Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Soliq qonunlariga rioya qilish masalalari yuzasidan hamkorlik va oʻzaro yordam toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati (bundan keyin “Tomonlar” deyiladi) soliq qonunlariga rioya qilish masalalari yuzasidan xalqaro hamkorlik va oʻzaro yordamning qanchalik muhimligidan kelib chiqib va ana shu maqsadlarda bir-biriga iloji boricha koʻproq koʻmaklashishga istak bildirib, quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Qoʻllaniladigan atamalarning maʼnosi
Qoʻllaniladigan atamalarning maʼnosi
Ushbu Bitim maqsadida qoʻllaniladigan atamalar quyidagilarni bildiradi:
“Soliq qonunchiligi” — soliq turlari va ularning mazkur Tomon hududida undirilish tartibini belgilaydigan xamda soliq majburiyatlarining paydo boʻlishi, oʻzgarishi va toʻxtatilish munosabatlarini tartibga solib turuvchi yuridik meʼyorlar yigʻindisidir;
“Soliq qonunchiligini buzish” — soliq toʻlovchining budjet oldidagi belgilangan yuridik majburiyatini bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslikda ifodalanadigan huquqqa qarshi harakat yoki harakatsizlikdir;
“Vakolatli soliq idoralari” — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat soliq Bosh boshqarmasi va Rossiya Federatsiyasi Davlat soliq xizmati;
“Rasmiy talab (soʻrov) soʻrovchi idora” — soliq masalalari boʻyicha yordam koʻrsatish haqida soʻrov beruvchi Tomonning vakolatli soliq idorasi (bundan keyin “yordam koʻrsatish soʻrovi” deyiladi);
“Rasmiy talab (soʻrov) soʻraladigan idora” — yordam koʻrsatish haqida soʻrov olgan Tomonning vakolatli soliq idorasi.
2-modda
Bitimning qoʻllanilish sohalari
Bitimning qoʻllanilish sohalari
Tomonlar soliq qonunchiligining lozim darajada ijro etilishini taʼminlash maqsadlarida vakolatli soliq idoralari orqali bir-birlariga quyidagi xollarda oʻzaro yordam koʻrsatadilar:
soliq qonunchiligining buzilishini bartaraf qilish, shuningdek uni buzishga boʻlgan harakatlarning oldini olish;
yordam koʻrsatish haqidagi soʻrov boʻyicha yoki tashabbusli tartibda yuridik va jismoniy shaxslarning xamda boshqa toifadagi soliq toʻlovchilarning soliq qonunchiligiga rioya qilishi toʻgʻrisida maʼlumotlar berish;
milliy soliq tuzilishi va soliq qonunchiligidagi joriy oʻzgarishlar haqida axborotlar berish;
soliq idoralari ishini taʼminlovchi kompyuter tizimini yaratish va ishlatish;
soliq toʻlovchilar bilan ish olib borishni tashkil qilish;
kadrlarni oʻqitish va mutaxassislar bilan almashinish sohalari;
oʻzaro birgalikda harakat qilishni talab etadigan boshqa masalalar.
Ushbu Bitim nizomlari Tomonlar oʻrtasida tuzilgan boshqa bitimlarga muvofiq vakolatli soliq idoralarining hamkorlik ishiga toʻsqinlik qilmaydi.
3-modda
Yordam koʻrsatish haqidagi soʻrov (talab) shakli va mazmuni
Yordam koʻrsatish haqidagi soʻrov (talab) shakli va mazmuni
Yordam koʻrsatish haqidagi soʻrov yozma ravishda joʻnatilib, unga koʻrib chiqish uchun zarur hujjatlar qoʻshib ilova qilinadi. Favqulodda vaziyatlarda yordam koʻrsatish haqidagi soʻrov ogʻzaki shaklda soʻralishi ham mumkin. U keyinchalik qisqa muddatlarda yozma ravishda tasdiqlanadi.
Yordam koʻrsatish haqidagi soʻrov quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
soʻrov talab qilayotgan soliq idorasining nomi;
soʻrov talab qilinayotgan soliq idorasining nomi;
soʻrov maqsadi va sababi;
soʻrov talab qilinayotgan soliq toʻlovchining nomi (ismi) va manzilgohi;
soʻrov mohiyati va u bilan bogʻliq yuridik holatlarning koʻrib chiqilayotgan davr va soliqlarning aniq turlari koʻrsatilgan qisqacha bayon.
Soʻrov oʻzbek yoki rus tilida yozilishi kerak. Tomonlarning iltimosiga koʻra, taqdim qilinayotgan material oʻzbek yoki rus tiliga tarjima qilinishi mumkin.
Soʻrov talab qilinayotgan soliq idorasi yordam koʻrsatish haqida olgan soʻrov boʻyicha qoʻshimcha axborot talab qilish huquqiga ega.
4-modda
Yordam koʻrsatish haqidagi soʻrovning bajarilish tartibi
Yordam koʻrsatish haqidagi soʻrovning bajarilish tartibi
Vakolatli soliq idoralari milliy qonunchilikka muvofiq oʻz vakolati doirasida bir-birlariga yordam koʻrsatadilar.
Soʻrov talab qilayotgan soliq idorasi oʻz iltimosiga koʻra yordam koʻrsatish haqidagi soʻrov ijrosini amalga oshirishda bu harakatlar vaqti va oʻtkaziladigan joyi xususida xabardor qilinishi mumkin. Uning vakillari esa qoʻshimcha ravishda kelishib olishib uning ijrosida ishtirok etishlari mumkin.
