Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Reklama toʻgʻrisida
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 7-iyundagi OʻRQ-776-sonli “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan 2022-yil 9-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va vazifalari
Ushbu Qonunning maqsadi reklamani tayyorlash va tarqatish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonunning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
yuridik va jismoniy shaxslar yoki mahsulotlar toʻgʻrisida axborot oqimini shakllantirish;
tadbirkorlik va isteʼmol madaniyatini takomillashtirish;
reklamaning davlat va jamoat manfaatlariga, axloq va maʼnaviyatning umum eʼtirof etilgan normalariga, yuridik va jismoniy shaxslarning ishchanlik obroʻsiga, atrof muhit holatiga tajovuzidan himoyalanish choralarini taʼminlash;
mahsulotning xarakteri, tayyorlanish usuli va joyi, isteʼmol xususiyatlari, sifati va boshqa tavsiflari, uni realizatsiya qilish shartlariga koʻra isteʼmolchilarni chalgʻitadigan yolgʻon yoki noaniq maʼlumotlar reklama vositasida tarqatilishining oldini olish.
2-modda. Ushbu Qonunning qoʻllanish sohasi
Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasi hududida reklama tayyorlash va tarqatish bilan bogʻliq munosabatlarga tatbiq etiladi.
Ushbu Qonun ijtimoiy voqealarni, siyosiy partiyalarning, diniy tashkilotlar va jamoat birlashmalarining manfaatlarini aks ettiruvchi va (yoki) ularni qoʻllab-quvvatlashga moʻljallangan axborot bilan bogʻliq munosabatlarga tatbiq etilmaydi.
3-modda. Reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida reklama sohasidagi munosabatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasining qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlaridagidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
reklama — bevosita yoki bilvosita foyda (daromad) olish maqsadida yuridik yoki jismoniy shaxslar, mahsulot, shu jumladan tovar belgisi, xizmat koʻrsatish belgisi va texnologiyalar toʻgʻrisida har qanday shaklda va har qanday vositalar yordamida qonun hujjatlariga muvofiq tarqatiladigan maxsus axborot;
(4-moddaning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 404-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 164-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
reklama beruvchi — reklamani tayyorlash va (yoki) tarqatish uchun unga buyurtmachi boʻlgan shaxs;
reklama tayyorlovchi — reklama tayyorlashni toʻliq yoki qisman amalga oshiruvchi shaxs;
reklama tarqatuvchi — reklama vositalari orqali reklama tarqatishni amalga oshiruvchi shaxs;
reklamadan foydalanuvchi — reklama yoʻnaltirilgan shaxs yoki shaxslar guruhi;
reklama vositalari — reklamani undan foydalanuvchiga yetkazish uchun ishlatiladigan vositalar;
mahsulot — tovarlar, ishlar, xizmatlar;
Oldingi tahrirga qarang.
aksilreklama — notoʻgʻri (insofsiz, bila turib yolgʻon) reklama keltirib chiqargan yoki keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan oqibatlarni bartaraf etish maqsadida tarqatiladigan raddiya
(Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 404-II-son Qonuniga muvofiq 4-modda toʻqqizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 164-modda)
5-modda. Reklamaning tili
Oʻzbekiston Respublikasi hududida reklama Oʻzbekiston Respublikasining davlat tilida yoki reklama beruvchining xohishiga koʻra boshqa tillarda tarqatiladi. Belgilangan tartibda roʻyxatga olingan tovar belgilari (xizmat koʻrsatish belgilari), bosma usulda terilgan boʻgʻinli belgilar (logotiplar) asli qaysi tilda boʻlsa, shu tilda keltirilishi mumkin.
6-modda. Reklamaga doir asosiy talablar
Qonuniylik, aniqlik, ishonchlilik, reklamadan foydalanuvchiga zarar, shuningdek maʼnaviy zarar yetkazmaydigan shakllar va vositalardan foydalanish reklamaga doir asosiy talablardir.
