Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
KOMPYUTERLASHTIRISHNI YANADA RIVOJLANTIRISH VA AXBOROT-KOMMUNIKATSIYA TEXNOLOGIYALARINI JORIY ETISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish toʻgʻrisida” 2002-yil 30-maydagi PF-3080-son Farmonini bajarish yuzasidan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida strategik ustuvorliklarni amalga oshirishga doir amaliy chora-tadbirlarni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
2002—2010-yillarda kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi Kengash toʻgʻrisidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq;
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 7-maydagi 215-son qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 19-son, 220-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
2. Kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi Kengash:
ishchi guruhlarning tarkibini belgilasin va 20 kun muddatda 2003—2010-yillarda telekommunikatsiyalar va maʼlumot uzatish milliy tarmogʻini rivojlantirish, 2003—2010-yillarda davlat boshqaruvida elektron texnologiyalarni joriy etish, 2010-yilgacha boʻlgan davrda elektron tijoratni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish jadvalini va dasturlar tarkibini tasdiqlasin;
ishlab chiqiladigan dasturlarda kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning mazkur qarorda belgilangan maqsadli koʻrsatkichlariga erishish uchun zarur chora-tadbirlarni, ularning bajarilishi uchun masʼul ijrochilarni va mablagʻ bilan taʼminlashning aniq manbalarini nazarda tutsin;
ishchi guruhlarning tarkibini belgilasin hamda mazkur qaror bilan tasdiqlangan Kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish dasturida nazarda tutilgan qonun loyihalari ishlab chiqilishini tashkil etsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi:
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 11-sentabrdagi 259-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 37-son, 473-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalar departamenti, Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, manfaatdor vazirliklar, idoralar bilan birgalikda koʻrsatib oʻtilgan 2002 — 2010-yillarda kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish dasturini amalga oshirish uchun asosan imtiyozli xorijiy kreditlar va grantlarni jalb etsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda Toshkent axborot texnologiyalari universitetining faoliyatini tashkil etish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash yuzasidan bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
2003-yildan boshlab axborot-kompyuter texnologiyalari sohasida jahonda va mamlakatimizdagi tendensiyalar va yutuqlarni yorituvchi, albatta Internet-nusxasi boʻlgan maxsus jurnal chiqarilishini tashkil etsin.
4. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi huzuridagi Kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda joriy etish markaziga quyidagi asosiy vazifalar yuklansin:
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
real iqtisodiyot tarmoqlari, boshqaruv, biznes, sogʻliqni saqlash, fan va taʼlim sohalari uchun, shuningdek elektron tijorat dasturini amalga oshirish uchun amaliy va moslashtirilgan dasturiy vositalarni, maʼlumotlarning axborot bazalarini, veb-saytlar va boshqa dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish boʻyicha tenderlarida ishtirok etish;
kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish masalalari yuzasidan boshqaruv organlari, budjet tashkilotlari va xususiy biznesga keng miqyosdagi axborot, servis va konsalting xizmatlari koʻrsatish;
har chorakda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning jahonda va mamlakatimizdagi tendensiyalari, ushbu sohadagi zamonaviy xalqaro standartlar toʻgʻrisida axborotlar va sharhlar tayyorlash.
Oldingi tahrirga qarang.
Belgilansinki, Kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda joriy etish markazining joriy faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlash bajarilgan ishlar (koʻrsatilgan xizmatlar) uchun olingan oʻz mablagʻlari, Markazning ilmiy-texnik dasturlarini amalga oshirish uchun davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar, xalqaro jamgʻarmalar va tashkilotlarning grantlari, qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa daromadlar hisobiga amalga oshiriladi.
(4-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 2-oktabrdagi 207-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 40-son, 396-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
5. Vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
2002-yil oxirigacha Kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda joriy etish markazining koʻmagida mahalliy idoraviy kompyuter tarmoqlarini tashkil etish dasturini ishlab chiqsinlar, ularning Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligida ekspertizadan va sinovdan oʻtkazilishini tashkil etsinlar, shuningdek ichki elektron hujjatlar aylanishini bosqichma-bosqich joriy etish, axborot resurslarini Internet tarmogʻiga joylashtirgan holda ularni shakllantirish va doimiy ravishda yangilash boʻyicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqsinlar;
2002-yilning oxirigacha tegishli davlat boshqaruv organlari apparatlarining masʼul xodimlariga zamonaviy kompyuter uskunalarida, shu jumladan mahalliy kompyuter tarmoqlaridan, shuningdek Internet tizimidan foydalangan holda ishlashni bosqichma-bosqich oʻrgatish tadbirlarini amalga oshirsinlar.
