Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasining
Qarori
Birinchi guruhga butilkalarga quyilgan ichimlik suvini yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 23-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2642]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 9-martdagi 113-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 10-son, 118-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Birinchi guruhga butilkalarga quyilgan ichimlik suvini yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim hamda u rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais J. KADIROV
Toshkent sh.,
2014-yil 25-noyabr,
26-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasining 2014-yil 25-noyabrdagi 26-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Birinchi guruhga butilkalarga quyilgan ichimlik suvini yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibi toʻgʻrisidagi
YOʻRIQNOMA
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Yoʻriqnoma birinchi guruhga polietilentereftalat (bundan buyon matnda PTF deb yuritiladi) butilkalarga quyilgan ichimlik suvini (bundan buyon matnda ichimlik suvi deb yuritiladi) yetkazib berish, qabul qilish, saqlash va berib yuborish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Yoʻriqnoma talablari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) tizimidagi tashkilotlar va birinchi guruh moddiy boyliklarini masʼul saqlovchi tashkilotlar uchun majburiydir.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Davlat zaxirasiga quyiladigan ichimlik suvi normativ hujjat talablariga muvofiq boʻlgan sifat koʻrsatkichlari boʻyicha sanitariya norma va qoidalariga amal qilgan holda qabul qilinadi.
4. Butilkalarga quyish uchun kelib chiqishi quyidagicha boʻlgan suvdan foydalaniladi:
tabiiy buloq, artezian suvi;
xoʻjalik-ichimlik suvi taʼminotining markaziy tizimidan olingan suv.
5. Ichimlik suvi uglerod ikki oksidi bilan toʻyinish darajasi boʻyicha quyidagi turlarga boʻlinadi:
kuchli gazlangan;
oʻrtacha gazlangan;
kam gazlangan;
gazlanmagan.
6. Oʻzining organoleptik, fizikaviy-kimyoviy koʻrsatkichlari hamda suvning organoleptik xususiyatlariga taʼsir qiluvchi kimyoviy moddalar va elementlar miqdori boʻyicha ichimlik suvi normativ hujjatlarga muvofiq boʻlishi kerak.
7. Ichimlik suviga oltingugurtli kumush, normativ hujjatlarga muvofiq tarkibida faol xlor hamda limon yoki askorbin kislotasi boʻlgan vositalar bilan ishlov berishga yoʻl qoʻyiladi.
8. Suvga oltingugurtli kumush bilan ishlov berilganda, ichimlik suvidagi kumush miqdori 0,2 mg/dm3 dan oshmasligi kerak.
Tarkibida xlor boʻlgan vosita bilan ishlov berilgan ichimlik suvi texnologik liniyaga tushishidan oldin 0,2 mg/dm³ oshmagan miqdorda qoldiq aktiv xlorga ega boʻlishi lozim.
9. Ichimlik suvining permanganat oksidlanishi isteʼmol qilingan kislorodning (0,5 — 4,0) mg/dm3 doirasida boʻlishi lozim. Manbadagi va tayyor mahsulotdagi oksidlanish kattaliklari orasidagi farq 15 foizdan oshmasligi kerak.
10. Toksik elementlar, radionuklidlar miqdori, mikrobiologik va parazitologik koʻrsatkichlar sanitariya qoidalari va normalarida koʻzda tutilgan yoʻl qoʻyiladigan normalardan oshmasligi zarur.
11. Ichimlik suvi partiyalar bilan qabul qilinadi. Bir partiyaga bir nomdagi, bir turdagi va oʻlchamdagi butilkalarga quyilgan, bir ishlab chiqarish sanasiga ega ichimlik suvining miqdori qabul qilinadi.
12. Organoleptik koʻrsatkichlar, markirovkaning toʻgʻriligi, oʻramning sifati mahsulotning har bir partiyasi boʻyicha aniqlanadi.
13. Ichimlik suvining sifati normativ hujjatlar talablariga muvofiq kelmagan taqdirda ikki barobar koʻproq olingan namunada takroriy sinovlar oʻtkaziladi. Takroriy sinovlarda bir koʻrsatkich boʻyicha qoniqarsiz natijalar qayd etilganda, butun partiya yaroqsizga chiqariladi va bu bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
II bob. Ichimlik suvini qadoqlash va yorliqlash
14. Ichimlik suvi quyidagi butilkalarga quyiladi:
normativ hujjat boʻyicha nominal sigʻimi 0,33 va 0,5 dm³ boʻlgan shisha butilkalar;
normativ hujjat boʻyicha sigʻimi 0,2 dm³ dan 10,0 dm³ gacha boʻlgan turli konfiguratsiyadagi PTF butilkalar;
sigʻimi 12,9 l, 15,0 l, 18,9 l, 20,0 l boʻlgan PTF dan tayyorlangan yoki muvofiqlik sertifikati boʻyicha koʻp marta ishlatiladigan polikarbonat butilkalar.
