Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumi
Qarori
Xoʻjalik sudlari tomonidan videokonferensaloqa rejimida sud majlislarini oʻtkazishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi normalarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida
Keyingi tahrirga qarang.
Xoʻjalik sudlarining videokonferensaloqa rejimidagi majlisini oʻtkazishda sudlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi normalarida belgilangan qoidalarning toʻgʻri va bir xilda qoʻllanilishini hamda ishda ishtirok etuvchi shaxslarning oʻz protsessual huquqlaridan toʻlaqonli foydalanishlarini taʼminlash maqsadida “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 47-moddasiga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumi qaror qiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Sudlarga tushuntirilsinki, xoʻjalik sudlari tomonidan videokonferensaloqa rejimida sud majlislarini oʻtkazishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksi (bundan buyon matnda — XPK deb yuritiladi) normalariga, boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Rayosatining 2014-yil 21-avgustdagi 83-son qarori bilan tasdiqlangan “Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Vaqtinchanlik nizomga (bundan buyon matnda — Nizom deb yuritiladi) amal qilishlari lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Sudlar nazarda tutishlari lozimki, videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisi deganda, real vaqt rejimida telekommunikatsiya texnologiyalari yordamida audio- va video- axborotlar almashinuvi imkoniyatlaridan foydalangan holda ishni koʻrayotgan sud va sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashayotgan sud oʻrtasidagi interaktiv oʻzaro taʼsir qilish yoʻli bilan masofadan sud majlisini oʻtkazish tushuniladi.
Ishni koʻrayotgan xoʻjalik sudi deganda, xoʻjalik ishi ish yurituvida boʻlgan xoʻjalik sudi tushuniladi. Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashadigan xoʻjalik sudi deganda, videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazish uchun texnik va boshqa sharoitlarni taʼminlayotgan va ishni koʻrayotgan xoʻjalik sudi hududidan tashqarida joylashgan Oʻzbekiston Respublikasi xoʻjalik sud(lar)i tushuniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etish huquqi birinchi instansiya sudidagi kabi, apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari sud majlislarida ham amalga oshirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Sudlarga tushuntirilsinki, videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisi XPKning 10-moddasiga asosan oʻzbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi koʻpchilik aholi soʻzlashadigan tilda olib boriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Sud ishlari olib borilayotgan tilni bilmaydigan sud ishtirokchilarining tarjimon yordamida sud ishlarida ishtirok etish hamda oʻz ona tilida soʻzlash huquqi taʼminlanadi.
Bunda, tarjimon bilan taʼminlash videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashuvchi xoʻjalik sudi tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu sud tarjimonga XPKning 48-moddasida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlarni tushuntirganligi haqida tilxat oladi va ishni koʻrayotgan sudga yuboradi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. XPK 1261-moddasiga muvofiq, ishda ishtirok etuvchi shaxslar va xoʻjalik sudlov ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishlari mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Sudlar eʼtiborga olishlari kerakki, ishda ishtirok etuvchi shaxslar va xoʻjalik sudlov ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilarining videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishlari ularning majburiyati emas, balki huquqi hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
6.1. Mazkur huquqni amalga oshirishning zaruriy sharti ishda ishtirok etuvchi shaxslardan loaqal bittasi boshqa maʼmuriy-hududiy birlik (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) hududida, yaʼni ishni koʻrayotgan xoʻjalik sudi joylashgan hududdan tashqarida joylashgan boʻlishi lozimligi hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
6.2. XPK 1261-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarning videokonferensaloqa rejimida xoʻjalik sudi majlisida ishtirok etish huquqi ishni sudda koʻrishga tayyorlash yoki ishni koʻrishni boshqa kunga qoldirish haqidagi ajrimda koʻrsatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6.3. Ishni sudda koʻrishga tayyorlash yoki ishni koʻrishni boshqa kunga qoldirish toʻgʻrisidagi ajrimda ishni koʻrayotgan sud joylashgan hududdan tashqarida boʻlgan ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ishni koʻrayotgan sudga hozir boʻlish yoʻli bilan sud majlisida bevosita ishtirok etish huquqi hamda ular joylashgan hududdagi xoʻjalik sudiga hozir boʻlish yoʻli bilan videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etish huquqi tushuntiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6.4. Ishni sudda koʻrishga tayyorlash yoki ishni koʻrishni boshqa kunga qoldirish haqidagi ajrim nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslardan tashqari videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashadigan tegishli xoʻjalik sud(lar)ga yuboriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6.5. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar ishni sudda koʻrishga tayyorlash yoki ishni koʻrishni boshqa kunga qoldirish haqidagi ajrimni olgandan soʻng, ishni koʻrayotgan yoki videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashadigan sud(lar)ga videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishga xohishi haqida ogʻzaki yoki yozma shaklda maʼlum qilishga haqli. Biroq, ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan bunday maʼlumotning taqdim etilmasligi ularni videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etish huquqidan mahrum qilmaydi.
