Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Moldova Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Ilmiy darajalar va unvonlar haqidagi hujjatlarning ekvivalentligini tan olish va yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Moldova Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Toshkent shahrida 1997-yil 24-mayda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Moldova Respublikasi Hukumati oʻrtasida taʼlim sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi Bitim qoidalariga amal qilib,
ilmiy aloqalarni saqlab qolish va rivojlantirishga intilib; yuqori malakali ilmiy kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish sohasida hamkorlikni davom ettirishga boʻlgan intilishni tasdiqlab,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar attestatsiya tizimlarini rivojlantirishning milliy konsepsiyalarini va yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasiga qoʻyiladigan talablarni ishlab chiqishda oʻzaro maslahatlashishlar oʻtkazadilar.
2-modda
Ushbu Bitim boʻyicha vakolatli organlar boʻlib oʻzbek tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi, moldovan tomonidan — Moldova Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi hisoblanadi.
3-modda
Tomonlar ilmiy xodimlar ixtisosliklarining oʻz roʻyxatlarini (nomenklaturalarini) ishlab chiqish va oʻz davlatlari hududida ilmiy darajalar beruvchi kengashlar tarmoqlarini shakllantirish hamda ilmiy unvonlarni berish prinsiplari haqida oʻzaro bir-birlarini xabardor qilib turadilar.
Ular Tomonlarning yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazishning davlat tizimlarida ilmiy darajalar va unvonlar talabgorlariga qoʻyiladigan asosiy talablarni bir-biriga taqqoslash imkoniyatini taʼminlaydilar.
4-modda
Tomonlar yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish sohasida hamkorlikni quyidagi yoʻllar bilan rivojlantiradilar:
bir Tomonning talabgorlarini boshqa Tomonning davlati hududidagi ilmiy darajalar beruvchi kengashlarda dissertatsiyalar himoya qilishlari uchun teng shart-sharoitlar yaratish;
yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazishning davlat tizimlaridagi oʻzgarishlar haqida oʻz vaqtida oʻzaro xabardor qilib turish, kadrlar attestatsiyasi masalalari boʻyicha tegishli normativ aktlar va boshqa materiallar bilan almashish.
5-modda
Tomonlardan har biri dissertatsiya ishlarini ekspertiza qilish sifatini oshirish uchun:
oʻz davlati yetakchi olim va mutaxassislarining boshqa Tomon davlati ilmiy darajalar berish boʻyicha kengashlari ishida, shuningdek dissertatsiyalar himoyasida opponentlar sifatida qatnashishlariga;
oʻz davlati ilmiy darajalar berish boʻyicha kengashlarida himoya qilingan dissertatsiyalarni boshqa Tomon davlati ilmiy darajalar berish boʻyicha kengashlarda qoʻshimcha ekspertizadan oʻtkazishga koʻmaklashadi.
6-modda
Tomonlar oʻz davlatlari hududida boshqa Tomonning tegishli davlat organi tomonidan ilmiy darajalar berilganligi va ilmiy unvonda taqdim etilgani haqidagi davlat namunasi shaklidagi malaka hujjatlarini tan oladilar.
Ilmiy daraja berilganligi va ilmiy unvon taqdim etilgani haqidagi davlat namunasi shaklidagi hujjatlarning tan olinishi ularning egalariga Tomonlar oʻz davlatlari hududlarida milliy davlat malaka hujjatlari egalariga beradigan huquqlar hech qanday shartsiz tarqalishini bildirmaydi.
Ilmiy daraja va unvonlar haqidagi davlat namunasi shaklidagi malaka hujjatlarining ekvivalentligi hujjat egalarini qayta attestatsiyadan oʻtkazish jarayonida belgilanadi.
Qayta attestatsiya talabgor fuqarosi boʻlgan yoki uning hududida doimiy yashab turgan mamlakat davlatning davlat attestatsiya organi tomonidan oʻtkaziladi.
7-modda
Tomonlar yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish jarayonini boshqarish tajribasi bilan almashish boʻyicha uni takomillashtirishga qaratilgan zarur qoʻshma tadbirlar oʻtkazib turadilar.
8-modda
Ushbu Bitimda ishtirok etish, Tomonlarning yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish sohasida hamkorlikning boshqa shakllaridan foydalanish huquqlarini cheklamaydi va Tomonlarning ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi davlat tizimlari mustaqil ishlashiga toʻsqinlik qilmaydi.
9-modda
Ushbu Bitimni amalga oshirish bilan bogʻliq aniq masalalar boʻyicha Tomonlar yoki ularning vakolatli organlari oʻrtasida qoʻshimcha bitimlar va protokollar imzolanishi mumkin.
10-modda
Ushbu Bitimdan kelib chiqadigan yoki uni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan masalalar boʻyicha kelishmovchiliklar vujudga kelgan holda, ularni bartaraf etish tartibini kelishib olish maqsadida Tomonlarning vakillari oʻzaro maslahatlashadilar.
11-modda
Ushbu Bitimga Tomonlarning oʻzaro yozma roziligi bilan uning ajralmas qismi boʻlib hisoblanadigan protokollar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
12-modda
Ushbu Bitim 5 yillik muddatga tuziladi.
Ushbu Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisidagi diplomatik kanallar orqali yuborilgan oxirgi yozma bildirishnoma sanasidan boshlab kuchga kiradi. Agar Tomonlardan hech biri uni denonsatsiya qilish niyati toʻgʻrisida uning amal qilish muddati tugashidan kamida olti oy ilgari boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor qilmasa, ushbu Bitimning amal qilishi keyingi besh yillik davrlarga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
Kishinyov shahrida 1998-yil 10-fevralda ikki nusxada, har biri oʻzbek, moldavan va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)