Reklamada quyidagilar taqiqlanadi:
ishlab chiqarilishi yoki realizatsiya qilinishi qonun hujjatlari bilan taqiqlangan mahsulot toʻgʻrisida axborot tarqatish;
Keyingi tahrirga qarang.
jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeyiga qarab, boshqa holatlarga koʻra kamsitish yoki oʻzga shaxslarning mahsulotini badnom etish;
qonun hujjatlarining buzilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan, fuqarolarning sogʻligʻi yoki hayotiga va atrof muhitga zarar yetkazuvchi yoxud zarar yetkazishi mumkin boʻlgan, shuningdek xavfsizlik vositalariga eʼtiborsizlik tuygʻusini uygʻotuvchi harakatlarga daʼvat qilish;
Keyingi tahrirga qarang.
majburiy sertifikatlashtirilishi zarur boʻlgan yoki ishlab chiqarilishi yoxud realizatsiya qilinishi uchun maxsus ruxsatnoma (litsenziya) boʻlishi talab etiladigan mahsulotni tegishli sertifikati, litsenziyasi boʻlmay turib reklama qilish;
agar mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, boshqa mahsulot reklamasida qoʻllaniladigan umumiy yechim, matn, tasvir, musiqali yoki ovozli ohanglarni aynan takrorlash (taqlid yoki oʻxshatma qilish);
Keyingi tahrirga qarang.
jismoniy shaxsning nomi yoki tasviridan uning roziligisiz foydalanish;
pornografiyani tarqatish.
Keyingi tahrirga qarang.
7-modda. Voyaga yetmaganlarga moʻljallangan reklamaga oid cheklashlar
Quyidagi reklama taqiqlanadi:
faqat voyaga yetganlarga moʻljallangan yoki voyaga yetmaganlarning olishi yoxud isteʼmol qilishi taqiqlangan mahsulotni voyaga yetmaganlar isteʼmol qilayotgan yoki undan foydalanayotgan tasvir tushirilgan reklama;
voyaga yetmaganlarni mahsulot olishga yoki reklama qilinayotgan mahsulotni olishni iltimos qilib uchinchi shaxslarga murojaat etishga daʼvat qiluvchi reklama;
haqiqiy yoki oʻyinchoq quroldan foydalanilgan reklama.
8-modda. Reklama beruvchining huquq va majburiyatlari
Reklama beruvchi quyidagi huquqlarga ega:
reklama xususida shartnoma tuzish toʻgʻrisida oshkora taklif (ommaviy oferta) kiritish;
reklama tayyorlovchi va tarqatuvchi shartnomani asossiz ravishda bekor qilgan hollarda, yetkazilgan zararning oʻrnini va maʼnaviy zararni qoplash toʻgʻrisida daʼvo bilan sudga murojaat qilish.
Reklama beruvchi:
reklama tayyorlovchi va (yoki) tarqatuvchining talabiga binoan reklama axborotining ishonchliligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi;
agar reklama beruvchining faoliyati litsenziyalanishi zarur boʻlsa, mahsulotni yoki reklama beruvchining oʻzini reklama qilayotganda tegishli litsenziyani taqdim etishi shart.
Reklama beruvchi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va oʻzga majburiyatlarni bajarishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
9-modda. Reklama tayyorlovchi va tarqatuvchining huquq hamda majburiyatlari
Reklama tayyorlovchi va tarqatuvchi quyidagi huquqlarga ega:
ommaviy oferta yoʻllangan shaxsdan belgilangan tartibda aksept olganidan soʻng reklama beruvchi shartnoma tuzishdan bosh tortgan hollarda, bu shaxsni shartnoma tuzishga majburlash toʻgʻrisidagi hamda reklama beruvchining shartnoma tuzishni asossiz ravishda rad etganligi tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi talab bilan sudga murojaat qilish;
qonun hujjatlarida belgilangan hollarda reklama beruvchidan tegishli litsenziyani talab qilish.
Keyingi tahrirga qarang.
Reklama tayyorlovchi va tarqatuvchi:
ushbu Qonunda belgilangan reklama faoliyati va homiylik qoidalarini bajarishi;
axborot yoki boshqa materiallarni bergan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni uning roziligisiz oshkor qilmasligi;
reklama beruvchi qonun hujjatlarining buzilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan axborot bergan taqdirda reklama beruvchini bu haqda vaqtida xabardor etishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
Reklama tayyorlovchi va tarqatuvchi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va oʻzga majburiyatlarni bajarishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
10-modda. Reklamaga boʻlgan mualliflik huquqi
Reklamaga boʻlgan mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni tartibga solish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
11-modda. Reklamani aynanlashtirish
Reklama, uni tarqatish shakllari yoki vositalaridan qatʼi nazar, boshqa axborotdan reklama deb hisoblash mumkin boʻladigan darajada ajratilgan boʻlishi kerak.
