Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ukraina Hukumati oʻrtasida
Bitim
Aholi sogʻligʻini saqlash sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ukraina Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi va Ukraina aholisi sogʻligʻini mustahkamlash va himoya qilish masalasiga alohida eʼtibor berib,
davlatlarning ijtimoiy, iqtisodiy rivojlanishida sogʻliqni saqlashning oʻta muhim ahamiyatini hisobga olgan holda,
sogʻliqni saqlash sohasida vujudga kelgan oʻzaro aloqalarni saqlash va rivojlantirishga intilib,
sogʻliqni saqlash, dori-darmonlar va tibbiy-texnika ishlab chiqarish, ikkala mamlakat fuqarolariga tibbiy yordam koʻrsatish sohasida hamkorlikning dolzarbligini eʼtirof etgan holda,
teng huquqlilik, suverenitetni hurmat qilish, oʻzaro manfaatdorlik va oʻzaro yordam qatʼiyatlaridan kelib chiqib,
quyidagilar haqida ahdlashdilar:
1-modda
Tomonlar sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirish, shu jumladan, fuqarolarni tibbiy sugʻurta qilishga oʻtish, sogʻliqni saqlashni tashkil qilishning boshqa ilgʻor shakllarini hayotga tatbiq etish, tibbiy xizmat bozorini barpo qilish boʻyicha mashvaratlar oʻtkazish va tajriba almashishni koʻzlaydilar.
2-modda
Tomonlar insonparvarlik qatʼiyatlaridan kelib chiqib, oʻzaro beminnat tez sanitariya-profilaktika, davolash, mashvarat tibbiy yordami koʻrsatishni taʼminlashga ahdlashdilar.
3-modda
Tomonlar sogʻliqni saqlash va tibbiyot fanining quyidagi sohalari boʻyicha oʻzaro foydali hamkorlikni rivojlantirishga ahdlashdilar:
favqulodda holatlar boʻyicha oʻzaro manfaatli tezkor maʼlumotlar almashlash;
aholiga, jumladan, Chernobil atom elektr stansiyasi avariyasi qatnashchilariga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish;
dori-darmonlar, tashxis vositalari, immunobiologik preparatlar ishlab chiqarish, shuningdek, tibbiyot mahsulotlarini rasmiy roʻyxatga olish, ularga sertifikat berish va ular sifatini tekshirish sohasida hamkorlik qilish;
eksperimental, klinik va profilaktik tibbiyot sohasidagi asosiy va amaliy ilmiy tadqiqot ishlarini rivojlantirish.
4-modda
Tomonlar shartnoma asosida tibbiyot, taʼlim va ilm xodimlarini tayyorlash va ular malakasini oshirish uchun sharoit yaratib beradilar.
5-modda
Oʻzbekiston va Ukraina sogʻliqni saqlash vazirliklari sanitariya xizmati boshqarmalariaro toʻgʻridan toʻgʻri aloqalar oʻrnatadilar, sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini axborot va stajirovka kurslariga qabul qiladilar, sanitariya-epidemiologiya xizmati faoliyatini takomillashtirish boʻyicha tajriba almashadilar.
6-modda
Tomonlar shartnoma asosida tibbiyot texnikasi yetkazib berish, Oʻzbekiston va Ukraina korxonalarida ularni ishlab chiqarish buyurtmalarini qabul qilish, tibbiy texnikani montaj qilish va ishga tushirish masalalarida hamkorlik qilish, “Tibtexnika” tizimidagi muhandis texnik xodimlarni tayyorlash va ular malakasini oshirishni amalga oshirishda yordam berishga ahdlashdilar.
7-modda
Tomonlar oʻzaro manfaatdorlik asosida oʻz davlatlari fuqarolarini Oʻzbekiston va Ukraina sanatoriya hamda kurortlarida davolanishga yuborishlari mumkin.
8-modda
Ushbu Bitimni amalga oshirish maqsadida Tomonlar sogʻliqni saqlash sohasida hamkorlik boʻyicha Kengash tuzadilar, uning majlislari zaruriyat boʻlganda navbatma-navbat Oʻzbekiston Respublikasi va Ukrainada oʻtkazilib turiladi.
Sogʻliqni saqlash sohasida hamkorlik boʻyicha Kengash oʻz ishini rus tilida olib boradi.
9-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan kuchga kiradi va 5 yil davomida amalda boʻladi.
Agar Tomonlardan biri belgilangan muddat tugashidan ikki oy burun ikkinchi Tomonga oʻzining ushbu Bitimning amalini toʻxtatish niyatini bildirmasa, Bitimning amali oʻz-oʻzidan keyingi bir yillik muddatlarga uzayadi.
Mazkur Bitimning tugalishi shu Bitim doirasida boshlangan loyihalarning oxiriga yetkazilishiga taʼsir qilmaydi.
Ushbu Bitimga oʻzgarishlar Tomonlarning yozma kelishuvlariga binoan kiritiladi.
Toshkent shahrida 1995-yil 20-iyunda har biri ikki nusxada oʻzbek, ukrain va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim matnlarini talqin etishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda rus tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)