15. Nominal massadan manfiy chetga chiqish chegarasi normativ hujjat talablarida koʻrsatilgan normadan oshmasligi lozim.
16. Ichimlik suvi quyilgan shisha idishlar normativ hujjatlar boʻyicha kronenprobka bilan germetik ravishda tiqinlanadi. Kronenprobka qalpoqchasi normativ hujjatlarga muvofiq elektroliz usulida oqartirilgan oq tunukadan, listli tunukadan va xromlangan tunukadan tayyorlanishi lozim. Qistirma himoya diskisiz yoki polimer plyonkadan, plastizollardan tayyorlangan himoya diskli normativ hujjat boʻyicha yaxlit kesilgan probkadan tayyorlangan boʻlishi kerak. Himoya disklari va qistirmalarni tayyorlash uchun qoʻllanadigan polimer materiallar normativ hujjatlarga muvofiq boʻlishi zarur.
17. PTF butilkalar normativ hujjatlarga muvofiq rezbali plastmassa probkalar bilan tiqinlanadi.
18. Ichimlik suvi quyilgan butilkalar normativ hujjatlarga muvofiq koʻp aylanmali polimer yashiklarga, gofrlangan kartondan tayyorlangan yashiklarga joylanadi.
PTF butilkalar karton tagliklar ustiga qoʻyiladi va normativ hujjatlarga muvofiq plyonka bilan tortiladi.
Mustahkamligi yuqori boʻlgan plyonkani karton tagliksiz qoʻllashga yoʻl qoʻyiladi.
19. Qoʻllanadigan oʻrama materialning har bir partiyasi muvofiqlik sertifikati bilan birga boʻlishi kerak.
20. Ichimlik suvi quyilgan har bir idishga quyidagi markirovka qoʻyilishi lozim:
ishlab chiqaruvchi tashkilotning nomi, tovar belgisi (mavjud boʻlsa), uning manzili;
mahsulot nomi;
ichimlik suvining kelib chiqishi (artezian, buloq, ichimlik suvi taʼminoti tarmogʻidan olingan);
ichimlik suvi turi (gazlangan, gazlanmagan);
minerallashish darajasi, gm³;
hajmi, dm³;
ishlab chiqarish sanasi (kun, oy, yil);
yaroqlilik muddati (kun, oy, yil);
saqlash sharoitlari (+5° S dan +20°S gacha haroratda, toʻgʻridan-toʻgʻri quyosh nurlari tushishidan himoya qilingan holda);
shtrix kod;
sertifikatlangani toʻgʻrisida maʼlumot;
normativ hujjat belgisi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida sotish uchun “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” yozuvi.
21. Markirovka qilish etiketkani yopishtirish yoki trafaret yordamida aniq iz tushirish yoki yuvilib ketmaydigan va hidi boʻlmagan boʻyoq yordamida shtamp urish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
22. Transport idishining har bir donasiga (plyonka bilan oʻralgandan tashqari) GOST 14192 boʻyicha “Sinuvchan. Ehtiyot boʻling!”, “Quyosh nurlaridan saqlang!”, “Namlikdan saqlang!” ogohlantirish belgilarini tushirish kerak, bunda quyidagilar koʻrsatiladi:
ishlab chiqaruvchi tashkilotning nomi, tovar belgisi (mavjud boʻlsa), uning manzili;
mahsulot nomi;
ichimlik suvining turi (gazlangan, gazlanmagan);
idishi bilan ogʻirligi, kg;
bir dona oʻramning sof ogʻirligi, l;
oʻrama idishlar soni, dona;
normativ hujjat belgisi;
ishlab chiqarish sanasi (kun, oy, yil);
yaroqlilik muddati (kun, oy, yil);
saqlash sharoitlari;
sertifikatlangani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
shtrix kod;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida sotish uchun “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” yozuvi.
III bob. Ichimlik suvini yetkazib berish
23. Uzoq vaqt saqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan, sifat va xavfsizlik koʻrsatkichlari, oʻrami va markirovkasi normativ hujjatlar talablariga javob beruvchi ichimlik suvi qabul qilinadi.