Televideniye va radiodagi reklama boshqa dasturlardan uning boshlanishi va oxirida audio-, video-, aralash vositalar yoki boshlovchilarning sharhlari yordamida ajratib qoʻyilishi lozim.
Mahsulotga qiziqishni shakllantirish va mahsulot realizatsiyasiga koʻmaklashish uchun mahsulotning muayyan markasiga (modeliga, artikuliga) yoki uning ishlab chiqaruvchisiga isteʼmolchining eʼtiborini atayin jalb etuvchi, shuningdek mazkur mahsulotni ishlab chiqaruvchi yoki tarqatuvchi shaxsga taalluqli maʼlumotlardan (rekvizitlardan) iborat axborot materiali, muallif va tahririyat materiali — reklama hisoblanadi hamda u “Reklama” yoki “Reklama oʻrnida” rukni ostida joylashtirilmogʻi lozim.
12-modda. Homiylik
Teleradiodasturlarni yaratishda, boshqa ommaviy axborot vositalari uchun materiallar tayyorlashda, teatr-konsert, sport tadbirlari va boshqa tadbirlarni uyushtirishda homiylar qatnashishi mumkin.
Reklama televideniye va radio, audiovizual mahsulot bilan bogʻliq boʻlgan va homiylik xizmatlaridan foydalanilayotgan taqdirda, homiylar toʻgʻrisidagi axborot dasturning boshlanishida va oxirida qisqa va aniq qayd etilishi kerak. Homiyning nomi (nomlanishi) yonida yoki homiyning oʻrniga uning tovar belgisi (xizmat koʻrsatish belgisi) koʻrsatilishi mumkin.
Yangiliklar toʻgʻrisidagi teleradiodasturlarda homiylarning xizmatlaridan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Homiylik koʻrsatilayotgan shaxsning faoliyatiga homiy aralashishga haqli emas.
13-modda. Notoʻgʻri reklama
Noaniqligi, ikki xil maʼnoni anglatishi, boʻrttirib yuborishi, yashirib ketishi oqibatida, reklamani tarqatish vaqti, joyi va usuliga nisbatan qoʻyilgan talablarni va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa talablarni buzishi natijasida reklamadan foydalanuvchilarni chalgʻituvchi yoki chalgʻitishi mumkin boʻlgan, shaxslarga, shuningdek davlatga zarar va maʼnaviy zarar yetkazishi mumkin boʻlgan reklama notoʻgʻri (insofsiz, bilaturib yolgʻon) reklama hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Notoʻgʻri reklama taqiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Reklamani notoʻgʻri deb topish toʻgʻrisidagi qarorni Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi yoki uning hududiy organlari (bundan buyon matnda vakolatli davlat organi deb yuritiladi) qabul qiladi.
(13-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 404-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 164-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
14-modda. Yashirin reklama
Yashirin reklama isteʼmolchining idrokiga uning oʻzi anglamagan holda taʼsir oʻtkazadigan, shu jumladan maxsus video ilovalardan (qoʻsh ovozli yozuvdan) foydalanish yoʻli bilan hamda boshqa usullar bilan taʼsir oʻtkazadigan reklamadir.
Yashirin reklamadan radio-, tele-, video-, audio- va kino mahsulotda, shuningdek boshqa mahsulotda foydalanishga va uni oʻzga usullar bilan tarqatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
15-modda. Qiyosiy reklama
Qiyosiy reklama — raqobatchiga yoki uning tomonidan taqdim etilayotgan muayyan bir turdagi mahsulotga bevosita yoki bilvosita aynanlashtiriladigan reklamadir.
Agar reklamada mahsulotning moddiy, muhim, ishonchli xossalari xolisona va insofli taqqoslansa, agar bunda reklama undan foydalanuvchini chalgʻitib qoʻymasa va chalgʻitib qoʻyishi ham mumkin boʻlmasa, reklama beruvchi bilan raqobatchining shaxsi yoki reklama beruvchining va raqobatchining tovar belgilari (xizmat koʻrsatish belgilari), firma nomi, mahsuloti aralashib ketmasa hamda raqobatchining ishchanlik obroʻsini yoki uning tovar belgisini (xizmat koʻrsatish belgisini), firma nomini, mahsuloti yoki faoliyatini badnom etmasa, qiyosiy reklamaga yoʻl qoʻyiladi.
