Oʻzbekiston Respublikasi bilan Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasida
Shartnoma
Doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi, bundan keyin “Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
BMT Nizomining maqsad va tamoyillariga, xalqaro huquqning umumiy qabul qilingan boshqa normalariga va umuminsoniy qadriyatlarga amal qilib,
Xelsinki Yakunlovchi hujjatida, yangi Yevropa uchun Parij Xartiyasida, shuningdek Yevropada xavfsizlik va hamkorlik Tashkilotining boshqa hujjatlarida belgilangan majburiyatlarni bajarishga boʻlgan oʻz intilishlarini tasdiqlab,
ularning xalqlari oʻrtasida tarixan shakllangan doʻstlik va oʻzaro hurmat munosabatlariga asoslanib,
oʻzaro manfaatli ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish har ikki davlat xalqlarining tub manfaatlariga javob berishidan, tinchlik ishiga, barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qilishidan kelib chiqib,
oʻz davlatlararo munosabatlarini tenglik, adolat va oʻzaro tushunish prinsiplari asosida qurishga qatʼiy ahd qilib,
siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ekologiya axborot, insonparvarlik, madaniy sohalarda va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikka yangi sifat bagʻishlash va uning huquqiy bazasini mustahkamlash maqsadlarini koʻzda tutib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashdilar:
1-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz munosabatlarini doʻstona davlatlar sifatida rivojlantiradilar. Ular oʻzaro munosabatlarda suveren tenglik, kuch ishlatishdan yoki kuch bilan tahdid solishdan voz kechish, nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish, chegaralar buzilmasligi, hududiy yaxlitlik, ichki ishlarga aralashmaslik, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilish, teng huquqlilik va oʻzaro manfaatli hamkorlik, xalqaro majburiyatlarni vijdonan bajarish prinsiplariga amal qiladilar.
2-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar ularning hududi kim tomonidan boʻlmasin, ikkinchi Oliy Ahdlashuvchi tomonga qarshi dushmanlik faoliyatini amalga oshirish maqsadida foydalanilishiga yoʻl qoʻymaslik majburiyatini zimmalariga oladilar.
3-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar yalpi xavfsizlik boʻlinmas ekanligini tasdiqlaydilar va ushbu sohadagi sherikchilikni izchil amalga oshiradilar, ikki tomonlama va koʻp tomonlama asosdagi tinchlik, ishonch va xavfsizlikning mustahkamlanishiga koʻmaklashadilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar BMT Nizomi va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik Tashkiloti hujjatlariga muvofiq davlatlarning suvereniteti hamda hududiy yaxlitligini, ularning chegaralari daxlsizligini hurmat qilish va ularga rioya etish asosida nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish maqsadlaridagi faoliyatni amalga oshiradilar.
4-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar har ikkala davlatda amal qiluvchi qonunlar va qoidalarni hurmat qilish hamda ularga rioya etishga asoslanib, oʻzaro qiziqish uygʻotuvchi masalalar yuzasidan oʻz nuqtai nazarlarini kelishish uchun xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik va aloqalarni kengaytiradilar, maslahatlashuvlar oʻtkazadilar.
5-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar har ikkala davlat xalqlarining yaqinlashuvi uchun zarur sharoitlarni taʼminlashga intilib, oʻz fuqarolari, davlat va jamoat tashkilotlari va birlashmalari, oʻzini oʻzi boshqarish organlari oʻrtasidagi aloqalar kengayishiga koʻmaklashadilar.
6-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar har ikki davlat parlamentlari va parlament aʼzolari oʻrtasidagi aloqalarni va hamkorlikni rivojlantiradilar.
7-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro manfaatli ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoitlarni taʼminlaydilar. Ular oʻz iqtisodiy va savdo munosabatlari mexanizmini takomillashtirish va jahon bozori normalari va amaliyotiga yaqinlashtirish chora-tadbirlarini koʻradilar, bir-birlariga eng koʻp qulaylik rejimi yoki milliy rejim yaratish ham shu jumlaga kiradi.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar ikki tomonlama bitimlar, oʻzlarining xalqaro majburiyatlari va ichki qonunchiliklari normalari asosida bir Oliy Ahdlashuvchi Tomon yuridik va jismoniy shaxslarining ikkinchi Oliy Ahdlashuvchi Tomon davlati hududidagi tadbirkorlik faoliyati uchun qulay iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy shart-sharoitlarni yaratadilar.
8-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar tranzit va transport kommunikatsiyalari sohasidagi hamkorlikni rivojlantiradilar va chuqurlashtiradilar.
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri ikkinchi Oliy Ahdlashuvchi Tomonning oʻzlarining hududida joylashgan havo, dengiz va daryo portlari, temir yoʻl va avtomobil tarmoqlari va truboprovodlar orqali transport operatsiyalarini amalga oshirish uchun qulay imkoniyatlarni yaratadi va taʼminlaydi.
Transport va tranzit harakati sohasida hamkorlikni taʼminlash shartlari va tartibi maxsus bitimlar bilan belgilanadi.
9-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar ular oʻrtasidagi aloqa vositalari, tizimlari va yoʻllarini takomillashtirish imkoniyatlarini oʻrganadilar va uning choralarini koʻradilar hamda bu sohada tegishli bitimlar tuzadilar.
10-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar har ikki davlat mudofaa idoralari oʻrtasidagi aloqalarga alohida bitimlar asosida koʻmaklashadilar va harbiy-texnikaviy sohada oʻzaro harakat qiladilar.
11-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar fundamental va amaliy fanlar, ilgʻor texnika va texnologiyalarni birgalikda ishlab chiqish va joriy etish, shuningdek olimlar, ilmiy-tadqiqot institutlari, ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalarining toʻgʻridan toʻgʻri aloqalarini va birgalikdagi tashabbuslarini rivojlantirish sohasida samarali hamkorlik qilish uchun shart-sharoitlar yaratilishiga koʻmaklashadilar.
