Oʻzbekiston Respublikasi va Buyuk Lyuksemburg Gersogligi oʻrtasida
Konvensiya
Ikkiyoqlama soliq solinishining oldini olish hamda daromad va sarmoya soliqlarini toʻlashdan bosh tortishni bartaraf qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Buyuk Lyuksemburg Gersogligi Hukumati,
ikkiyoqlama soliq solinishining oldini olish hamda daromad va sarmoya soliqlarini toʻlashdan bosh tortishni bartaraf qilish toʻgʻrisida Konvensiya tuzish istagini bildirib,
quyidagilar haqida ahdlashib oldilar:
Keyingi tahrirga qarang.
1-modda
Qoʻllanish doirasi
Qoʻllanish doirasi
Ushbu Konvensiya Ahdlashuvchi Davlatlarning biri yoki har ikkisining rezidenti boʻlgan shaxslarga nisbatan qoʻllaniladi.
2-modda
Konvensiya tatbiq etiladigan soliqlar
Konvensiya tatbiq etiladigan soliqlar
1. Ushbu Konvensiya Ahdlashuvchi Davlat yoki uning mahalliy hokimiyatlari nomidan olinayotgan daromad va sarmoya soliqlariga nisbatan, ularni undirish uslubidan qatʼi nazar, tatbiq etiladi.
2. Daromad va sarmoya soliqlariga umumiy daromaddan yoki daromadning bir qismidan, butun sarmoya yoki uning bir qismidan olinadigan barcha soliqlar, shu jumladan koʻchar va koʻchmas mulkni sotishdan olingan daromadlardan hamda korxonalar tomonidan toʻlanadigan ish haqi yoki maoshning umumiy summasidan olinadigan soliqlar, shuningdek sarmoya qiymatining oshishidan olingan daromadlardan undiriladigan soliqlar kiradi.
3. Ushbu Konvensiya qoʻllaniladigan amaldagi soliqlar, jumladan, quyidagilardir:
a) Buyuk Lyuksemburg Gersogligiga nisbatan:
I) jismoniy shaxslardan daromad soligʻi;
II) korporativ soliq;
III) kompaniya direktorlarining gonorarlaridan olinadigan soliq;
IV) sarmoya soligʻi;
V) kommunal savdo soligʻi;
(bundan keyin “Lyuksemburg soliqlari” deb ataladi);
b) Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan:
I) korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar daromadidan olinadigan soliq;
II) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolaridan, ajnabiy fuqarolardan va fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan olinadigan daromad soligʻi;
III) mulk soligʻi;
(bundan keyin “Oʻzbekiston soliqlari” deb ataladi).
4. Ushbu Konvensiya u imzolangandan soʻng soliqlarga qoʻshimcha yoki mavjudlari oʻrniga kiritilgan har qanday munosib yoki aslida oʻxshash soliqlarga nisbatan ham qoʻllaniladi. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari oʻzlarining tegishli soliq qonunchiligida boʻlgan katta oʻzgarishlar haqida bir-birlariga xabar beradilar.
3-modda
Umumiy taʼriflar
Umumiy taʼriflar
1. Ushbu Konvensiyaning maqsadlari uchun, agar matnning mazmunidan oʻzga maʼno chiqmasa:
a) “Lyuksemburg” atamasi Buyuk Lyuksemburg Gersogligini anglatadi, va jugʻrofiy maʼnoda ishlatilganda Buyuk Lyuksemburg Gersogligi hududini anglatadi;
b) “Oʻzbekiston” atamasi Oʻzbekiston Respublikasini, shu jumladan hududiy suvlarini va hududiy suvlaridan tashqaridagi har qanday zonani oʻz ichiga oladi, ana shu hududlarda Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro huquqqa muvofiq, dengiz tubi va uning ostidagi tabiiy resurslarni va chegaradosh suvlarni razvedka qilish maqsadida suveren huquqqa ega boʻladi;
s) “shaxs” atamasi jismoniy shaxsni, kompaniyani yoki shaxslarning har qanday boshqa birlashmasini anglatadi;
d) “kompaniya” atamasi soliqqa tortish maqsadlarida korporativ tuzilma sifatida qaraladigan har qanday korporativ tuzilma, qoʻshma korxona yoki har qanday boshqa tashkilotni anglatadi;
e) “Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasi” va “boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasi” atamalari oʻz oʻrni bilan Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boshqaruvi ostida ish yuritayotgan korxonani va boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boshqaruvi ostida ish yuritayotgan korxonani anglatadi;
f) “xalqaro tashish” atamasi Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasi tomonidan foydalaniladigan dengiz, havo kemasida, avtomobilda, yoki temir yoʻl transportida har qanday tashishni anglatadi, dengiz havo kemalarining yoki avtomobil, temir yoʻl transportining boshqa Ahdlashuvchi Davlat hududida joylashgan punktlar oʻrtasidagina foydalanilishi bundan mustasno;
g) “vakolatli organ” atamasi:
I) Lyuksemburgga nisbatan — Moliya vazirini yoki uning vakolatli vakilini anglatadi;
II) Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining Raisini yoki uning vakolatli vakilini anglatadi;
h) “milliy shaxs” atamasi:
I) Ahdlashuvchi Davlat fuqaroligiga ega boʻlgan har qanday jismoniy shaxsni;
II) Ahdlashuvchi Davlatning amaldagi qonunlariga muvofiq oʻz maqomini olgan har qanday yuridik shaxsni, hamjamiyat yoki assotsiatsiyani anglatadi.
i) “Ahdlashuvchi Davlatlardan biri” va “boshqa Ahdlashuvchi Davlat” atamalari matnga koʻra Oʻzbekistonni yoki Lyuksemburgni anglatadi;
2. Ushbu Konvensiyani Ahdlashuvchi Davlat har qanday vaqtda qoʻllaganda unda belgilanmagan har qanday ibora, agar matndan boshqa maʼno kelib chiqmasa, soliqqa tortish maqsadida ushbu Davlatning Konvensiya tatbiq etiladigan qonunlariga muvofiq maʼnoni anglatadi. Shu Davlatning soliq qonunchiligida qoʻllaniladigan har qanday maʼno shu Davlatning boshqa qonunlariga muvofiq ushbu atamaga beriladigan maʼnodan ustun boʻladi.
4-modda
Rezident
Rezident
1. Ushbu Konvensiyaning maqsadlari uchun “Ahdlashuvchi Davlat rezidenti” atamasi shu Davlatning qonunchiligi boʻyicha yuridik shaxs sifatida oʻzining turar joyi, doimiy istiqomat qilishi, tashkil etilgan joyi, boshqaruv joyi yoki oʻzga har qanday shunga oʻxshash mezonlar asosida soliqqa tortiladigan har qanday shaxsni anglatadi, shuningdek ushbu Davlatni va uning har qanday mahalliy hokimiyatini oʻz ichiga oladi. Biroq bu atama ushbu Ahdlashuvchi Davlatda faqat ushbu Davlatda joylashgan manbalardan yoki sarmoyadan daromad olayotgani uchun soliqqa tortiladigan har qanday shaxsni oʻz ichiga qamramaydi.
