Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan oqilona foydalanish sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataladi,
atrof muhitni muhofaza qilishga va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga katta ahamiyat berib hamda hamkorlikni amalga oshirish yoʻli bilan ushbu sohada amaliy natijalarga erishishni istab,
hozirgi va kelajak avlodlarning manfaatlarini hisobga olib iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishni amalga oshirish uchun atrof muhitni muhofaza qilish va uning holatini yaxshilashning, tabiat resurslaridan ehtiyotkorlik va tejamkorlik bilan foydalanishning ahamiyatini anglab,
insonning atrof muhitning hayot uchun qulay boʻlishiga boʻlgan huquqini amalga oshirishni istab,
mamlakatlarning har birida atrof muhitni muhofaza qilishning umumiy muammolarini hal etish ishida hamkorlik qilish ularning oʻzaro manfaatiga mos kelishiga ishonch bildirib, mana shu hamkorlik yoʻli bilan umumbashariy va mintaqaviy darajalarda barqaror rivojlanishning asosi sifatida atrof muhitni muhofaza qilish, yaxshilash va tabiatdan oqilona foydalanish boʻyicha xalqaro saʼy-harakatlarga yanada koʻmaklashishni istab,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashdilar:
1-modda
Tomonlar har ikkala davlatning milliy qonunchiligi va ushbu maqsadlarga ajratiladigan moliyaviy mablagʻlar doirasida teng huquqlilik, oʻzaro foyda koʻrish asosida atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi hamkorlikni rivojlantiradilar.
2-modda
Tomonlar quyidagi sohalarda hamkorlikni amalga oshiradilar:
a) atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanishni normativ-huquqiy tartibga solish;
b) atrof muhit ifloslanishini nazorat qilish usullari, vositalari va asboblari;
v) tabiatdan foydalanishning iqtisodiy mexanizmi;
g) qoʻriqxona ishi va biologik xilma-xillikni saqlash, shu jumladan chegara zonasida; bioresurslarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish;
d) tuproqni muhofaza qilish va yer resurslaridan oqilona foydalanish;
e) yer osti boyliklarini muhofaza qilish va mineral resurslardan oqilona foydalanish;
j) kon qazish korxonalarining chiqindilarini yoʻqotish va zararsizlantirish;
z) havo havzasini muhofaza qilish;
i) suv resurslaridan oqilona foydalanish va ularning ifloslanishining oldini olish, suvdan pulli foydalanish mexanizmini belgilash;
k) Fargʻona vodiysining togʻli va togʻ oldi rayonlarida joylashgan hamda mahalliy aholining hayoti va sogʻligʻiga xavf soluvchi zaharli va radioaktiv chiqindilarni neytrallashtirish, zararsizlantirish, xavfsiz yoʻqotish va koʻmish;
l) potensial transchegara taʼsiriga ega boʻlgan obyektlar uchun qoʻshma ekologik ekspertizalar oʻtkazish;
m) ekologik jihatdan sof, resurslarni tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish, ushbu sohada tanishishga ruxsat berish;
n) shaharlarda atrof muhitni yaxshilash;
o) iqlimning global isib ketishining oldini olish;
p) hamkorlikning boshqa sohalari keyinchalik kelishilishi mumkin.
3-modda
Tomonlarning hamkorligi doimiy asosda quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
a) atrof muhitni muhofaza qilish sohasida qonun hujjatlari va normativ hujjatlarni, shuningdek boshqa axborotni ayirboshlash;
b) qoʻshma ekologik ekspertizalar, ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, tajriba almashish maqsadida mutaxassislar stajirovkalarini oʻtkazish;
v) tabiatni muhofaza qilish faoliyatini faollashtirish yuzasidan konferensiyalar, simpoziumlar va boshqa tadbirlarni birgalikda oʻtkazish, ekologik bilimlarni targʻib qilish va shu yoʻnalishlarda aholini tarbiyalash;
g) transchegara ahamiyatiga ega boʻlgan loyihalarni birgalikda amalga oshirish.
Keyinchalik hamkorlikning boshqa shakllari kelishilishi mumkin.
4-modda
Tomonlar mazkur Bitimni bajarish uchun har ikki davlatning tabiatni muhofaza qilish idoralariga mazkur Bitim doirasida chora-tadbirlar majmui boʻyicha takliflar tayyorlash va ularni amalga oshirish vakolatini beradilar.
Tomonlar mazkur Bitim qanday amalga oshirilayotganligi toʻgʻrisida bir-birlariga muntazam ravishda axborot berib turadilar.
5-modda
Tomonlar atrof muhitni muhofaza qilish sohasida har ikkala davlatning turli organlari, muassasalari va alohida shaxslari oʻrtasidagi hamkorlikka koʻmaklashadilar.
6-modda
Mazkur Bitim qoidalari ushbu bitim imzolangungacha va undan keyin tuzilgan ikki davlat hamkorligiga tegishli boʻlgan boshqa ahdlashuvlarga daxl qilmaydi.
7-modda
Tomonlar mazkur Bitim doirasida samarali hamkorlik qilish maqsadida mazkur Bitimdan kelib chiquvchi masalalar boʻyicha maslahatlashadilar.
8-modda
Mazkur Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va besh yil davomida amal qiladi hamda keyinchalik bir Tomon ikkinchi Tomonni oʻzining mazkur Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida xabardor qilgan kundan boshlab olti oy oʻtgunga qadar kuchda boʻladi.
1996-yil 24-dekabrda Toshkent shahrida har biri oʻzbek, qirgʻiz va rus tillarida boʻlgan ikki nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga egadir. Anglashilmovchiliklar paydo boʻlgan taqdirda rus tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)