Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
EKSPORT NAZORATI TOʻGʻRISIDA
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va asosiy vazifalari
Ushbu Qonunning maqsadi eksport nazorati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonunning asosiy vazifalari eksport nazoratini amalga oshirish orqali Oʻzbekiston Respublikasi xavfsizligini hamda Oʻzbekiston Respublikasining yalpi qirgʻin quroli va boshqa turdagi qurol-yarogʻlarni tarqatmaslik sohasidagi xalqaro majburiyatlari bajarilishini taʼminlashdan iborat.
2-modda. Eksport nazorati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Eksport nazorati toʻgʻrisidagi Qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining eksport nazorati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-modda. Eksport nazorati
Eksport nazorati Oʻzbekiston Respublikasi hududidan eksport nazorati obyektlarini olib chiqishning (bundan buyon matnda eksport nazorati obyektlarini olib chiqish deb yuritiladi) eksport nazorati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan taʼminlanishiga qaratilgan barcha chora-tadbirlardan iborat boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4-modda. Eksport nazorati obyektlari
Oʻz xossa hamda xususiyatlariga koʻra yalpi qirgʻin qurolini (yadroviy, kimyoviy, bakteriologik (biologik) va zaharlovchi qurol) hamda uni yetkazib berish vositalarini (raketalar va yalpi qirgʻin qurolini yetkazib berishga qodir boshqa texnika vositalarini), boshqa turdagi qurol-yarogʻ hamda harbiy texnikani yaratishda muhim hissa qoʻshishi mumkin boʻlgan, eksport nazorati obyektlari roʻyxatlarida koʻrsatilgan tovarlar, asbob-uskunalar, ilmiy-texnika axboroti, ishlar va xizmatlar, intellektual faoliyat natijalari eksport nazorati obyektlaridir.
Eksport nazorati obyektlarining roʻyxatlari belgilangan tartibda eʼlon qilinishi kerak.
5-modda. Eksport nazoratini amalga oshirishning asosiy prinsiplari
Eksport nazoratini amalga oshirishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasi xavfsizligi manfaatlarining ustuvorligi;
Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro majburiyatlarining vijdonan bajarilishi;
eksport nazorati masalalariga doir axborotning oshkoraligi va barcha uchun ochiqligi.
6-modda. Eksport nazoratini amalga oshirish usullari
Eksport nazoratini amalga oshirishning usullari quyidagilardan iborat:
eksport nazorati obyektlarini olib chiqish tartibini belgilash;
eksport nazorati obyektlarini olib chiqish va ulardan foydalanish tartibi ustidan nazorat oʻtkazish;
ichki nazorat oʻtkazish;
eksport nazorati sohasida xalqaro hamkorlik qilish.
7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining eksport nazorati sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
eksport nazorati sohasida davlat siyosati oʻtkazilishini taʼminlaydi;
eksport nazorati obyektlarini olib chiqish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi;
eksport nazorati obyektlari roʻyxatlarini tasdiqlaydi;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi xavfsizligini hamda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlari bajarilishini taʼminlash maqsadida eksport nazorati obyektlarining olib chiqilishiga, shu jumladan ayrim chet davlatlarga olib chiqilishiga nisbatan cheklashlar va taqiqlar joriy etadi;
ichki nazoratni amalga oshirish tartibini belgilaydi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
8-modda. Eksport nazorati sohasidagi vakolatli davlat organi
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi eksport nazorati sohasidagi vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda vakolatli organ deb yuritiladi).
Keyingi tahrirga qarang.
Vakolatli organ:
eksport nazorati obyektlarini olib chiqish uchun belgilangan tartibda ruxsatnoma beradi;
Keyingi tahrirga qarang.
eksport nazorati sohasida davlat organlarining faoliyatini muvofiqlashtiradi;
eksport nazorati obyektlarini olib chiqish hamda ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida yuridik va jismoniy shaxslarni xabardor qilish ishlarini tashkil etadi;
eksport nazoratini amalga oshirish uchun zarur hujjatlarni va boshqa axborotni talab qilib oladi;
chet davlatning eksport nazorati obyektlaridan Oʻzbekiston Respublikasi hududida bayon etilgan maqsadlarda foydalanilishiga taalluqli yozma majburiyat beradi;
eksport nazorati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
Keyingi tahrirga qarang.