2002-yilning oxirigacha oʻzlarining faol ishlaydigan veb-sahifalarini yaratsinlar, ularni Internet tarmogʻida joylashtirsinlar va kelgusida ularni muntazam yangilab borsinlar.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari dasturiy vositalarni ishlab chiqish, provayderlik, xosting, Internet xizmatlari koʻrsatish, maʼlumotlarning axborot bazalarini, veb-saytlarni shakllantirishga doir xizmatlar koʻrsatish, kompyuter texnikasiga servis xizmati koʻrsatish, mahalliy tarmoqlar yaratish boʻyicha xususiy kompaniyalar tashkil etishga har tomonlama koʻmaklashsinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
ixtisoslashtirilgan oliy oʻquv yurtlarida, kasb-hunar kollejlarida va akademik litseylarda dasturiy vositalarni, maʼlumotlarning axborot bazalarini, multimedia, kompyuter texnikasini ishlab chiqish va ularga xizmat koʻrsatish boʻyicha yuqori malakali mutaxassislar va texnik xodimlar, shuningdek kompyuter va axborot texnologiyalaridan foydalanuvchilar tayyorlashni kengaytirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda umumtaʼlim maktablarining barcha oʻquvchilarini va talabalarni kompyuter va axborot texnologiyalari bilan ishlashga keng koʻlamda oʻqitishni taʼminlasin;
Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda oʻrta va oliy taʼlimning taʼlim standartlariga muvofiq ravishda elektron oʻqitish bazasini yaratish, taʼlim muassasalarining axborot infratuzilmasini shakllantirish, barcha oʻquv muassasalarida ingliz tilini chuqur oʻrganish, shuningdek respublika axborot tarmogʻida lotin alfavitiga asoslangan oʻzbek tilidan foydalanishning standartlashtirilgan mexanizmini ishlab chiqish va joriy etish boʻyicha dasturiy chora-tadbirlar toʻgʻrisida bir oy muddatda takliflar ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ilmiy-texnika taraqqiyotini Muvofiqlashtirish Kengashi kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish sohasidagi istiqbolli ilmiy-amaliy tadqiqotlar va innovatsiya faoliyatiga grantlarning birinchi navbatda ajratilishini nazarda tutsin.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Adliya vazirligi oʻquv yurtlari va ilmiy muassasalarga, qishloq joylardagi Internetdan foydalanuvchilarga imtiyozli tariflar boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi provayderlar va operatorlar uchun maqsadli imtiyozlar va preferensiyalar berish yuzasidan bir oy muddatda takliflar kiritsinlar.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 2002—2005-yillarda Milliy universitet, Toshkent davlat texnika universiteti va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzurida axborot va kompyuter texnologiyalari sohasida mutaxassislar tayyorlash boʻyicha ixtisoslashtirilgan fakultetlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni metodologiyalar va kadrlar bilan taʼminlash uchun moliyaviy resurslar ajratilishini nazarda tutsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi:
“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda mamlakatimizda kompyuterlar va ular uchun butlovchi buyumlar ishlab chiqarishni tashkil etish masalasini uch oy muddatda ishlab chiqsinlar va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar;
2002—2010-yillarda kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish dasturiga muvofiq amalga oshirilayotgan loyihalarni Respublika investitsiya dasturiga kiritsinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 25-avgustdagi 367-son qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan)
13. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga amaldagi qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Oripov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 6-iyun,
200-son
2002—2010-YILLARDA KOMPYUTERLASHTIRISH VA AXBOROT-KOMMUNIKATSIYA TEXNOLOGIYALARINI RIVOJLANTIRISH DASTURI
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT)ning keng rivojlanishi keyingi oʻn yilliklarda jahon taraqqiyotining global tendensiyasi hisoblanadi. Jadal rivojlanayotgan hozirgi dunyoda AKT iqtisodiy taraqqiyotni olgʻa harakatlantiruvchi asosiy omil boʻlib, mamlakatga investitsiyalarning jalb etilishiga, yangi ish oʻrinlarining yaratilishiga, ishlab chiqarishda va boshqaruvda ilgʻor texnologiyalarni joriy etishga koʻmaklashadi, bozor ishtirokchilari oʻrtasida axborotlar almashtirishda, bitishuvlarni amalga oshirishda xarajatlarni qisqartirish vositasiga aylanmoqda.
Shuni hisobga olib, Oʻzbekiston Hukumati mazkur yoʻnalishga iqtisodiy rivojlanish va aholining turmush darajasini oshirishning strategik ustuvor yoʻnalishi sifatida qaramoqda.
1. Kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning ahvoli
Keyingi yillarda Oʻzbekistonda kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish uchun muayyan chora-tadbirlar amalga oshirildi. Axborotlashtirish va telekommukatsiyalar sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari faoliyat koʻrsatishining muhim iqtisodiy, huquqiy va tashkiliy asoslarini belgilab beruvchi qonunchilik bazasi yaratildi.
Respublika telekommunikatsiya tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va rivojlantirish milliy dasturi birinchi bosqichining amalga oshirilishi natijasida raqamli magistral tarmoq barpo etildi. Mintaqalardagi raqamli kanallar soni 51 ta tuman markazigacha yetkazilgan va mahalliy telefon tarmoqlarida 32,6 foiz raqamli liniyalar ishlamoqda.
Maʼlumotlarni uzatish tarmoqlari rivojlanmoqda. Ularning xizmatidan 170 ming foydalanuvchi bahramand boʻlmoqda. 100 dan ortiq xoʻjalik yurituvchi subyekt Internet xizmati koʻrsatish bilan shugʻullanmoqda.
Shu bilan birga, 62 ta oliy oʻquv yurtidan faqat 40 tasi hamda 531 ta kollej va litseylardan faqat 22 tasi Internetga ulangan. Jamiyatni kompyuterlashtirish darajasi past, bu esa axborot tarmoqlariga kirib borishni kengaytirishga toʻsiq boʻlmoqda.
Dasturiy vositalar va axborot resurslari bozori sust rivojlanmoqda.
Mazkur Dastur zamonaviy texnik infratuzilmani rivojlantirishni jadallashtirishga, kompyuterlashtirishni, mamlakatimizda dasturiy mahsulotlar industriyasini va eksportini rivojlantirishni ragʻbatlantirish, yuqori malakali kadrlar potensialini tayyorlash, qonunchilikni takomillashtirish, axborot xavfsizligini taʼminlash boʻyicha shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.
Jamiyatning axborotga boʻlgan ehtiyojini qondirish, mamlakatimiz iqtisodiyotining jahon bozorlaridagi raqobatbardoshligini oshirish Dasturning maqsadli vazifasi hisoblanadi.
2. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari
2.1. Telekommunikatsiyalar infratuzilmasini rivojlantirish
Dasturda telekommunikatsiyalar sohasida optik-tolali va radioreleli aloqa liniyalarini qurish, radiobogʻlanish vositalaridan hamda boshqa zamonaviy texnologiyalardan foydalanishni bundan buyon ham davom ettirish nazarda tutilgan. Shu jumladan 2005-yilgacha:
Xalqaro va shaharlararo telekommunikatsiyalar tarmoqlari sohasida:
1019 km uzunlikdagi magistral optik-tolali aloqa liniyalari (OTAL) va 375 km uzunlikdagi raqamli radiorele liniyalarini qurish;
Toshkent shahridagi SHATSlar quvvatini 18,0 mingga yetkazish, Fargʻona va Qarshi shaharlaridagi SHATSlarni quvvati 5,7 ming kommutatsiya tarmoqlisiga almashtirish;
Fargʻona vodiysi viloyatlari aloqa liniyalarini, Toshkent va Samarqand viloyatlari telekommunikatsiya tarmoqlarini yagona halqaga birlashtirish, Buxoro-Nukus OTALlarni zaxiraga hozirlash;
xalqaro va shaharlararo telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimlarini qurishni tugallash nazarda tutiladi.
Natijada:
raqamli xalqaro telefon kanallarini 2,48 mln km.kanalga;
mintaqaviy aloqa kanallari sonini 50 mingga, ularni raqamlashtirish darajasini 72 foizgacha;
almashuvni avtomatlashtirish darajasini 98 foizgacha yetkazish moʻljallanmoqda.
2005-yil oxirigacha OTAL asosan tuman markazlarigacha yetkaziladi, bu xizmatlar, shu jumladan Internet xizmatlari sifatini oshirish uchun sharoit yaratadi.
Mahalliy telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish va rekonstruksiya qilish sohasida:
umumiy quvvati 128,3 ming nomerdan iborat raqamli ATSlarni ishga tushirish va barcha shaharlar, tuman markazlarini raqamli telekommunikatsiya tarmoqlari bilan toʻliq qamrab olish va qishloq aholi punktlarini qamrab olish darajasini 50,8 foizgacha yetkazish (1, 2, 3-ilovalar*);
*1, 2, 3-ilovalar berilmaydi.
yigʻilgan quvvatlardan foydalanish darajasini 92,2 foizgacha yetkazish;
4250 nomerli simsiz ulanish tizimlarini foydalanishga topshirish;
koʻchma konsentratorlar qurish, shuningdek zamonaviylashtirilayotgan ATSlarning quvvatlarini kengaytirish asosida Toshkent shahar telefon tarmoqlarini raqamli uskunalar negizida yanada rivojlantirish va zamonaviylashtirish;
Toshkent shahridagi barcha muhim tumanlarda va viloyat markazlaridagi mahalliy telekommunikatsiya tarmoqlarida SDH uskunalari negizidagi ikki tomonlama yoʻnaltirilgan “oʻz-oʻzidan tiklanadigan” optik-tolali halqalar (148 km) tashkil etish.
Foydalanuvchilarning maʼlumot uzatish tarmoqlariga kirishini taʼminlash sohasida:
telekommunikatsiya tarmoqlariga simsiz ulanish tizimlarini joriy etish;
qoʻshimcha abonent liniyalari qurish;
maʼlumotlar uzatish tarmogʻiga 64 yoki 128 Kbit/s tezlik bilan kirish imkoniyatini beruvchi bazaviy raqamli tarmoq ulanishini joriy etish;
abonent uchastkalarida maʼlumotlarning yuqori tezlikda uzatilishini taʼminlovchi texnologiyalardan foydalanish;
kabelli televideniye tarmoqlarida Internet tarmogʻiga ulanishni taʼminlovchi texnologiyalarni joriy etish.
Barpo etilayotgan maʼlumot uzatish va Internet tarmoqlarida koʻchma (uyali, tranking) aloqa tarmoqlaridan, shu jumladan mavjud texnologiyalar (WAP, GPRS va boshqa) boʻyicha ulanish imkoniyatlaridan foydalaniladi.
2.2. Internet tarmogʻining milliy segmentini rivojlantirish
Maʼlumotlar uzatish tarmoqlarini zamonaviylashtirish va rekonstruksiya qilish hamda zamonaviy kompyuter va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, shuningdek respublika mintaqalarida Internet tarmogʻiga ulanishni kengaytirish maʼlumotlar uzatish va Internet tarmogʻini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi.
1999—2003-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi maʼlumotlar uzatish milliy tarmogʻini zamonaviylashtirish va rivojlantirishning amaldagi dasturiga muvofiq 2003-yilga borib 235 ta markaziy, mintaqaviy va tuman, shu jumladan Toshkent shahrida — 17 ta, viloyat markazlarida — 12 ta, tuman markazlarida — 209 ta tarmoq shoxobchalari oʻrnatiladi. Tarmoqning oʻtkazish quvvati 3 Gbit/s ni tashkil etadi va xalqaro kanallarga 32 Mbit/s tezlik bilan ulanishni taʼminlaydi.
Maʼlumotlar uzatish milliy tarmogʻini 2010-yilgacha boʻlgan davrda yanada rivojlantirish va zamonaviylashtirish chora-tadbirlari “2003—2010-yillarda telekommunikatsiya tarmoqlarini va maʼlumotlar uzatish milliy tarmogʻini rivojlantirish Dasturi”da ishlab chiqiladi.