24. Ishlab chiqaruvchi (yetkazib beruvchi) yetkazib beriladigan ichimlik suvining har bir partiyasiga muvofiqlik sertifikatini va sanitariya-epidemiologiya xulosasini yoki ularning tasdiqlangan nusxalarini berishga majbur.
25. Mahsulotning sifatini tasdiqlovchi hujjatlar (muvofiqlik sertifikati, sanitariya-epidemiologiya xulosasi) tovar-transport hujjatlari bilan birga yuk oluvchiga joʻnatiladi.
26. Normativ hujjatlarda koʻzda tutilgan sifat koʻrsatkichlariga ega boʻlmagan hamda kafolatli saqlash muddati kamaytirib koʻrsatilgan ichimlik suvini saqlashga qabul qilish taqiqlanadi.
27. Yuklash-tushirish va ombor ishlarini mexanizatsiyalashtirish darajasini oshirish hamda ogʻir qoʻl mehnatini bartaraf etish maqsadida ichimlik suvini yetkazib berish transport paketlarida amalga oshirilishi kerak.
28. Transport paketlari mexanizatsiyalashgan yuklash va tushirish ishlarining imkoniyatlarini, paketlarning transportirovka qilish va saqlash paytidagi yaxlitligi, yuklarning but boʻlishini hisobga olgan holda shakllantirilishi zarur.
29. Transport paketlari normativ hujjatlar talablari hamda avtomobil va temir yoʻl transportida yuk tashish qoidalariga mos kelishi lozim.
30. Ichimlik suvini qabul qilish, saqlash va ombordan chiqarishda uning sifatini tekshirish uchun ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan yuvganda ketmaydigan qizil boʻyoq bilan “N” harfi tushirilgan ichimlik suvining bitta partiyasidan tanlab olingan namuna uchun ikkita nazorat paketi shakllantiriladi.
IV bob. Omborlarga qoʻyiladigan talablar
31. Omborlarning turlari, texnologik uskunalar, yuklash-tushirish mexanizmlari parki mavjudligini hisobga olgan holda tashkilotlarda yagona texnologik xarita ishlab chiqiladi. Ushbu texnologik xarita omborlarni mahsulotni qabul qilishga tayyorlash, qabul qilish, saqlash va chiqarish boʻyicha ishlarni tashkillashtirish, laboratoriya nazoratini yuritish, yuklash-tushirish ishlarini amalga oshirish, sanitariya-gigiyena va yongʻinga qarshi tadbirlarni tashkillashtirish, texnika xavfsizligini taʼminlash tartibini belgilovchi asosiy hujjat hisoblanadi.
32. Ichimlik suvini saqlash uchun texnik jihatdan soz, quruq, yaxshi shamollatiladigan, yuklash-tushirish va ombor ichidagi ishlarni amalga oshirishda mexanizmlardan foydalanish imkoniyatini taʼminlovchi mustahkam polga ega omborxonalardan foydalanish kerak.
33. Omborlar quyidagilar bilan taʼminlanishi kerak:
zarur jihozlar va uskunalar;
harorat-namlik rejimini nazorat qiluvchi asboblar (termometrlar, gigrometrlar, termograflar, gigrograflar, psixrometrlar);
zarur miqdordagi tagliklar (1200 ×1000 × 150 mm yoki 1200 × 800 × 150 mm oʻlchamli), reykalar, narvonlar, traplar;
birlamchi oʻt oʻchirish vositalari;
avtomat qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi.
34. Tashkilotlarda elektr uskunalaridan foydalanish Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish qoidalari (roʻyxat raqami 1383, 2004-yil 9-iyul), Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalari (roʻyxat raqami 1400, 2004-yil 20-avgust) talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
Elektr yoritish asboblari yopiq yoki himoyalangan (shisha qalpoqcha va metall toʻr bilan qoplangan) koʻrinishda boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
35. Omborlar atrofidagi muassasa hududi toʻgʻri rejalashtirilgan boʻlishi lozim. Yuza va oqova suvlarning omborlardan chekkada joylashishi, suv oqadigan quvurlar suv oqimiga toʻsqinlik qiluvchi choʻkindilar va qatlamlardan muntazam ravishda tozalanishi kerak.
