Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI I. A. KARIMOVNING AXBOROTI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimovning respublika Hukumati oʻtkazayotgan ichki va tashqi siyosatning asosiy yoʻnalishlari, iqtisodiy va ijtimoiy ahvol, mavjud obyektiv qiyinchiliklarni bartaraf etish yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi axborotini tinglab, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi oʻtkazib kelayotgan ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni har taraflama mustahkamlashga, koʻp millatli respublika barcha aholisining teng huquqliligi va xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan ishlar asosan maʼqullansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga Oʻzbekistonning chinakam mustaqilligiga erishish, uning xalqaro obru-eʼtiborini yanada oshirish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlarni bundan buyon ham izchilik bilan amalga oshirib boraverish taklif etilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi taqdim etgan davlat tasarrufidan chiqarilishi, xususiylashtirilishi, sotib olinishi va ijaraga topshirilishi mumkin boʻlmagan korxonalar va mulk turlari hamda guruhlarining roʻyxati, Oʻzbekiston Hukumatining qaroriga binoan xususiylashtirilishi va davlat tasarrufidan chiqarilishi mumkin boʻlgan obyektlar va korxonalar roʻyxati, shuningdek, ijaraga topshirilishi cheklanadigan korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va mol-mulklar roʻyxati tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati:
— Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari ijrosini yanada toʻlaroq taʼminlash yuzasidan normativ hujjatlar ishlab chiqish va qabul qilishni jadallashtirsin. Respublika iqtisodiyotining bozor munosabatlariga kirishi bilan bogʻliq masalalarga, shuningdek yangicha sharoitda aholini ijtimoiy jihatdan himoya qilish siyosatini sabot bilan amalga oshirish zarurligiga eʼtibor bersin;
— davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishning 1992-1993-yillarga moʻljallangan Davlat dasturi qabul qilingunga qadar “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonun amalga kiritilganidan keyin tuzilgan mulkchilik shaklini hamda davlat mol-mulkining egalarini oʻzgartirish haqidagi shartnomalarni (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining qarorida qayd etilgan hollar bundan mustasnodir) haqiqiy emas, deb topsin;
Oʻzbekiston Respublikasini Qoʻshilmaslik harakatiga aʼzolikka qabul qilish iltimosi bilan murojaat etsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi Sh. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
1992-yil 2-iyul,
613-XII-son
Davlat tasarrufidan chiqarilishi, xususiylashtirilishi, sotib olinishi va ijaraga topshirilishi mumkin boʻlmagan korxonalar va mol-mulk turlari hamda guruhlari
1. Yer osti boyliklari, ichki suvlar, oʻsimlik va hayvonot dunyosi, respublika hududi doirasidagi havo havzasi.
2. Tarixiy-madaniy va tabiiy meros obyektlari, badiiy qadriyatlar (tarix va madaniyat yodgorliklari, kino, foto va fonohujjatlardan iborat davlat fondlari, ilmiy tadqiqot muassasalarining arxivlari va fondlari).
3. Respublikaning davlat xazinasi, respublika Davlat budjetining, zaxirasining, Pensiya jamgʻarmasining, davlatning budjetdan jamgʻarmalarining, Markaziy bankining mablagʻlari, shuningdek respublikaning oltin zaxirasi.
4. Pul muomalasi sohasida xizmat koʻrsatuvchi banklar va boshqa muassasalar, pul belgilarini, davlat xazinasi biletlarini, aksiyalar, obligatsiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlarni, ordenlar, medallar va pochta belgilarini chiqarishni taʼmin etuvchi Davlat tamgʻasi korxonalari va muassasalari.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining, Milliy xavfsizlik xizmatining va Ichki ishlar vazirligining sanoatda qayta ishlov berilishi mumkin boʻlmagan mol-mulki.
6. Geologiya kartografiya-geodeziya, gidrometrologiya xizmatlarining tabiiy muhit holatini nazorat qiluvchi hamda tabiatni muhofaza qiluvchi xizmatlarning korxonalari va muassasalari.
7. Sanitariya-epidemiologiya xizmatining, oʻrmon xoʻjaligining korxonalari va muassasalari.
8. Patent xizmati, standartlash va metrologiya korxonalari mashina sinash stansiyalari.
9. Suv xoʻjaligi va meliorativ tarmoqlar hamda inshootlardan foydalanuvchi korxonalar avariya qutqarish kemalari, gidrotexnik inshootlarni texnik nazorat qilish kemalari.