Ushbu sohada 2010-yilga borib:
kamida 45 ming Internetga jamoa tartibida ulanish shoxobchalarini barpo etish;
xalqaro axborot tarmoqlariga ulanish tezligining kamida 512 Mbit/s boʻlishini taʼminlash (4-ilova*);
*4-ilova berilmaydi.
2010-yilgacha aholi oʻrtasida Internet tarmogʻidan foydalanuvchilar zichligi koʻrsatkichini har 100 fuqaro hisobiga 11,9 va har 100 oila hisobiga 59,9 gacha yetkazish (5-ilova*);
*5-ilova berilmaydi.
2010-yilga borib jami davlat boshqaruv organlari va mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlarining kamida 74 foizini, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning 60 foizini Internet tarmogʻiga ulash (6-ilova*);
*6-ilova berilmaydi.
100 foiz aholi punktlarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xizmatlari bilan qamrab olish (7-ilova*) maqsadli yoʻnalish hisoblanadi.
*7-ilova berilmaydi.
Aholining Internet tarmogʻidan keng foydalanishini taʼminlash uchun aloqa boʻlimlari, aloqa korxonalari, Internet-qahvaxonalar, Internet-doʻkonlar, Internet-klublarda jamoa tartibida foydalanish shoxobchalarini tashkil etish nazarda tutiladi.
2.3. Kompyuter texnikasi bilan taʼminlash va kompyuter tarmoqlarini rivojlantirish
Ekspertlar bahosiga koʻra aholining kompyuterlar bilan taʼminlanganlik darajasi har 100 kishi hisobiga 0,3 tani, shu jumladan Toshkent shahri boʻyicha 2,5 tani tashkil etadi, bu nihoyatda past koʻrsatkich hisoblanadi. Kompyuter texnikasi bilan taʼminlanganlikning mavjud ahvoli jamiyat ehtiyojlarini qondirmaydi. Maktablar, kollejlar, litseylar va oliy oʻquv yurtlarida kompyuter texnikasi mutlaqo yetishmaydi.
Shu munosabat bilan Dasturda:
respublikaga kompyuter asbob-uskunalari va uning uchun butlovchi buyumlar keltirish, shu jumladan kompyuter texnikasini mamlakatimizda yigʻishni tashkil etish uchun qulay bojxona rejimini yaratish;
oliy oʻquv yurtlari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlarini, shuningdek maktablarni kompyuter asbob-uskunalari bilan jihozlashga budjet mablagʻlari ajratish, xorijiy grantlar va imtiyozli kreditlarni jalb etish;
akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va maktablarda, shuningdek barcha oliy oʻquv yurtlarida bosqichma-bosqich Internet-sinflar tashkil etish;
kompyuter texnikasini yigʻish, ular uchun butlovchi buyumlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish boʻyicha korxonalar tashkil etish nazarda tutilgan. Ushbu maqsadda respublika korxonalarida kompyuterlar ishlab chiqarish moʻljallanmoqda;
kompyuter texnikasiga xizmat koʻrsatish, ularni sozlash va turli tarmoqlardan foydalanish boʻyicha ixtisoslashgan korxonalar tashkil etish moʻljallanmoqda.
Dasturda 2010-yilgacha:
kompyuter texnikasi bilan taʼminlanganlik darajasini 100 oʻquvchi (talaba) hisobiga maktablarda — 5,0 taga, akademik litseylarda — 13,4 taga, kasb-hunar kollejlarida — 7,1 taga va oliy oʻquv yurtlarida 25,6 taga yetkazish;
jami maktablarning 63 foizini, akademik litseylarning 92 foizini, kasb-hunar kollejlarining 85 foizini va oliy oʻquv yurtlarini 100 foiz Internetga ulanishiga erishish nazarda tutilgan (8-ilova*).
*8-ilova berilmaydi.
2.4. Dasturiy mahsulotlar industriyasini barpo etish
Dastur dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish industriyasini rivojlantirishning quyidagi asosiy yoʻnalishlarini nazarda tutadi:
dasturiy taʼminotni ishlab chiqish boʻyicha ixtisoslashgan tadqiqot, ilmiy-texnika markazlarini shakllantirish;
mamlakatimizning dasturiy taʼminot ishlab chiqaruvchilari uchun qulay soliq va bojxona rejimini yaratish, shuningdek ularning elektron hukumat, elektron tijoratni shakllantirish, taʼlim, sogʻliqni saqlash sohalarini, iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarini axborotlashtirish boʻyicha umumdavlat dasturlaridagi ishtirokini kengaytirish yoʻli bilan qoʻllab-quvvatlash;
mamlakatimiz kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan dasturiy mahsulotlarni eksport qilishga koʻmaklashish.
2.5. Axborot resurslarini shakllantirish va ulardan foydalanish
Axborot resurslarini shakllantirish va ulardan foydalanish — mamlakatning yagona axborot makonini barpo etish borasidagi muhim muammolardan biridir. Axborot resurslari tarkibiga mazmuni, tuzilishi, shakllantirish va tashkil etish texnologiyasiga koʻra turlicha boʻlgan axborot massivlari va hujjatlar: kutubxona, arxiv va boshqa hujjatlar fondlari, maʼlumotlar bazalari, registrlar, kadastrlar, elektron nashrlar va kutubxonalar, boshqa axborot mahsulotlari kiradi.
Dastur:
kutubxona va arxiv fondlari, davlat statistika va ilmiy-texnik maʼlumotlar axborot tizimlari, taʼlim, huquqiy axborot sohasiga doir maʼlumotlar, barcha darajalardagi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari va boshqalarning axborotlarini shakllantirish va muhofaza qilishni;
nodavlat axborot resurslarini, shu jumladan biznes sohasida ham, shakllantirishni nazarda tutadi.