2. Agar 1-band qoidalariga muvofiq jismoniy shaxs Ahdlashuvchi Davlatlarning har ikkisining rezidenti boʻlsa, uning maqomi quyidagi tarzda belgilanadi:
a) jismoniy shaxs toʻsiqsiz yashashi mumkin boʻlgan doimiy uyi joylashgan Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti hisoblanadi; agar u har ikki Ahdlashuvchi Davlatda toʻsiqsiz yashashi mumkin boʻlgan doimiy uyga ega boʻlsa, u shaxsiy va iqtisodiy aloqalari eng chuqur boʻlgan (hayotiy manfaatlar markazi) oʻsha Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti hisoblanadi;
b) agar uning hayotiy manfaatlari markazi joylashgan Davlatni aniqlab boʻlmasa, yoki Davlatlarning hech birida toʻsiqsiz yashashi mumkin boʻlgan doimiy uyi boʻlmasa, u odatda yashab turgan oʻsha Davlatining rezidenti hisoblanadi;
s) agar shaxs odatda har ikki Davlatda yashasa yoki ularning hech birida yashamasa, u Ahdlashuvchi Davlatlarning qay birining milliy shaxsi boʻlsa, faqat shu Davlatning rezidenti hisoblanadi;
d) agar u har ikkala Davlatning milliy shaxsi boʻlsa yoki shunday boʻlmasa, Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari bu masalani oʻzaro kelishuv yoʻli bilan hal qiladilar.
3. Agar 1-band qoidalariga muvofiq shaxs, jismoniy shaxsdan tashqari, Ahdlashuvchi Davlatlarning har ikkisining rezidenti boʻlsa, u oʻzining amaldagi rahbar organi joylashgan faqat oʻsha Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti hisoblanadi.
5-modda
Doimiy muassasa
Doimiy muassasa
1. Ushbu Konvensiya maqsadlari uchun “doimiy muassasa” atamasi korxona toʻliq yoki qisman tadbirkorlik faoliyatini olib boradigan doimiy faoliyat joyini bildiradi.
2. “Doimiy muassasa” atamasi, jumladan, quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) boshqaruv organi (joyi);
b) boʻlim;
s) ofis;
d) fabrika (zavod);
e) ustaxona, va
f) shaxta, neft yoki gaz koni, karyer yoki tabiiy resurslar qazib olinadigan har qanday boshqa joy.
3. Qurilish maydonchasi yoki montaj yoxud yigʻma obyekt 12 (oʻn ikki) oydan koʻproq mavjud boʻlib turgan boʻlsagina, doimiy muassasa deb hisoblanadi.
4. Ushbu moddaning avvalgi qoidalariga qaramay, “doimiy muassasa” atamasi quyidagilarni oʻz ichiga olmaydi:
a) inshootlardan shu korxonaga tegishli tovarlar yoki buyumlarni faqat saqlash, namoyish qilish yoki yetkazib berish maqsadlaridagina foydalanish;
b) shu korxonaga tegishli tovarlar yoki buyumlar zaxirasini faqat saqlash, namoyish qilish yoki yetkazib berish maqsadlarida ushlab turilishi;
s) shu korxonaga tegishli tovarlar yoki buyumlar zaxirasini faqat boshqa korxona tomonidan qayta ishlov berilishi maqsadlarida ushlab turilishi;
d) doimiy faoliyat joyining faqat tovarlar yoki buyumlar sotib olish yoki ushbu korxona uchun axborot yigʻish maqsadlarida ushlab turilishi;
e) doimiy faoliyat joyining ushbu korxona uchun faqat boshqa har qanday tayyorgarlik yoki yordamchi tusdagi faoliyatni amalga oshirish maqsadlari uchun ushlab turilishi;
f) doimiy faoliyat joyining a — e-kichik bandlarida eslatib oʻtilgan faoliyat turlarini har qanday uygʻunlashuvchi uchungina saqlab turilishi, bunday uygʻunlashuv natijasida vujudga kelgan ana shu doimiy faoliyat joyining butun faoliyati tayyorgarlik yoki yordamchi tusda boʻlgan taqdirda.
5. 1 va 2-bandlardagi qoidalariga qaramay, agar 7-band tatbiq etilgan koʻrsatilgan mustaqil maqomli agentdan oʻzga boʻlgan shaxs Ahdlashuvchi Davlatlardan birida korxona nomidan ish yuritsa va shu Davlatda korxona nomidan shartnomalar tuzish vakolatiga ega boʻlsa va shu vakolatlardan odatda foydalansa, bu korxona ushbu Davlatda doimiy muassasaga, korxona uchun ana shu shaxs amalga oshiradigan har qanday faoliyat doirasida, ega deb hisoblanadi, lekin ushbu shaxsning faoliyati 4-bandda koʻrsatilgan faoliyat turlari bilan cheklanib qolsa va bu faoliyat doimiy faoliyat joyi orqali amalga oshirilsa, bu joyni ushbu bandning qoidalariga asosan doimiy muassasaning doimiy faoliyat joyiga aylantirmaydi.
6. Ushbu moddaning bundan oldingi qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlatning sugʻurta korxonasi, takroriy sugʻurta hollardan tashqari, agar u oʻzga davlat hududida sugʻurta mukofotlarini yigʻsa yoki 7-bandga taalluqli mustaqil maqomli agentdan oʻzga shaxs orqali u yerda boʻlishi mumkin boʻlgan xatardan sugʻurta qilsa boshqa Ahdlashuvchi Davlatda doimiy muassasaga ega deb hisoblanadi.
7. Korxona, agar Ahdlashuvchi Davlatda broker, komissioner yoki har qanday boshqa mustaqil maqomli agent orqali tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirsa, bu shaxslar oʻzining odatdagi faoliyati doirasida ish yuritgan taqdirda, shu Davlatda doimiy muassasaga ega, deb qaralmaydi.
8. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻlgan kompaniya boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlgan kompaniyani nazorat qilish yoki boshqa Davlat kompaniyasi tomonidan nazorat qilinishi yoki Ushbu kompaniya ana shu boshqa Davlatda tijorat faoliyatini amalga oshirishi (doimiy muassasa orqali yoki boshqa tarzda) fakti oʻz-oʻzidan bu kompaniyalarning birini boshqasi uchun doimiy muassasaga aylantirib qoʻymaydi.
6-modda
Koʻchmas mulkdan olinadigan daromadlar
Koʻchmas mulkdan olinadigan daromadlar
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan koʻchmas mulkdan olgan daromadlari (qishloq va oʻrmon xoʻjaligidan olinadigan daromadlar ham shu jumlaga kiradi) ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. “Koʻchmas mulk” atamasi koʻrib chiqilayotgan mulk joylashgan Ahdlashuvchi Davlatning qonunchiligida ifodalangan maʼnoga egadir. Har qanday holda ham ushbu atama yer ustidagi mulkka taalluqli umumiy huquq qoidalari bilan haq-huquqi belgilangan koʻchmas mulkka tegishli boʻlgan mulkni, qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligida foydalanadigan uskunalarni va chorva mollarini, koʻchmas mulk natijasi boʻlgan atrof mulkni (uzufrukt) ishlatganlik uchun badal sifatida toʻlanadigan oʻzgaruvchan yoki qatʼiy belgilangan toʻlovlarga boʻlgan huquq yoki minerallar, manbalar joylashgan yerga va boshqa tabiiy resurslarni ishlashga boʻlgan huquqni oʻz ichiga qamraydi; dengiz, havo kemalari va avtomobil yoki temir yoʻl transporti vositalari koʻchmas mulk sifatida qaralmaydi.
