Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ISh HAQI OʻZ VAQTIDA TOʻLANIShIGA DOIR QOʻShIMChA ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-oktabrdagi PF-6325-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va manfaatlarini taʼminlash, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, korxonalar va tashkilotlar xodimlariga ish haqi oʻz vaqtida va toʻliq toʻlanishi uchun xoʻjalik yurituvchi subyektlarning javobgarligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. 2002-yil 1-apreldan boshlab mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar korxonalar va tashkilotlarning ish haqini tovarlar bilan natura shaklida toʻlashi taqiqlansin, qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari tomonidan yetishtirilgan va qayta ishlangan, xodimlarning yozma arizasiga koʻra shartnomaviy narxlarda beriladigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bundan mustasno, yagona ijtimoiy toʻlov hamda fuqarolarning budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga majburiy sugʻurta badallari boʻyicha qarzdorlik mavjud boʻlmagan taqdirda.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 12-dekabrdagi PQ-744-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 52-son, 534-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
2. Tijorat banklari:
tegishli kafolat bilan, shu jumladan yuqori likvidli mol-mulk garovi asosida (shu jumladan korxonalar va tashkilotlarning ishlab chiqarish va infratuzilma obyektlari, transport vositalari hamda boshqa likvidli aktivlari) ish haqi toʻlash uchun xoʻjalik yurituvchi subyektlarga kreditlar bersinlar. Belgilansinki, koʻrsatib oʻtilgan kreditlar oʻz vaqtida qaytarilmagan taqdirda garovga qoʻyilgan mol-mulk, qarz oluvchining roziligidan qatʼi nazar, keyinchalik belgilangan tartibda uni sotish huquqi bilan tijorat bankining mulkiga oʻtadi;
tegishli ravishda bankomatlar tarmogʻini koʻpaytirgan holda elektron plastik kartochkalar vositasida ish haqi toʻlashga doir bank xizmatlari hajmini kengaytirsinlar.
3. Belgilansinki, vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar korxonalar va tashkilotlar rahbarlari xodimlarga ish haqi oʻz vaqtida va toʻliq toʻlanishi uchun shaxsan javob beradilar.
Xoʻjalik birlashmalari, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar xoʻjalik hisobidagi korxonalar va tashkilotlar rahbarlari:
mehnatga haq toʻlash tarif setkalarining ragʻbatlantiruvchi rolini oshirishni, mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasining tarif qismi va tarifga qoʻshimcha qismlari oʻrtasidagi maqbul nisbatni taʼminlashni hisobga olgan holda mehnatga haq toʻlashning tarif setkalarini bir oy muddatda qayta koʻrib chiqsinlar;
har bir xodimni tegishli davrda unga toʻlanadigan ish haqining tarkibiy qismlari, ushlab qolingan pul miqdorlari va uning asoslari, shuningdek toʻlanadigan umumiy pul summasi toʻgʻrisida majburiy tartibda yozma shaklda xabardor qilsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi xoʻjalik yurituvchi subyektlar rahbarlarining ish haqini oʻz vaqtida toʻlashning amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibiga rioya qilishi ustidan nazoratni kuchaytirsin hamda ish haqi boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan qarzlar hosil boʻlgan hollarda aybdor shaxslarni jinoiy jazolashgacha javobgarlikka tortsin.
5. Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashiga, kasaba uyushmalarining tarmoq kengashlariga vazirliklar va idoralar bilan birgalikda mehnatga haq toʻlashni tartibga solishda va u oʻz vaqtida toʻlanishini taʼminlashda jamoa shartnomalarining, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning boshqa normativ hujjatlarining rolini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrish tavsiya etilsin, chora-tadbirlarda ish haqi oʻz vaqtida toʻlanmaganligi uchun ish beruvchilarning moddiy javobgarligi choralari nazarda tutilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda:
Vazirlar Mahkamasiga amaldagi qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi, shuningdek ish haqi oʻz vaqtida toʻlanishi taʼminlanmaganligi yoxud ish haqi taqiqlangan shaklda toʻlanganligi uchun vazirliklar, idoralar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va tijorat banklari rahbarlarining javobgarligini, shu jumladan moddiy javobgarligini kuchaytirishni nazarda tutuvchi takliflarni kiritsin;
idoraviy normativ hujjatlarni mazkur qaror talablariga muvofiqlashtirsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 19-mart,
88-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 5-6-son, 41-modda; 2007-y., 52-son, 534-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.10.2019-y., 09/19/889/3945-son)