36. Yuklarni joylashdan oldin ombor xonalari yoki ularning boʻsh qismi ichimlik suvini qabul qilish va saqlash uchun tayyorlanishi, zarurat tugʻilganda taʼmirlanishi zarur. Tom va pollar soz holatda boʻlishi, yoriqlar va teshiklar bekitilishi, eshiklar esa zich yopiladigan boʻlishi lozim.
37. Omborlarning mahsulotni qabul qilib olishga tayyorligi bosh muhandis, bosh energetik, laboratoriya mudiri, saqlash uchastkasining boshligʻi va yongʻin xavfsizligi uchun masʼul boʻlgan shaxslar tarkibidagi komissiya tomonidan tekshiriladi va tegishli dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
V bob. Ichimlik suvini qabul qilish
Oldingi tahrirga qarang.
38. Ichimlik suvining miqdori va sifati boʻyicha qabul qilish qonunchilik hujjatlari va mazkur Yoʻriqnomaga muvofiq shartnoma asosida amalga oshiriladi.
(38-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
39. Omborga uzoq vaqt saqlash uchun normativ hujjatlar talablariga javob beradigan va uzoq vaqt saqlash uchun yaroqli boʻlgan ichimlik suvi qabul qilinadi.
40. Ichimlik suvi ortilgan vagonlar yetib kelganda temir yoʻl tashkilotining vakili ishtirokida quyidagilar tekshiriladi:
vagonlarning texnik sozligi;
plombalar borligi, ulardagi bosma tamgʻaning aniqligi;
vagon eshiklarida buragichlarning borligi va ularning holati;
yuk nomi va yashiklar (paketlar)dagi plombalarning yuk hujjatlariga muvofiqligi.
41. Tekshiruv payti aniqlangan vagonlarning texnik nosozligi, plombalarning yoʻqligi yoki noaniqligi kabi kamchiliklar dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
42. Butun paketlardagi ichimlik suvi trafaret va joylar soni boʻyicha qabul qilinadi. Shikastlangan idishdagi ichimlik suvini qabul qilish ishlari har bir butilkani qayta hisoblash yoʻli bilan amalga oshiriladi.
43. Tashkilot ichimlik suvini qabul qilib olayotgan paytda quyidagi kamchiliklar aniqlanganda, temir yoʻl tashkilotidan tijorat dalolatnomasini tuzishni talab etishi zarur:
kamomad;
idishlardagi sezilarli shikastlanishlar;
oʻramning normativ hujjat talablariga nomuvofiqligi;
mahsulot nomining transport hujjatlarida koʻrsatilgan maʼlumotlarga nomuvofiqligi;
temir yoʻl transportida yuk tashish qoidalarida va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 23-oktabrdagi 232-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Temir yoʻl ustavida koʻzda tutilgan boshqa barcha holatlarda.
44. Qabul qilinayotgan partiyaning sifat koʻrsatkichlari normativ hujjatga nomuvofiqligi aniqlanganda ichimlik suvi saqlash uchun qabul qilinmaydi.
45. Mahsulotni qabul qilish va yaroqsizga chiqarish natijalari boʻyicha yuk oluvchi va yetkazib beruvchining vakillari ishtirokida olingan mahsulotning haqiqiy sifati haqida dalolatnoma tuzilishi kerak.
VI bob. Ichimlik suvini omborga joylash
46. Ichimlik suvini omborga joylash ishlari yuklashning tasdiqlangan normalari va ular asosida ishlab chiqilgan joylashish chizmalari boʻyicha amalga oshirilishi kerak. Bunda shtabellardagi joylar sonini toʻliq hisoblash, idishlarning butligini, shtabellarning turgʻunligini taʼminlash, ombor maydonlaridan samaraliroq foydalanish, mahsulot sifatini kuzatib borish va vagonlarni mexanizatsiyalashgan tarzda yuklash imkoniyatini hisobga olish zarur.
47. Ichimlik suvi paketlanmagan koʻrinishda kelganda, paketlarni shakllantirish ishlari vagondan yuklarni tushirganda amalga oshiriladi. Bunda butilkalarni albatta vertikal tarzda joylashtirgan holda yashiklar trafaret tomoni tashqariga qaratib taxlanadi.
Paketlarni shakllantirish ishlari oʻlchami 1200 x 1000 x 150 mm yoki 1200 x 800 x 150 mm boʻlgan toza va quruq tagliklarda, paketlangan ichimlik suvini ombordan chiqarishda transportga mexanizatsiyalashgan tarzda yuklash zaruratini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
48. Ichimlik suvi shtabellari bir yoki bir nechta partiyalardan shakllantirilishi mumkin. Bunda ularning bir xil oʻlcham va bir xil balandlikdagi tagliklari, kelib chiqishi, turi va ishlab chiqarilish vaqti (bir oy doirasida) boʻyicha bir xilligi hisobga olinadi.
