OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATI VA MOLDOVA RESPUBLIKASI HUKUMATI OʻRTASIDA
Bitim
Taʼlim sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Moldova Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
taʼlim sohasida ikki tomonlama munosabatlarning rivojlantirilishi har ikki davlat xalqlari oʻrtasidagi bir-birini oʻzaro yaxshi tushunishga yordam berishini eʼtirof etib,
Oʻzbekiston Respublikasi va Moldova Respublikasi oʻrtasida taʼlim sohasida hamkorlikni bundan buyon ham rivojlantirish va mustahkamlashga intilishlarini izhor etib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar Tomonlarning davlat boshqaruvi tegishli organlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga yordam beradilar.
2-modda
Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri boshqa Tomon fuqarolariga taʼlimga va uning olinishiga oʻz fuqarolari bilan teng huquqlarni kafolatlaydi, ona tilida taʼlim olish uchun qulay sharoitlar yaratishga koʻmaklashadi.
3-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar taʼlim tizimini takomillashtirish, Moldova Respublikasi hududida yashovchi oʻzbek millatli shaxslar uchun, shu kabi Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashovchi moldovan millatli shaxslar uchun darsliklar va oʻquv-uslubiy adabiyotlar yaratishda oʻzaro yordam koʻrsatadilar.
4-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar taʼlim muassasalari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, ushbu sohani rivojlantirish masalalari boʻyicha axborot almashish, shuningdek kadrlar tayyorlash ishida hamkorlik qilishga yordam koʻrsatadilar.
5-modda
Taʼlim sohasida hamkorlik qilishning aniq shakllari va shartlari har Ahdlashuvchi Tomonlarning davlat taʼlimni boshqarish tegishli organlari oʻrtasidagi alohida bitimlar bilan tartibga solinadi.
6-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar zarur hollarda ushbu Bitimni amalga oshirish va Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro birgalikda harakat qilishlariga doir tavsiyanomalar tayyorlash uchun qoʻshma komissiya tashkil etishlari mumkin.
7-modda
Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlarning uning kuchga kiritilishi uchun zarur boʻlgan ichki davlat tartibotlarning bajarilganligi toʻgʻrisidagi oxirgi yozma bildirish sanasidan kuchga kiradi.
Ushbu Bitim besh yil muddatga tuziladi. Uning amal qilishi, agar ushbu Bitimning amalda boʻlish muddati tugashiga kamida olti oy qolganda Ahdlashuvchi Tomonlarning hech biri uni tugatish toʻgʻrisidagi oʻz niyati toʻgʻrisida boshqa Ahdlashuvchi Tomonni yozma ravishda xabardor etmasa, navbatdagi besh yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan uzaytirilaveriladi.
Toshkent shahrida 1997-yil 24-mayda ikki nusxada, har biri oʻzbek, moldovan va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllash boʻyicha kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda Ahdlashuvchi Tomonlar rus tilidagi matnni asos sifatida oladilar.
(imzolar)