Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida
Bitim
Turizm sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
1996-yil Chorjoʻyda tuzilgan Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmaniston oʻrtasida doʻstlik, hamkorlik va oʻzaro yordam toʻgʻrisidagi Shartnoma qoidalariga amal qilib,
turizm sohasidagi ikki tomonlama aloqalarning muhimligini anglab va ularga ikkala davlat xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik munosabatlarini kengaytirish va mustahkamlashning muhim hamda zarur omili sifatida qarab,
tenglik va oʻzaro foydali asosda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston oʻrtasida turistik ayirboshlashni yanada takomillashtirish uchun huquqiy asos yaratish istagini bildirib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar ikkala davlat qonunchiligiga, mazkur Bitimga va Tomonlar qatnashayotgan boshqa xalqaro bitimlarga muvofiq ikkala davlat oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlaydilar va ragʻbatlantiradilar.
2-modda
Tomonlar turistlarga xizmat koʻrsatish maqsadida Oʻzbekiston va Turkmanistonning qoʻshma tadbirkorlikni amalga oshiruvchi tashkilotlari, uyushmalari bilan amaliy aloqalar oʻrnatishga, ham guruh holidagi, ham yakka tartibdagi turizmni rivojlantirishga, ixtisoslashtirilgan guruhlar bilan tajriba almashishga, shu jumladan, Tomonlardan har biri davlatlari hududida turizm masalalari boʻyicha oʻtkaziladigan koʻrgazmalarga, yarmarkalarga, anjumanlarga, simpoziumlar va seminarlarga borish uchun koʻmaklashadilar.
3-modda
Tomonlar boshqa mamlakatlarga borishayotgan turistlarga tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmaniston hududi orqali tranzit tartibida oʻtishida koʻmaklashadilar, ushbu bitimning qatnashchisi boʻlgan boshqa davlat hududida boʻlgan uchinchi mamlakatlar turistlari safarini rasmiylashtirishda Tomonlar ichki qonunchilikka, xalqaro va davlatlararo bitimlarga amal qiladilar.
4-modda
Tomonlar oʻzlarining milliy (davlat) turistik tashkilotlari oʻrtasida turizm sohasidagi axborotlarni ayirboshlashni ragʻbatlantiradilar.
5-modda
Tomonlar oʻzaro hamjihatlik asosida turizm sohasi uchun professional kadrlar tayyorlashda bir-birlariga yordam koʻrsatadilar, turizm sohasida mutaxassislar va ilmiy ishlanmalarni ayirboshlashni, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmaniston turistik resurslarini reklama qilish maqsadida matbuot, radio va televideniye vakillari bilan ayirboshlashni ragʻbatlantiradilar.
6-modda
Tomonlar oʻz davlatlari milliy (davlat) turistik tashkilotlari, uyushmalari va korxonalarining turistik koʻrgazmalar, yarmarkalar va salonlarda qatnashishlariga koʻmaklashadilar.
7-modda
Tomonlar ham oʻzlarining, ham uchinchi mamlakatlarning hududlarida Buyuk Ipak yoʻlida turizmni rivojlantirish boʻyicha VTO/YUNESKO loyihasini birgalikda amalga oshirish yuzasidan oldindan choralar koʻradilar.
8-modda
Har qaysi Tomon boshqa Tomon hududida turizm ishlari boʻyicha rasmiy vakolatxona ochishi mumkin.
Vakolatxonalar ochish va ularning faoliyat koʻrsatish tartibi ikkala mamlakat milliy (davlat) turistik tashkilotlari oʻrtasida kelishib olinadi, Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmaniston qonunchiligi bilan tartibga solib boriladi va tegishli protokollar bilan rasmiylashtiriladi.
9-modda
Tomonlar Jahon turistik tashkiloti hamda hukumatga qarashli va hukumatga qarashli boʻlmagan boshqa xalqaro turistik tashkilotlar doirasida oʻzlarining milliy (davlat) turistik tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtiradilar.
10-modda
Tomonlar oʻzlarining milliy (davlat) turistik tashkilotlariga mazkur Bitimni bajaruvchi va ikki tomonlama hamkorlik qilish dasturlarini ishlab chiquvchi ishchi guruhi tashkil etishni topshiradilar.
11-modda
Mazkur Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi, besh yil davomida amalda boʻladi va Tomonlardan biri Bitimning amalda boʻlishini toʻxtatish haqidagi oʻz niyatidan yozma ravishda navbatdagi davr tugashidan olti oy oldin boshqa Tomonni xabardor qilmasa, uning amalda boʻlish muddati oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik davrga uzayaveradi.
Ushbu Bitimning amalda boʻlishini toʻxtatish u amalda boʻlgan davrda turizm sohasida kelishib olingan dasturlar va loyihalarning bajarilishiga toʻsqinlik qilmaydi.
Bitim 1996-yil 16-yanvarda Chorjoʻy shahrida, ikki nusxada, har biri oʻzbek, turkman va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
Mazkur Bitimni talqin qilishda rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)