlar va shu kabilar) xarid qilishga faqat Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.
8. Patent idorasining joriy hisob raqamlaridagi mablagʻlar birjadan tashqari valyuta bozorida sotilishi mumkin.
9. Patent idorasining joriy valyuta hisob raqamlaridagi valyuta mablagʻlarining bir qismi sotilgan taqdirda uning soʻmga teng qiymati Patent idorasining talab qilib olinadigan soʻmdagi depozit hisob raqamiga oʻtkazilishi kerak.
Joriy hisob raqami va talab qilib olinadigan depozit hisob raqamidagi mablagʻlardan faqat mazkur Nizomning 7-bandida koʻrsatilgan maqsadlarda foydalanish mumkin.
III. Idora xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish shakllari
10. Patent idorasining valyuta va soʻmdagi hisob raqamlaridan tushgan mablagʻlar umumiy hajmining koʻpi bilan 25 foizi miqdorida ajratiladigan mablagʻlar yuqori malakali kadrlar mehnatini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishga, patent ishi nufuzini oshirishga, intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish sohasiga yosh istiqbolli mutaxassislarni jalb qilishga yoʻnaltiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Patent idorasi xodimlari mehnatini moddiy ragʻbatlantirish Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasida quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar;
hisobot davridagi ish yakunlari boʻyicha taqdirlash;
bir gallik mukofotlar toʻlash;
xodimlarga moddiy yordam berish va kompensatsiya toʻlovlari.
12. Hisobot davridagi ish yakunlari boʻyicha xodimlarga ragʻbatlantiruvchi toʻlov va mukofot belgilash va toʻlash toʻgʻrisidagi qaror Patent idorasi rahbari tomonidan idora tarkibiy boʻlinmalari rahbarlarining taqdimnomasi boʻyicha va kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishgan holda qabul qilinadi.
Hisobot davridagi ish yakunlari boʻyicha Patent idorasi rahbariga ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar va mukofot belgilash toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi.
13. Xodimlarga moddiy yordam toʻlash va xarajatlarni kompensatsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror Patent idorasining kamida 5 kishidan iborat tarkibdagi maxsus komissiyasi tomonidan qabul qilinadi. Komissiya tarkibiga idora rahbari va kasaba uyushmasi qoʻmitasi vakili kirishi shart. Komissiya ishining ish tartibi idora rahbari tomonidan tasdiqlangan va kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan nizom bilan belgilanadi.
IV. Ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar
14. Ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar xodimlarning yuqori malakasi uchun Patent idorasi tarkibiy boʻlinmalari rahbariyatining taqdimnomasiga koʻra xodim lavozim maoshi miqdorining 75 foizi miqdorida lavozim maoshlariga har oylik shaxsiy ustamalar sifatida belgilanishi mumkin.
15. Xodimlarning lavozim maoshlariga ustamalar topshiriqlar oʻz vaqtida bajarilmagan, ish sifati yomonlashgan va mehnat intizomi buzilgan taqdirda bekor qilinishi yoki kamaytirilishi mumkin.
V. Hisobot davridagi ish yakunlari boʻyicha mukofotlash va bir gallik mukofotlar toʻlash
16. Patent idorasi xodimlari yil choragidagi ish yakunlari boʻyicha mukofotlanadilar.
17. Yil choragidagi ish yakunlari boʻyicha mukofot topshiriqlar ortigʻi bilan bajarilgan, xodimlarga yuklangan lavozim majburiyatlari zarur darajada bajarilgan taqdirda amalda ishlangan vaqt (qonun hujjatlariga muvofiq ish haqi hisoblanadigan vaqt) uchun toʻlanadi.
18. Yil choragi yakunlari boʻyicha har bir xodimni mukofotlashning aniq miqdori xodimning ikkita lavozim maoshidan ortiq boʻlmasligi kerak.
19. Ishda nuqsonlarga yoʻl qoʻygan va mehnat intizomini buzgan xodimlar mukofotdan toʻliq yoki qisman mahrum etiladi. Ishdagi nuqsonlar va mehnat intizomi buzilishlari roʻyxati ichki tartib qoidalari bilan belgilanadi.
20. Idoraning bir yildagi ish yakunlari boʻyicha Patent idorasining roʻyxatdagi tarkibida turuvchi xodimlarga qoʻshimcha mukofot toʻlanishi mumkin.
Bir yildagi ish yakunlari boʻyicha xodimlarni mukofotlashning umumiy summasi hisobot yilida shakllangan oʻrtacha ish haqining olti baravaridan ortiq boʻlishi mumkin emas.
21. Bir yildagi ish yakunlari boʻyicha mukofotlash butun kalendar yil davomida ishlagan xodimlarga toʻliq miqdorda toʻlanadi.
22. Butun kalendar yil mobaynida ishlagan, biroq mazkur mukofotlash toʻlanishigacha Patent idorasidan boʻshagan xodimlarga ushbu mukofot toʻliq miqdorda va ushbu mukofotni toʻlash uchun belgilangan muddatlarda toʻlanadi.
23. Kalendar yil tamom boʻlishigacha ishdan boʻshagan xodimlarga, ishdan boʻshash sabablaridan qatʼi nazar, bir yildagi ish yakunlari boʻyicha mukofot toʻlanmaydi.
24. Ish haqi hisoblash toʻgʻrisidagi buxgalteriya hisobi maʼlumotlari xodimlarga bir yildagi ish yakunlari boʻyicha mukofotni hisoblash uchun asos hisoblanadi.
