Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Madaniyat, sogʻliqni saqlash, ilm-fan, taʼlim, turizm va sport sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataladi,
tarixiy rivojlanishning koʻp asrlik yaxlitligiga, oʻzlarining hamjihatlik, adolat va tenglik asosidagi davlatlararo munosabatlarini qatʼiyat bilan qurishga, anʼanaviy madaniy va ilmiy-texnikaviy aloqalarga asoslanib,
doʻstlik, qoʻshnichilik aloqalarini va oʻzaro foydali hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash Oʻzbekiston va Qirgʻiziston xalqlarining tub manfaatlariga javob berishini hisobga olib,
1992-yil 29-sentabrda Toshkent shahrida tuzilgan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirgʻiziston Respublikasi oʻrtasidagi doʻstlik, hamkorlik va oʻzaro yordam toʻgʻrisidagi Shartnomaga amal qilib,
ikki tomonlama siyosiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy va insonparvarlik munosabatlarini kengaytirish va chuqurlashtirishning, shuningdek, ikkala respublikaning ilmiy, texnologik va ishlab chiqarish salohiyatlaridan oʻzaro manfaatli va samarali foydalanishning muhimligini eʼtiborga olib,
ilm- fan, taʼlim, madaniyat, sogʻliqni saqlash, turizm va sport sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish ikkala respublika oʻrtasidagi doʻstona qoʻshnichilik munosabatlarining mustahkamlanishiga, bilimlar va madaniyatlarni oʻzaro boyitishni kengaytirishga yordam berishiga ishonib,
Osiyo va Yevropada tinchlik va hamkorlikni mustahkamlashga intilib,
quyidagilar haqida ahdlashib oldilar:
1-modda
Madaniyat va sanʼat sohasida ikkala respublika xalqlari oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirish va chuqurlashtirish, oʻzlarining hududlarida yashovchi barcha millat va elatlarning tillari va madaniyatlarini butun choralar bilan rivojlantirishga, davlat, mintaqaviy va mahalliy darajadagi madaniyat muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni, ijodiy jamoalar, madaniyat, sanʼat va adabiyot arboblari bilan oʻzaro tajriba almashuvlarni kengaytirish va chuqurlashtirishga har tomonlama koʻmaklashish.
2-modda
Ikkala tomon xalqlarining har tomonlama aloqalariga koʻmaklashish, Oʻzbekistonda vistavkalar va Qirgʻiziston Respublikasi Kunlarini hamda Qirgʻizistonda Oʻzbekiston Respublikasi Kunlarini sanʼat ustalari, badiiy havaskorlik, jismoniy tarbiya va sport jamoalari, olimlar va adabiyot arboblari, ishbilarmonlar doiralari, jamoatchilik va mintaqalar vakillari ishtirokida muntazam ravishda oʻtkazib turish.
Birinchi marta Oʻzbekistonda Qirgʻiziston Respublikasi kunlari 1994-yil avgust oyida va Qirgʻizistonda Oʻzbekiston Respublikasi Kunlari 1994-yil iyun oyida oʻtkazilsin.
3-modda
Sogʻliqni saqlash va tibbiyot fanini rivojlantirish, ularning moddiy-texnika negizlarini mustahkamlash, ekstrimal vaziyatlarda, aholi salomatligini muhofaza qilishda tibbiy yordam koʻrsatish, ikkala Tomon fuqarolari tomonidan kasalliklarni aniqlash va ularning oldini olish, maslahatlar olish va davolanish uchun ixtisoslashtirilgan noyob muassasalardan bemalol va teppa-teng foydalanishni saqlash yuzasidan birgalikdagi saʼyi-harakatlarni amalga oshirish;
4-modda
Hozirgi zamon ilm-fani, texnikasi va texnologiyalari yutuqlaridan foydalangan holda fundamental va amaliy tadqiqotlar sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, uzoq muddatli asosda milliy fanlar akademiyalari, ilmiy markazlar va oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida ilmiy aloqalarni kengaytirishga koʻmaklashish, yagona dasturlar va loyihalarni amalga oshirishni ragʻbatlantirish, qoʻshma ilmiy va ilmiy-ishlab chiqarish jamoalari, shuningdek, ikkala Tomonning noyob ilmiy obyektlari negizida xalqaro markazlar tuzishga va ularning faoliyat koʻrsatishiga yordam berish.
5-modda
Ikkala Tomonning taʼlim tizimini samarali isloh qilishga yordam beruvchi oliy, oʻrta maxsus va hunar taʼlimi sohasidagi hamkorlikni amalga oshirish.
Yuqori ilmiy malakali mutaxassislar tayyorlashda, talabalar va professor-oʻqituvchi kadrlar bilan oʻzaro almashishda har tomonlama yordam berish.
6-modda
Turizm va dam olish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, turizm infrastrukturasini rivojlantirishga va kadrlar tayyorlashga koʻmaklashish. Xorijiy turizmni kengaytirish yuzasidan qoʻshma loyihalarni tuzish, qoʻshma turistik yoʻnalishlarni ishlab chiqish, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston orqali oʻtadigan “Buyuk ipak yoʻli” yoʻnalishini tiklash yuzasidan oʻzaro yordamlashish, respublikalar oʻrtasida oʻzaro turistlar almashuviga koʻmaklashish. Tomonlarning barcha madaniy-tarixiy meroslari bilan bemalol tanishish va ulardan erkin foydalanishni taʼminlash.
7-modda
Sport sohasidagi har tomonlama aloqalarni kengaytirish va chuqurlashtirishga, sportning har xil, shu jumladan, harbiy texnika va amaliy turlari boʻyicha spartakiadalar, chempionatlar, turnirlar va match uchrashuvlari oʻtkazishga yordam berish.
Ommaviy jismoniy tarbiyani rivojlantirish va yuqori darajadagi usta sportchilarni tayyorlash uchun sport inshootlari va bazalardan birgalikda foydalanishni odat tusiga kiritish, sportning milliy turlarini tiklash va ommaviylashtirish boʻyicha hamkorlikni rivojlantirish.
8-modda
Hamkorlik qilishning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha oʻzaro faoliyatning aniq turlari va shakllari madaniyat, sogʻliqni saqlash, ilm-fan, taʼlim, turizm va sport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish Dasturi bilan belgilanadi.
9-modda
Tomonlar tegishli Vazirliklar, idoralar, konsernlar, korporatsiyalar va uyushmalarga mazkur Bitimning ajralmas qismi hisoblangan Dasturni amalga oshirish yuzasidan alohida bitimlar tuzishni topshiradilar.
10-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning oʻzlari qatnashchilari hisoblangan boshqa davlatlararo shartnomalari va Bitimlaridan kelib chiqadigan huquqlari va majburiyatlariga daxl qilmaydi, ular 2000-yilgacha boʻlgan muddatga tuziladi va agar Tomonlardan biri uning amalda boʻlish muddati tugashidan uch oy oldin uni toʻxtatish haqida maʼlum qilmasa, uning muddati undan keyingi besh yillik davrga avtomatik ravishda uzaytirilaveradi.
11-modda
Mazkur Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi. Bitim 1994-yil 16-yanvarda Bishkek shahrida ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, qirgʻiz va rus tillarida tuzildi, ikkala matn ham bir xil kuchga egadir.
(imzolar)