3. 1-band qoidalari koʻchmas mulkdan toʻgʻridan toʻgʻri foydalanish, ijaraga berish yoki oʻzga har qanday shaklda foydalanishdan olingan daromadga nisbatan qoʻllaniladi.
7-modda
Tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan foyda
Tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan foyda
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasining foydasi faqat shu Davlatda soliqqa tortiladi. Faqat korxona oʻz tadbirkorlik faoliyatini boshqa Ahdlashuvchi Davlatda u yerda joylashgan doimiy muassasa orqali amalga oshirmayotgan boʻlsa. Agar korxona yuqorida aytilganidek, oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan boʻlsa, korxonaning foydasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortiladi, ammo shu doimiy muassasaga tegishli boʻlgan qismidagina soliqqa tortilishi mumkin.
2. 3-band qoidalariga muvofiq, agar Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasi tijorat faoliyatini boshqa Ahdlashuvchi Davlatda, u yerda joylashgan doimiy muassasa orqali, amalga oshirayotgan boʻlsa, doimiy muassasa olishi mumkin boʻlgan foyda har bir Ahdlashuvchi Davlatda, shunday yoki shunga oʻxshash faoliyatni xuddi shunday yoki shunga oʻxshash sharoitlarda va korxonadan mutlaqo mustaqil ravishda ish koʻradigan alohida va mustaqil korxona sifatida qaralgan holda, ana shu doimiy muassasaga oʻtkaziladi.
3. Doimiy muassasa foydasini aniqlashda ushbu doimiy muassasa faoliyatni maqsadlari uchun sarflangan xarajatlarni chiqarib tashlashga yoʻl qoʻyiladi, shuningdek doimiy muassasa joylashgan Davlatda, hamda har qanday oʻzga yerda sarflangan boshqaruv va umumiy maʼmuriy xarajatlar ham shunga kiradi.
4. Ahdlashuvchi Davlatda korxona foydasining umumiy summasini uning turli boʻlinmalariga mutanosib tarzda taqsimlash negizida doimiy muassasaga tegishli foydani belgilash oddiy hol ekanligiga qaramay, 2-banddagi hech narsa Ahdlashuvchi Davlatga soliqqa tortiladigan foydani amaldagi shunday taqsimot vositasida aniqlashga xalaqit bermaydi; tanlangan taqsimot uslubi ushbu moddaga tegishli tamoyillarga munosib natijalar berishi lozim.
5. Korxona uchun doimiy muassasa tomonidan tovarlar yoki buyumlarning xarid qilinishigagina asoslanib doimiy muassasaga biron-bir foyda yozilmaydi.
6. Avvalgi bandlar maqsadlari uchun doimiy muassasaga tegishli foyda, agar boshqasi uchun salmoqli va yetarli sabablar boʻlmasa, har yili bir xil uslubda aniqlanadi.
7. Agar foyda, ushbu Konvensiyaning boshqa moddalarida alohida aytib oʻtilgan foyda turlarini qamrab oladigan boʻlsa, ushbu moddalarning qoidalariga ushbu modda qoidalari taʼsir etmaydi.
8-modda
Xalqaro transport
Xalqaro transport
1. Ahdlashuvchi Davlatning korxonasi xalqaro tashishlarda kemalar, samolyotlardan yoki avtomobil yoxud temir yoʻl transportidan foydalanishdan olgan daromadga faqat shu Davlatda soliq solinadi.
2. 1-band qoidalari quyidagilarga nisbatan ham qoʻllaniladi:
a) xalqaro tashishlarda foydalaniladigan kemalar yoki samolyotlarni, ekipajsiz fraxt qilish asosida ijaraga berishdan olingan favqulodda daromadlarga;
b) konteynyerlardan (shu jumladan treylyerlar va konteynyerlarni tashish uchun boshqa uskunalar) foydalanish, ularni saqlab turish va ijaraga berishdan olingan daromadlarga, agar bunday daromadlar 1-band taalluqli boʻlgan foydalarga nisbatan qoʻshimcha yoki favqulodda daromad boʻlsa.
3. 1 va 2-bandlarning qoidalari transport vositalaridan foydalanish boʻyicha pulda xalqaro tashkilotda yoki qoʻshma korxonada ishtirok etishdan olgan foydalarga nisbatan ham qoʻllaniladi.
9-modda
Birlashgan korxonalar
Birlashgan korxonalar
1. Agar:
a) Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasini boshqarishda, nazorat qilishda yoki uning sarmoyasida bevosita yoki bilvosita qatnashsa, yoki
b) oʻsha shaxslar Ahdlashuvchi Davlatlarning unisining ham korxonasini, bunisining ham korxonasini boshqarishda, nazorat qilishda yoki sarmoyasida bevosita yoki bilvosita qatnashsa, ikki korxona oʻrtasida ularning tijorat va moliyaviy munosabatlarida mutlaqo mustaqil boʻlgan korxonalar oʻrtasida boʻladigandan farqli sharoitlar vujudga keltirilsa yoki belgilansa, ularning birortasida toʻplanishi mumkin boʻlgan, lekin yuqoridagi sharoitlar tufayli toʻplanmagan har qanday foyda ushbu korxona foydasiga qoʻshilishi va tegishli darajada soliqqa tortilishi mumkin.
2. Ahdlashuvchi Davlatlardan biri shu Davlat korxonasi foydasiga boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasi boʻyicha ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortiladigan foydani kiritsa va foyda soligʻiga tortsa, shu tariqa kiritilgan foyda birinchi eslatilgan Davlat korxonasiga oʻtkazilishi mumkin boʻlgan foyda deb hisoblansa, agar ikkala korxona oʻrtasida vujudga keltirilgan munosabatlar ikki mustaqil korxona oʻrtasidagi munosabatlar kabi boʻlsa, u holda ana shu boshqa Davlat shu Davlatga tegishli ushbu foydadan olinadigan soliq summasiga tuzatish kiritishi kerak. Bunda shunday tuzatishlarni belgilashda ushbu Konvensiyaning boshqa qoidalariga tegishlicha eʼtiborni qaratish kerak va Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari, zarur boʻlsa, oʻzaro maslahatlashuvlarni boshlashlari lozim.
10-modda
Dividendlar
Dividendlar
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻlgan kompaniya tomonidan boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga toʻlanadigan dividendlar ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Biroq bunday dividendlar ularni toʻlayotgan kompaniya qaysi Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, ushbu Davlatning qonunlariga binoan soliqqa tortilishi mumkin, ammo dividendlarning haqiqiy egasi boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlsa, soliqning miqdori quyidagilardan ortiq boʻlmasligi kerak:
a) agar, dividendlarning haqiqiy egasi boʻlgan kompaniyaga Dividendlar toʻlayotgan kompaniya sarmoyasining kamida 25% bevosita tegishli boʻlsa, dividendlar yalpi summasining 5 % dan;
b) qolgan barcha hollarda dividendlar yalpi summasining 15% dan.
