Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari yuridik xizmatlari faoliyatining yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari yuridik xizmatlari faoliyatini, shuningdek ularning xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari va Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri M.M. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 4-iyun,
149-son
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 4-iyundagi 149-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari faoliyatini huquqiy taʼminlash darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 24-avgustdagi 182-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2007-y., 8-son, 51-modda):
a) Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining yuridik xizmati toʻgʻrisidagi nizomda (1-ilova):
2-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Yuridik xizmatning mavjud shtat birliklarini qisqartirishga yoxud ularni davlat organining boshqa tarkibiy boʻlinmalariga qayta taqsimlashga yoʻl qoʻyilmaydi”;
ikkinchi xatboshidagi “yuridik xizmat xodimi ish stajiga” soʻzlari “yuridik mutaxassislik boʻyicha ish stajiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi xatboshilar qoʻshilsin:
“Yuridik xizmat xodimi lavozimiga birinchi marta tayinlangan shaxslar belgilangan tartibda adliya organlarida stajirovkadan oʻtadilar.
Adliya organlarida stajirovkadan oʻtish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi”;
10-bandning oltinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“g) ekspertizadan oʻtkazish va davlat organi bilan kelishish uchun taqdim etilgan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini mustaqil yoki boshqa boʻlinmalar bilan birgalikda huquqiy ekspertizadan oʻtkazadi, ularning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiqligi, shuningdek havola qiluvchi normalar qoʻllanilishining asosliligi va maqsadga muvofiqligi yuzasidan huquqiy xulosalar tayyorlaydi”;
quyidagi mazmundagi 18-band qoʻshilsin:
“18. Adliya organlari:
davlat organlarida huquqiy ishlarni muvofiqlashtirishni amalga oshiradi, ularni yaxshilashga doir tavsiyalar ishlab chiqadi;
har chorakda davlat organlaridan huquqiy ekspertizadan oʻtkazish uchun kelib tushgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tahlil qiladi va umumlashtiradi, umumlashtirish maʼlumotlarini oʻrganadi va davlat organlarining yuridik xizmatlariga koʻrsatmalar beradi, shuningdek ularni tayyorlash davomida yoʻl qoʻyilgan aniqlangan tizimli kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan metodik yordam koʻrsatadi”;
b) Xoʻjalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmati toʻgʻrisidagi nizomda (2-ilova):
quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Yuridik xizmatning mavjud shtat birliklarini qisqartirishga yoxud ularni korxonaning boshqa tarkibiy boʻlinmalariga qayta taqsimlashga yoʻl qoʻyilmaydi”;
ikkinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin;
ikkinchi xatboshidagi “yuridik xizmat xodimi ish stajiga” soʻzlari “yuridik mutaxassislik boʻyicha ish stajiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi xatboshilar qoʻshilsin:
“Yuridik xizmat xodimi lavozimiga birinchi marta tayinlangan shaxslar belgilangan tartibda adliya organlarida stajirovkadan oʻtadilar.
Adliya organlarida stajirovkadan oʻtish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi”;
quyidagi mazmundagi 13-band qoʻshilsin:
“13. Adliya organlari:
korxonalarda huquqiy ishlarni muvofiqlashtirishni amalga oshiradi, ularni yaxshilashga doir tavsiyalar ishlab chiqadi;
har chorakda korxonalardan huquqiy ekspertizadan oʻtkazish uchun kelib tushgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tahlil qiladi va umumlashtiradi, umumlashtirish maʼlumotlarini oʻrganadi va korxonalarning yuridik xizmatlariga koʻrsatmalar beradi, shuningdek ularni tayyorlash davomida yoʻl qoʻyilgan aniqlangan tizimli kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan metodik yordam koʻrsatadi”.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 22-noyabrdagi 244-son qarori bilan tasdiqlangan Yuridik xizmatlar xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularning malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2007-y., 11-son, 65-modda):
“4. Yuridik xizmat xodimi lavozimiga qabul qilingan shaxslar ishga qabul qilingan kundan boshlab olti oy mobaynida attestatsiyadan oʻtkazilishi kerak.
Oliy taʼlim muassasasini tugatgandan keyin olingan mutaxassislik boʻyicha birinchi marta ishga kirgan shaxslar mutaxassislik boʻyicha ishlagan ikki yillik muddat tugagan vaqtdan boshlab uch oydan kechikmay attestatsiyadan oʻtkazilishi kerak.
