Oʻzbekiston Respublikasi va Gretsiya Respublikasi oʻrtasida
Bitim
Konsullik muassasalarini ochish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi va Gretsiya Respublikasi,
oʻzlarining doʻstona munosabatlarini, ayniqsa konsullik sohasida, rivojlantirishni istab,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
1. Gretsiya Respublikasi tomonidan konsullik muassasasi taʼsis etiladi, bu konsullik muassasasining joylashadigan yeri ikki davlat hukumatlarining qarori bilan aniqlanadi.
2. Taʼsis etiladigan konsullik muassasasining darajasi — Bosh konsulxona.
3. Konsullik muassasasining okrugi kelgusida ikki mamlakat hukumatlari tomonidan aniqlanadi.
2-modda
1. Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan Afinada joylashadigan Konsullik muassasasi taʼsis etiladi.
2. Konsullik muassasasining darajasi — Bosh konsulxona.
3. Konsullik muassasasining okrugi Attika, Markaziy Gretsiya, Peloponeziya, Chessaliya, Krit rayonlarining, Shimoliy Egey dengizi orollari va Ioniya orollari departamentlarini oʻz ichiga oladi.
3-modda
Konsullik mansabdor shaxslarining va konsullik xizmatchilarining soni quyidagicha aniqlangan:
a) Oʻzbekiston Respublikasi konsullik muassasasi uchun ikkita konsullik mansabdor shaxsi va toʻrtta konsullik xizmatchisi;
b) Gretsiya konsullik muassasasi uchun ikkita konsullik mansabdor shaxsi va toʻrtta konsullik xizmatchisi.
4-modda
Tomonlar ikki tomonlama kelishuv asosida konsullik muassasalarining ishi uchun zarur boʻlgan koʻchmas mulk, shuningdek konsullik mansabdor shaxslari va xizmatchilari uchun turar joy sotib olishga koʻmaklashadilar.
5-modda
1. Taʼsis etiladigan konsullik vakolatxonalarining konsullik yigʻimlari erkin almashtiriladigan valyutaga monesiz aylantiriladi va oʻzaro shartlarda konsullik joylashgan mamlakatdan erkin eksport qilinishi mumkin.
2. Masʼul banklarda Bosh konsulxonalarning schyotlarida boʻlgan valyutadagi barcha yigʻimlar oʻzaro shartlarda ushbu mamlakatdan tashqaridagi boshqa schyotlarga erkin oʻtkazilishi mumkin.
6-modda
Konsullik mansabdor shaxslari ularning konsullik okrugida erkin harakat qilish huquqiga ega.
7-modda
Ushbu Bitim ikki mamlakat ichki qonunlari koʻzda tutgan zarur protseduralar bajarilishini hisobga olgan holda rozilik toʻgʻrisida maʼlum qiluvchi almashuv verbal notalari olingan daqiqada kuchga kiradi.
Toshkent shahrida 1996-yil 26-noyabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, grek va fransuz tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin etish maqsadida fransuz tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)