6.6. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning biri tomonidan videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazishga eʼtiroz bildirilishi ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarni videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etish huquqidan mahrum qilmaydi, IPK 11-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
7. XPK 126-moddasining birinchi qismiga muvofiq, ish xoʻjalik sudining majlisida koʻriladi. Xoʻjalik sudining majlisi videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Ish muhokamasi XPKning 126-moddasi qoidalariga asosan, ushbu bandda nazarda tutilgan xususiyatlar inobatga olingan holda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
7.1. Ishni koʻrayotgan sud ishda ishtirok etuvchi shaxslar va xoʻjalik sudlov ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilarining ishni koʻrayotgan sudda va sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashadigan sudga hozir boʻlganliklarini hamda ularning vakolatlarini tekshiradi. Bunda ishni koʻrayotgan sud mazkur shaxslarning videokonferensaloqa rejimida sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashadigan sudda hozir boʻlganliklarini va ularning vakolatlarini ushbu sudga taqdim qilingan va belgilangan tartibda aloqa vositalari orqali uzatilgan hujjatlarni oʻrganish va baholash yoʻli bilan tekshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
7.2. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar va xoʻjalik sudlov ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari videokonferensaloqa rejimida sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashadigan sudga kelmagan hollarda, ishni koʻrayotgan sud, protsess ishtirokchilari sud majlisi vaqti va joyi haqida tegishli tartibda xabardor qilingan taqdirda, sud majlisini oddiy rejimda oʻtkazadi yoxud ish koʻrishni boshqa kunga qoldirish haqida ajrim chiqaradi.
Keyingi tahrirga qarang.
7.3. Majlisga raislik qiluvchi sudya ishda ishtirok etuvchi shaxslarga va xoʻjalik sudlov ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilariga ularning protsessual huquq va majburiyatlarini, shuningdek Nizomda nazarda tutilgan videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazish bilan bogʻliq texnik xususiyatlarni tushuntiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
7.4. XPK 128-moddasining birinchi qismiga koʻra, xoʻjalik sudi ishni koʻrishda ish boʻyicha dalillarni tekshiradi, xususan yozma dalillar bilan tanishadi, ashyoviy dalillarni koʻzdan kechiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Shu sababli videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisi davomida taqdim etilgan yozma dalillar, yozma shaklda berilgan iltimosnomalar videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashadigan sudning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha xodimi tomonidan skaner uskunasi va aloqa vositalari orqali ishni koʻrayotgan sudga darhol yuboriladi.
7.5. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan sud muhokamasi davomida taqdim etilgan va ishni koʻrayotgan sud tomonidan qabul qilingan ashyoviy dalillar (videoyozuv, audioyozuv, fotografiya va boshqalar)ni texnik vositalar yordamida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha xodim namoyish etadi.
