Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoyishi
OʻZBEKISToN RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI ISLOHOTLAR VA INVESTITSIYaLAR BOʻYIChA IDORALARARO MUVOFIQLAShTIRUVChI KENGASh TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmoyish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-martdagi PF-4974-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Jamiyat hayoti barcha sohalarini isloh qilish jarayonlarini chuqurlashtirishning strategiyasi, asosiy tamoyillari va ustuvor yoʻnalishlarini ishlab chiqishga koʻmaklashish, oʻtish davrida respublika iqtisodiyotining huquqiy asoslari va faoliyat shart-sharoitini shakllantirish, demokratik islohotlarni roʻyobga chiqarishni tezlashtirish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish, Oʻzbekistonning jahon tizimiga integratsiyalashuvi, xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish maqsadida:
1. Iqtisodiy islohotlar, tadbirkorlik va xorijiy investitsiyalar boʻyicha idoralararo kengash tugatilib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Islohotlar va investitsiya boʻyicha idoralararo muvofiqlashtiruvchi kengash 1-ilovaga muvofiq tashkil etilsin.
1-ilova Farmoyishning rus tilidagi matnida beriladi.
Idoralararo muvofiqlashtiruvchi kengash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi maslahat organi boʻlib, jamoatchilik asosida ishlaydi hamda jamiyatning demokratik asoslarini mustahkamlash, qonunchilik va huquqiy-meʼyoriy bazani takomillashtirish, iqtisodiy, moliyaviy, bank hamda maʼmuriy islohotlar sohasiga yangi kuch bagʻishlash maqsadida keng doiradagi muammolar boʻyicha tavsiya tarzidagi qarorlar qabul qiladi.
2. Quyidagilar Islohotlar va investitsiyalar boʻyicha idoralararo muvofiqlashtiruvchi kengashning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasining barqaror va olgʻa qarab ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini taʼminlash uning jahon tizimiga integratsiyalashuvi, jamiyat hayotining barcha sohalarini isloh qilish jarayonlarini chuqurlashtirishning strategiyasi va ustuvorligini shakllantirish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish;
isloh qilishning maqsadli dasturlari va aniq modellarini ishlab chiqish hamda ularni roʻyobga chiqarish monitoringini amalga oshirish;
siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va maʼnaviy sohalarda islohotlarni chuqurlashtirishning meʼyoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar tayyorlash;
demokratik va iqtisodiy islohotlar borasida qabul qilingan qonunchilik va boshqa meʼyoriy hujjatlarni amalga oshirishni tezlashtirish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish;
tashqi iqtisodiy faoliyat samaradorligini oshirish va respublika iqtisodiyoti ustuvor tarmoqlariga xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar tizimini ishlab chiqish.
3. Belgilab qoʻyilsinki, Idoralararo muvofiqlashtiruvchi kengash oʻz faoliyatini quyidagi masalalar boʻyicha doimiy ishlaydigan:
iqtisodiy, moliyaviy va bank sohalarini isloh qilish, bozor tamoyillari va mexanizmlarini rivojlantirish hamda mustahkamlash;
davlat boshqaruvi tizimini demokratlashtirish hamda siyosiy islohotlarni chuqurlashtirish;
qonunchilik va huquqiy-meʼyoriy bazani takomillashtirish;
yangilanishlarni bir maromda olib borish, mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, xususiy mulkni rivojlantirish hamda koʻp ukladli iqtisodiyotni shakllantirish;
tashqi iqtisodiy siyosat hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etish ishchi komissiyalari orqali amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Islohotlar va investitsiyalar boʻyicha idoralararo muvofiqlashtiruvchi kengash toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin;
2-ilova Farmoyishning rus tilidagi matnida beriladi.
5. Idoralararo muvofiqlashtiruvchi kengashning ishchi apparati vazifasini bajarish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy-iqtisodiy siyosat boʻyicha Davlat maslahatchisi xizmati ekspertlari guruhi zimmasiga yuklansin.
6. 1994-yil 21-yanvardagi “Iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, xususiy mulk manfaatlarini himoya qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 745-I Farmonning 1-punkti;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1994-yil 21-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Iqtisodiy islohotlar, tadbirkorlik va xorijiy investitsiyalar boʻyicha idoralararo kengash tashkil etish toʻgʻrisida”gi 360-Farmoyishi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur Farmoyish ijrosini nazorat qilish Idoralararo muvofiqlashtiruvchi kengash raisining oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 23-sentabr,
F-895-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 9-son, 194-modda; 2017-y., 10-son, 144-modda)