16-modda. Ijtimoiy reklamali axborot
Ijtimoiy reklamali axborot sogʻliqni saqlash, atrof muhitni muhofaza qilish, energiya resurslarini saqlab qolish, huquqbuzarliklarning oldini olish, aholini ijtimoiy himoya qilish va xavfsizligini taʼminlash, maʼnaviyat va maʼrifat masalalariga doir axborot, shuningdek notijorat yoʻsindagi boshqa axborotdir.
Shaxslarning ijtimoiy reklamali axborotni tekinga tayyorlash va tarqatishga doir faoliyati, oʻz mol-mulkini (shu jumladan pul mablagʻlarini) ijtimoiy reklamali axborot tayyorlash va tarqatish uchun boshqa shaxslarga berishi xayriya faoliyati deb eʼtirof etiladi. Bunday shaxslar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlardan foydalanadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Faoliyati davlat budjeti hisobidan toʻliq yoki qisman moliyalashtiriladigan reklama tarqatuvchilar reklama uchun ajratilgan efir vaqtining (nashr maydonining) kamida 5 foizi hajmida ijtimoiy reklamali axborotni bepul joylashtirishi zarur.
Keyingi tahrirga qarang.
17-modda. Televideniye va radiodagi reklama
Teleradiotashkilotlar uchun reklamaga ajratilgan koʻrsatuv (eshittirish) vaqti koʻrsatuvning (eshittirishning) har bir soatiga 10 foizdan oshib ketmasligi kerak. Bu talab koʻrsatuvning (eshittirishning) ixtisoslashtirilgan reklamaviy kanallariga tatbiq etilmaydi.
45 minutdan ortiq davom etadigan konsert-tomosha va sport dasturlari, kino- va telefilmlar reklama uchun toʻliq 45 minutlik vaqt oraligʻida koʻpi bilan bir marta uzib qoʻyilishi mumkin. Reklama bu koʻrsatuvlarning (eshittirishlarning) boshlanishi oldidan va (yoki) ular tugaganidan soʻng joylashtirilishi ham mumkin. 10 minutdan kam davom etadigan telekoʻrsatuvlarga (radioeshittirishlarga) umuman, 10 minutdan ortiq davom etadigan telekoʻrsatuvlarga (radioeshittirishlarga) esa bu telekoʻrsatuvlarning (radioeshittirishlarning) mualliflik huquqi egasi bilan kelishmasdan turib reklama joylashtirilishi mumkin emas.
Davlat anjumanlari va marosimlari olib koʻrsatilayotgan (eshittirilayotgan) paytda uni uzib turib reklamani koʻrsatish (eshittirish) taqiqlanadi.
Bolalar davrasiga (oʻn toʻrt yoshgacha boʻlganlarga) moʻljallangan koʻrsatuvlarda (eshittirishlarda) reklama taqiqlanadi. Bu taqiq ijtimoiy reklamali axborotga tatbiq etilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Dasturlarning reklama qismlari tovushini teleradiodasturning tovushiga nisbatan balandroq qilish taqiqlanadi.
Telekoʻrsatuvlar namoyish etilayotganda reklama maqsadlarida harakatlanuvchi satrlardan foydalanish taqiqlanadi, reklama berilayotgan paytdagi harakatlanuvchi satrlar bundan mustasno.
(17-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 404-II-son Qonuniga muvofiq beshinchi va oltinchi qismlar bilan toʻldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 164-modda)
Telekoʻrsatuvlarning boshlovchilari, diktorlari va boshqa qatnashchilari reklama uchun ajratilgan vaqtdan tashqari paytda mahsulotni bilaturib namoyish qilish yoki uning isteʼmol xususiyatlarini bevosita yoki bilvosita tavsiflash huquqiga ega emas.
Televideniye va radio xodimlariga axborot niqobi ostida reklama bilan shugʻullanish, yaʼni mahsulot ishlab chiqaruvchining rekvizitlarini, joylashgan manzilini, telefon raqamini, mahsulotning tijorat belgilarini koʻrsatish taqiqlanadi.