10. Aloqa korxonalari (“Soyuzpechat” tarmogʻidagi chakana savdo korxonalaridan tashqari) televizion, radio uzatish markazlari hamda ularni muhandislik inshootlari.
11. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari.
12. Kuchli taʼsir etadigan zaharlarni giyohvand va zaharli moddalarni ishlab chiqaruvchi shuningdek tarkibida giyohvand va zaharli moddalari boʻlgan ekinlarni ekuvchi, yetishtiruvchi va ularga qayta ishlov beruvchi korxonalar.
13. Safarbarlik zaxiralari (korxona xususiylashtirilayotganda ular korxonaning mol-mulki tarkibidan chiqariladi).
14. Sanoatning qattiq chiqindilari va roʻzgʻor chiqindilari koʻmiladigan maydonlar, binolar, inshootlar va koʻmish uchun kerakli uskunalar, chorva mollarni koʻmadigan joylar.
15. Davolash ishlab chiqarish ustaxonalari axloq tuzatish mehnat muassasalarining korxonalari.
16. Parchalanadigan va radioaktiv materiallar ustida ilmiy tadqiqot tajriba konstruktorlik ishlari ochib boruvchi va shunday materiallarni ishlab chiqaruvchi rentgen uskunalari radioaktiv moddalar va izotoplar ishlatiladigan asbob-uskunalar ishlab chiqish, tayyorlash va realizatsiya qilish bilan shugʻullanadigan korxonalar va obyektlar.
17. Radioaktiv moddalarni qazib olish, ishlab chiqarish, tashish, qayta ishlash bilan, radioaktiv chiqindilarni koʻmish, uran va boshqa boʻlinuvchi materiallarni, shuningdek ulardan yasalgan mahsulotlarni realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi korxonalar va obyektlar.
18. Raketa-kosmos majmulari aloqa tizimlari va ularni boshqarish vositalarini ishlab chiqish, tayyorlash, taʼmirlash va realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi korxonalar va obyektlar.
19. Qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlar qazib olish hamda qayta ishlash korxonalari.
20. Portlab ketish xavfi bor va zaharli moddalarni qayta tashiydigan korxonalar.
21. Qurol-yarogʻ va ularga kerakli oʻq-dorilar, himoya vositalari, harbiy texnika, ehtiyot qismlar butlash qismlari va ularga kerakli asboblar, portlovchi moddalar, pirotexnika mahsulotlari, shuningdek ularni ishlab chiqarish uchun maxsus materiallar va uskunalar ishlab chiqish, tayyorlash, taʼmir etish va realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi korxonalar fuqarolik mudofaasi va safarbarlik maqsadidagi obyektlar hamda mol-mulklar.
22. Ovchilik va sport sohasida foydalaniladigan oʻqotar qurollar, oʻq-dori, shuningdek oʻtsiz qurol (milliy pichoqlar bundan mustasno) ishlab chiqarish, taʼmir etish va realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi korxonalar va tashkilotlar.
23. Atom energetikasi obyektlarini (uskunalar qurilmalari, tizimlari va asboblari), katta truboprovodlar, koʻpriklar, tunnellarni, shuningdek mudofaa obyektlarini qurish va montaj qilish, ulardan foydalanish hamda taʼmir ishlari olib borish bilan shugʻullanuvchi ixtisoslashgan korxonalar va tashkilotlar.
24. Qabristonlar.
25. Koʻmir, neft, gaz qazib chiqaruvchi va yoqilgʻini qayta ishlovchi tarmoqlarning korxonalari va tashkilotlari, elektr va issiqlik hosil qiluvchi korxonalar, tashkilotlar (elektr stansiyalari va nohiya qozonxonalari), katta gazoprovod va nefteprovodlar, neft mahsulotlarini oqizma holda yetkazib beradigan quvurlar, avtomobillarga yonilgʻi qoʻyish stansiyalari va tizim hosil etadigan elektr tarmoqlari, geologiya-qidiruv tashkilotlari, maxsus avtotransport, texnologiya aloqasi va ularning axborot markazlari.
26. Temir yoʻl, havo va daryo transportida yoʻlovchi va yuk tashish bilan, shu jumladan avtomobillarda xalqaro yuk va yoʻlovchi tashish bilan shugʻullanuvchi korxonalar va tashkilotlar.
27. Axborot va telegraf agentliklari.
28. Elevatorlar, sovutkichxonalar, davlat zaxiralarini doimiy joylashtirishni taʼminlab beradigan ombor xoʻjaligi obyektlari.