7.6. Sud muhokamasi davomida ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashadigan sudga taqdim etilgan yozma, ashyoviy va boshqa dalillar keyingi ish kunidan kechiktirilmasdan ilova qilinayotgan hujjatlar yoki boshqa dalillarning roʻyxati koʻrsatilgan holda kuzatuv xati bilan Davlat feldyegerlik xizmati orqali ishni koʻrayotgan sudga yuboriladi.
7.7. Sud muhokamasi davomida videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashadigan sudga taqdim etilgan yozma, ashyoviy va boshqa dalillar ishni koʻrayotgan sudga kelib tushgandan soʻng sud majlisi kotibi tomonidan belgilangan tartibda ish hujjatlariga qoʻshib qoʻyiladi.
8. XPK 8-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq, davlat sirlarini yoki tijorat sirini saqlash zarur boʻlgan taqdirda, ishni yopiq majlisda koʻrishga yoʻl qoʻyiladi. Shu munosabat bilan sudlar inobatga olishlari kerakki, taraflar tomonidan ishni yopiq sud majlisida koʻrish haqida iltimosnoma berilgan va u sud tomonidan qanoatlantirilgan holda yoki ishni yopiq sud majlisida koʻrish uchun boshqa zaruriyat tugʻilganda sud majlisi faqat oddiy rejimda oʻtkazilishi mumkin, chunki videokonferensaloqa rejimida yopiq sud majlisini oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. XPK 128-moddasining uchinchi qismiga muvofiq, har bir ishni koʻrish dam olish uchun belgilangan vaqtdan tashqari uzluksiz davom etadi. Alohida hollarda xoʻjalik sudi majlisda uch kundan oshmagan muddatga tanaffus eʼlon qilishga haqli.
Sudlar inobatga olishlari kerakki, alohida hol boʻlib, shu jumladan ishni koʻrib boʻlmaydigan darajada aloqa sifatining yomonlashuvi hisoblanadi. Bunday holda majlisga raislik qiluvchi sudya texnik sabablarga koʻra videokonferensaloqaning sifat darajasi tiklangunga qadar tanaffus eʼlon qilishi mumkin. Bunda XPKning 128-moddasida belgilangan umumiy qoidalarga muvofiq, xoʻjalik sudi ish boʻyicha hal qiluv qarori qabul qilinguniga yoki ishni koʻrish keyinga qoldirilguniga qadar boshqa, shu jumladan videokonferensaloqa rejimida ishlarni koʻrishga haqli emas.
Keyingi tahrirga qarang.
10. XPK 131-moddasining birinchi qismiga muvofiq, xoʻjalik sudi ishni shu majlisda koʻrish mumkin boʻlmagan taqdirda, shu jumladan ishda ishtirok etuvchi shaxslar, guvohlar, ekspertlar va tarjimonlardan biri kelmaganligi yoki qoʻshimcha dalillar taqdim etish zarurligi sababli yoxud videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazish vaqtida videokonferensaloqa oʻrnatishning imkoni boʻlmagan taqdirda ishni koʻrishni keyinga qoldirishga haqli.
Keyingi tahrirga qarang.
Videokonferensaloqa oʻrnatishning imkoni boʻlmaganligi deganda, ishni koʻrish jarayonida texnik nosozliklar, shuningdek elektr energiyasi yetkazib berilishidagi uzilishlarning yuzaga kelishi tushunilishi lozim.
Videokonferensaloqa oʻrnatishning imkonini yoʻqotishga olib kelgan texnik nosozliklar va elektr energiyasini yetkazib berishdagi uzilishlar yuzaga kelganda, ishni koʻrayotgan sud ishni koʻrishni boshqa kunga qoldirishi lozim.
Sud majlisi videokonferensaloqa oʻrnatish imkonining boʻlmaganligi sababli qoldirilganda, ishni koʻrayotgan sud boshqa aloqa vositasi orqali videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashadigan sudning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha xodimini, bu xodim esa, oʻz navbatida, sud majlisiga kelgan ishda ishtirok etuvchi shaxslarni yangi sud majlisining kuni va vaqti haqida tilxat orqali xabardor qiladi.
