Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
DAVLAT TASARRUFIDAN CHIQARISH VA XUSUSIYLASHTIRISH DASTURLARI AMALGA OSHIRILISHINI, XORIJIY INVESTITSIYALARNI JALB ETISH FAOLLASHTIRILISHINI TAʼMINLASHGA DOIR QOʻSHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini taʼminlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish, korxonalarning investitsiyaga oid jalb etuvchanligini oshirish, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etishning qulay shakllaridan foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasi Komplekslari, Davlat mulki qoʻmitasi, vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalarining Xususiylashtirish dasturiga 1 va 2-ilovalarga* muvofiq korxonalar va obyektlarni qoʻshimcha ravishda kiritish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
*1, 2-ilovalar berilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi Vazirlar Mahkamasi Komplekslari, vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda obyektlarni davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirish va sotishning kelishilgan jadvallarini bir oy muddatda tasdiqlasin, korxonalarni baholash va sotishga tayyorlashning muddatlarini yuqori darajada qisqartirgan holda jadvalning bajarilishini qattiq nazorat qilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Korxonalarni xususiylashtirish jarayoniga, shu jumladan yakka tartibdagi loyihalar boʻyicha xususiylashtiriladigan va investorlarga yaxlit sotiladigan korxonalarga xorijiy investitsiyalar jalb etilishini faollashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi:
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 17-apreldagi 185-son qarori — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 7-8-son, 61-modda)
xorijiy investorlarga sotiladigan korxonalarning texnik diagnostikasini oʻtkazish hamda ularni baholash boʻyicha moliyaviy maslahatchilarni tanlab olish tartibotini sezilarli darajada soddalashtirish va muddatlarini qisqartirish masalalarini Jahon banki bilan ikki oy muddatda ishlab chiqsin;
bir yil mobaynida sotilmagan korxonalar va obyektlarning (yakka tartibda aksiyalashtiriladigan korxonalardan tashqari) aksiyalarini (ulushlari, paylarini), korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish boʻyicha investorlar tomonidan biznes-rejalar taqdim etilgan taqdirda, investorlarning investitsiya majburiyatlari qiymatini obyektning narxiga kiritgan holda tanlov asosida sotish toʻgʻrisida belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasining Komplekslari bilan kelishgan holda qarorlar qabul qilsin;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 17-apreldagi 185-son qarori — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 7-8-son, 61-modda)
korxonani moliyaviy sogʻlomlashtirish biznes-rejasi va aniq investitsiya majburiyatlari boʻlgan taqdirda, sotib olish toʻlovi toʻlashni 5 yilgacha boʻlgan muddatga uzaytirib, davlat mulki keyinchalik investor tomonidan sotib olinishi huquqini bergan holda davlat mulkini tanlov asosida ishonchli boshqaruvga berish amaliyotini joriy etsin;
Vazirlar Mahkamasining tegishli Komplekslari bilan birgalikda maqsadga muvofiq boʻlganda yirik istiqbolsiz, zarar koʻrib ishlayotgan korxonalarni ularning mol-mulkini qismlarga boʻlib sotuvga qoʻyish huquqi bilan, belgilangan tartibda tarkibiy oʻzgartirsin (ularni qayta tashkil etsin).
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
xorijiy investorlar oʻz investitsiya majburiyatlarini toʻliq bajarguniga qadar, ularning aksiyalar paketlariga egalik qilish va ulardan foydalanish shartlari va tartibini belgilagan holda, birja va birjadan tashqari bozorlarda davlat aktivlarini sotish masalalarini tartibga soluvchi idoraviy normativ hujjatlarga belgilangan tartibda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritsinlar;
xususiylashtirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish jarayonlarini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini va Hukumatning qarorlarini xatlovdan oʻtkazsinlar hamda, investorlar tomonidan qabul qilingan investitsiya majburiyatlari amalga oshirilishining huquqiy taʼminlanishi masalalariga alohida eʼtiborni qaratgan holda, ularni toʻldirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar.
4. Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar muassislariga erkin muomaladagi valyutada olingan va chet elga repatriatsiya qilishga moʻljallangan dividendlardan Oʻzbekistonning fond bozorida korxonalarning aksiyalarini (ulushlari, paylarini) va obyektlarni yaxlit sotib olish uchun foydalanishga ruxsat etilsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki, vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalari tomonidan davlat mulki boʻlgan korxonalarni qayta tashkil etish, qoʻshib yuborish va tugatish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi organlari bilan albatta kelishilgan holda amalga oshiriladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga* muvofiq qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
* 3-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda tegishli idoraviy normativ hujjatlarga mazkur qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirishlar kiritilishini taʼminlasinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Oʻ.Q. Ismoilov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 26-mart,
97-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 5-6-son, 44-modda, 19-son, 148-modda; 2003-y., 7-8-son, 61-modda, 14-son, 118-modda; 2005-y., 10-11-son, 73-modda; 2006-y., 30-son, 292-modda, 48-50-son, 485-modda; 2016-y., 52-son, 602-modda)