Axborot resurslari xalqaro bozorining asosiy hajmi olti tilda (ingliz, rus, fransuz, ispan, xitoy, arab, bundan dastlabki uchtasi eng keng tarqalgan) shakllantirilishini eʼtiborga olib, oʻquv yurtlarida aholining ommaviy kompyuter savodxonligiga erishish talablari bilan uzviy bogʻliq holda mazkur tillarni chuqur oʻrganish boʻyicha maxsus dastur ishlab chiqish va uni roʻyobga chiqarish zarurati yuzaga kelmoqda.
Internetda oʻzbek tilidagi milliy axborot resurslarini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Dasturni amalga oshirish jarayonida:
davlat hokimiyati organlari va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning axborot resurslariga boʻlgan ehtiyoji qondirilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
huquqiy, statistika, bank axborotiga oid, oʻz aksiyalarini ochiq bozorda va boshqa yoʻl bilan savdoga qoʻyuvchi ochiq aksiyadorlik jamiyatlarining moliyaviy-iqtisodiy ahvoliga oid milliy maʼlumot bazalarini barpo etish hamda ularga har qanday toifadagi foydalanuvchilarning turli bosqichlarda kirishini taʼminlash;
idoraviy va idoralararo maʼlumot bazalarini, shuningdek idoraviy va idoralararo elektron hujjatning aylanish tizimini yaratish moʻljallanmoqda.
2.6. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash
Kundalik hayotimizga kompyuter va axborot texnologiyalarining jadal kirib kelayotganligini hisobga olib, yuqori malakali mutaxassislar bilan taʼminlash muammosini hal etishga ehtiyoj ortadi.
Kadrlar zaxirasini yaratish uchun dastur:
ixtisoslashgan oʻquv yurtlari — Toshkent axborot texnologiyalari universiteti;
ixtisoslashgan kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar;
universitetlarda va texnika oliy oʻquv yurtlarida ixtisoslashgan fakultetlar;
kadrlarni qayta tayyorlash va kadrlar malakasini oshirish tarmoqlari tashkil etilishini nazarda tutadi (9-ilova*).
*9-ilova berilmaydi.
2002—2010-yillarda kamida:
8500 informatika oʻqituvchisi;
AKT sohasi boʻyicha 8950 yuqori malakali mutaxassislar (dasturchilar, maʼlumot bazalari, multimedia boʻyicha mutaxassislar va h.k.);
AKT sohasi boʻyicha 10725 kichik mutaxassislar tayyorlash kadrlar tayyorlash sohasidagi maqsadli yoʻnalishlar hisoblanadi (10-ilova*).
*10-ilova berilmaydi.
Bundan tashqari 8600 yuqori malakali mutaxassislarni, 6500 kichik malakali mutaxassislarni va 4800 oʻqituvchilarni qayta tayyorlovdan oʻtkazish moʻljallanmoqda.
Markaziy Osiyodagi yagona Toshkent axborot texnologiyalari universitetida barpo etilgan noyob oʻquv bazasini eʼtiborga olib, bakalavriat, magistratura va doktorantura yoʻnalishi boʻyicha mutaxassislar tayyorlashga moʻljallangan taʼlim dasturlarini amalga oshirish va quyidagi yangi ixtisoslar: dasturiy taʼminot, multimedia, tarmoqlarga xizmat koʻrsatish, maʼlumot bazalari, elektron tijorat, koʻchma radiotelefon aloqasi tizimlari, axborot xavfsizligi boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish nazarda tutilmoqda.
2.7. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida raqobat muhitini rivojlantirish
Dastur axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) sohasida raqobat muhitining shakllantirilishini nazarda tutadi. Shu maqsadlarda:
AKT sohasida faoliyat koʻrsatuvchi barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlarga xoʻjalik yuritish uchun teng shart-sharoitlar yaratib beriladi;
dasturiy vositalar, maʼlumot bazalarini ishlab chiqish, multimedia, servis xizmatlari koʻrsatishni, kompyuter, telekommunikatsiya texnikasini va tarmoqli uskunalar yetkazib berishni tashkil etishga oid davlat buyurtmalari va xususiy buyurtmalarni mamlakatimiz kompaniyalari oʻrtasida joylashtirishning tender (tanlovli) usullari rivojlantiriladi;
xavfsizlik zamonaviy tizimlarining yaratilishiga koʻra xalqaro axborot tarmoqlariga kirib borish tizimi takomillashib boradi. Shu asosda operatorlar va provayderlar xizmatlarining raqobat bozori rivojlanadi, koʻrsatiladigan xizmatlar tariflari pasayadi;
maʼlumot uzatish axborot tarmoqlaridan foydalanish, Internetga jamoat tartibida ulanish shoxobchalarini tashkil etish sohasida litsenziyalash tizimi soddalashtiriladi.
Maʼlumot uzatish sohasidagi tarif siyosati quyidagi tamoyillarga asoslanadi:
maʼlumot uzatuvchi operatorlar, provayderlar va telekommunikatsiyalar bozoridagi yetakchi operator oʻrtasidagi tarmoqlararo bogʻlanishga oid tariflarni tartibga solish;
foydalanuvchilarga shartnomaviy asosda koʻrsatiladigan maʼlumot uzatish va Internetga ulanish xizmatlariga operatorlar va provayderlar tomonidan tariflar belgilash;
maʼlumot uzatuvchi operatorlar va provayderlarni qishloqdagi Internetdan foydalanuvchilarga, budjet taʼminotidagi davlat boshqaruv organlari va oʻquv yurtlariga koʻrsatiladigan xizmatlarga imtiyozli tariflar belgilashga ragʻbatlantiruvchi shart-sharoitlarni vujudga keltirish.
