Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ukraina Hukumati oʻrtasida
Bitim
Farmatsevtika sanoati sohasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida
Bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchi, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ukraina Hukumati,
aholini dori-darmonlar, vaksinalar va boshqa immunobiologik vositalar, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalari bilan taʼminlanishiga alohida ahamiyat bergan holda,
farmatsevtika sanoati sohasidagi oʻzaro munosabatlarni saqlab qolish va rivojlantirishga intilib,
oʻzaro teng huquqlilik, mustaqillikni hurmat qilish, oʻzaro manfaatdorlik va oʻzaro yordam qilish tamoyillariga sodiq qolgan holda,
quyidagilar xususida ahdlashib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar dori-darmonlar, vaksinalar va boshqa immunobiologik vositalar, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalari ishlab chiqaradigan sanoat korxonalariga oʻzaro yordam koʻrsatib boradilar.
2-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar dori-darmonlar, vaksinalar va boshqa immunobiologik vositalar, tibbiyot vositalari va tibbiyot texnikalari bilan taʼminlashni Ahdlashuvchi Tomonlar qonunchiligiga va barcha mulkchilik turlaridagi xoʻjalik subyektlari orasida tuziladigan kontraktlar (shartnomalar) asosida amalga oshiradilar.
3-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar dori-darmon vositalari ishlab chiqarishda zarur boʻladigan xom-ashyo, vositalar, yarim tayyor mahsulotlar, asbob-uskunalar bilan taʼminlashdagi kooperatsiyalashgan aloqalarni saqlab qolish va rivojlantirishga kelishib oldilar.
4-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi va Ukraina davlat ehtiyojlari uchun moʻljallangan tibbiy mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi korxonalarga moddiy-texnika resurslarini ajratib borishga koʻmak berib boradilar.
5-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ilmiy-tekshirish va tajriba-ijodkorlik ishlarida oʻzaro foydali hamkorlikni sistematik rivojlantirishga kelishib oldilar, dori-darmonlarni standartlashtirish, roʻyxatdan oʻtkazish va sifat nazorati sohalarida hamkorlik qilish majburiyatini oladilar.
6-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar farmatsevtika sanoatida ishlovchi mutaxassislarni shartnomalar asosida tayyorlash va malakalarini oshirish uchun sharoit yaratib berishda koʻmaklashadilar.
7-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar davlat qonunchiligi asosida, oʻzaro kelishilgan roʻyxatlarga koʻra, oʻtkir yuqumli kasalliklar epidemiyalari boshlanishini oldini olish, diagnostika qilish va davolashda ishlatiladigan immunobiologik vositalar va boshqa dori-darmonlarni olib kirish va olib chiqib ketish uchun ruxsat beradilar.
8-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar vakolatli tashkilotlarining maxsus yozma roziliklarisiz dori-darmonlar, vaksinalar va boshqa immunobiologik vositalar, tibbiyot jihozlari va tibbiyot texnikalarini uchinchi mamlakatlarga, shu jumladan, xorijiy jismoniy va yuridik shaxslarga yoki xalqaro tashkilotlarga reeksport qilinmaydi.
9-modda
Zarurat tugʻilganda, Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro roziligiga koʻra ushbu Bitimga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritilishi mumkin.
10-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar xoʻjalik yuritish subyektlari orasida ushbu Bitim asosida amalga oshirilayotgan tovar yetkazib berishda tugʻilishi mumkin boʻlgan savollar tashqi savdo kontraktlari (shartnomalari)da koʻzda tutilgan shartlarda hal etiladi.
11-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va besh yil muddatga tuzilgandir. Bitim Ahdlashuvchi Tomonlardan biri uning amalda boʻlishini toʻxtatish istagi toʻgʻrisida yozma bildirishnomani ushbu muddat tamom boʻlishiga kamida olti oy oldin taqdim etmasa, u keyingi besh yillik muddatlarga uzaytiriladi.
Ushbu Bitim qoidalari uning amal qilish muddati tugaganidan soʻng, Bitim amal qilish vaqtida ijro etilmagan ikki mamlakat korxona va tashkilotlari oʻrtasida tuzilgan kontraktlarga nisbatan qoʻllaniladi.
Toshkent shahrida 1996-yil 5-dekabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, ukrain va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish maqsadlarida rus tilidagi matn qoʻllaniladi.
(imzolar)