Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida uslubiy koʻrsatmalarga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 31-dekabrda 2352-3-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 2-dekabrdagi 328-son “Qonun hujjatlarining tadbirkorlik faoliyatiga taʼsirini baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2012-yil 9-apreldagi 83-mh-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2352, 2012-yil 9-aprel) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 15-son, 173-modda) bilan tasdiqlangan Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida uslubiy koʻrsatmalarga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va Idoraviy meʼyoriy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi (B. Boliyev) Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi (D. Saʼdullayev) ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini taʼminlasin.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazirning birinchi oʻrinbosari M. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Vazir N. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
2014-yil 31-dekabr,
316-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2014-yil 31-dekabrdagi 316-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida uslubiy koʻrsatmalarga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimcha
1. 105-bandi quyidagi mazmundagi sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“loyihaning muhokamadan oʻtkazilganligi va uning natijalari haqidagi maʼlumotlar (agar loyiha Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 2-dekabrdagi 328-son qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyatiga taʼsirini Oʻzbekiston Respublikasining Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali orqali baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 4-bandiga muvofiq muhokama qilinishi kerak boʻlsa);”;
sakkizinchi — oʻn ikkinchi xatboshilar tegishlicha toʻqqizinchi — oʻn uchinchi xatboshilar deb hisoblansin.
2. 113-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“113. Loyiha quyidagi hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiquvchiga huquqiy ekspertiza va tahlildan oʻtkazilmasdan qaytariladi:
tushuntirish xatida loyihaning muhokamadan oʻtkazilganligi va uning natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (agar loyiha Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 2-dekabrdagi 328-son qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyatiga taʼsirini Oʻzbekiston Respublikasining Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali orqali baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 4-bandiga muvofiq muhokama qilinishi kerak boʻlsa) aks ettirilmagan boʻlsa;
loyiha barcha manfaatdor organlar tomonidan ularning birinchi rahbarlari (istisno hollarda — ularning birinchi oʻrinbosarlari) darajasida kelishilmagan taqdirda;
loyihaga mazkur Uslubiy koʻrsatmalarning 110-bandida koʻrsatilgan hujjatlar ilova qilinmagan taqdirda.”.
3. Mazkur oʻzgartirish va qoʻshimcha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Huquqiy ekspertiza va xalqaro shartnomalar boshqarmasi bilan kelishilgan.
Vazirlar Mahkamasining Huquqiy ekspertiza va xalqaro shartnomalar boshqarmasi boshligʻi B. QOʻChQOROV
2014-yil 31-dekabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 52(I)-son, 653-modda)