Yuridik xizmat xodimi lavozimiga qabul qilingan va keyingi besh yil mobaynida attestatsiyadan oʻtkazilgan hamda attestatsiyadan oʻtganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaga ega boʻlgan shaxslar mazkur guvohnomaning amal qilish muddati tugagungacha ikki oy mobaynida attestatsiyadan oʻtishi kerak.
Quyidagilar attestatsiyadan oʻtkazilmaydi:
oliy taʼlim muassasalarini tugatgan va olingan mutaxassislik boʻyicha birinchi marta ishga kirgan shaxslar, agar ular mazkur mutaxassislik boʻyicha ikki yildan kam ishlagan boʻlsa;
homilador ayollar, shuningdek uch yoshgacha bolalari bor ayollar;
yuriskonsult yordamchisi lavozimida ishlayotgan shaxslar.
Mazkur Nizomda nazarda tutilgan muddatlarda yuridik xizmat xodimini attestatsiyadan oʻtkazish uchun yuborish vazifasi tashkilot rahbari zimmasiga yuklanadi.
5. Tashkilot ushbu Nizomning 4-bandi birinchi va ikkinchi xatboshilarida nazarda tutilgan tegishli muddatlar yoki yuridik xizmat xodimining attestatsiyadan oʻtganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasining amal qilish muddati tugashidan ikki oy oldin, ushbu Nizomning 11-bandida belgilangan tartibda, tegishli adliya organlariga murojaat qiladi.
Agar tashkilot mazkur bandning birinchi xatboshida nazarda tutilgan muddatda tegishli hujjatlarni uzrli sabablarsiz adliya organlariga taqdim etmasa, adliya organi tashkilotning masʼul xodimlariga nisbatan tegishli taʼsir choralarini qoʻllaydi”.
b) 10-bandda:
quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Attestatsiya komissiyasi raisi boʻlmagan taqdirda uning vazifalarini rais oʻrinbosari amalga oshiradi”;
oltinchi — oʻninchi xatboshilar tegishli ravishda yettinchi — oʻn birinchi xatboshilar deb hisoblansin;
v) III boʻlimning nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“III. Talabgorlarning hujjatlarini koʻrib chiqish tartibi”;
g) 11-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11. Tashkilot yuridik xizmat xodimining attestatsiyadan oʻtishi toʻgʻrisidagi xatni tegishli adliya organiga belgilangan muddatlarda yuboradi. Xatga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
talabgorning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
talabgorning ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakl boʻyicha anketasi;
oliy yuridik maʼlumot toʻgʻrisidagi diplomning yoki oliy yuridik maʼlumot toʻgʻrisidagi diplomdan koʻchirmaning notarial tasdiqlangan nusxalari. Agar talabgor chet mamlakatlarda taʼlim olgan boʻlsa, chet mamlakatlarda taʼlim olganligini tasdiqlovchi hujjatning va vakolatli davlat organi tomonidan berilgan, taʼlim olganligi toʻgʻrisidagi hujjatning tan olinganligi yoki ekvivalentligi qayd etilgan guvohnomaning notarial tasdiqlangan nusxalari;
mehnat daftarchasining ish joyida tasdiqlangan nusxasi yoxud undan koʻchirma, yoki yuridik mutaxassislik boʻyicha ish stajini tasdiqlovchi boshqa hujjat;
ish joyidan tavsifnoma;
malaka oshirish kurslarida oʻqiganlik toʻgʻrisidagi sertifikat nusxasi.
Taqdim etilgan hujjatlar qaytarib berilmaydi”;
d) 12-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
e) 13-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13. Hujjatlar kelib tushgan kunidan boshlab ikki kun muddatda koʻrib chiqiladi. Taqdim etilgan hujjatlarda kamchiliklar aniqlangan taqdirda ishchi organ tomonidan attestatsiyaga qoʻyishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi va tashkilotga tegishli bildirishnoma yuboriladi. Bildirishnomada aniqlangan kamchiliklar, kamchiliklarni bartaraf etish hamda takroriy koʻrib chiqish uchun hujjatlarni taqdim etish muddati koʻrsatiladi;”
j) 17 va 18-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“17. Attestatsiyaning oʻtkazilish joyi va vaqti toʻgʻrisida talabgorning ish joyi boʻyicha tashkilotga attestatsiya oʻtkaziladigan sanadan kamida oʻn kun oldin bildirishnoma yuboriladi.