18-modda. Bosma ommaviy axborot vositalaridagi reklama
Bosma ommaviy axborot vositalaridagi reklamaning hajmi, mavzusini shu ommaviy axborot vositalarining oʻzlari mustaqil belgilaydi. Obuna boʻyicha tarqatiladigan bosma vositalar obuna shartlarida nashrning umumiy hajmidagi reklama miqdorini koʻrsatishlari shart.
Reklama yoʻsinidagi xabarlar va materiallarni berib borishga ixtisoslashmagan davriy bosma nashrlarda reklama davriy nashr bir soni hajmining 40 foizidan oshib ketmasligi shart, qolgan reklama bepul ilova tarzida berilishi kerak.
19-modda. Telefon va hujjatli elektr aloqadan foydalaniladigan tarzdagi reklama
Teleks va faksimil aloqa yordamida reklama qilishga, agar oluvchining maxsus soʻrovi boʻlmasa, bir manzilga bir varaqdan ortiq boʻlmagan hajmda bir marta joʻnatishga yoʻl qoʻyiladi.
Mahalliy, shaharlararo yoki xalqaro telefon aloqasidan foydalanilgan holda koʻrsatiladigan xizmatlar reklamasi reklama vositalarida tarqatilgan taqdirda quyidagi aniq axborotlardan tarkib topgan boʻlishi kerak:
xizmatning pulli yoki tekin yoʻsinda ekanligi hamda uning qiymati toʻgʻrisidagi axborot;
taklif etilgan xizmatning mazmuni toʻgʻrisidagi axborot;
xizmat isteʼmolchilari doirasiga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan hamda xizmatning ishlab chiqaruvchisi tomonidan belgilangan — yoshga doir va boshqa cheklashlar toʻgʻrisidagi axborot;
Keyingi tahrirga qarang.
telefon aloqa kanalidan pulli foydalanish va tegishli mintaqada xizmatdan 1 minut foydalanishning qiymati toʻgʻrisidagi axborot.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan axborot reklama xizmatini taqdim etish uchun foydalaniladigan telefon raqami terilgan shrift hajmining kamida yarmiga teng hajmdagi shrift bilan bosilishi shart.
Militsiya, tez tibbiy yordam, yongʻindan saqlash va shu kabi xizmatlarning bepul xizmat koʻrsatadigan telefon raqamlaridan reklama tarqatish uchun foydalanish taqiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
20-modda. Tashqi reklama
Oldingi tahrirga qarang.
Tashqi reklamaga alohida maxsus konstruksiyalarda, taxtalavhalarda, ekranlarda, binolarda, inshootlarda, yoʻl chekkalarida, koʻcha yoritgichlarining tayanchlari va hokazolarda joylashtiriladigan reklama kiradi.
(20-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 404-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 164-modda)
Tashqi reklamani joylashtirish tartibi mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida belgilanadi.
Muayyan shaxs egallab turgan binoning tashqi tomonida, binoga kirish joyida shu shaxs toʻgʻrisida joylashtirilgan yoki mazkur shaxsning mahsuloti haqida shu bino vitrinasidagi axborot (peshlavha) reklama deb hisoblanmaydi va buning uchun mahalliy davlat hokimiyati organlarining ruxsatini olish talab etilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Tashqi reklamani koʻcha yoritkichlarining tayanchlarida hamda koʻcha va yoʻllar qatnov qismi uzra joylashtirish xavfsizlik texnikasi talablariga rioya qilgan holda va yoʻl belgilari, svetoforlar, chorrahalar, piyodalarning oʻtish joylari, umum foydalanishdagi transport vositalari bekatlarini toʻsib qoʻymagan holda, shuningdek bunday reklama yoʻl belgilari tasvirini takrorlanmagan (yoki aynan taqlid qilmagan) taqdirda amalga oshiriladi.
