Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Simob va simobli birikmalarni tashish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasining shakllangan integratsion iqtisodiy aloqalarini hisobga olib,
simob va simobli birikmalarni oʻtkazish oʻzaro kelishilgan chora-tadbirlarni talab etishini eʼtirof etib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishdilar:
1-modda
Mazkur Bitim maqsadlari uchun va u amalda boʻlgan davrda tovar deganda 19433-88 Davlat standartiga muvofiq xavfli boʻlgan 8 toifadagi yuklarga kiruvchi 4658-73 Davlat standartidagi simob va simobli birikmalar (shlamlar) tushuniladi.
2-modda
Har bir Ahdlashuvchi Tomon Ahdlashuvchi Tomonlar hududida tovarni tashish va tranzitga qabul qilishda cheklashlar hamda man etishlarni joriy etmaydi.
3-modda
Joʻnatilayotgan yoki boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududi orqali qabul qilinayotgan tovarning joʻnatuvchisi yoki qabul qiluvchisi boʻlgan Ahdlashuvchi Tomon bu Tomonga odamlarning hayoti va sogʻligʻi, atrof-muhitning xavfsizligini kafolatlaydi.
4-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ular asosida tovarni tashish amalga oshiriladigan amaldagi Davlat standartlari va texnik shartlarga oʻzgartirishlar toʻgʻrisida bir-biriga zudlik bilan xabar beradi.
5-modda
Tovarni qabul qilish va tashish sharoitlarini taʼminlash tartibi vakolatli ijrochilar oʻrtasida tashishga shartnoma shartlari bilan belgilanadi.
6-modda
Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz qonunchiligi va xalqaro majburiyatlarga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati xoʻjalik faoliyati subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga teng huquqiy himoya taqdim etadi.
7-modda
Mazkur Bitimga zarur hollarda tomonlarning kelishuviga koʻra yozma ravishda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
8-modda
Mazkur Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bitim 5 yil muddatga tuziladi. Uning amalda boʻlishi agar tegishli davrning tugashiga 6 oy qolganda Tomonlardan hech biri boshqa Tomonni uning harakatlarini toʻxtatish toʻgʻrisidagi oʻz istagidan yozma ravishda xabardor etmasa har safar oʻz-oʻzidan keyingi yilga uzaytiriladi.
1996-yil 24-dekabrda Toshkent shahrida har biri oʻzbek, qirgʻiz va rus tillarida boʻlgan ikki asl nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
(imzolar)