Bu band dividendlar toʻlayotgan kompaniya foydasining soliqqa tortilishiga taʼsir qilmaydi.
3. “Dividendlar” iborasi ushbu moddada qoʻllanilganda, aksiyalardan yoki aksiyalardan foydalanishdan yoki huquqlardan foydalanishdan, kon qazish sanoati aksiyalaridan, muassislarning aksiyalari yoki qarz talablari hisoblanmagan boshqa huquqlardan olinadigan daromadni, shuningdek foydani taqsimlovchi kompaniya rezidenti boʻlgan Ahdlashuvchi Davlatning qonunlariga muvofiq, aksiyalardan olinadigan daromad kabi soliqlar bilan tartibga solinadigan boshqa korporativ huquqlardan olinadigan daromadni anglatadi.
4. Agar dividendlarning haqiqiy egasi Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻlgani holda ana shu dividendlarni toʻlayotgan kompaniya rezidenti boʻlgan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda tadbirkorlik faoliyatini unda joylashgan doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan boʻlsa, yoki ushbu boshqa Davlatda u yerda joylashgan doimiy bazadan mustaqil shaxsiy xizmatlar koʻrsatsa va xolding (dividendlar unga nisbatan toʻlanadigan) amalda shu doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan bogʻliq boʻlsa, Ushbu moddaning 1 va 2-bandlari qoidalari qoʻllanilmaydi. Bunday holda, vaziyatga qarab 7-modda yoki 14-modda qoidalari qoʻllaniladi.
5. Agar Ahdlashuvchi Davlatlarning birining rezidenti boʻlgan kompaniya boshqa Ahdlashuvchi Davlatdan foyda yoki daromad olayotgan boʻlsa, ana shu boshqa Davlat kompaniya toʻlayotgan dividendlardan soliq olishi mumkin emas, agar dividendlar ana shu boshqa Davlat rezidentiga toʻlanadigan yoki xolding (dividendlar unga nisbatan toʻlanadi) shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan haqiqatda bogʻliq boʻlgan hollardan tashqari, shuningdek kompaniyaning taqsimlanmagan foydasiga soliqlar solishi mumkin emas, hatto toʻlanayotgan dividendlar yoki taqsimlanmagan foyda ana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda toʻla yoki qisman hosil boʻlgan foyda yoki daromaddan tashkil topgan boʻlsa ham.
11-modda
Foizlar
Foizlar
1. Ahdlashuvchi Davlatlarning birida hosil boʻlgan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidentiga toʻlanadigan foizlar ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Ammo bunday foizlar ular hosil boʻlgan Ahdlashuvchi Davlatda shu Davlatning qonunlariga binoan ham soliqqa tortilishi mumkin, ammo foizlarning haqiqiy egasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa shu tariqa undiriladigan soliqning miqdori foizlar yalpi summasining 10 foizidan oshmasligi kerak.
3. 2-bandining qoidalariga qaramay, bank zayomlariga nisbatan toʻlanayotgan foizlar, ular hosil boʻladigan Ahdlashuvchi Davlatda soliqdan ozod qilinadi.
4. “Foizlar” iborasi ushbu moddada qoʻllanilganda qarzdor foydasida qatnashishga huquq beradigan yoki bermaydigan, badal bilan taʼminlangan yoki taʼminlanmaganidan qatʼi nazar, har qanday turdagi qarz talablaridan olinadigan daromadni, xususan, hukumat qimmatbaho qogʻozlaridan, obligatsiyalar yoki qarz majburiyatlaridan olinadigan daromadni, shu jumladan ushbu qimmatbaho qogʻozlar, obligatsiyalar yoki qarz majburiyatlari boʻyicha olinadigan mukofotlar va yutuqlarni bildiradi. Oʻz vaqtida toʻlanmagan toʻlovlar uchun jarimalar ushbu modda maqsadlari uchun foizlar sifatida koʻrib chiqilmaydi.
5. Agar foizlarning haqiqiy egasi Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻla turib, foizlar hosil boʻlayotgan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda u yerda joylashgan doimiy muassasa orqali tijorat faoliyatini olib borayotgan boʻlsa, yoki ushbu boshqa Davlatda u yerda joylashgan doimiy baza orqali mustaqil shaxsiy xizmatlar koʻrsatayotgan boʻlsa va foizlar toʻlanayotgan qarz talabnomalari shunday doimiy muassasaga yoki doimiy bazaga haqiqatan bogʻliq boʻlsa, 1, 2 va 3-band qoidalari qoʻllanilmaydi. Bu holda vaziyatga qarab 7-modda yoki 14-modda qoidalari qoʻllaniladi.
6. Foizlarni toʻlovchi Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, foizlar ushbu Davlatda hosil boʻlgan deb hisoblanadi. Lekin foizlarni toʻlovchi shaxs, Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, Ahdlashuvchi Davlatda doimiy muassasaga yoki doimiy bazaga ega boʻlib, shu tufayli foizlarni toʻlash majburiyati vujudga kelgan boʻlsa, va bunday foizlarni toʻlash xarajatlarini doimiy muassasa yoki doimiy baza oʻz zimmasiga olsa, bunday holda foizlar doimiy muassasa yoki doimiy baza joylashgan Ahdlashuvchi Davlatda vujudga kelgan, deb hisoblanadi.
7. Agar toʻlovchi va amalda foizlar huquqiga ega boʻlgan shaxs oʻrtasidagi, yoki ular ikkalasi va qandaydir oʻzga shaxs oʻrtasidagi alohida munosabatlar oqibatida qarz talabnomasiga nisbatan toʻlanayotgan foizlar miqdori toʻlovchi va amalda foizlar huquqiga ega shaxs oʻrtasida kelishilishi mumkin boʻlgan miqdordan ortiq boʻlsa, bunday munosabatlar yoʻq boʻlgan taqdirda ushbu modda qoidalari faqat oxirgi eslatilgan miqdorga nisbatan qoʻllaniladi. Bunday holda toʻlovning ortiqcha qismidan ushbu Konvensiyaning boshqa qoidalari inobatga olingan holda, har bir Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligiga muvofiq ilgarigidek soliq olinadi.
12-modda
Royalti
Royalti
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birida hosil boʻladigan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidentiga toʻlanadigan royaltilar ushbu boshqa Davlatda soliqqa tortiladi.
2. Biroq bunday royaltilar ular vujudga keladigan Ahdlashuvchi Davlatda shu Davlatning qonunlariga muvofiq ham soliqqa tortilishi mumkin, lekin agar royaltining egasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, unda bu tariqa undiriladigan soliq royalti yalpi miqdorining 5 foizidan ortiq boʻlmasligi kerak.
3. “Royalti” atamasi ushbu moddada qoʻllanilganda har qanday adabiyot, sanʼat va fan asarlari, shu jumladan kinofilmlar, televideniye yoki radioeshittirish uchun filmlar yoki kassetalar, har qanday patent, savdo belgisi, chizma yoki model, sxema, maxfiy formula yoki jarayon uchun mualliflik huquqidan foydalanish uchun yoki foydalanish huquqi uchun yoxud sanoat, tijorat yoki ilmiy tajribaga mansub axborot uchun mukofot tarzida olingan har qanday turdagi toʻlovlarni bildiradi.