(20-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 404-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 164-modda)
Tabiatni muhofaza qilish obyektlari doirasida tashqi reklamani joylashtirishga mahalliy davlat hokimiyati organlari yoki tegishli davlat boshqaruv organlarining vakolat doirasida ular bilan kelishilgan holda ruxsat beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Tashqi reklamani madaniy meros obyektlarida, yoʻl belgilarida va svetoforlarda, ularning tirgaklarida yoki harakatni tartibga solib turuvchi boshqa har qanday qurilmalarda, shuningdek dov-daraxtlarni payhon qilish va tutash hududdagi obodonlashtirish vositalarini buzish yoʻli bilan joylashtirish taqiqlanadi
(20-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 404-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 164-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
21-modda. Transportdagi va pochta joʻnatmalaridagi reklama
Reklama transport vositalarida, shu jumladan metropolitenda faqat ularning egalari yoki mulkdorlari bilan kelishilgan holda hamda xavfsizlik talablari va yoʻl harakati qoidalariga muvofiq joylashtirilishi mumkin.
Reklamani umum foydalanishdagi transport vositalarida, metropoliten bekatlarida, vokzallarda, portlar va aeroportlarda yoʻlovchilarga xabar beruvchi ovozli tarmoqlar orqali tarqatish taqiqlanadi, ijtimoiy reklamali axborot bundan mustasno.
Reklamani pochta joʻnatmalari orqali tarqatish Oʻzbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligining ruxsati bilan amalga oshiriladi. Ruxsatnomalar berish tartibi va olinadigan yigʻim miqdori qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
22-modda. Dori vositalari, tibbiy buyumlar, kosmetika va maishiy kimyo vositalari reklamasi
Keyingi tahrirga qarang.
Dori vositalari reklamasida quyidagilar boʻlishi shart:
dori vositasining toʻliq nomi (shu jumladan xalqaro farmakologik nomi) va ishlab chiqaruvchisining nomi;
dori vositasidan foydalanish yoki uni qoʻllash haqidagi axborot.
Quyidagilarni reklama qilish taqiqlanadi:
faqat shifokorning koʻrsatmasi (retsepti) boʻyicha beriladigan dori vositalari;
tarkibida giyohvandlik vositalari va (yoki) psixotrop moddalari boʻlgan dori vositalari;
Oʻzbekiston Respublikasida tibbiyotda qoʻllanishga ruxsat berilmagan dori vositalari.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining ruxsatisiz quyidagilarni reklama qilish taqiqlanadi:
voyaga yetmaganlarga moʻljallangan dori vositalari;
davolash seanslari, gipnozdan va ruhiy yoki bioenergetik taʼsirning boshqa usullaridan foydalanib amalga oshiriladigan shunga oʻxshash tadbirlar;
tibbiy yoʻsindagi buyumlar, tibbiy texnika, gigiyena vositalari, dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya vositalari;
davolab boʻlmaydigan yoki davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga nisbatan samarali terapevtik usul.
Keyingi tahrirga qarang.
Qoʻllanishi va realizatsiya qilinishi yuzasidan tegishli davlat organlari maxsus ruxsatnoma bermay turib kosmetika vositalari, maishiy kimyo, oziq-ovqat mahsulotlari, vitaminli va biologik jihatdan taʼsirchan oziq-ovqat qoʻshimchalarini reklama qilish taqiqlanadi.
Ushbu moddaning qoidalari tibbiy muassasalar va tibbiyot xodimlari uchun moʻljallangan reklamaga tatbiq etilmaydi. Tibbiy muassasalar va tibbiyot xodimlari uchun moʻljallangan dori vositalarini reklama qilish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
23-modda. Tamaki, tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklar reklamasi
Tamaki, tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklar reklamasi tamaki chekish va alkogolli ichimlikni isteʼmol qilishning zarari haqida ogohlantirish bilan qoʻshib olib borilishi kerak. Tamaki, tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklar jami reklamasi maydonining kamida 5 foizi hamda televideniye va radiodagi alkogolli ichimliklar reklama roligi efir vaqtining kamida 5 sekundi ana shunday ogohlantirish uchun ajratilishi lozim.
Tamaki, tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklar reklamasi chekish va alkogolli ichimliklarni isteʼmol qilish jarayonlarini namoyish etishdan iborat boʻlmasligi, bu jarayonlar ijtimoiy va sport yutugʻiga erishish uchun yoki isteʼmolchilarning jismoniy va ruhiy holati yaxshilanishi uchun muhim ahamiyatga ega, degan taassurot tugʻdirmasligi kerak.