2.8. Normativ-huquqiy bazani, standartlash va sertifikatlashni takomillashtirish
Internet tarmogʻidagi faoliyat subyektlari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni huquqiy jihatdan taʼminlash uchun elektron hujjat aylanishi, raqamli elektron imzo va elektron tijorat toʻgʻrisidagi qonunlarni ishlab chiqish zarur. Yangicha sharoitlarda axborot resurslari, texnologiyalar va tizimlarni yaratish va ulardan foydalanish masalalari borasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solish zarurati “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga va Axborotlashtirish konsepsiyasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishini talab etadi.
Axborot resurslarini tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish quyidagi vazifalarni hal etishga qaratilishi zarur:
fuqarolarning axborot olish huquqini taʼminlash;
axborot resurslari ishlab chiqaruvchilarini rivojlantirishni ragʻbatlantirish;
xususiy maʼlumotlarni yaratish va ulardan foydalanish vaqtida fuqarolarning huquqlarini himoya qilish;
AKT sohasida litsenziyalash va sertifikatlash tartibotlarining ochiq boʻlishini taʼminlash, tadbirkorlikni rivojlantirishga asossiz toʻsqinlik qilish hollariga barham berish;
axborot va telekommunikatsiya xizmatlari, mahsulotlar va texnologiyalar bozorida teng raqobat sharoitini yaratish va monopoliyani bartaraf etish, investitsiyalarni jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
AKT sohasida intellektual mulkni himoya qilish;
kompyuter jinoyatlariga qarshi kurashish.
Dasturiy-texnika vositalarini standartlash va sertifikatlash axborot tizimlari va tarmoqlarining oʻzaro mos kelishini, ularning jahon va respublika makonlarida oʻzaro hamkorligini taʼminlashga qaratiladi va:
xalqaro va davlatlararo standartlar talablariga uygʻunlashgan tarmoq va davlat standartlarining ishlab chiqilishini;
funksional parametrlarni, shuningdek axborot texnologiyalari vositalarining texnik va axborot jihatidan oʻzaro mos kelishini tekshirish xarakteristikalari va metodlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazaning yaratilishini;
axborot texnologiyalari texnik vositalarini sertifikatlashning metrologiya jihatidan taʼminlanishini rivojlantirishni;
resurslarning takrorlanishi va tarqalib ketishini bartaraf etish uchun maʼlumot uzatish tarmoqlari va vositalaridan umumiy manfaatlarni koʻzlab birgalikda foydalanilishini;
axborot xavfsizligi taʼminlanishini nazarda tutadi.
3. Axborot xavfsizligini taʼminlash
Quyidagilar axborot xavfsizligining asosiy maqsadlari hisoblanadi:
axborotni saqlash, ishlash va uzatish vaqtida uning yaxlitligini saqlash, foydalanuvchilar uni oʻz vakolatlari doirasida olishlarini taʼminlash;
axborotni ruxsatsiz yoʻqotish, oʻzgartirish, buzish, koʻchirib olish, toʻsib qoʻyish va axborot resurslariga noqonuniy aralashuvga doir boshqa xatti-harakatlarning oldini olish;
qonunchilikka muvofiq ravishda hujjatlashtirilgan va elektron tusdagi davlat sirini, axborotning maxfiyligini saqlash;
fuqarolarning axborot tizimlariga kiritilgan shaxsiy sir va xususiy maʼlumotlarning maxfiy saqlanishi borasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish;
axborot resurslaridan noqonuniy foydalanish hollarining oldini olish.
Muayyan maʼlumot uzatish tarmogʻida axborot xavfsizligini taʼminlash vazifasini har bir operator amaldagi normativ hujjatlarga tayanib, tavsiya etilgan choralar va vositalardan foydalanib oʻzi hal qilishi zarur.
Maʼlumot uzatish va Internet sohasida axborot xavfsizligini taʼminlash vazifasini hal etish uchun quyidagi tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan:
maʼlumot uzatish tarmoqlari uchun himoya shoxobchasini barpo etish;
Oʻzbekiston Respublikasining axborot va kompyuter texnologiyalari sohasidagi axborot xavfsizligini taʼminlash tizimini tashkil qilish va axborot xavfsizligini taʼminlovchi xizmatlarni shakllantirish;
maʼlumot uzatish tarmoqlariga himoya vositalarini joriy etish samaradorligini baholash, loyihalarni axborot xavfsizligini taʼminlash talablariga javob berishi nuqtai nazaridan ekspertizadan oʻtkazish uchun doimiy ishlaydigan (idoralararo) ekspert guruhini tuzish va axborotni himoya qilish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish;
mamlakatimizda axborotni kriptografik himoyalash vositalarini ishlab chiqish;
axborotni himoya qilish tizimlari va vositalarini maʼlumot uzatish va Internetga ulanish tarmoqlarida joriy etish;
tarmoqlarning barqarorligini va xavfsizligini taʼminlash;
kalitlarning saqlanishi, generatsiyasi, taqsimoti va mustahkamligi belgilanishini, shuningdek sertifikatlar va raqamli elektron imzolarning berilishi va tasdiqlanishini taʼminlovchi ishonch va sertifikatlar berish markazini barpo etish;
xorijiy organlar bilan kompyuter va axborot texnologiyalari sohasida axborot xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha oʻzaro hamkorlik qiluvchi tuzilma tashkil etish;
axborot xavfsizligini taʼminlash vositalarini sertifikatlash tizimini barpo etish;
axborot xavfsizligini taʼminlash boʻyicha mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini joriy etish;
axborot xavfsizligini taʼminlash boʻyicha normativ-huquqiy bazani yaratish.
4. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishni mablagʻ bilan taʼminlash
Oldingi tahrirga qarang.
Dasturning asosiy boʻlimlarini moliyalashtirish uchun mablagʻlarni xorijiy banklar, operatorlar, provayderlarning kreditlari, shuningdek ichki va tashqi investorlarning oʻz mablagʻlari hisobiga jalb etish moʻljallanmoqda. Bunda kollejlar, litseylar va umumtaʼlim maktablarini kompyuterlar bilan jihozlash xarajatlarini (kamida bir mingta kompyuter sinflari tashkil etish boʻyicha har yilgi ehtiyojni qondirishni hisobga olgan holda): xarajatlarning 30 foizini — begʻaraz grantlarni bosqichma-bosqich jalb etish hisobiga va 70 foizgachasini ushbu maqsadlar uchun nazarda tutilgan davlat budjetidan har yili ajratiladigan mablagʻlar hisobiga amalga oshirish moʻljallanmoqda, oliy oʻquv yurtlari boʻyicha esa asosan begʻaraz grantlar va oliy oʻquv yurtlarining budjetdan tashqari mablagʻlari ushbu xarajatlarni moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.
(xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 25-dekabrdagi 567-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 24-son, 241-modda)
Axborot-telekommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasiga maʼlumotlarni uzatish tarmoqlarini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish sohasidagi ustuvor loyihalarni va ilmiy-tadqiqot ishlarini mablagʻ bilan taʼminlash vazifalarini yuklash nazarda tutilmoqda.
Keyingi tahrirga qarang.
Kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi Kengash toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish toʻgʻrisida” 2002-yil 30-maydagi PF-3080-son Farmoniga muvofiq tashkil etilgan Kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi Kengashning (keyingi oʻrinlarda Muvofiqlashtiruvchi Kengash deb ataladi) faoliyatini tartibga soladi.
2. Muvofiqlashtiruvchi Kengash Oʻzbekiston Respublikasida kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish sohasidagi yuqori muvofiqlashtiruvchi organ hisoblanadi.
3. Muvofiqlashtiruvchi Kengash oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va mazkur Nizom asosida amalga oshiradi.
II. Asosiy vazifalari
4. Quyidagilar Muvofiqlashtiruvchi Kengashning asosiy vazifalari hisoblanadi:
kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning zamonaviy jahon tendensiyalariga va mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyasiga muvofiq keluvchi ustuvor yoʻnalishlarini belgilash;
kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadal rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar va iqtisodiy ragʻbatlantirish omillari yaratish boʻyicha Hukumatga takliflar kiritish;
kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish sohasiga oid dasturlar, loyihalar va boshqa normativ- huquqiy hujjatlarning ishlab chiqilishi hamda ekspertizadan oʻtkazilishini tashkil etish;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish dasturlarini bajarishda, milliy axborot infratuzilmasini shakllantirish va rivojlantirishda davlat boshqaruv organlari, xususiy sektor hamda jamoat tashkilotlarining kelishilgan siyosat yuritishlari va birgalikda ishtirok etishlarini taʼminlash;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida raqobat muhitini shakllantirishga koʻmaklashish, innovatsiya biznesini, shu jumladan mamlakatimizning oʻzining dasturiy vositalari va kompyuter texnikasini ishlab chiqish hamda ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash, iqtisodiyotning barcha sohalari va tarmoqlari kompyuterlashtirilishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini rivojlantirishga xorijiy investitsiyalar, homiylik mablagʻlari va grantlarni jalb etishga, taʼlim muassasalarining axborot tarmoqlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga koʻmaklashish;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida malakali kadrlar tayyorlash va ularni qayta tayyorlash ishlarini, shu jumladan mutaxassislarning chet elda oʻqishini muvofiqlashtirish;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida axborot xavfsizligi tizimlarini yanada rivojlantirishni tashkil etish.
III. Asosiy funksiyalari
5. Muvofiqlashtiruvchi Kengash yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini va ularni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini belgilash yuzasidan takliflar kiritadi;
kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish dasturlari amalga oshirilishini tashkil etadi;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish sohasiga oid dasturlar, qonun loyihalari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning ishlab chiqilishini tashkil etadi hamda ularni ekspertizadan oʻtkazadi;
davlat boshqaruv organlari, xususiy sektor hamda jamoat tashkilotlarining kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish dasturlarini bajarish, milliy axborot infratuzilmasini shakllantirish va rivojlantirish borasida kelishilgan siyosat yuritishlarini va birgalikda ishtirok etishlarini muvofiqlashtiradi;
Kengash majlislarida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish sohasiga oid dasturlar va tadbirlarning bajarilishini koʻrib chiqadi;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish masalalariga oid Hukumat qarorlarining, Kengash qarorlarining davlat boshqaruv organlari, subyektlar tomonidan bajarilishini nazorat qiladi;
davlat boshqaruv organlari rahbarlarining vazirliklar va idoralarning kompyuterlashtirish, axborotlashtirish, kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish, shuningdek Internet tarmogʻida axborot resurslarini joylashtirish va ularni oʻz vaqtida yangilab borish, taʼlim muassasalarining axborot tizimlari va tarmoqlaridan foydalanish borasidagi imkoniyatlarini kengaytirish masalalari boʻyicha faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitib boradi;
kompyuterlashtirish hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini va uning infratuzilmasini rivojlantirish uchun tegishli vazirliklar va idoralar, xorijiy moliya institutlari orqali investitsiyalar va grantlar, shuningdek homiylik mablagʻlari jalb etilishini tashkil etadi;
tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan axborot, telekommunikatsiya va kompyuter tarmoqlari va tizimlarida zarur xavfsizlik tizimlarining yaratilishini tashkil etadi;
ishchi guruhlarning shaxsiy tarkibini belgilaydi;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, axborot xavfsizligi tizimlarini rivojlantirish va joriy etishning jahon va mamlakatimiz miqyosidagi ilgʻor tendensiyalari toʻgʻrisidagi axborotlarini eshitib boradi.