4. Agar royaltining amaldagi egasi Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻlib, royalti hosil boʻlayotgan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda u yerda joylashgan doimiy muassasa orqali tijorat faoliyatini yuritayotgan boʻlsa yoki ushbu boshqa Davlatda u yerda joylashgan doimiy baza orqali mustaqil shaxsiy xizmatlarni amalga oshirsa va royalti toʻlanayotgan huquq yoki mulk amalda shunday doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan bogʻliq boʻlsa, 1 va 2-bandlar qoidalari qoʻllanilmaydi. Bunday holda 7 yoki 14-moddalarning qoidalari vaziyatga qarab qoʻllaniladi.
5. Royaltilarni toʻlovchi Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻlsa, royaltilar shu Davlatda hosil boʻlgan deb hisoblanadi. Biroq agar, royaltilarni toʻlovchi shaxs Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, Ahdlashuvchi Davlatda royaltilar toʻlash majburiyati paydo boʻlgan doimiy muassasaga yoki doimiy bazaga ega boʻlsa, va bunday royaltilarni toʻlash xarajatlarini doimiy muassasa yoki doimiy baza oʻz zimmasiga olsa, u holda bunday royaltilar doimiy muassasa yoki doimiy baza joylashgan Ahdlashuvchi Davlatda paydo boʻlgan deb hisoblanadi.
6. Agar toʻlovchi bilan amalda royalti huquqiga ega boʻlgan shaxs oʻrtasidagi, yoki ularning ikkovi va boshqa biron bir shaxs oʻrtasidagi alohida munosabatlar oqibatida royaltidan foydalanishga, foydalanish huquqiga yoki royalti toʻlanadigan axborotga taalluqli royalti miqdori toʻlovchi va amaldagi shu daromadlar huquqiga ega shaxs oʻrtasida kelishilishi mumkin boʻlgan miqdordan ortiq boʻlsa, bunday munosabatlar yoʻq boʻlgan taqdirda, ushbu modda qoidalari faqat oxirgi eslatilgan miqdorga nisbatan qoʻllaniladi. Bunday holda toʻlovning ortiqcha qismiga ushbu Konvensiyaning boshqa qoidalari inobatga olingan holda, har bir Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligiga muvofiq avvalgidek soliq solinadi.
13-modda
Sarmoya qiymatining oʻsishidan olinadigan daromadlar
Sarmoya qiymatining oʻsishidan olinadigan daromadlar
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti 6-moddada eslatib oʻtilgan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan koʻchmas mol-mulkni begonalashtirishdan olinadigan daromadlarga oʻsha boshqa Davlatda soliq solinishi mumkin.
2. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasa tijorat mulkining bir qismini tashkil etuvchi koʻchar mulkni begonalashtirishdan olingan yoki Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boshqa Ahdlashuvchi Davlatda mustaqil shaxsiy xizmatlarni amalga oshirish uchun, foydalanishi mumkin boʻlgan doimiy bazaga taalluqli koʻchar mulkni begonalashtirishdan olingan daromadlarga, bunga shu doimiy muassasani (alohida yoki korxona bilan birgalikda) yoki shunday doimiy bazani begonalashtirishdan olingan daromadni ham qoʻshib mana shu boshqa Davlatda soliq solinishi mumkin.
3. Ahdlashuvchi Davlat korxonasi xalqaro tashishlarda foydalanadigan kemalar, samolyotlarni, yoki avtomobil, yoxud temir yoʻl transporti vositalarini begonalashtirishdan yoki shunday kemalar, samolyotlar yoki avtomobil, yoxud temir yoʻl transportidan foydalanishga taalluqli koʻchar mol-mulkni sotishdan oladigan daromadlar faqat shu Davlatda soliqqa tortiladi.
4. 1, 2, va 3-bandlarda eslatilmagan har qanday mol-mulkni begonalashtirishdan olingan daromadlarga mol-mulkni begonalashtiruvchi shaxs rezidenti boʻlgan faqat shu Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinadi.
14-modda
Mustaqil shaxsiy xizmatlar
Mustaqil shaxsiy xizmatlar
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti kasbga oid xizmatlarni koʻrsatish yoki mustaqil tusdagi boshqa faoliyatdan olgan daromadiga faqat mana shu Davlatda soliq solinadi, bunda ushbu daromadga boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ham soliq solinishi mumkin boʻlgan quyidagicha holatlar istisno qilinadi:
a) agar u oʻz faoliyati maqsadlari uchun boshqa Ahdlashuvchi Davlatda oʻzi uchun muntazam qulay boʻlgan doimiy bazaga ega boʻlsa; bunday holda daromadga, uning ana shu boshqa Davlatda shu boshqa Davlatdagi doimiy bazaga taalluqli qismigagina soliq solinadi; yoki
b) agar uning boshqa Ahdlashuvchi Davlatda boʻlishi koʻrib chiqilayotgan taqvimiy yilda boshlanadigan yoki tugallanadigan har qanday 12 oylik davr doirasida jami 183 kundan iborat boʻlgan yoki oshadigan davr yoki davrlar mobaynida davom etsa; unda rezidentning ushbu boshqa Davlatda koʻrib chiqilayotgan yilda amalga oshiradigan faoliyatidan oladigan daromad qismigagina ana shu boshqa Davlatda soliq solinishi mumkin.
2. “Kasbga oid xizmatlar” atamasi jumladan mustaqil ilmiy, adabiy, artistlik, maʼrifiy yoki oʻqituvchilik faoliyatlarini, shuningdek vrachlar, yuristlar, muhandislar, meʼmorlar, stomatologlar va buxgaltyerlarning mustaqil faoliyatini qamrab oladi.
15-modda
Yollash bilan bogʻliq shaxsiy xizmatlar
Yollash bilan bogʻliq shaxsiy xizmatlar
1. 16, 18 va 19-moddalar qoidalarini hisobga olib, Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti yollash boʻyicha oladigan maoshi, ish haqi va shunga oʻxshash boshqa taqdirlash pullariga, agar shu yollash bilan bogʻliq ish boshqa Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshirilmayotgan boʻlsa, mana shu Davlatda soliq solinishi mumkin. Agar yollanma ish shu tariqa bajariladigan boʻlsa, unda shu munosabat bilan olingan ragʻbatlantirish puliga ana shu boshqa Davlatda soliq solinishi mumkin.
2. 1-bandning qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boshqa Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshiradigan yollash boʻyicha ish uchun oladigan taqdirlash pullariga faqat birinchi eslatilgan Davlatda soliq solinadi, bunda:
a) taqdirlash puli oluvchi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda koʻrib chiqilayotgan taqvimiy yilda boshlanayotgan yoki tugayotgan har qanday 12 oylik davr doirasida jami 183 kundan oshmaydigan davr yoki davrlar mobaynida yashayotgan boʻlsa; va
b) taqdirlash puli boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlmagan yollovchi tomonidan yoki yollovchi nomidan toʻlansa; va
s) taqdirlash pulini toʻlash boʻyicha xarajatlarni yollovchi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasa yoki doimiy baza oʻz zimmasiga olmaydi.