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
9-modda. Eksport nazorati obyektlarini olib chiqish va ulardan foydalanish tartibi
Eksport nazorati obyektlarini olib chiqish va ulardan foydalanish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan hollarda, eksport nazorati obyektlarini olib chiqish eksport nazorati obyektlarini oluvchi chet davlatning va (yoki) chet davlat yuridik hamda jismoniy shaxslarining mazkur obyektlardan yalpi qirgʻin qurolini hamda uni yetkazib berish vositalarini, boshqa turdagi qurol-yarogʻ va harbiy texnikani yaratish maqsadida foydalanilmasligi toʻgʻrisida yozma majburiyati boʻlgan taqdirda amalga oshiriladi.
Vakolatli organ, qonun hujjatlarida belgilangan hollarda, eksport nazorati obyektlarini olib chiqishga ruxsatnoma berayotganda qoʻshimcha talablar qoʻyishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
10-modda. Eksport nazorati obyektlarini olib chiqish va ulardan foydalanish tartibi ustidan nazorat
Eksport nazorati obyektlarini olib chiqish va ulardan foydalanish tartibi ustidan nazorat:
eksport nazorati obyektlarini olib chiqishni amalga oshirishda bojxona nazoratini;
olib chiqilayotgan tovarlar, asbob-uskunalar, ilmiy-texnika axboroti, ishlar, xizmatlar, intellektual faoliyat natijalarining eksport nazorati obyektlari roʻyxatlariga kiritilgan eksport nazorati obyektlariga muvofiqligini aniqlashni;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan hollarda, olib chiqilayotgan eksport nazorati obyektlaridan yalpi qirgʻin qurolini hamda uni yetkazib berish vositalarini, boshqa turdagi qurol-yarogʻ va harbiy texnikani yaratish maqsadida foydalanilmasligi toʻgʻrisida yozma majburiyat olishni;
eksport nazorati obyektlarini olib chiqish va ulardan foydalanish monitoringini;
eksport nazorati obyektlarini olib chiqish va ulardan foydalanish tartibini buzish hollari toʻgʻrisida axborot toʻplash hamda bunday axborotlarni tekshirishni;
eksport nazorati obyektlarini olib chiqish va ulardan foydalanishning belgilangan tartibini buzgan shaxslarga nisbatan javobgarlik choralarini qoʻllashni oʻz ichiga oladi.
11-modda. Ichki nazorat
Ichki nazorat eksport nazorati obyektlarini olib chiqish va ulardan foydalanish tartibiga rioya etishning yuridik shaxslar tomonidan belgilangan barcha chora-tadbirlaridan iborat boʻladi.
Eksport nazorati obyektlarini olib chiquvchi yuridik shaxslar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyati hamda xavfsizligini saqlash sohasida davlat ehtiyojlarini taʼminlash boʻyicha ilmiy va (yoki) ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar uchun ichki nazorat oʻtkazish majburiydir.
12-modda. Yuridik va jismoniy shaxslarning eksport nazorati obyektlarini olib chiqishdagi majburiyatlari
Eksport nazorati obyektlarini olib chiquvchi yuridik va jismoniy shaxslar:
eksport nazorati obyektlarini olib chiqishga ruxsatnoma olishi;
eksport nazoratini amalga oshirish uchun zarur hujjatlar va boshqa axborotlarni vakolatli organ hamda boshqa davlat organlarining talabiga binoan taqdim etishi;
agar eksport nazorati obyektlari roʻyxatlariga kiritilmagan tovarlar, asbob-uskunalar, ilmiy-texnika axboroti, ishlar va xizmatlar, intellektual faoliyat natijalari olib chiqilayotgan boʻlsa, ulardan yalpi qirgʻin qurolini hamda uni yetkazib berish vositalarini, boshqa turdagi qurol-yarogʻ va harbiy texnikani yaratish uchun foydalanish ehtimoli toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjudligidan vakolatli organni xabardor qilishi shart.
Eksport nazorati obyektlarini olib chiqishni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar eksport nazorati obyektlarini olib chiqishga ruxsatnoma olish uchun taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlarning toʻgʻriligiga javobgardirlar.
13-modda. Eksport nazorati sohasidagi xalqaro hamkorlik
Eksport nazorati sohasidagi xalqaro hamkorlik Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
14-modda. Eksport nazoratini amalga oshirish uchun taqdim etilgan axborotdan foydalanish
Eksport nazoratini amalga oshirish uchun davlat organlariga taqdim etilgan axborotdan faqat eksport nazorati maqsadida foydalaniladi.
15-modda. Nizolarni hal qilish
Eksport nazorati sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
16-modda. Eksport nazorati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Eksport nazorati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 26-avgust,
658-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 37-son, 406-modda; 2005-y., 49-50-son, 365-modda; 2006-y., 25-26-son, 223-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 28.11.2025-y., 03/25/1099/1104-son)