49. Har bir shakllantirilgan shtabelga belgilangan shaklda shtabel yorligʻi rasmiylashtiriladi, unga yashiklarni paketga joylashtirish va paketlarni shtabelga taxlash chizmasi ilova qilinadi.
Hujjatlarda ichimlik suvi joylangan ombor, seksiya va shtabel raqami koʻrsatilishi zarur.
50. Ichimlik suvining saqlanish sifatini nazorat qilish, havoning yaxshiroq aylanishini va suvning shtabellarini taxlashda mexanizmlarni qoʻllash qulayligini taʼminlash uchun ombor (seksiya) perimetri boʻylab devorlar yoki chiqib turgan konstruksiyalar yonidan kengligi 0,5 metr boʻlgan oʻtish joylari qoldiriladi.
Oʻtish joylarining kengligi yongʻin xavfsizligi qoidalariga muvofiq konkret osma moslamaga ega elektr yuklagichning minimal burilish radiusiga qarab belgilanadi.
51. Ombor maydonidan samarali va oqilona foydalanish uchun asosiy shtabellar taxlangandan keyin asosiy oʻtish joyi boʻylab, kamida 2 m oʻtish joyini qoldirgan holda, kengligi bir paket keladigan shtabellarni qoʻshimcha taxlash tavsiya etiladi.
52. Mahsulot shtabellari va tagliklar omborlarning koʻtarib turuvchi konstruksiyalariga tayanmasligi kerak.
Agar shtabellar yoki alohida taxlamlar xavfli egilishlarga ega boʻlsa, ularni qaytadan taxlash zarur. Bunda texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilinishiga alohida eʼtibor qaratish zarur.
53. Yuklash-tushirish va ombor ichi ishlari yagona texnologik xarita boʻyicha bajarilishi lozim.
54. Yuklash-tushirish ishlari hamda ichimlik suvlarini qaytadan taxlash ishlari bajarilayotganda yashiklar urilishi, silkinishi va tashlanishiga yoʻl qoʻymasdan, idishlarni ehtiyot qilish kerak.
VII bob. Ichimlik suvini tashish va saqlash
55. Ichimlik suvi temir yoʻl transportida oziq-ovqat yuklarini tashish qoidalari va avtomobil transportida yuklarni tashish qoidalariga muvofiq yopiq transport vositalarida transportning barcha turlarida tashiladi.
56. Ichimlik suvi namlik tushishidan saqlanadigan, shamollatiladigan maxsus qorongʻi xonalarda +5° S dan +20° S gacha haroratda va havoning nisbiy namligi 75 foizdan oshmaydigan sharoitda saqlanishi kerak.
57. Bevosita quyosh nurlari taʼsir koʻrsatishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Oziq-ovqat mahsuloti boʻlmagan va oʻziga xos hidga ega oziq-ovqat mahsulotlari bilan birga saqlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
58. Ichimlik suvining yaroqlilik muddati normativ hujjatlarga muvofiq belgilanadi.
VIII bob. Ichimlik suvini yuklash va joʻnatish
59. Ichimlik suvini yuklash va joʻnatish ishlari Qoʻmita tomonidan berilgan naryadlar boʻyicha amalga oshiriladi. Ichimlik suvini yuklab joʻnatish navbati mahsulotning sifati, uning zaxiraga qoʻyilish vaqti va saqlanish sharoitlariga qarab belgilanadi.
60. Yuklangan mahsulot miqdori standart idishda joylar soni boʻyicha aniqlanadi.
IX bob. Yakuniy qoida
61. Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlash agentligi, Oziq-ovqat sanoati tashkilotlari uyushmasi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” DATK, Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi bilan kelishilgan.
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2014-yil 24-noyabr,
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktori A. KURBANOV
2014-yil 24-noyabr,
Oziq-ovqat sanoati tashkilotlari uyushmasining raisi A. SALIMOV
2014-yil 24-noyabr,
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat aksiyadorlik temir yoʻl kompaniyasi boshqaruvi raisi A. RAMATOV
2014-yil 24-noyabr,
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻi V. ISMOILOV
2014-yil 24-noyabr,
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 52-son, 631-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son; 06.07.2026-y., 10/26/2642-1/0690-son)