18. Hujjatlari attestatsiyadan oʻtishga taqdim etilgan hamda attestatsiyaga uzrli sababga koʻra kelmagan talabgorlar attestatsiya komissiyasining keyingi navbatdagi majlisida attestatsiyadan oʻtkaziladi.
Attestatsiyaga uzrsiz sababga koʻra kelmagan talabgorlar boʻyicha ular ishlayotgan tashkilot rahbarlariga bildirishnoma yuboriladi. Attestatsiyaga uzrsiz sabab bilan takroran kelinmagan taqdirda attestatsiya komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar (materiallar) asosida talabgorni attestatsiyadan oʻtmagan deb hisoblash va unga attestatsiyadan oʻtganlik toʻgʻrisida guvohnoma berishni rad etish haqida qaror chiqarishga haqli;”
z) 26-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“26. Yuridik xizmat xodimi attestatsiyadan oʻtmagan tashkilot mazkur xodimni takroriy attestatsiyadan oʻtkazish uchun attestatsiya oʻtkazilgan kundan kamida uch oy oʻtgach, biroq olti oydan kechikmay murojaat qilishi mumkin.
Agar talabgor takroriy attestatsiyadan oʻta olmasa yoki koʻrsatilgan muddatda takroriy attestatsiyadan oʻtish uchun murojaat qilmasa, attestatsiya komissiyasi uning ish joyiga bildirishnoma yuboradi.
Tashkilot rahbari bildirishnoma olingan kundan keyin oʻn kun mobaynida xodimni mehnat qonunchiligiga muvofiq egallab turgan lavozimidan ozod qilish yoxud boshqa ishga oʻtkazish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqishga va koʻrilgan choralar toʻgʻrisida uch kun muddatda tegishli adliya organini yozma ravishda xabardor qilishi shart”.
i) 28-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining attestatsiya komissiyasi hududiy adliya organlarining attestatsiya komissiyalari qarorlari yuzasidan shikoyatlarni koʻrib chiqish va ular boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilish huquqiga ega”;
k) 35-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Yuridik xizmatlar xodimlari malakasini oshirish oʻquv rejalari va dasturlari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tayyorlangan tashkilotlardagi huquqiy ishlar samaradorligini umumlashtirish va tahlil qilish materiallarini, ularni yaxshilashga doir tavsiyalarni inobatga olgan holda ishlab chiqiladi”;
l) 36-banddagi ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
m) 37-banddagi ikkinchi jumla chiqarib tashlansin;
n) 39-bandga quyidagi mazmundagi xatboshilar qoʻshilsin:
“Tashkilotlar har yili 1-iyunga qadar tegishli adliya organlariga yuridik xizmat xodimlari, shu jumladan yuridik xizmatdagi mavjud vakant oʻrinlar toʻgʻrisida axborot taqdim etadilar.
Yil davomida yuridik xizmat xodimlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oʻzgargan taqdirda (boʻshatish yoki tayinlash va boshqalar), tashkilotlar oʻn kun muddatda tegishli axborotni adliya organiga yuboradilar.
Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari markaziy apparatlarining yuridik xizmatlari xodimlari toʻgʻrisidagi axborot Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etiladi. Davlat boshqaruvi organlarining hududiy boʻlinmalari, tuman va shahar hokimliklari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmat xodimlari toʻgʻrisidagi axborot hududiy adliya organlariga taqdim etiladi.
Ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarda koʻrsatilgan axborotlar, texnik imkoniyatlar mavjud boʻlgan taqdirda, elektron hujjat shaklida taqdim etiladi”;
o) 40-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yuridik xizmatlarni malakali kadrlar bilan taʼminlash maqsadida “yurisprudensiya” yoʻnalishlari va mutaxassisligi mavjud boʻlgan oliy taʼlim muassasalariga mavjud vakant oʻrinlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etadi”;
p) quyidagi mazmundagi 43-band qoʻshilsin:
“43. Yuridik xizmat xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularning malakasini oshirish bilan bogʻliq xarajatlar ularni attestatsiyadan oʻtishga va malakasini oshirishga yuborgan tashkilot mablagʻlari hisobiga qoplanadi”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 23-son, 302-modda; 2017-y., 18-son, 323-modda)