Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Sanoat mulkini muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataladilar,
ikkala davlat oʻrtasidagi tarixan tarkib topgan munosabatlarni eʼtiborga olib,
savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish istagida,
sanoat mulkini samarali va monand muhofaza qilish bunday hamkorlikni rivojlantirishning zaruriy sharti ekanligini eʼtirof etib,
shu maqsadda sanoat mulki mualliflari va egalarining huquqlarini muhofaza qilish uchun oʻzaro kulay shart-sharoit yaratish zarurligini anglagan holda,
quyidagilar haqida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar ixtirolar, sanoat namunalari, mahsulot belgilari va boshqa sanoat mulki obyektlariga boʻlgan huquqlarni muhofaza qilish hamda ulardan foydalanish sohasidagi hamkorlikni ushbu Bitimga va boshqa oʻzlari ishtirokchi boʻlgan yoki boʻladigan xalqaro shartnomalarga muvofiq oʻzaro manfaatdorlik hamda tenglik asosida amalga oshiradilar va rivojlantiradilar.
2-modda
Tomonlarning hamkorligi:
sanoat mulki obyektlariga boʻlgan huquqlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq masalalarni tartibga solishga;
sanoat mulkini muhofaza qilish sohasidagi milliy huquqiy hujjatlarni muvofiqlashtirishga;
Oʻzbekiston Respublikasi talabnoma beruvchilari uchun Qirgʻiziston Respublikasida va Qirgʻiziston Respublikasi talabnoma beruvchilari uchun Oʻzbekiston Respublikasida muhofaza hujjatlari berish soʻralgan talabnomalarni topshirish va ularni koʻrib chiqish tartibini oʻzaro soddalashtirishga;
sanoat mulkini muhofaza qilish sohasida axborot, normativ va boshqa hujjatlar, shuningdek tajriba va mutaxassislar almashishga yoʻnaltiriladi.
3-modda
Sanoat mulkini muhofaza qilish sohasida bir davlatning jismoniy va yuridik shaxslari ikkinchi davlat hududida mazkur ikkinchi davlatning qonunchiligi bilan uning oʻz jismoniy va yuridik shaxslari uchun hozirgi vaqtda berilgan yoki keyinchalik beriladigan huquq va imtiyozlardan bir xil asoslar hamda hajmlarda huquqiy muhofaza vositalaridan foydalanadilar.
Bunda ushbu Bitim bilan tartibga solinmagan masalalar boʻyicha Tomonlar 1967-yil 14-iyulda Stokgolmda qayta koʻrib chiqilgan Sanoat mulkini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi Parij Konvensiyasi qoidalarini qoʻllaydilar.
4-modda
Tomonlardan har biri quyidagilarni taʼminlovchi zarur chora-tadbirlarni amalga oshiradilar:
sanoat mulki obyektlari uchun ilgari berilgan SSSR muhofaza hujjatlarining oʻz hududida amal qilishini eʼtirof etish;
SSSR mualliflik guvohnomalari va guvohnomalari bilan muhofaza qilingan ixtirolardan va sanoat namunalaridan foydalanganlik uchun mazkur foydalanish sodir boʻlgan davlatning huquqiy hujjatlariga muvofiq mualliflarga mukofot pulini toʻlash;
sanoat namunalari uchun SSSR ixtirolari va guvohnomalariga SSSR mualliflik guvohnomalarini qolgan amalda boʻlish muddati uchun milliy patentlarga almashtirish;
SSSR muhofaza hujjatlari boʻyicha sanoat mulki obyektlariga berilgan milliy muhofaza hujjatlarining har ikkala davlatlar hududida amalda boʻlishini muhofaza qilinayotgan obyektning ushbu obyektga talabnoma berilgan sanada amalda boʻlgan qonunchilikda nazarda tutilgan muhofazaga layoqatlilik shartlariga nomuvofiqligi sababli toʻxtatish;
har ikkala davlatlarning murojaat qiluvchilariga va ularning patent boʻyicha vakillariga milliy muhofaza hujjatlari hamda SSSR muhofaza hujjatlarini milliy muhofaza hujjatlariga almashtirish boʻyicha tavsiyanomalar berish huquqini berish.
5-modda
Tomonlar eʼtirof etadilarki, Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasining har qanday jismoniy yoki yuridik shaxsi litsenziya shartnomasi tuzmasdan ixtiro yoki sanoat namunasidan foydalanish huquqini, basharti ushbu ixtiro yoki sanoat namunasidan foydalanish boshqa shaxslar tomonidan SSSR mualliflik guvohnomasi berish uchun talabnoma ilgari berilgan ixtiro yoki sanoat namunasiga milliy patent berish soʻralgan iltimosnoma topshirilgan sanadan oldin qonuniy ravishda boshlangan boʻlsa, saqlab qoladi.