3. 1 va 2-bandlarning qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlat korxonasi xalqaro yuk tashishlarda foydalanadigan dengiz, yoki havo kemasi, temir yoʻl yoki avtomobil transporti vositalari ichida amalga oshiriladigan yollanma ish uchun olinadigan taqdirlash pullariga ushbu Davlatda soliq solinishi mumkin.
16-modda
Direktorlarning gonorarlari
Direktorlarning gonorarlari
Direktorlarning gonorarlari va Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlgan kompaniyaning Direktorlar Kengashi aʼzosi sifatida oladigan gonorarlar va boshqa shu kabi toʻlovlar ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
17-modda
Sanʼat xodimlari va sportchilar
Sanʼat xodimlari va sportchilar
1. 14 va 15-moddalar qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti teatr, kino, radio yoki televideniye artisti yoki musiqachi kabi sanʼat xodimi sifatida yoki sportchi sifatida boshqa Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshirayotgan shaxsiy faoliyati tufayli oladigan daromadiga shu boshqa Davlatda soliq solinishi mumkin.
2. Sanʼat xodimi , yoki sportchi amalga oshirgan shaxsiy faoliyatidan olinadigan daromad sanʼat xodimi yoki sportchining oʻziga emas, balki boshqa shaxsga yozilsa, 7, 14 va 15-moddalar qoidalariga qaramay, ushbu daromadga sanʼat xodimi yoki sportchi faoliyat koʻrsatayotgan oʻsha Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinishi mumkin.
3. Agar sanʼat xodimi yoki sportchi Ahdlashuvchi Davlatlardan birida amalga oshiradigan faoliyat asosan bir yoki har ikkala Ahdlashuvchi Davlatning davlat jamgʻarmalari yoki ularning mahalliy hokimiyatlari hisobidan amalga oshirilsa, unda 1 va 2-bandlarning qoidalari qoʻllanilmaydi. Bunday holda daromad faqat sanʼat xodimi yoki sportchi rezidenti hisoblanadigan faqat oʻsha Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortiladi.
18-modda
Pensiyalar
Pensiyalar
1. 19-moddaning 2-bandi qoidalariga muvofiq, Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidentiga uning ilgarigi yollanish boʻyicha ishlagan ishi uchun tovon sifatida toʻlanadigan pensiyalar va boshqa shu singari ragʻbatlantirish pullariga faqat shu Davlatda soliq solinadi.
2. 1-band qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlatning ijtimoiy taʼminotiga oid qonuniga muvofiq toʻlanadigan pensiyalar va boshqa toʻlovlarga faqat shu Davlatda soliq solinadi.
19-modda
Hukumat xizmati
Hukumat xizmati
1. a) Ahdlashuvchi Davlatlardan biri yoki uning mahalliy hokimiyatlari shu Davlatga yoki uning mahalliy hokimiyatlariga koʻrsatgan xizmatlari uchun jismoniy shaxsga toʻlaydigan pensiyadan boshqa maosh, ish haqi va boshqa shu kabi taqdirlash puliga faqat ana shu Davlatda soliq solinadi.
b) Biroq bunday maosh, ish haqi va shunga oʻxshash taqdirlash pullari faqat boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortilishi mumkin, agar xizmatlar mana shu boshqa Davlatda amalga oshirilsa va jismoniy shaxs mana shu boshqa Davlatning rezidenti boʻlsa va
I) shu Davlatning milliy shaxsi boʻlsa; yoki
II) faqat xizmatlarni amalga oshirish maqsadida shu Davlatning rezidenti boʻlgan boʻlmasa, faqat ana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinadi.
2. a) Ahdlashuvchi Davlat yoki uning mahalliy hokimiyatlari yoki ular tuzgan fondlar shu Davlatga yoki uning mahalliy hokimiyatlariga koʻrsatgan xizmatlar uchun jismoniy shaxsga toʻlaydigan har qanday pensiyaga faqat mana shu Davlatdagina soliq solinadi.
b) Biroq bunday pensiya faqat boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortilishi mumkin, agar jismoniy shaxs ushbu boshqa Davlatning rezidenti va milliy shaxsi boʻlsa.
3. 15, 16, 17 va 18-moddalarning qoidalari Ahdlashuvchi Davlat yoki uning mahalliy hokimiyatlari amalga oshiradigan tadbirkorlik faoliyati munosabati bilan koʻrsatiladigan xizmatlarga nisbatan toʻlanadigan maosh, ish haqi va shunga oʻxshagan taqdirlash pullariga va pensiyalarga nisbatan qoʻllaniladi.
20-modda
Studentlar
Studentlar
Ahdlashuvchi Davlatlardan biriga bevosita kelgunga qadar va hozirda boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti hisoblanib turgan yoki boʻlgan va birinchi eslatilgan Davlatda faqat oʻqish yoki maʼlumot olish maqsadlaridagina yashab turgan student yoki praktikantning yashash, oʻqish va maʼlumot olish uchun moʻljallanib oladigan toʻlovlariga, agar bunday toʻlovlar shu Davlat hududidan tashqaridagi manbalardan paydo boʻlsa, mana shu Davlatda soliq solinmaydi.
21-modda
Boshqa daromadlar
Boshqa daromadlar
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidentining ushbu Konvensiyaning oldingi moddalarida tilga olinmagan daromad turlariga daromadlarning qayerda paydo boʻlishidan qatʼi nazar, faqat mana shu Davlatdagina soliq solinadi.
2. 6-moddaning 2-bandida belgilanganidek koʻchmas mulkdan olingan daromad hisoblanmaydigan daromadga nisbatan, agarda bunday daromad egasi Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻla turib, boshqa Ahdlashuvchi Davlatda u yerda joylashgan doimiy muassasa orqali tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirsa yoki u yerda joylashgan doimiy baza orqali mustaqil shaxsiy xizmatlarni koʻrsatsa va daromad toʻlanadigan huquq yoki mulk haqiqatan ham bunday doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan bogʻlangan boʻlsa, 1-band qoidalari qoʻllanilmaydi. Bu holatda 7 yoki 14-moddalarning qoidalari vaziyatga qarab qoʻllaniladi.
22-modda
Sarmoya
Sarmoya
1. 6-moddada eslatib oʻtilgan koʻchmas mol-mulk tarzidagi va Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidentiga tegishli boʻlgan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan sarmoya ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Koʻchmas mol-mulk, tarzidagi va Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasa tijorat mulkining bir qismini tashkil etuvchi yoxud mustaqil shaxsiy xizmatlarni bajarish maqsadida Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boshqa Ahdlashuvchi Davlatda foydalanadigan doimiy bazaga taalluqli koʻchar mol-mulk tarzdagi sarmoyaga ana shu boshqa Davlatda soliq solinishi mumkin.
3. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasi yuk tashishlarda foydalanadigan kemalar, samolyotlar va avtomobil yoki temir yoʻl transporti vositalari tarzidagi yoki shunday kemalar, samolyotlardan yoki avtomobil yoki temir yoʻl transporti vositalaridan foydalanishga taalluqli koʻchar mulkdan (8-moddaning 2-bandida eslatilgan konteynyerlar ham) iborat sarmoya faqat shu Davlatdagina soliqqa tortilishi mumkin.
4. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti sarmoyasining barcha boshqa elementlari faqat shu Davlatdagina soliqqa tortiladi.
23-modda
Ikkiyoqlama soliqqa tortishni bartaraf etish
Ikkiyoqlama soliqqa tortishni bartaraf etish
1. Ikkiyoqlama soliqqa tortishni bartaraf etish nisbatan quyidagi tarzda qoʻllaniladi:
a) Lyuksemburg rezidenti ushbu Konvensiyaning qoidalariga muvofiq Oʻzbekistonda soliqqa tortilishi mumkin boʻlgan daromad olsa yoki sarmoyaga egalik qilsa, Lyuksemburg b va s-kichik bandlari qoidalariga muvofiq bunday daromad yoki sarmoyani soliqqa tortishdan ozod qilishi kerak, lekin shu rezidentning qolgan daromadi yoki sarmoyasiga soliq miqdorini hisoblashda ushbu daromad yoki sarmoya soliqdan ozod qilinmagani singari xuddi oʻsha soliq stavkalarini qoʻllashi mumkin.
b) Lyuksemburg rezidenti 10, 11 va 12-moddalarning qoidalariga muvofiq Oʻzbekistonda soliqqa tortilishi mumkin boʻlgan daromad olsa, Lyuksemburg ana shu rezidentining daromad soligʻidan Oʻzbekistonda toʻlangan soliqqa teng summani chegirib tashlashga ruxsat berishi kerak, biroq bunday chegirib tashlash Oʻzbekistonda olinayotgan daromad turlariga kiritilishi mumkin boʻlgan, chegirgungacha hisoblangan soliq miqdoridan oshmasligi kerak.
s) Lyuksemburg rezidenti boʻlgan kompaniya Oʻzbekiston manbalaridan dividend olsa, bunday dividendlar Lyuksemburg rezidenti boʻlgan kompaniya dividend toʻlaydigan kompaniya sarmoyasining kamida 10 foiziga yil boshidan ega boʻlsa Lyuksemburg tomonidan soliqqa tortishdan ozod qilinishi kerak. Oʻzbekiston kompaniyasidagi yuqorida eslatib oʻtilgan aksiyalar, xuddi shunday sharoitda, Lyuksemburg sarmoya soligʻidan ozod qilinadi.
2. Ikkiyoqlama soliqqa tortishni bartaraf etish Oʻzbekistonga nisbatan quyidagi tarzda qoʻllaniladi:
a) Oʻzbekiston rezidenti Konvensiya qoidalariga muvofiq Lyuksemburgda soliqqa tortilishi mumkin boʻlgan daromad olsa yoki sarmoyaga ega boʻlsa Oʻzbekiston quyidagilarga imkon berishi kerak:
Lyuksemburgda toʻlangan daromad soligʻiga teng summani ana shu rezident daromadiga solinadigan soliqdan chegirib tashlashga;
Lyuksemburgda toʻlangan sarmoya soligʻiga teng summani shu rezidentining mol-mulkiga solinadigan soliqdan chegirib tashlashga.
Biroq bunday chegirib tashlash daromad soligʻining va mol-mulk soligʻining chegirib tashlashga ruxsat berilgunga qadar hisoblangan qismidan oshib ketmasligi kerak. Bunday chegirib tashlash vaziyatga qarab Lyuksemburgda soliqqa tortilishi mumkin boʻlgan daromadga yoki sarmoyaga kiritilishi mumkin.
b) Konvensiyaning har qanday qoidasiga muvofiq Oʻzbekiston rezidenti olgan daromad yoki egalik qilgan sarmoya Lyuksemburgda soliqdan ozod qilinsa, Oʻzbekiston bunday rezidentning qolgan daromadi yoki sarmoyasiga soliq summasini hisoblashda soliqdan ozod qilingan daromad yoki sarmoyani hisobga olishi mumkin.
24-modda
Kamsitmaslik
Kamsitmaslik
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining milliy shaxslari boshqa Ahdlashuvchi Davlatda boshqa Davlat milliy shaxslariga ayni bir xil sharoitlarda, jumladan rezidensiyaga nisbatan solinishi mumkin boʻlgandan ortiq har qanday soliqqa tortish yoki unga aloqador majburiyatlarga, soliq solishdan va unga aloqador majburiyatlardan koʻra mushkulroq holatlarga duchor qilinmaydilar. Bunday qoida 1-modda qoidalaridan qatʼiy nazar, bir yoki ikkala Ahdlashuvchi Davlat rezidentlari boʻlmagan shaxslarga nisbatan ham qoʻllaniladi.
2. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasi boshqa Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasaga soliq solish ana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ushbu Ahdlashuvchi boshqa Davlatning aynan shunday faoliyatni amalga oshiruvchi korxonalariga soliq solishdan koʻra yomonroq boʻlmaydi. Ushbu qoida Ahdlashuvchi Davlatlardan biri boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentini soliq solishda oʻz rezidentlariga ularning fuqarolik maqomi yoki oilaviy majburiyatlari asosida beradigan har qanday xususiy imtiyozlar, ozod qilishlar yoki skidkalar berishga majburlovchi qoida tarzida talqin qilinmasligi lozim.
3. Ushbu Konvensiya 9-moddasining 1-bandi, 11-moddasining 7-bandi yoki 12-moddasining 6-bandi qoidalari qoʻllaniladigan tashqari hollarda, Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidentiga bunday korxonaning soliqqa tortiladigan daromadini aniqlash maqsadida toʻlaydigan foizlar, royaltilar va boshqa xarajatlar, agar bunday toʻlovlar birinchi eslatilgan Davlat rezidentiga toʻlangan boʻlsa, bunday sharoitda chegirib tashlanadi. Shu singari Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasining boshqa Davlat rezidentiga har qanday qarzlari shu korxonaning soliqqa tortiladigan sarmoyasini aniqlash maqsadida birinchi eslatilgan Davlat rezidentining qarzi singari shartlar asosida chegirib tashlanishi kerak.
4. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonalari, qaysiki ularning sarmoyasi toʻliq yoki qisman boshqa Ahdlashuvchi Davlatning bir yoki bir necha rezidentlariga tegishli boʻlsa, yoki ular tomonidan bevosita yoki bilvosita nazorat qilinsa, birinchi eslatilgan Davlatda birinchi eslatilgan Davlatning shunday korxonalariga solinadigan yoki solinishi mumkin boʻlgan har qanday soliq solish yoki unga aloqador holatlar, boshqa yoki soliq solishdan va u bilan bogʻliq holatlardan koʻra mushkulroq holatlarga duchor qilinmaydi.
