O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrug‘i
Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish qoidalarining 65-bandiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 31-dekabrda 2565-2-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi]
Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2025-yil 9-oktabrdagi 23-mh-sonli “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash, qabul qilish, huquqiy ekspertiza va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3686, 09.10.2025-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 2-dekabrdagi 328-son “Qonun hujjatlarining tadbirkorlik faoliyatiga ta’sirini baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2014-yil 28-fevraldagi 53-mh-son buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2565, 2014-yil 28-fevral) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014-y., 10-son, 110-modda) bilan tasdiqlangan Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish qoidalarining 65-bandi quyidagi mazmundagi “g” kichik band bilan to‘ldirilsin:
“g) idoraviy normativ-huquqiy hujjatning muhokamadan o‘tkazilganligi va uning natijalari haqidagi ma’lumotlar (agar idoraviy normativ-huquqiy hujjat Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 2-dekabrdagi 328-son qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyatiga ta’sirini O‘zbekiston Respublikasining Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali orqali baholash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 4-bandiga muvofiq muhokama qilinishi kerak bo‘lsa).”.
2. Mazkur buyruq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilsin va Idoraviy me’yoriy hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshqarmasi (B. Boliyev) Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi (D. Sa’dullayev) ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini ta’minlasin.
4. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazirning birinchi o‘rinbosari M. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Vazir N. YO‘LDOSHEV
Toshkent sh.,
2014-yil 31-dekabr,
317-mh-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014-y., 52(I)-son, 654-modda)