29. Botiniy va zaxiriy xavf-xatari koʻp obyektlar va ishlab chiqarishlar qurish hamda ulardan foydalanish bilan , ular uchun uskunalar, falokatlarning oldini olish va nazorat tizimini tayyorlash bilan shugʻullanuvchi korxonalar va tashkilotlar.
30. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining va Oʻzbekiston qishloq xoʻjalik fanlari akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalari, korxonalari va tashkilotlari, davlat ilmiy markazlari.
31. Yongʻinga qarshi avtomatika vositalari, qoʻriqlovchi va yongʻindan ogohlantiruvchi, qoʻriqlash-ogohlantirishga moʻljallangan signal berish vositalarini loyihalash, taʼmirlash, montaj qilish, sozlash, ularga texnik xizmat koʻrsatish bilan shugʻullanuvchi korxonalar va tashkilotlar.
32. Barcha vazirliklar, idoralarning oliy, oʻrta maxsus oʻquv yurtlari, hunar-texnika bilim yurtlari va boshqa oʻquv yurtlari, shuningdek umumtaʼlim maktablari.
33. Davlat naslchilik va ot zavodlari, seleksiya stansiyalari, davlat urugʻchilik muboshirliklari (inspeksiyalari) va qishloq xoʻjalik ekinlarining nav sinov laboratoriyalari, nav sinash stansiyalari va uchastkalari.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qaroriga binoan xususiylashtirilishi va davlat tasarrufidan chiqarilishi mumkin boʻlgan obyektlar va korxonalar
1. Asosiy fondlarning balans qiymati 1992-yil 1-yanvarigacha 20 million soʻmlikdan ortiq boʻlgan xalq xoʻjaligi korxonalari.
2. Farmatsevtika sanoati hamda tibbiy-biologik dori-darmonlar sanoati korxonalari.
3. Spirt, aroq-likyor va tamaki mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxonalar.
4. Bolalar isteʼmol qiladigan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar va tashkilotlar.
5. Respublikadan chetda joylashgan davlat sanatoriy-kurort xoʻjaliklari.
6. Garovxonalar.
7. Marosimlar oʻtkazishda xizmat koʻrsatadigan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar.
8. Kinolashtirish korxonalari va obyektlari, kutubxonalar va qiroatxonalar.
9. Kimyo korxonalari (gerbitsidlar, mineral oʻgʻitlar, sintetik tolalar, qishloq xoʻjalik zararkunandalariga qarshi kurashda ishlatiladigan zaharli kimyoviy dorilar va hokazolar ishlab chiqarish).
10. Sogʻliqni saqlash muassasalari.
11. Matbaa korxonalari va nashriyotlari.
12. Veterinariya xizmati, oʻsimliklarni himoya qilish xizmati korxonalari va muassasalari.
13. Suv xoʻjaligi, va meliorativ tarmoqlar va inshootlar quruvchi korxonalar.
14. Paxta, xom ipak va gʻallaga dastlabki ishlov beruvchi korxonalar.
15. Nogironlar, gʻarib-keksalar, yetimlar uchun va fuqarolarning ijtimoiy jihatdan himoya etilmagan boshqa toifalari uchun uylar va internatlar.
16. Maktabgacha tarbiya bolalar muassasalari.
17. Yoʻlovchilar tashish bilan shugʻullanuvchi (yengil taksilardan tashqari) korxonalar.
Ijaraga topshirilishi cheklanadigan korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va mol-mulklar
1. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllariga xizmat koʻrsatuvchi korxonalar va tashkilotlar.
2. Qimmatbaho metallar va toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari sotuvchi korxonalar.
3. Shaharlarning muhandislik infrastrukturasi (elektr, issiqlik va gaz taʼminoti, vodoprovod-kanalizatsiya xoʻjaligi, shahar yorituv tarmogʻi) va obodonlashtirish obyektlari, shuningdek ana shu obyektlardan foydalanish, ularga xizmat koʻrsatish, ularni taʼminlash va taʼmirlash bilan shugʻullanuvchi korxonalar.
4. Aloqa obyektlarini qurish, montaj qilish, ulardan foydalanish va ularni taʼmirlash bilan shugʻullanuvchi korxonalar va tashkilotlar.
5. Atir-upa va kosmetika buyumlari, roʻzgʻor kimyosi mollari tayyorlab chiqaruvchi korxonalar.
6. Sogʻlomlashtirish muassasalari hamda bolalar, oʻsmirlar va yoshlarning boshqa xil muassasalari.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 9-son, 325-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 194-modda)