Alkogolli ichimliklar reklamasi tibbiy, sport, maktabgacha tarbiya muassasalari, shuningdek umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar va oliy taʼlim muassasalaridan kamida besh yuz metr narida joylashtirilishi kerak.
Quyidagilar taqiqlanadi:
quvvati 28 darajadan ortiq boʻlgan alkogolli ichimliklarni reklama qilish;
quvvati 28 darajagacha boʻlgan alkogolli ichimliklarni televideniye va radioda ertalab soat 7 dan kech soat 22 gacha reklama qilish;
tamaki, tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklar namunalarini reklama maqsadida voyaga yetmagan shaxslarga tekin tarqatish;
asosan voyaga yetmaganlarga moʻljallangan tadbirlarga, agar ularda tamaki, tamaki mahsulotlari yoki alkogolli ichimliklarning nomi, tovar belgisi yoxud tasviridan foydalaniladigan boʻlsa, homiylik qilish;
voyaga yetmaganlarga tamaki, tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklarning nomi, tovar belgisi tushirilgan tovarlarni (futbol maykalari, bosh kiyimlar, oʻyinlar va shu kabilarni) tarqatish, shu jumladan sotish;
voyaga yetmaganlarga moʻljallangan bosma nashrlarda tamaki, tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklarni reklama qilish;
gazetalarning birinchi va oxirgi sahifalarida, jurnallarning va boshqa davriy nashrlarning muqovalarida, shuningdek bunday nashrlarning teleradiodasturlar eʼlon qilinayotgan sahifalarida alkogolli ichimliklarni reklama qilish;
ommaviy axborot vositalarida, tibbiy, sport, maktabgacha tarbiya, taʼlim muassasalarida, transport vositalarida (tamakini va tamaki mahsulotlarini tashishga ixtisoslashtirilganlaridan tashqari), shu jumladan umumiy foydalanishdagi yoʻlovchilar transport vositalarining salonlarida, shuningdek tashqi reklama yordamida tamakini va tamaki mahsulotlarini reklama qilish.
(23-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 404-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 164-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
24-modda. Qurol-yarogʻ reklamasi
Qurol-yarogʻni reklama qilish faqat maxsus nashrlarda, shuningdek bevosita ovchilik qurollarini realizatsiya qiluvchi savdo tashkilotlarining binolarida yoki tegishli koʻrgazmalarda (tadbirlarda) amalga oshiriladi.
25-modda. Qimmatli qogʻozlar va aholining mablagʻlarini jalb etish bilan bogʻliq xizmatlar reklamasi
Qimmatli qogʻozlarni va aholining mablagʻlarini (banklardagi mablagʻlarini, sugʻurta mablagʻlari va shu kabilarni) jalb etish bilan bogʻliq xizmatlarni yoki shunday xizmat koʻrsatayotgan shaxslarni reklama qilishni bunday faoliyat turi bilan shugʻullanish huquqi borligini tasdiqlaydigan tegishli litsenziya boʻlgan taqdirdagina amalga oshirish mumkin. Bunday xizmatlar yoki shunday xizmat koʻrsatuvchi shaxslar reklamasida kutilayotgan daromadlar miqdorini, shuningdek boʻlajak foyda (daromad) toʻgʻrisidagi boshqa axborotni maʼlum qilish taqiqlanadi, kamida bir yillik yakunlarga koʻra amalda toʻlangan foyda (daromad) bundan mustasno.
Qimmatli qogʻozlar va aholining mablagʻlarini jalb etish bilan bogʻliq xizmatlar reklamasiga taalluqli munosabatlarni tartibga solish qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
26-modda. Reklama materiallarini saqlash muddatlari
Reklama beruvchi, reklama tayyorlovchi va tarqatuvchi reklama materiallarini oxirgi marta reklama eʼlon qilingan (koʻrsatilgan) kundan boshlab bir yil davomida saqlashi shart.
27-modda. Reklama axborotiga taalluqli hujjatlar va materiallar olish
Oldingi tahrirga qarang.
Reklama beruvchi, reklama tayyorlovchi va tarqatuvchi vakolatli davlat organining talabiga koʻra u belgilagan muddatda reklama axborotiga taalluqli hujjatlar va materiallarni taqdim etishi shart.
