Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida
Bitim
Madaniyat sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati bundan keyin “Tomonlar” deb ataladilar,
ikkala davlatlar xalqlari oʻrtasidagi umumiy tarixiy ildizlarni va anʼanaviy doʻstona munosabatlarni eʼtiborga olib,
Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmaniston oʻrtasida madaniyat sohasidagi hamkorlikni bundan keyin ham rivojlantirish va mustahkamlashga intilib,
bunday hamkorlik ikkala davlatlar xalqlarining tub manfaatlariga javob berishiga, davlatlararo aloqani kengaytirish va mustahkamlashga, umuminsoniy qadriyatlarni qaror toptirishga, ikkala mamlakatlar madaniyatini boyitishga yordam berishiga ishonch hosil qilib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar anʼanaviy madaniy aloqalarni saqlash va rivojlantirish, teatr, musiqa, tasviriy sanʼat, estrada va sirk sanʼati, kino, televideniye va radio eshittirish, kutubxona va muzey ishi, tarixiy va madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish, taʼmirlash va ulardan foydalanish, xalq badiiy havaskorligi, xalq hunarmandchiligi va madaniy faoliyatning boshqa turlari sohalaridagi almashish va hamkorlik uchun qulay sharoitlarni yaratishga yordam beradilar.
2-modda
Tomonlar ikkala mamlakatning tegishli vazirliklari, idoralari oʻrtasidagi, shuningdek, jamoat tashkilotlari, ijodiy birlashmalar, uyushmalar, fondlar orqali amalga oshiriladigan hamkorlikni va bevosita aloqalarni ragʻbatlantiradilar.
3-modda
Tomonlar boshqa davlat fuqarolariga oʻz mamlakatlari xalqlarining madaniy boyliklariga va jumladan, tarixiy qaror topgan butunligini oʻzlari tasdiqlaydigan madaniy boyliklar kolleksiyalari bilan keng tanishish imkoniyatini taʼminlaydilar.
4-modda
Tomonlar ikki tomonlama madaniy hamkorlikni oʻzaro foydali asosda rivojlantirishga yordam beradilar.
Bu maqsadda ular mamlakatlardan har biridagi madaniy hayot toʻgʻrisidagi axborot almashishlarni ragʻbatlantiradilar, festivallar, gastrollarni oʻtkazishga, boshqa mamlakat mualliflari musiqa va teatr asarlarini sahnalashtirishga, delegatsiyalar almashish, ijodiy uchrashuvlar oʻtkazish, badiiy koʻrgazmalar almashishga yordam beradilar.
5-modda
Tomonlar ikkala davlatlar madaniy boyliklarini, shu jumladan tarixiy, madaniy va diniy yodgorliklarini saqlash sohasida hamkorlik qiladilar.
U yoki bu madaniy yoki tarixiy boylikka egalik qilish masalalarida bahslar yuzaga kelganda Tomonlar ularni ikkala davlatda amalda boʻlgan qonunchilik asosida muzokaralar olib borish yoʻli bilan hal qilishni zimmalariga oladilar.
6-modda
Tomonlar madaniyat moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash, yangi texnologiyalarni almashish, madaniyat va sanʼat muassasalari uchun asbob-uskuna va texnika vositalarini oʻzaro foydali asosda yetkazib berishni tashkil etish masalalaridagi hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar.
7-modda
Tomonlar madaniyat va sanʼat sohasidagi xalqaro tashkilotlar liniyasi boʻyicha oʻz faoliyatlarini muvofiqlashtiradilar.
8-modda
Tomonlar kinofestivallar oʻtkazish, kinofilmlarni, delegatsiyalar va mutaxassislarni almashish, birgalikda sahnalashtirishlarni amalga oshirish, kino arxivlari oʻrtasida hamkorlik, kinematografiya sohasida adabiyotlar va materiallar almashishga yordam beradilar.
9-modda
Tomonlar televideniye va radioeshittirish sohasida hamkorlik qiladilar.
10-modda
Tomonlar kitob nashr qilish sohasidagi almashishlarni ragʻbatlantiradilar, kutubxonalararo aloqalarga, yozuvchilar, jurnalistlar va noshirlar delegatsiyalarini almashishga, siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ilmiy hayot toʻgʻrisidagi materiallarni chop etishga, gazeta va jurnallarni nashr qilishga har tomonlama yordam beradilar.
11-modda
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasining va Turkmaniston mualliflik huquqini himoya qilish sohasidagi hamkorligini rivojlantirishga yordam beradilar.
12-modda
Tomonlar jismoniy tarbiya va sport sohasidagi aloqalarni, eng avvalo sport tashkilotlari, jamiyatlari va klublari oʻrtasidagi bevosita hamkorlikni rivojlantirish, sportchilar va ustozlar, ilmiy-metodik axborot va xalqaro musobaqalarda qatnashish tajribasini almashish yoʻli bilan rivojlantirishga yordam beradilar.
13-modda
Mazkur Bitimni bajarish maqsadida almashishlar davlat dasturlari va tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlar oʻrtasidagi hamkorlikning ishchi rejalari (protokollari) ishlab chiqiladi hamda imzolanadi.
14-modda
Mazkur Bitimda nazarda tutilgan sohalardagi hamkorlikning aniq shakllari va shartlari tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlar oʻrtasidagi alohida bitimlar bilan tartibga solinadi.
15-modda
Tomonlar zarur boʻlgan hollarda mazkur Bitimni bajarish, Tomonlar oʻzaro aloqasi boʻyicha tavsiyalar tayyorlash uchun Qoʻshma Komissiya tashkil etishlari mumkin.
16-modda
Mazkur Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va besh yil mobaynida amalda boʻladi hamda Tomonlardan biri boshqa Tomonni tegishli muddat tugashidan kamida olti oy oldin uning amalda boʻlishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi maqsadini yozma shaklda xabardor qilmasa, keyingi besh yillik davrlarga oʻz-oʻzidan uzaytirilaveradi.
1996-yil 16-yanvarda, Chorjoʻy shahrida har biri oʻzbek, turkman va rus tillarida boʻlgan ikki nusxada tuzildi. Bunda ikkala matn bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitimni talqin qilish uchun rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)