25-modda
Oʻzaro kelishuv tartiblari
Oʻzaro kelishuv tartiblari
1. Agar shaxs Ahdlashuvchi Davlatlardan biri yoki har ikkalasining faoliyati unga mazkur Konvensiyada nazarda tutilganiga muvofiq kelmaydigan soliq solinishiga olib keladi yoki olib kelishi mumkin deb hisoblasa, u mazkur Davlatlarning ichki qonunchiligida nazarda tutilgan himoya vositalaridan qatʼi nazar, oʻz arizasini oʻzi rezident boʻlgan Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organiga yoki agarda uning holati Konvensiyaning 24-modda 1-bandiga muvofiq kelsa, oʻzi milliy shaxsi boʻlgan Ahdlashuvchi Davlatga taqdim etishi mumkin. Bunday ariza mazkur Konvensiya qoidalariga nomuvofiq soliq solinishiga olib keluvchi xatti-harakatlar toʻgʻrisida birinchi bor bildirilgan vaqtdan boshlab uch yil mobaynida berilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Boshqa Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organi uning arizasini asosli deb topsa va uning oʻzi qoniqtiradigan qarorga kela olmasa, masalani Konvensiyaga muvofiq kelmaydigan soliq solinishidan qochish maqsadida Ahdlashuvchi boshqa Davlatning vakolatli organi bilan oʻzaro kelishib hal qilishga harakat qiladi. Erishilgan har qanday kelishuv Ahdlashuvchi Davlatlarning ichki qonunchiligida nazarda tutilgan har qanday vaqtincha cheklashlardan qatʼi nazar, bajarilishi kerak.
3. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari Konvensiyani talqin qilish yoki qoʻllashda yuzaga keladigan har qanday qiyinchilik va shubhalanishlarni oʻzaro kelishuv asosida hal qilishga harakat qiladilar. Ular Konvensiyada koʻzda tutilmagan hollarda ikkiyoqlama soliqqa tortishni bartaraf etish maqsadida ham bir-birlari bilan maslahatlashishlari mumkin.
4. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari oʻzlaridan yoki oʻzlarining vakillaridan iborat birlashgan komissiya orqali avvalgi bandlar xususida kelishuvga erishish maqsadida bir-birlari bilan bevosita muloqotga kirishishlari mumkin.
26-modda
Axborot almashish
Axborot almashish
1. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari ushbu Konvensiya qoidalarini amalga oshirish uchun yoki ushbu Konvensiya tatbiq etiladigan Ahdlashuvchi Davlatlarning soliqlarga doir ichki qonunchiligidan shu qonunga muvofiq soliqqa tortish Ushbu Konvensiyaga zid tushmaydigan darajada foydalanish uchun zarur boʻlgan axborotlar bilan almashinib turadilar. Axborot almashish 1-modda bilan cheklanmaydi. Ahdlashuvchi Davlat olayotgan har qanday axborot, ushbu Davlatning ichki qonunlari boʻyicha olingan axborot kabi maxfiy hisoblanadi va faqat aniqlash, olib qoʻyish, majburiy chora koʻrish, sud orqali taʼqib etish yoki ushbu Konvensiya taalluqli boʻlgan soliqlarga nisbatan apellatsiyalarni koʻrib chiqish bilan bogʻliq boʻlgan shaxslar yoki organlargagina (sudlar va maʼmuriy organlarga ham) ochiladi. Bunday shaxslar yoki organlar axborotdan faqat shunday maqsadlarda foydalanadilar. Ular ushbu axborotni ochiq sud majlisida yoki yuridik qarorlar qabul qilish chogʻida ochishlari mumkin.
2. Hech qanday holatda ham ushbu moddaning 1-bandi qoidalari Ahdlashuvchi Davlatlar zimmasiga quyidagi majburiyatlarni yuklovchi qoidalar sifatida talqin qilinmaydi:
a) u yoki bu Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligi yoki maʼmuriy amaliyotiga zid boʻlgan maʼmuriy choralarni koʻrish;
b) u yoki bu Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligiga koʻra yoki odatdagi maʼmuriy amaliyotga muvofiq olinishi mumkin boʻlmagan axborotni taqdim etish;
s) savdo, sanoat, tijorat yoki xizmat siri yoki savdo jarayonini fosh etuvchi axborotni yoki ochilishi davlat siyosatiga zid boʻlgan axborotni taqdim etish.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
27-modda
Diplomatik vakolatxonalar xodimlari va konsullik muassasalari xizmatchilari
Diplomatik vakolatxonalar xodimlari va konsullik muassasalari xizmatchilari
Ushbu Konvensiyaning hech bir qoidasi diplomatik vakolatxonalar xodimlari yoki konsullik muassasalari xodimlarining xalqaro huquq umumiy normalariga yoki maxsus bitimlar qoidalariga muvofiq belgilab qoʻyilgan soliq imtiyozlariga daxl qilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
28-modda
Konvensiyaning kuchga kirishi
Konvensiyaning kuchga kirishi
1. Har bir Ahdlashuvchi Davlat ushbu Konvensiyaning kuchga kirishi uchun shu Davlat qonunlariga koʻra zarur boʻlgan tartib-qoidalar tugaganligi xaqida boshqa Ahdlashuvchi Davlatni xabardor qiladi. Konvensiya ana shunday xabarnomaning soʻnggisi olingan kuni kuchga kiradi.
2. Konvensiya quyidagilarga nisbatan amal qiladi:
I) Konvensiya kuchga kiradigan yildan bevosita keyin keladigan taqvimiy yilning birinchi yanvarida yoki birinchi yanvaridan keyin olingan daromad manbaidan undiriladigan soliqlarga nisbatan;
II) Konvensiya kuchga kiradigan yildan bevosita keyin keladigan taqvimiy yilning birinchi yanvarida yoki birinchi yanvaridan keyin boshlanadigan har qanday soliqqa tortish yilida, daromaddan va sarmoyadan (mol-mulkdan) olinadigan boshqa soliqlarga nisbatan.
29-modda
Konvensiyaning amal qilishini toʻxtatish
Konvensiyaning amal qilishini toʻxtatish
1. Ushbu Konvensiya Ahdlashuvchi Davlatlardan biri uning amal qilishini toʻxtatgunigacha oʻz kuchini saqlab qoladi. Har bir Ahdlashuvchi Davlat Konvensiyaning amal qilishini boshqa Ahdlashuvchi Davlatga diplomatiya yoʻllari boʻyicha Konvensiya amal qilinishi toʻxtatish Konvensiya kuchga kirgan kundan boshlab besh yil oʻtganidan keyin har qanday taqvimiy yilning 30-iyunidan kechikmay yozma xabarnoma yuborish orqali toʻxtatish mumkin. Konvensiyaning amal qilishi shunday yilning 1-iyuligacha toʻxtatilgan taqdirda Konvensiya quyidagi soliqlarga nisbatan oʻz kuchini yoʻqotadi:
I) Konvensiyaning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisida xabarnoma berilgan yildan keyin bevosita keladigan yilning birinchi yanvaridan yoki birinchi yanvaridan soʻng olingan daromad manbalaridan undiriladigan soliqlarga nisbatan;
II) Konvensiyaning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisida xabarnoma berilgan yildan keyin bevosita keladigan yilning birinchi yanvarida yoki birinchi yanvaridan soʻng boshlanadigan har qanday soliqqa tortish yilida, daromaddan va sarmoyadan (mol-mulkdan) olinadigan boshqa soliqlarga nisbatan.
Tegishli tartibda vakolat berilgan quyidagi imzo chekuvchilar shunga guvohlik berib ushbu Konvensiyani imzoladilar.
Lyuksemburg shahrida 1997-yil 2-iyulda ikki nusxada tuzildi, har bir matn oʻzbek, fransuz va ingliz tillarida tayyorlandi, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
(imzolar)