Tomonlar ushbu masalalar boʻyicha alohida bitimlar tuzadilar.
12-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar taʼlim sohasidagi munosabatlarni rivojlantiradilar hamda turli oʻquv yurtlari oʻrtasidagi hamkorlikni ragʻbatlantiradilar, jumladan oʻquvchilar, talabalar, aspirantlar va stajorlar ayirboshlash yoʻli bilan ragʻbatlantiradilar.
Tomonlar, guvohnomalar, attestatlar, maʼlumoti toʻgʻrisidagi diplomlar, ilmiy darajalar va ilmiy unvonlarning ekvivalentligini oʻzaro tan olish mexanizmini ishlab chiqadilar.
Ushbu masalalar boʻyicha alohida bitimlar tuziladi.
13-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar ikki tomonlama madaniy aloqalar kengayishi va chuqurlashuvini umumjahon madaniy merosini boyitishning zarur sharti deb hisoblaydilar. Tomonlar mana shundan kelib chiqib ijodiy jamoalar, madaniyat arboblari oʻrtasida ayirboshlash kengayishiga koʻmaklashadilar, shuningdek madaniy qadriyatlar, arxivlar, kutubxonalar, ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda ikkinchi Tomon fuqarolari uchun oʻz fuqarolariga koʻrsatiladigan sharoitlarga teng darajadagi sharoitlarni taʼminlaydilar.
14-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar huquqni muhofaza qilish, intellektual mulkni himoya qilish va undan foydalanish masalalarida xalqaro tashkilotlar doirasida bevosita hamkorlik qiladilar.
15-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro manfaatlardan va oʻz imkoniyatlaridan kelib chiqib atrof-muhit muhofazasi va uni yaxshilash, texnogen tusdagi avariyalar va tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish, tabiatdan ehtiyotkorlik bilan foydalanish, ekologik sof ishlab chiqarishlar sohasini kengaytirish, tabiatni muhofaza qilish va tabiatni tiklashning yuqori samarali tadbirlarini amalga oshirish sohasidagi hamkorlikni rivojlantiradilar.
16-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar aholi salomatligi muhofaza qilinishini taʼminlash, tibbiyot fani va amaliyotini rivojlantirish boʻyicha birgalikdagi harakatlar zarurligini tan oladilar.
Tomonlar boshqa Tomon fuqarolari uchun mavjud noyob va ixtisoslashtirilgan tibbiy va sanatoriya-kurort muassasalaridan teng foydalanishni, tibbiy va maslahat yordami olishni taʼminlaydilar.
17-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri ikkinchi Oliy Ahdlashuvchi Tomon fuqarolariga ularning millatidan, jinsidan, tilidan, diniy eʼtiqodidan, siyosiy va boshqa maslagidan qatʼi nazar, teng huquq va erkinliklarni kafolatlaydilar.
18-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar huquqni buzishlarga qarshi kurash, shu jumladan, uyushgan jinoyatchilikka, korrupsiyaga, terrorchilikka, nolegal immigratsiyaga, gʻayriqonuniy moliyaviy operatsiyalarga, narkotik va psixotrop moddalar, zaharli ximikatlar, qurol-yarogʻ, portlovchi moddalarning gʻayriqonuniy aylanishiga, havo qaroqchiligi va kontrabandaga qarshi kurash masalalarida hamkorlik qiladilar. Tomonlar ushbu sohada tajriba va operativ axborotni almashadilar, ushbu yoʻnalishda bevosita va xalqaro hamkorlik doirasida maslahatlashuvlar va birgalikdagi tadbirlarni amalga oshiradilar.. Tomonlar huquqiy axborotni ayirboshlash, huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qoʻllash sohasida hamkorlik qiladilar.
Tomonlar aytib oʻtilgan masalalar boʻyicha tegishli bitimlar tuzadilar.
19-modda
Ushbu Shartnoma biror-bir davlatga qarshi qaratilmagan hamda Oliy Ahdlashuvchi Tomonlarning uchinchi davlatlar bilan tuzilgan amaldagi ikki tomonlama va koʻp tomonlama shartnomalari boʻyicha huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
20-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Shartnomani talqin qilish va qoʻllash bilan bogʻliq nizolarni BMT Nizomining 33-moddasida nazarda tutilgan nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish tartibidan foydalangan holda hal etadilar.
21-modda
Oliy Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro ahdlashuviga koʻra ushbu Shartnomaga qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar kiritishlari mumkin, bu qoʻshimcha va oʻzgartirishlar tegishli protokollar bilan rasmiylashtiriladi. Qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar har ikkala Tomon ularni ratifikatsiya qilgandan keyin kuchga kiradi hamda ushbu Shartnomaning ajralmas qismi hisoblanadi.
22-modda
Ushbu Shartnoma ratifikatsiya qilinishi shart va ratifikatsiya yorliqlari ayirboshlangan kunda kuchga kiradi.
Ushbu Shartnoma oʻn yil muddatga tuziladi. Agar Oliy Ahdlashuvchi Tomonlardan hech biri tegishli muddat tamom boʻlishidan kamida oʻn ikki oy oldin uni bekor qilish haqidagi oʻz niyati toʻgʻrisida ikkinchi Tomonni yozma ravishda xabardor qilmasa, uning amal qilishi oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik davrlarga uzaytiriladi.
Baku shahrida 1996-yil 27-mayda har biri oʻzbek, ozarbayjon rus tillarida boʻlgan ikki nusxada tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
Ushbu Shartnomaning qoidalarini talqin qilish maqsadlari uchun rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)