Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ukraina Hukumati oʻrtasida
Bitim
Turizm sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ukraina Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
turizm sohasida hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash istagiga amal qilib,
doʻstona aloqalarni chuqurlashtirishning omili sifatidagi xalqaro turistik aloqalarni kengaytirish uchun qulay sharoit yaratish maqsadida,
bu munosabatlarni turizm boʻyicha hukumat organlari, milliy, mintaqaviy va boshqa turistik tashkilotlar oʻrtasidagi keng hamkorlik yoʻli bilan rivojlantirish istagidan kelib chiqib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashdilar:
1-modda
Tomonlar, ikkala mamlakatning tegishli tashkilotlari ijtimoiy-iqtisodiy, fan va madaniyat sohalaridagi tajriba, shuningdek, oʻz davlatlari xalqlarining tarixiy yodgorliklari, turistik va tabiiy diqqatga sazovor joylari, madaniy va tarixiy anʼanalari bilan oʻzaro tanishtirish maqsadida turizm sohasida ish olib boruvchi tashkilotlar oʻrtasida ishchan hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga koʻmaklashadilar.
2-modda
Tomonlar ikkala mamlakatda turistik vakolatxonalar, axborot va servis xizmatlari ochilishiga yordam berishga ahdlashdilar.
Bir Tomon hududida axborot va xizmat koʻrsatish muassasalari ochilguniga qadar boshqa Tomon turistlarni qabul qilish va xizmat koʻrsatishga koʻmaklashadi.
3-modda
Tomonlar turistik tashkilotlarning foydali ish yuritishlari uchun ikkala davlat turistik vakolatxonalariga zarur sharoit yaratib berishga ahdlashdilar.
4-modda
Tomonlar amaldagi qonunlar va qoidalar asosida turistlarning davlat hududiga kirishi va harakat qilishi uchun qulay sharoitlar yaratishga ahdlashdilar.
5-modda
Tomonlar ikkala davlat hududida turistik koʻrgazma va yarmarkalar tashkil qilishga koʻmaklashadilar.
6-modda
Tomonlar turizmning turli (turizm boʻyicha davlat idoralari, turistik va transport korxonalari va tashkilotlari va turistik xizmatning boshqa boʻlinmalari) sohalarida mutaxassislar almashishga koʻmaklashadilar.
Mutaxassislar bilan almashish shartlari Tomonlarning vakolatli idoralari oʻrtasidagi Bitimlar bilan kelishib olinadi.
7-modda
Tomonlar axborot, oʻquv va reklama materiallari, shuningdek, ilgʻor tajriba almashishni foydali deb hisoblaydilar.
8-modda
Tomonlar turistik aloqalarning ahvolini aniqlash va bu sohada hamkorlikni rivojlantirish uchun turizm rahbarlarining har yilgi uchrashuvlarini oʻtkazish maqsadga muvofiq deb hisoblaydilar.
9-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va besh yil muddatga tuziladi. Agar Tomonlardan biri ikkinchi Tomonni koʻrsatilgan muddat tugashidan kamida 6 oy avval diplomatik yoʻli boʻyicha uning amal qilishini toʻxtatish istagi haqida yozma ravishda xabardor qilmasa, uning amal qilishi oʻz-oʻzidan keyingi bir yillik davrlarga uzaytiriladi.
Toshkent shahrida 1995-yil 20-iyunda, oʻzbek, ukrain va rus tillaridagi ikki nusxada tuzildi, barcha matnlarning mazmuni bir xil.
Kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda rus tilidagi matn ustuvor boʻladi.
(imzolar)