Bunda mualliflarga mukofot pulini toʻlash koʻrsatilgan ixtiro yoki sanoat namunasi qaysi davlat hududida foydalanilayotgan boʻlsa oʻsha davlatning qonunchiligida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
6-modda
Muhofaza hujjatlarini berish soʻralgan talabnomalarni topshirish, muhofaza hujjatlarini qabul qilib olish va ularni oʻz kuchida saqlab turishda ikkala davlatning patent boʻyicha vakillari oʻzaro hamjihatlilik prinsipi asosida bevosita shu davlatlarning patent idorasi bilan ish olib borishlari mumkin boʻlib, bunda faqat milliy talabnoma beruvchilarning manfaatlarini ifodalaydilar. Bir davlatning milliy talabnoma beruvchilariga, shuningdek uning huquqiy hujjatlari bilan belgilangan tartibda oʻzaro hamjihatlilik prinsipi asosida muhofaza hujjatlarini olish va ularni oʻz kuchida saqlab turish borasida bevosita boshqa davlatning patent idorasi bilan ish olib borish huquqi beriladi.
Bir davlatning murojaat qiluvchisi tomonidan boshqa davlatning patent boʻyicha vakiliga patent olish uchun beriladigan talabnomalari milliy ustuvorlik toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud boʻlgan taqdirda qabul qilinadi.
7-modda
Tomonlar boshqa Tomonning murojaat qiluvchisi tomonidan talabnomalar berishda murojaat qiluvchining sanoat mulki obyektlariga chet mamlakat patenti berish tartibiga doir milliy qonunchilik talablariga amal qilishni tasdiqlovchi hujjat taqdim qilinishini eʼtirof etadilar.
8-modda
Talabnomalar topshirganlik, muhofaza hujjatlari berganlik, ularni oʻz kuchida saqlab turganlik va sanoat mulkini muhofaza qilish va undan foydalanish bilan bogʻliq boshqa yuridik jihatdan ahamiyatli ishlarni bajarganlik uchun poshlinalar toʻlash, shuningdek boshqa xizmatlar koʻrsatganlik uchun toʻlov Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasining qonunchiligida nazarda tutilgan valyutada, miqdorlarda va tartibda amalga oshiriladi.
9-modda
Tomonlar iqtisodiy, savdo, sanoat, fan va texnika sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi ikki tomonlama bitimlarga sanoat mulki obyektlarining muhofaza qilinishini taʼminlashga doir qoidalarni kiritish majburiyatini zimmalariga oladilar.
10-modda
Tomonlarning ushbu Bitimni amalga oshirish davomida bir-birlariga yoʻllaydigan barcha hujjatlari rus tilida taqdim etiladi.
11-modda
Kuyidagilar Tomonlarning vakolatli organlari hisoblanadilar:
Oʻzbekiston Respublikasi uchun — Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasining Davlat patent idorasi;
Qirgʻiziston Respublikasi uchun — Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati huzuridagi intellektual mulk Davlat agentligi.
Patent idoralarining hamkorlik qilish tartibi va shartlari ular oʻrtasidagi maxsus bitimlar bilan aniqlanadi.
12-modda
Ushbu Bitimdan kelib chiqadigan yoki uning bajarilishi bilan bogʻliq masalalar yuzasidan kelishmovchiliklar paydo boʻlgan taqdirda Tomonlarning vakillari ushbu kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun tegishli maslahatlashuvlar oʻtkazadilar.
13-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning boshqa davlatlar bilan sanoat mulkini muhofaza qilish sohasida ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlikda ishtirok etishiga toʻsqinlik qilmaydi.
14-modda
Ushbu Bitimga Tomonlarning oʻzaro kelishuviga binoan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
15-modda
Ushbu Bitim imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi va besh yil mobaynida amal qiladi. Agar Tomonlardan biri uning navbatdagi amal qilish davri tugashidan kamida olti oy oldin ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish boʻyicha oʻz niyati toʻgʻrisida ikkinchi Tomonni yozma ravishda xabardor qilmasa, uning amal qilishi keyingi besh yillik davrlarga oʻz-oʻzidan uzayaveradi.
Ushbu Bitim amalda boʻlishining toʻxtatilishi ikkala davlat jismoniy va yuridik shaxslariga ushbu Bitimning amalda boʻlish davrida berilgan talabnomalarga binoan berilgan yoki berilishi mumkin boʻlgan muhofaza hujjatlarining amal qilishiga taʼsir etmaydi.
1996-yil 24-dekabrda Toshkent shahrida ikki nusxada, har biri oʻzbek, qirgʻiz va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)