Agar soʻrov talab qilinayotgan soliq idorasi tomonidan bajarila olmasligi mumkin boʻlsa, u xolda soʻrov tushgan kundan boshlab bir oy mobaynida bu haqda soʻrov talab qilayotgan soliq idorasini yozma ravishda xabardor qilish kerak. Bunda u yordam bera olmaslik sababini koʻrsatadi.
Yordam koʻrsatish haqidagi soʻrov ijrosi milliy qonunchilikka yoki soʻrov talab qiliyotgan Tomonning maʼmuriy amaliyotiga zid kelsa, u xolda u rad etilishi mumkin.
Soʻrov talab qilayotgan Tomon oʻz hududida yordam koʻrsatish haqidagi soʻrov ijrosi bilan bogʻliq hamma xarajatlarni zimmasiga oladi.
5-modda
Taqdim qilinayotgan axborot mazmuni
Taqdim qilinayotgan axborot mazmuni
Vakolatli soliq idoralari oʻz tashabbusi bilan yoki yordam koʻrsatish haqidagi soʻrovga koʻra quyidagilarga nisbatan bir-birlariga axborot taqdim etadilar:
korxonalar, ularning shoxobchalari va vakolatxonalarini qayd qilishda (jumladan, ularning joylashgan joyi, kimga boʻysunishi, mulkchilik shakli va hokazolar haqidagi maʼlumotlar);
yuridik va jismoniy shaxslar davlat va tijorat banklarida hisob raqami ochganlari, shuningdek, ulardagi bor pullar va tushayotgan mablagʻlar xususida;
yuridik va jismoniy shaxslarning ushbu Tomon hududida olingan barcha daromad turlari va soliq solish obyektlari, toʻlagan soliq summalari va soliqqa tortish bilan bogʻliq boshqa masalalar xususida.
6-modda
Hujjatlar va boshqa materiallarni taqdim qilish
Hujjatlar va boshqa materiallarni taqdim qilish
Soʻrov talab qilinayotgan soliq idorasi yordam koʻrsatish haqidagi soʻrovga binoan meʼyoriy hujjatlar, tasdiqlangan hujjat nusxalari va soliq boʻyicha tergov ishlarini bajarishda zarur boʻladigan boshqa materiallarni taqdim qiladi.
Hujjatlarning asl nusxalari va boshqa materiallar tasdiqlangan nusxalar tergov ishida yetarli boʻlmay qolgan taqdirdagina talab qilinishi mumkin. Beriladigan hujjatlarning asl nusxalari va boshqa materiallar kelishilgan muddatlarda qaytarilishi kerak.
Materiallar kompyuterlashtirilgan koʻrinishda, bu materiallarni talqin qilish va ulardan foydalanishda zarur boʻladigan qoʻshimcha axborotlar ilova qilingan xolda taqdim qilinishi mumkin.
7-modda
Axborotlarni berish tartibi
Axborotlarni berish tartibi
Yordam koʻrsatish haqidagi soʻrovlar, hujjatlar va materiallar, shuningdek boshqa axborotlar har ikki Tomon kelishib olgan tartibda beriladi.
Yordam koʻrsatish vakolatli soliq idoralarining rahbarlari tomonidan belgilanadigan rasmiy mansabdor shaxslarning bevosita aloqalari doirasida amalga oshiriladi.
8-modda
Maxfiylikka rioya qilish
Maxfiylikka rioya qilish
Muayyan soliq toʻlovchilarga taalluqli boʻlgan axborotlar maxfiy hisoblanadi va soʻrov talab qilinayotgan soliq idorasi shartlariga muvofiq himoya qilinadi.
Olingan axborot ushbu Bitimda koʻzda tutilgan maqsadlardagina, jumladan, maʼmuriy yoki sud ajrimligidagina Tomonlar orqali foydalanilishi mumkin. Boshqa maqsadlarda axborotdan faqat soʻrov talab qilinayotgan tomon roziligi boʻlgandagina foydalanish mumkin.
9-modda
Bitim ijrosi
Bitim ijrosi
Tomonlar ushbu bitimni talqin qilish yoki qoʻllashda sodir boʻladigan tortishuvli masalalarni yoʻlga qoʻyishda oʻzaro kelishilgan bitimga erishishga harakat qiladilar.
Tomonlar, zarurat tugʻilganda, ushbu Bitimning amalga oshirilishi va unga oʻzgartishlar kiritilish maqsadga muvofiqligini baholash uchun maslahat yigʻinlari oʻtkazadilar. Bunday maslahat yigʻinlarining muddatlari Tomonlarning kelishuviga binoan qoʻshimcha ravishda belgilanadi.
Mazkur Bitim qoidalarini amalga oshirish maqsadida Tomonlar ayrim masalalar yuzasidan qoʻshimcha bitimlar ham tuzishi mumkin.
10-modda
Bitimning kuchga kirishi va tugatilishi
Bitimning kuchga kirishi va tugatilishi
Ushbu Bitim har ikki tomon imzo chekkan paytdan boshlab kuchga kiradi va bir Tomon boshqa Tomonga uning amal qilishini toʻxtatmoqchi boʻlganligi haqida yozma ravishda maʼlum qilgan kundan boshlab olti oy oʻtgandan soʻng oʻz faoliyatini toʻxtatadi.
Bitim 1993-yil 11-noyabrda Toshkent shahrida tuzildi. U ikki nusxadan iborat boʻlib, oʻzbek va rus tillarida tuzilgan. Har ikki tildagi matn ham birdek kuchga ega.
(imzolar)