IV. Muvofiqlashtiruvchi Kengashning vakolatlari
6. Muvofiqlashtiruvchi Kengash:
kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish dasturlarini, milliy axborot infratuzilmasini shakllantirish va rivojlantirish uchun davlat boshqaruvi organlarini, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va jamoat tashkilotlarini jalb etish;
oʻz vakolatlari doirasida barcha vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, korxonalar va tashkilotlar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan qarorlar qabul qilish;
vazirliklar, idoralar va idoraviy boʻysunishi va mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, ilmiy tashkilotlardan tahliliy materiallarni va oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalarni hal etish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlarni soʻrab olish;
fan-texnika taraqqiyoti tendensiyalarini hisobga olgan holda kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish sohasidagi dolzarb vazifalarni hal etish uchun ishchi guruhlar tuzish;
V. Muvofiqlashtiruvchi Kengashning tarkibi va tuzilmasi
7. Muvofiqlashtiruvchi Kengashga Kengash Raisi boshchilik qiladi.
Muvofiqlashtiruvchi Kengash tarkibiga boshqaruv va axborot- kommunikatsiya texnologiyalari sohasida rahbarlar va yetakchi mutaxassislardan boʻlgan rais oʻrinbosarlari va kengash aʼzolari kiradi. Muvofiqlashtiruvchi Kengashning shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan tasdiqlanadi.
Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtganda uning tarkibiga ularning oʻrniga yangidan tayinlangan shaxslar kiritiladi.
8. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Muvofiqlashtiruvchi Kengashning ishchi organi hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
VI. Muvofiqlashtiruvchi Kengashning ishini tashkil etish
9. Muvofiqlashtiruvchi Kengashning raisi Muvofiqlashtiruvchi Kengashning faoliyatiga rahbarlik qiladi va unga yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun javob beradi.
Muvofiqlashtiruvchi Kengashning raisi oʻz oʻrnida boʻlmagan hollarda uning funksiyalarini rais oʻrinbosarlaridan biri bajaradi.
10. Muvofiqlashtiruvchi Kengashning faoliyati teng huquqlilik va qaror qabul qilish vaqtida kollegiallik prinsiplariga asoslanadi.
11. Muvofiqlashtiruvchi Kengashning majlisi Muvofiqlashtiruvchi Kengash aʼzolarining oddiy koʻpchiligi ishtirok etayotgan boʻlsa vakolatli hisoblanadi.
Muvofiqlashtiruvchi Kengashning majlisi qarorlari Muvofiqlashtiruvchi Kengashning Raisi tomonidan tasdiqlanadigan protokollar bilan rasmiylashtiriladi.
12. Muvofiqlashtiruvchi Kengashning majlislari uning vakolati doirasiga kiritilgan masalalarning tayyorlanishiga qarab, biroq kamida har chorakda bir marta oʻtkaziladi.
13. Muvofiqlashtiruvchi Kengashning majlislarini tashkiliy-texnik jihatdan taʼminlash Muvofiqlashtiruvchi Kengashning raisi va uning oʻrinbosarlari tomonidan amalga oshiriladi.
14. Muvofiqlashtiruvchi Kengashning qarorlari majlisda ishtirok etayotgan Muvofiqlashtiruvchi Kengash aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Muvofiqlashtiruvchi Kengashning qabul qilingan qaroridan norozi boʻlgan aʼzosi oʻz fikrini yozma shaklda ifodalash huquqiga ega, ushbu hujjat majlis protokoliga tirkab qoʻyiladi.
15. Muvofiqlashtiruvchi Kengashning qarorlari ijro etish uchun manfaatdor vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalariga, korxonalar va tashkilotlarga yuboriladi.
16. Muvofiqlashtiruvchi Kengash faoliyatini texnik taʼminlashni Vazirlar Mahkamasining aloqa va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari masalalari boʻyicha kompleksi xodimlaridan iborat boʻlgan kotibiyat amalga oshiradi.
17. Muvofiqlashtiruvchi Kengash Internetda oʻzining veb-sahifasiga ega boʻlib, unda Kengash faoliyatiga doir maʼlumotlar joylashtiriladi va barcha manfaatdor tomonlarning oʻzaro fikr almashuvi uchun imkoniyat yaratiladi.
18. Muvofiqlashtiruvchi Kengash aʼzolari oʻz ish faoliyatini jamoatchilik asosida olib boradi.
19. Muvofiqlashtiruvchi Kengash oʻz nomi koʻrsatilgan blankka ega boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 7-maydagi 215-son qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 19-son, 220-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 11-12-son, 91-modda; 2003-y., 24-son, 241-modda; 2004-y., 19-son, 220-modda; 2006-y., 40-son, 396-modda; 2013-y., 34-son, 458-modda; 2014-y., 37-son, 473-modda; 2015-y., 26-son, 338-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2017-y., 09/17/925/0299-son, 23.02.2019-y., 09/19/161/2600-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)