11. Sudlar shuni hisobga olishlari kerakki, ishda ishtirok etuvchi taraflardan biri sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazishga koʻmaklashadigan sudga kelgan boʻlib, lekin ishni koʻrayotgan sud nizoni videokonferensaloqa oʻrnatishning imkoni boʻlmaganligi sababli oddiy rejimda mazmunan hal qilgan boʻlsa, bu holat ishni taraflardan birining ishtirokisiz koʻrishda ifodalangan protsessual huquq normalarining buzilishi sifatida baholanadi va sud hujjatini bekor qilishga asos boʻladi.
Shu bilan birga, videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashadigan sudga kelgan ishda ishtirok etuvchi shaxslarning ishni ularning ishtirokisiz koʻrishga yozma roziligi boʻlsa, sud ishni oddiy rejimda mazmunan koʻrishga haqli.
12. Ishni videokonferensaloqa rejimida koʻrish natijalari boʻyicha xoʻjalik sudining sud hujjati XPKning 18 va 19-boblari qoidalari boʻyicha, ushbu bandda nazarda tutilgan xususiyatlar inobatga olingan holda qabul qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
12.1. Ish boʻyicha dalillarni tekshirish tugaganidan keyin, sud hal qiluv qarori qabul qilish uchun, videokonferensaloqa rejimidagi sud muhokamasi oʻtkazilgan xonadagi protsess ishtirokchilari chiqib ketmagan holda, alohida xonaga chiqib ketadi.
Keyingi tahrirga qarang.
12.2. Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazish natijalari boʻyicha qabul qilingan sud hujjatining kirish qismida sud muhokamasi videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilganligi haqidagi maʼlumot koʻrsatiladi.
13. Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashadigan sud, sud majlisi uchun belgilangan vaqtda ishda ishtirok etuvchi shaxslarga videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida ishtirok etishi uchun sharoit yaratishga, shu jumladan:
aloqa vositalarining uzluksiz ishlashini;
sud muhokamasi davomida ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan XPKning 127-moddasida belgilangan talablarga rioya etilishini;
Keyingi tahrirga qarang.
ishni koʻrayotgan sudga ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning nusxalarini oʻz vaqtida uzatilishini;
ish boʻyicha dalillarning oʻz vaqtida (sud majlisining keyingi kunidan kechiktirmay) ishni koʻrayotgan sudga yuborilishini taʼminlashi shart.
Videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazish bilan bogʻliq texnik harakatlar Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
14. XPK 134-moddasining uchinchi qismiga muvofiq sud majlisi videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilgan taqdirda, bayonnomada bu haqdagi maʼlumot koʻrsatilishi kerak.
Shu sababli, sud majlisi videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilgan taqdirda, sud majlisi bayonnomasida XPKning 134-moddasida nazarda tutilganlardan tashqari:
sud majlisi videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilganligi;
videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashadigan sudning nomi;
ishni koʻrayotgan va videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisini oʻtkazishga koʻmaklashayotgan sudda hozir boʻlgan ishda ishtirok etuvchi shaxslar va xoʻjalik sudlov ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari kelganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
videokonferensaloqa rejimida sud majlisi oʻtkazishga koʻmaklashadigan sudning va ishni koʻrayotgan sudning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha xodimlari haqidagi maʼlumotlar ham koʻrsatilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
15. XPKning 90-moddasiga muvofiq sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar sud xarajatlari tarkibiga kiradi va faqat ishni koʻrish natijalari boʻyicha undirilishi lozim. Sudlar inobatga olishlari lozimki, ushbu xarajatlarning toʻlanmaganligi daʼvo arizasini qaytarish uchun asos boʻlmaydi. Sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar taraflar oʻrtasida XPK 95-moddasining birinchi qismiga asosan taqsimlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oliy xoʻjalik sudi raisi K.KAMILOV
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining kotibi, sudya K. DAVLETOVA
Toshkent sh.,
2014-yil 28-noyabr,
270-son