25. Patent idorasi xodimlariga aniq alohida muhim vazifalar yuqori sifatli va oʻz vaqtida bajarilganligi uchun bir gallik mukofotlar toʻlanishi mumkin. Ushbu mukofot miqdori bir yilda ikkita lavozim maoshidan ortiq boʻlishi mumkin emas.
VI. Xodimlarga moddiy yordam berish va kompensatsiya toʻlovlari
26. Xodim mehnat taʼtiliga chiqqan taqdirda unga bitta lavozim maoshidan koʻp boʻlmagan miqdorda moddiy yordam toʻlanishi mumkin.
27. Ish bilan bogʻliq boʻlmagan hollarda (dafn etish, kasal boʻlganda va baxtsiz hodisalarda) xodimga ikkita lavozim maoshi miqdorigacha moddiy yordam koʻrsatilishi mumkin.
28. Xodimlarga ovqatlanish uchun kompensatsiya toʻlovlari har oyda oylik lavozim maoshining 0,5 gacha miqdorida belgilanadi va toʻlanadi.
29. Xodimlarning jamoat transportida yurishi uchun kompensatsiya toʻlovlari har oyda oylik yoʻlkira kartochkalari qiymatidan ortiq boʻlmagan miqdorda belgilanadi va toʻlanadi.
VII. Moddiy ragʻbatlantirish fondi mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish va uning uchun javobgarlik
30. Patent idorasi yilning har choragida hisobot choragi tamom boʻlgandan keyingi oyning 25-kunidan kechikmay Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga soʻmdagi va valyutadagi blok-hisob raqamlariga tushgan mablagʻlar taqsimlanishi, shuningdek idoraning joriy valyuta hisob raqamlari va talab qilib olinadigan depozit hisob raqamidagi mablagʻlardan foydalanilishi toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi.
31. Mazkur Nizomda koʻrsatilgan idora xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish shakllari oʻrnatilishi, hisob-kitob qilinishi va toʻlanishi toʻgʻriligi uchun javobgarlik Patent idorasining rahbari va bosh buxgalteriga yuklanadi.
32. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi ikki yilda kamida bir marta Patent idorasining moliya-xoʻjalik faoliyatini belgilangan tartibda taftish qiladi, idoraning valyuta va soʻmdagi hisob raqamlaridagi mablagʻlar toʻgʻri taqsimlanishi va ulardan maqsadli foydalanilishi masalasini majburiy tartibda oʻrganadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy valyutadagi davlat bojlari, yigʻimlar hamda soliq boʻlmagan boshqa toʻlovlar stavkalari toʻgʻrisida” 1993-yil 19-avgustdagi 423-son qarorida:
a) 1-ilovada:
beshinchi xatboshidagi “Respublika valyuta jamgʻarmasining hisob raqamiga” soʻzlari “davlat budjetiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
oltinchi xatboshidagi “Respublika valyuta jamgʻarmasi hisob raqamiga” soʻzlari “davlat budjetiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 2-ilovaning VIII boʻlimida:
boʻlimning nomi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi boʻyicha”;
“Tovar belgilari va xizmat koʻrsatish belgilari toʻgʻrisida” soʻzlari “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovarlarning kelib chiqish joylari nomlari toʻgʻrisida” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) Bojlar, yigʻimlar hamda soliq boʻlmagan boshqa toʻlovlar toʻlashdan tushgan valyuta tushumlarini taqsimlash jadvalida:
“Respublika valyuta jamgʻarmasi” ustunining nomi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Davlat budjeti”;
11-bandda:
“Vazirlik, idora jamgʻarmasi” ustunidagi “100” raqami “10” raqami bilan almashtirilsin;
“Davlat budjeti” ustuni “75%/15%*” raqamlari bilan toʻldirilsin;
oxirgi ustundagi “Fan va texnika davlat qoʻmitasining Patent idorasi” soʻzlari “Davlat patent idorasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
jadval quyidagi mazmundagi izoh bilan toʻldirilsin:
“*izoh:
— 75% Davlat budjeti daromadiga;
— 15% Ilmiy-texnika taraqqiyotini Muvofiqlashtirish Kengashi huzuridagi Innovatsiya ilmiy-texnika faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlash jamgʻarmasiga”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 4-martdagi 77-son qarori “Oʻzbekiston Respublikasi QT., 2002-y., 3-son, 14-modda) bilan tasdiqlangan Ilmiy-texnika taraqqiyotini Muvofiqlashtirish Kengashi huzuridagi Innovatsiya ilmiy-texnika faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlash jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va sarflash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomda:
4-band ikkinchi xatboshidan keyin quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
— Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasining hisob raqamiga tushuvchi patent poshlinalari va boshqa soliq boʻlmagan toʻlovlardan tushuvchi 15% miqdoridagi valyuta va soʻmdagi mablagʻlar”;
5-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasining hisob raqamiga tushuvchi patent poshlinalari va boshqa soliq boʻlmagan toʻlovlardan tushuvchi valyuta va soʻmdagi mablagʻlar har oʻn kunda hisobot davrida amalda tushgan mablagʻlarning 15 foizi miqdorida Jamgʻarmaning valyuta va soʻmdagi hisob raqamlariga oʻtkaziladi”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 11-12-son, 93-modda; 2004-y., 43-son, 456-modda; 2008-y., 19-son, 160-modda; 2010-y., 14-15-son, 106-modda, 23-son, 183-modda; 2011-y., 22-23-son, 236-modda)