(27-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 404-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 164-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Reklama beruvchilar, reklama tayyorlovchilar va tarqatuvchilarning reklamaga taalluqli hujjatlari va materiallarini moneliksiz olish huquqi vakolatli davlat organining mansabdor shaxslariga beriladi.
(27-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 404-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 164-modda)
Tijorat siri hisoblangan va ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan mansabdor shaxslar tomonidan olingan maʼlumotlar oshkor qilinmasligi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Vakolatli davlat organining mansabdor shaxslari tijorat siri hisoblangan maʼlumotlarni oshkor qilgan taqdirda, reklama beruvchiga, reklama tayyorlovchi va tarqatuvchiga yetkazilgan zararning oʻrni, shu jumladan maʼnaviy zarar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanadi.
(27-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 404-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 164-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
28-modda. Aksilreklama
Vakolatli davlat organlari reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilganligini aniqlagan taqdirda, qonunbuzar mazkur organlarning qaroriga binoan va ular koʻrsatgan muddatda aksilreklama berishi shart. Aksilreklama berish shuningdek, ixtiyoriy ravishda yoki sudning qaroriga binoan amalga oshirilishi mumkin. Aksilreklama berishni amalga oshirish bilan bogʻliq barcha xarajatlar qonunbuzar tomonidan qoplanadi.
Agar qonunbuzar aksilreklamani reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organ belgilagan muddatda bermasa, mazkur organ qonunbuzarning reklamasini u aksilreklamani bergunga qadar toʻliq yoki qisman toʻxtatib qoʻyish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga hamda reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzgan shaxs bilan shartnoma tuzgan taraflarni bundan xabardor qilishga haqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
Aksilreklama raddiya berilayotgan reklama eʼlon qilingan ayni oʻsha ommaviy axborot vositalarida, ayni oʻsha muddat, makon, joy va tartibdan foydalangan holda beriladi.
Aksilreklamaning mazmuni qonunbuzarlik holatini aniqlagan va uni tuzatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan tegishli davlat organi bilan kelishiladi. Ayrim hollarda bu organning qaroriga binoan aksilreklama beriladigan ommaviy axborot vositasi, muddati, joyi va tartibi oʻzgartirilishiga yoʻl qoʻyilishi mumkin.
29-modda. Reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Oldingi tahrirga qarang.
Reklama beruvchilar, reklama tayyorlovchilar va tarqatuvchilar vakolatli davlat organi tomonidan quyidagi miqdorlarda jarimaga tortilishi mumkin:
notoʻgʻri reklama berganlik uchun, reklamani joylashtirish tartibiga rioya etmaganlik va aksilreklama berishdan bosh tortganlik uchun yuridik shaxslar — eng kam ish haqining yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda, jismoniy shaxslar esa — eng kam ish haqining besh baravaridan yetti baravarigacha miqdorda;
reklamaga taalluqli maʼlumotlarni vakolatli davlat organiga belgilangan muddatda taqdim etmaganlik uchun yuridik shaxslar — eng kam ish haqining qirq baravaridan ellik baravarigacha miqdorda, jismoniy shaxslar esa — eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda;
(29-modda ikkinchi qismining birinchi, ikkinchi va uchinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustdagi 404-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 9-son, 164-modda)
reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishini tugatish haqidagi koʻrsatmalarni oʻz muddatida bajarmaganlik uchun yuridik shaxslar — eng kam ish haqining yuz baravarigacha miqdorda, jismoniy shaxslar esa — eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda.
Keyingi tahrirga qarang.
30-modda. Nizolarni hal etish
Reklama tayyorlash va tarqatish jarayonida kelib chiqadigan nizolar sud tartibida hal etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 25-dekabr,
723-I-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 1-son, 14-modda; 2002-y., 9-son, 164-modda; 2003-y., 5-son, 67-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 51-son,374-modda; 2006-y., 14-son, 110-modda; 41-son, 405-modda; 2008-y., 14-15-son, 93-modda; 2010-y., 37-son, 317-modda, 40-41-son, 343-modda; 2013-y., 18-son, 233-modda, 41-son, 543-modda; 2014-y., 4-son, 45-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.01.2018-y., 03/18/456/0512-son; 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son; 10.01.2019-y., 03/19/514/2450-son, 24.05.2019-y., 03/19/542/3177-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son )