Oʻzbekiston Respublikasi bilan Ukraina oʻrtasida
Bitim
Madaniyat sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi va Ukraina, bundan keyin “Tomonlar” deb ataladilar,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Ukraina xalqlari oʻrtasida madaniyat va sanʼat sohasidagi doʻstlik va hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga intilib,
ikkala davlat xalqlarining madaniy aloqalari va doʻstlik munosabatlari anʼanalarini eʼtiborga olib,
madaniyat va sanʼat sohasidagi aloqalar ikkala mamlakatning tub manfaatlariga javob berishiga va doʻstlik munosabatlarini, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro foydali hamkorlikni yanada rivojlantirishga yordamlashishiga ishonib,
oʻzlarining milliy davlat tuzilmalaridan tashqarida yashovchi fuqarolarning maʼnaviy ehtiyojlari va manfaatlarini eʼtiborga olib,
quyidagilar haqida ahdlashib oldilar:
1-modda
Tomonlar Oʻzbekiston va Ukraina xalqlarining koʻp asrlik madaniy va maʼnaviy aloqalariga tayanib, ular oʻrtasida madaniyat va sanʼat sohasidagi hamkorlikni bundan keyin ham rivojlantirishga koʻmaklashadilar. Shu maqsadda Ukrainada Oʻzbekiston madaniyati kunlari va Oʻzbekistonda Ukraina madaniyati kunlari oʻtkaziladi.
2-modda
Har ikki Tomon oʻz fuqarolariga boshqa Tomonning madaniyati bilan tanishish uchun keng yoʻl ochib berishni taʼminlaydi.
Tomonlar madaniyat davlat muassasalari va jamoat tashkilotlari oʻrtasida bevosita hamkorlik va toʻgʻridan toʻgʻri aloqalar oʻrnatishga, ularni kengaytirish va chuqurlashtirishga, manfaatdor idoralar oʻrtasida tajriba almashishga koʻmaklashadilar.
3-modda
Tomonlar ikki tomonlama dasturlar va madaniy hamkorlik qilish loyihalari asosida bir respublikadan ikkinchi respublikaga professional va havaskorlik jamoalarini, alohida ijrochilarni taklif qilishga koʻmaklashishga tayyor ekanliklarini izhor etadilar.
4-modda
Ijrochilik sanʼati sohasida Tomonlar badiiy festivallar, jamoalar va solistlarning gastrollari oʻtkazilishiga, oʻzbek va ukrain avtorlarining musiqali va dramatik sahna asarlarining qoʻyilishiga yordam koʻrsatadilar.
5-modda
Tomonlar musiqa, estrada va sirk sanʼati, tarixiy-madaniy meros obyektlarini, havaskorlik xalq ijodiyoti, xalq hunarmandchiligini muhofaza qilish sohasida oʻzaro madaniy almashuvlar va hamkorlik qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish majburiyatini oladilar.
Tasviriy sanʼat sohasida Tomonlar badiiy koʻrgazmalarni, shu jumladan, umumjahon qimmatiga ega boʻlgan kolleksiyalardan iborat koʻrgazmalarni oʻzaro almashishga koʻmaklashadilar.
6-modda
Tomonlar ikkala mamlakatning madaniy va badiiy boyliklarini, shu jumladan, tarixiy, madaniy va diniy yodgorliklar va obyektlarni saqlash hamda taʼmirlash sohasida hamkorlik qiladilar.
7-modda
Tomonlar madaniy aksiyalarni tashkil etadilar va oʻtkazadilar, madaniyat va sanʼat sohasidagi davlat va jamoat birlashmalari hamkorligini qoʻllab-quvvatlash va muvofiqlashtirishga qaratilgan dasturlarni, kerakli loyihalarni ishlab chiqadilar va amalga oshiradilar.
8-modda
Tomonlar kutubxonachilik ishi sohasida A. Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat kutubxonasi va Ukraina Milliy parlament kutubxonasi, Oʻzbekiston Respublika bolalar kutubxonasi va Bolalar uchun Ukraina milliy kutubxonasi oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik oʻrnatish majburiyatini oladilar.
Tomonlar Oʻzbekiston va Ukraina kutubxonalari oʻrtasidagi mavjud kitob almashishlarni davom ettirish, ikkala mamlakat kutubxonalarni adabiyotlar bilan butlashda yordam koʻrsatish niyatidadirlar.
9-modda
Sanʼat va madaniyat sohasi xodimlarining yuqori malakali kadrlarini tayyorlashga muhim ahamiyat berib, Tomonlar madaniyat va sanʼat oʻquv yurtlari mutaxassislarini oʻzaro oʻqitish hamda tayyorlashga koʻmaklashish majburiyatini oladilar, bunda talabalar va aspirantlarni oʻqitish majburiyatlari va shartlari ikki tomonlama asoslarda belgilanadi.
10-modda
Tomonlar muzey ishi sohasidagi hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar, ikkala mamlakatning davlat toʻplamlarida, kolleksiyalarida va fondlarida saqlanayotgan tarixiy-madaniy boyliklar toʻgʻrisida toʻliq axborotlar olishni taʼminlaydilar.
Ayirboshlashga oid badiiy koʻrgazmalar mavzui ikki tomonlama madaniy hamkorlikning har yilgi dasturlarida va loyihalarida belgilab olinadi.
11-modda
Mazkur Bitimni bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi va Ukraina Madaniyat vazirligi oʻrtasida almashishning ikki tomonlama dasturlari va hamkorlikning ishchi rejalari ishlab chiqiladi va tayyorlanadi.
12-modda
Ushbu Bitim 5 yil muddatga tuziladi va agar Tomonlardan biri uning amalda boʻlishini toʻxtatish haqida joriy davr tugashidan olti oy oldin ikkinchi Tomonni yozma holda xabardor qilmasa, oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik davrlarga uzaytirilaveradi.
Kiyev shahrida 1994-yil 10-noyabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, ukrain va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
(imzolar)